Har qanday xalqning maʼnaviy qiyofasi va taraqqiysi milliy gʻurur, ona tilini ardoqlash va oʻz tarixiga ehtirom bilan chambarchas bogʻliqdir. Xoʻsh, biz ozod millat oʻlaroq ushbu uch muhim fazilatni shakllantira oldikmi? Albatta, bu borada yutuqlarimiz bisyor. Ammo biz maqolada koʻproq isloh etmogʻimiz lozim boʻlgan jihatlarga eʼtibor qaratmoqchimiz. Zero, tanqid-u tahlildan oqilona xulosa chiqarib, xatolarni oʻnglash ham millatning ulugʻligi, donishmandligidan dalolat beradi.

Avvalo, milliy gʻurur xususida musohaba etsak. “Milliy gʻurur – har bir millatning oʻz-oʻzini anglashi natijasida sodir boʻladigan ichki ruhiy kayfiyati. Bu tuygʻu oʻz ona zamini, ajdodlari tomonidan qoldirilgan moddiy, maʼnaviy merosdan, oʻz millatining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasidan, oʻzga millat oldidagi qadr-qimmati, obro‘-eʼtiboridan faxrlanish hissiyotidir”, deyiladi manbalarda (“Mustaqillik” izohli ilmiy-ommabop lugʻati. Toshkent, 1998. 142-143-betlar).

Biz Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrida jahon ilm-u fani rivojiga bemisl hissa qoʻshgan buyuk bobolarimiz, xususan, yurtimiz hududida XI va XV asrlarda dorul hikmatga (Xorazmda Maʼmun va Samarqandda Ulugʻbek akademiyalari) asos solgan maʼrifatparvar hukmdorlarning sharafli xizmatidan qalbimizda ulkan faxr tuyamiz. Taassufki, mintaqa uch xonlikka boʻlingan davrdan boshlab iftixor tuygʻusi tobora soʻnib bordi va pirovardida biz oʻzga millatlar qarshisida qaddimizni adl tutib yurolmaydigan holga tushdik. Achchiq, ammo ochiq xulosamizni asoslamoq uchun tarixdan koʻplab misollar keltirishimiz mumkin.

Yurtimiz Rusiya mustamlakasiga aylangan XIX asrning ikkinchi yarmidagi hodisalarni yodga olaylik. Chor imperiyasi Oʻrta Osiyoga hujum qilishdan oldin talay omillar qatori, oʻlkada hukm surayotgan uch oʻzbek davlatining (Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari) oʻzaro munosabatlarini chuqur oʻrgangan va ular hatto gʻanim bosqini vaqtida ham bir-biriga koʻmak bermasligi toʻgʻrisida qatʼiy xulosaga kelgan edi. Voqealarning keyingi rivoji ushbu xulosaning toʻgʻriligini tasdiqladi. Holbuki, Rusiya imperiyasi 1853–1856-yillarda Qirim urushidagi magʻlubiyat ortidan ogʻir ahvolga tushib qolgan edi. Ogʻzibirchilikning yoʻqligi sababli esa xonliklar kuchdan qolgan davlatga birin-ketin taslim boʻldi.

Rusiya imperiyasi 1873-yili Xiva xonligiga qarshi harbiy harakat boshlaydi. Bu yurishda amerikalik jurnalist, “New York Herald” gazetasi muxbiri Yanuariy Aloiziy Mak-Gahan ham qatnashgan. Uning Xiva yurishiga oid esdaliklari “Jahon adabiyoti” jurnalining 1997-yil 2-sonida bosilgan edi. Mak-Gahan oʻz xotiralarida, jumladan, quyidagilarni bayon etadi: “Oʻrislar deyarli qarshilikka uchramay Amudaryodan kechib oʻtdilar. Biz kechuvdan ming mashaqqat bilan oʻtayotganimizni xivaliklar roʻparadagi baland qirgʻoqdan kuzatib turishardi. Ular juda qulay marrani egallagan, hatto tosh otib boʻlsa-da, bizga katta talafot yetkazishlari mumkin edi... Xivaliklarning tumshugʻi uzun mis zambaraklari uzoqqa otishda ruslarnikidan qolishmasdi. Afsuski, jang qilishga xivaliklarda na xohish va na jurʼat sezildi. Biz qirgʻoqqa tirmashib, bir amallab chiqa boshlagach, chekinishga tushishdi. Ular tashlab ketgan koʻp zambaraklarni oʻlja oldik”.

Amerikalik muxbirning taʼkidlashicha, chor armiyasi kechuv chogʻida katta talafot koʻrgan. Askarlarning sillasi qurigan, oziq-ovqat zaxirasi tugagan, otlarning ham yem-xashagi qolmagan. Sirasini aytganda, bosqinchilarning magʻlubiyati muqarrardek edi. Biroq taqdirning hazili, tarixning istehzosini koʻringki, xivaliklar oʻz dushmani oyoqqa turib olishiga koʻmaklashadi, chor askarlariga non va boshqa yeguliklar ulashadi, otlariga yem-xashak sotadi. Yozuvchi Togʻay Murod taʼbiri bilan aytganda, gʻanimga poy-patak boʻladi. Mak-Gahan ham xivaliklar yogʻiyga iltifot koʻrsatganidan chandon hayratga tushganini yozadi.

Keyinchalik muxbir Rusiya poytaxtida Xiva xoni Ikkinchi Muhammad Rahimxon bilan suhbatlashishga muvaffaq boʻlgan va uni favqulodda hayron qoldirgan oʻsha hodisa xususida ham soʻragan. Mak-Gahan xonning javobidan quyidagicha xulosaga keladi: “Ularning siyosat bilan ishi yoʻq. Eng katta tashvishlari – qorin toʻydirish, tinchgina yashash; kim ularning tirikchiligiga koʻmaklashsa, oʻshani doʻst tutishadi”.

Chechenistonning milliy ozodlik kurashi yetakchisi Javhar Dudayev bunday degan edi: “Agar bugungi otalarning qoʻrqoqligi ehtiyotkorlik deb xaspoʻshlanadigan boʻlsa, ertangi farzandlar qulligi sodiqlik deb ataladi!” Ha, topib aytilgan gap.

Agar oʻsha kezlar Turkiston ahli qalbida milliy gʻurur poydor boʻlganida, ehtimol, tarix gʻildiragi boshqa yoʻnalishda harakatlanar edi. Ammo hukmdor bobolarimiz jang maydonida boshni tik tutgan holda shahid boʻlmoqdan koʻra, Vatan erkini shohona hayotga alishmoqni afzal bildi.

“Dunyodagi eng ulkan xiyonat – hayot huzur-halovatlariga mukkadan ketmoqdir. Bu illat gʻurursiz jamiyatda avj oladi” degan edi bir mashoyix. Toʻkin-sochinlikka ruju qoʻygan, nafsning hoy-u havaslariga berilgan tojdorlarning qilmishi millat boshiga ulkan musibatlar yogʻdirishi tayin. Buni birgina Buxoro amiri Muzaffarning (1860–885) qismati ham tasdiqlaydi.

“Oʻzbekistonning yangi tarixi” kitobi birinchi jildida amir Muzaffar xususida bunday yoziladi: “U bosib kelayotgan Rossiya imperiyasi qoʻshinining yoʻlini toʻsish uchun Olloyorbek devonbegi qoʻmondonligidagi 30 ming kishili lashkarga Sirdaryo dashtida jangovar marrani egallashga buyuradi. Amir esa oʻz ixtiyoridagi lashkar bilan Oʻratepa yaqinidagi Rogʻun qishlogʻida toʻxtaydi. Tunda qoʻshin qoʻmondoni Olloyor devonbegining husn-jamolda tengi yoʻq qizini olib keltiradi. Yurt taqdiri uchun hayot-mamot jangi oldida amir oʻz huzur-halovatini oʻylaydi va haramiga kiritilgan oʻn yoshli qiz, lashkarboshisining farzandi ekanini ham unutib, ishratga beriladi... Ertasi kuni tongda qizning soʻyilgan murdasi topilgan. Koʻp oʻtmay suyukli qizining mudhish oʻlimi haqidagi xabar jangovar marrani egallab turgan Olloyorbekka yetib keladi... 1866-yil 8-mayda general Romanovskiy qoʻshinining ilgʻor qismi Erjarda koʻrinishi bilan Olloyorbek qoʻshini jang qilmay, Xovos tomon chekinadi. Shu tariqa 30 ming kishili qoʻshin jang maydonini ruslarga boʻshatib beradi.  Natijada ruslar amir ixtiyoridagi qoʻshinni bir hamla bilan toʻzgʻitib yuboradi. Muzaffar esa jang maydonini sharmandalarcha tashlab qochadi” (Oʻzbekistonning yangi tarixi. I jild. Toshkent, 2000. 95-96-betlar).

Chor imperiyasi qulagach, hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar ham millatimiz boshida tegirmon toshi yurgizgani maʼlum. Mustabid tuzum davrida millatimizning asl farzandlari qatagʻon qilinganini unutib boʻlarkanmi?! Oʻsha kezlarda ham milliy gʻururimiz uyquda ekanda: shoʻro matbuotida qatagʻon mavzusida chop etilgan maqolalarga, tuhmatnomalarga chippa-chin ishondik, hatto qizil hukumatning zulm siyosatini olqishladik ham... Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov keyinchalik loqaydligimiz, gʻurursizligimizdan ori kelib mashhur “Olomonga” degan sheʼrini bitgan edi:

Mashrab osilganda qayoqda eding?

Choʻlpon otilganda qayoqda eding?

Surishtirganmiding Qodiriyni yo,

Qalqon boʻlganmiding kelganda balo?

Qahramon shoirimiz “Qachon xalq boʻlasan, ey sen, olomon?!” deya xitob qilgani, oʻzbekning erka ijodkori Muhammad Yusuf “Xalq boʻl, elim!” deb bong urgani bejiz emas. Zotan, biz hali-hamon olomonlik kayfiyatidan butkul xalos boʻla olmayapmiz.

Yaqin oʻtmishimizdan yana bir misol. Oʻzbek xalqining atoqli farzandi Sharof Rashidov vafotidan soʻng (1983-yil) uning xotirasi tahqirlanishiga befarq qarab turganimizni eslaganda yurakda bir ogʻriq paydo boʻladi. Sarkotib Leonid Brejnev oʻlimidan soʻng Moskva Oʻzbekistonni qayta-qayta nishonga olgani katta avlod vakillarining yodidan oʻchgani yoʻq. Buning sabab-omillari talaygina. Ammo, nazarimizda, bosh sabab yana oʻsha milliy gʻurur va milliy birlikka borib taqaladi. Doʻppi tor kelib qolsa, Oʻzbekiston rahbariyati bir-birini sotishiga Moskvadagi vallamatlarning ishonchi komil edi va shunday boʻldi ham.

Oʻzbekiston Kompartiyasi MQning 1984-yil iyun oyida boʻlib oʻtgan mashʼum XVI Plenumida Sharof Rashidovning safdoshlari respublikaga aloqador barcha salbiy hodisalar, muammolar uchun aybni marhum rahbar gardaniga yukladi. 1986-yilda esa Sharof Rashidovning jasadi uch yil avval dafn etilgan joyidan kovlab olinib, Chigʻatoy qabristoniga qayta koʻmildi. Bunday voqea sobiq Ittifoqning boshqa birorta respublikasida roʻy bergani yoʻq. Oʻsha vaqtda hech kim, hech bir tashkilot, hatto Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ham din va odamiylik ahkomlariga zid ushbu amaliyotga eʼtiroz bildirmadi. Goʻyo shunday boʻlishi tabiiydek jamiyat, jamoatchilik sukut saqladi. Bu ham milliy gʻurur sustligining oqibati edi. Buyuk bobomiz Amir Temurga nisbat beriladigan “Lochinning uchorgʻa madori kelmasa, chumchuqqa masxaradir” degan hikmat ayni oʻsha holatni ifodalamoq uchun aytilgandek.

Alhol, Oʻzbekistonni qariyb chorak asr boshqargan rahbarni yomonotliq etganlarning qilgʻiliklarini mum tishlagancha kuzatib, yuzimiz olam aro shuvut boʻlmadimi?! Shu oʻrinda Muhammad Yusuf kuyunib yozgan quyidagi satrlarni eslash joiz:

Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz,

Sizni qargʻaganlar joʻralaringiz,

Sizni ado qilgan toʻralaringiz,

Bizdan rozi boʻling, ruhi notinch zot.

Ochigʻi, biz qozoq bovurlarimizdek jurʼat-u jasorat koʻrsata olmadik. Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov davrida, 1986-yilning 16-dekabrida Qozogʻiston KP MQning birinchi kotibi Dinmuhammad Qoʻnayev lavozimidan olinadi va oʻrniga Gennadiy Kolbin tayinlanadi. Bunga qadar Rossiyaning Ulyanov viloyatiga rahbarlik qilgan Kolbin, tabiiyki, qozoq tilini bilmas ham edi. Qozoq yoshlari milliy gʻururning tahqirlanishiga qarshi poytaxt Olmaota shahrida qoʻzgʻolon koʻtaradi. Toʻgʻri, norozilik chiqishlari bostirildi, lekin Kolbin ham koʻp ishlay olmadi. Mana sizga milliy gʻururning qudrati!

Faraz qilaylik, bizda shunday hol roʻy berganida, yaʼni Rashidovning oʻrniga oʻzbek tili va madaniyatidan bexabar biror bir rus mulozimi respublika rahbarligiga olib kelib qoʻyilganida qanday munosabat koʻrsatardik? Biz bu hodisani internatsionalizmning amaldagi yorqin tantanasi deb qabul qilgan boʻlar edik. Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ aʼzolari uni gulduros qarsaklar ila, joʻrovozda lavozimga saylagan boʻlar edi...

1983–1989-yillarda markaziy gazetalarda Oʻzbekistondagi vaziyatni “fosh etish”ga qaratilgan oʻnlab maqolalar eʼlon qilindi. Ne tongki, moskvalik mualliflarga qoʻshilib oʻzimizning “baynalmilal” qalamkashlar ham Sharof Rashidovni balchiqqa beladi. “Sharof Rashidov Vasiliy Yanning “Chingizxon”, “Botuxon”, “Soʻnggi dengizgacha” kabi romanlarini, Isay Kalashnikovning “Qattol asr” asarini sevib mutolaa qilgan. Ehtimol, u orzulari qanotida oʻzini butun olam xoqoni deb xayol etgandir”, deb yozgan edi oʻsha kezlar oʻzbekistonlik rusiyzabon bir adib.

Nahotki, biz marhumlar arvohini chirqiratadigan, ularni hatto qabrida tinch yotishiga ham qoʻymaydigan xalqqa aylanib qolgan boʻlsak?! Axir, mustaqillik yillariga kelib ham marhum yurt oydinlariga tosh otish, ular xotirasini tahqirlash kasalidan qutulolmaganimizni qanday baholash mumkin?!

Taniqli olimlarimizdan biri 2014-yili “Xalq soʻzi” gazetasida Hamza Hakimzoda Niyoziyni keskin tanqid qilib chiqdi. Maqolada Hamza sovet hokimiyatining otashin kuychisi, “bosmachi”larga qarshi kurashgan, dinni tahqirlagan shaxs boʻlganidan bahs etilgan. Xoʻsh, Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Yoʻldosh Oxunboboyev kabi oʻsha davrdagi rahbarlarimiz “bosmachi”larga qarshi kurashmagan edimi? Usmon Yusupov, Nuriddin Muhiddinov, Sharof Rashidov, Islom Karimovlar sovet hokimiyatiga xizmat qilmagan edimi? Hamza muqaddas islomni tahqirladimi yoki diniy mutaassiblikka qarshi kurashdimi? U muallif daʼvo etgandek dahriylik yoʻliga kirgan boʻlsa, nega Haj ziyoratiga boradi? Sanayman desangiz bu kabi javobsiz qolgan savollar bisyor.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng unga tosh otishni sobiq davlat maslahatchisi boshlab berdi. I.Karimov xususida noxolis fikrlar bayon qilingan “Adoqsiz o‘ylar” degan maqola “Adabiyot gazetasi”ning 2019-yilgi sonida chop etildi. Vaholanki, o‘sha amaldor 1992-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida bunday deb yozgan edi: “Respublika uchun og‘ir bo‘lgan bir davrda xalqimiz peshonasiga bitilgan baxt bo‘lib afsonaviy qudrat va jasorat bilan Islom Karimov maydonga chiqdi. Adolatparvar, halol va matonatli rahbar butun bir xalqning va mamlakatning baxti ekanini butun Oʻzbekiston yaxshi biladi. Taqdir meni I.Karimov maktabidan bahramand boʻlish baxtiga muyassar etgan ekan, bunday taqdirdan ikki sababga koʻra roziman: birinchisi, respublikada hayotning burilish nuqtasida mamlakat tepasida shunday qatʼiyatli va donishmand rahbar bor boʻlganidan va ikkinchisi, ongli hayotimni shunday adolatli siyosatga safarbar etishga muyassar boʻlganimdan”.

Bugun ayrim tarixchi olimlarimiz ham muqbiltoshotarlik bobida sobiq mulozimdan ulgi olmoqda. Biz, aslida, marhum rahbarlarimiz, ulugʻlarimizni qadrlashni oʻrganmogʻimiz kerak emasmi? Tarixga, tarixiy shaxslarga xolis, obyektiv baho berish, yoʻl qoʻyilgan xatolardan oqilona xulosa chiqarish kerak, albatta. Ammo alamzadalik, shaxsiy xusumat vajidan aytilgan tanqidlar jamiyatga aslo naf keltirmaydi.

Bizningcha, marhum davlat arboblarini asossiz tanqid qilishni toʻxtatmoq lozim. Negaki, bu hol oʻtganlarga nisbatan hurmatsizlik boʻlib qolmay, yosh avlod ong-u tafakkurida tariximizga nisbatan shubha-gumonlarni shakllantiradi; oʻtmish bilan faxrlanish, buyuklarni qadrlash kabi xislatlarni soʻndiradi. Donishmandlar bejiz “Oʻtmishga hurmat-la boqib, kelajak tomon ishonch ila shaxdam qadam tashla” demagan, axir!

Milliy gʻurur faqat faxr tuygʻusi boʻlib qolmay, millat taqdiri, uning kelajagi uchun masʼuliyatni his eta bilish hamdir. Shunday ekan, milliy gʻururni oʻstirish va mustahkamlash uchun mamlakatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar boʻrttirilmasligi, kamchiliklar ham roʻy-rost aytilishi muhim. Qolaversa, davlat amaldorlari soʻzining ustidan chiqishi, berilayotgan vaʼdalar paysalga solinmay bajarilishi, fuqarolar davlat siridan boshqa barcha maʼlumotlardan toʻliq xabardor boʻlishi, xushomadgoʻylikning har qanday shakli taqiqlanishi maqsadga muvofiqdir.

Maqola debochasida qayd etilganidek, millat qiyofasini belgilovchi ikkinchi muhim omil bu – ona tiliga hurmatdir.

Professor Qozoqboy Yoʻldosh taʼbiri bilan aytganda, ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida til – millat yuragi, maʼnaviyati va ruhiyatini shakllantiradigan, asraydigan eng muhim vositaga aylandi. Ammo bizning loqaydligimiz, milliy gʻururimiz haminqadarligi sabab tilimiz oʻz mavqeini yoʻqotib borayotir. 1989-yildayoq oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan edi. Mana, oradan 36 yil oʻtdi hamki, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunni toʻla-toʻkis hayotga tatbiq eta olmadik. Axir, qonunda davlat tilining soʻzsiz ustunligi belgilanishi lozim emasmidi? Mazkur hujjatda esa, imtiyoz u yoqda tursin, tayin majburiyat ham koʻzda tutilmagan. Qonunning 20-moddasiga eʼtibor qarataylik: “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.

Afsuski, mazkur modda talabi hech boʻlmaganda shu qonunni qabul qilgan Oliy Majlis, uning ijrosiga masʼul Vazirlar Mahkamasi, qonunning bajarilishini nazorat etuvchi Bosh prokuratura qoʻnim topgan poytaxtimizda ham toʻliq bajarilgani yoʻq. Birinchi marta Toshkentga kelgan chet ellik sayyoh ajnabiy tillarda yozilgan peshlavhalarni koʻrib Oʻzbekistonda ekaniga ham shubhalanib qoladi.

Millat vakillari jonajon tarixi, oʻzi mansub boʻlgan xalqning etnogenezi va uning dunyodagi maqom-mavqeini puxta bilmogʻi lozim. Chunki bu – xalqning, davlatning maʼnaviy qiyofasini shakllantiruvchi uchinchi muhim omildir.

Tariximizdagi oq va qora sahifalardan zarur xulosalar chiqarmoq – taqdirulamal masala. Sir emas, tarix fani koʻpincha mafkuraga dastyorlikka majbur etiladi, siyosiy maqsadlar yoʻlida qurbon qilinadi. Binobarin, tarix hech bir zamonda haqqoniylik tamoyiliga uygʻun ravishda yozilmagan. Sirasi, kechmishni bitishda nisbatan xolisroq boʻlmoq mumkin, xolos. Bunga ham tarixdan koʻplab misol keltirsa boʻladi. Lekin yosh avlodni moziydan bezdirish, ularda ajdodlarga nisbatan loqaydlikni kuchaytirib qoʻyish istiholasi sabab tarix va haqqoniylik mavzusidagi mulohazalarimizni muxtasar qilamiz.

Nima boʻlganda ham tariximizni yolgʻon-u oʻtriklardan imkon qadar tozalamoq lozim va lobud. Oʻzbek xonliklarining mustamlakaga aylanishi tarixini yodga olaylik. Agar shoʻro tuzumi davridagi tarix darsliklarida “Oʻrta Osiyoning Rossiyaga qoʻshib olinishi progressiv ahamiyat kasb etgan’’ degan uydirma bayon etilgan boʻlsa, bugun faqat Rusiya imperiyasining bosqinchilik siyosatini qoralash tendensiyasi kuzatilmoqda. Yaʼni, tarixiy voqelikning musbat va manfiy qutblari inobatga olinmayotir. Bir necha yil avval 10 jildli “Oʻzbekiston tarixi” kitobi nashr etildi. Toʻplamning birinchi jildiga “Rossiya imperiyasi istilosi” mavzusi ham kiritilgan boʻlib, unda Oʻrta Osiyoni bosib olishning iqtisodiy sababi yoritilgan, xolos. Negadir siyosiy sabablarga eʼtibor qaratilmagan.

Kitobdagi mana bu gʻalat talqinga kulishni ham, yigʻlashni ham bilmaysiz: “1873-yilda imzolangan Rossiya-Xiva sulh shartnomasi shartlariga koʻra, Ikkinchi Muhammad Rahimxon ruslarning barcha talablarini bajarishga, oʻzini Rossiya imperiyasining “sodiq xizmatkori” deb tan olishga majbur boʻldi” (Oʻzbekiston tarixi. 1-jild. Toshkent, 2022. 318-bet).

Endi asl manba – shartnomaga nazar solaylik: “Menkim, Xiva xoni Muhammad Rahimxon Soniy Bahodirxon oʻzimni ulug‘ rus saltanatining quli deb tan olaman” (“Vatan tarixi”. 1-2-kitoblar. Toshkent, 2020. 394-bet).  Shu satrlarni yozyapman-u yana xayolimga “poy-patak” degan soʻz kelmoqda.

Muhtaram jurnalxon bu fikrlarimizni bosqinchilikni oqlash yoki yoqlashga urinish deb qabul qilmasligini soʻrardik. Rusiya istilosi sabab xalqimiz boshiga yogʻilgan falokatlarni sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Ammo biz tarixiy voqelikni yoritishda oʻz xato-kamchiliklarimiz, zaif jihatlarimizni ham roʻy-rost bayon etish va ulardan saboq chiqarish lozim deb hisoblaymiz.

Tarix haqiqatini boʻyamay-bejamay, dadil­dangal yozishimizga nima xalal bermoqda? Ehtimol, andisha tilimizni bogʻlayotgandir? Yo qoʻrqoqlik yoʻlini tutgan bobolarimizning qilmishidan uyalish hissimi?..

“Haqiqat – otangdan ulug‘” deydilar. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi soʻzlarini doimo yodda tutmogʻimiz lozim: “Oʻtmishdagi yutuq va gʻalabalaridan kuch-quvvat olib, xato va magʻlubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq oʻzining taraqqiyot yoʻli va kelajagini toʻgʻri belgilay oladi”.

Xulosai kalom: tarix shunchaki kechagi kun bayoni emas, balki bugungi kun uchun ibrat, kelajak uchun esa ogohlik qoʻngʻirogʻi ekanini unutmaylik!

Usmon JOʻRAYEV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Bizni tark etayotgan tuygʻu” maqolasi