Shubhasiz, ulug‘ mutafakkir adib Yusuf Xos Hojib oʻz davrining eng eʼtiqodli kishilaridan edi. Ammo “Qutadgʻu bilig”da adib biror marta ham “Alloh” soʻzini qoʻllamaydi (Firdavsiy ham “Shahnoma”da asosan “Yazdon” ismini ishlatgan). Asar ushbu jumla bilan boshlanadi: “Hamd-u sepasu minnatu өgdi Teңri ‘azza va jallaqa...” (Tangri azza va jallaga hamd, sipos, minnatdorchilik va maqtov...). Asar davomida “Alloh”, “Xudo” maʼnosida asosan “Bayat”, “Tangri” qoʻllanilgan (Maʼlumki, Islomdan oldin baʼzi sharqiy turkiy qavmlar buddaviylikka eʼtiqod qilgan. “Xudo” maʼnosidagi “bayat” soʻzi oʻsha davrlarda sanskritdan turk tillariga oʻzlashgan deb qaraladi). Adib Allohning sifatlarini ham koʻp oʻrinlarda turkcha soʻzlar bilan berishga harakat qilgan. Xususan, asarda “ugʻan” (“qodir”), “ulugʻlug‘ iḋisi” (“ulugʻlik egasi”), “erklig bayat”, “bagʻirsaq iḋi” (mehribon egam), “tөrүtgәn” (“yaratgan”), “igiḋgәn” (“parvarish etgan”), “iḋim” (“egam”) kabi sifatlar uchraydi. Paygʻambar esa asarda baʼzan “rasul”, koʻp oʻrinlarda: “Muhammad yalavach” (“Muhammad elchi”), “sevүg savchi” (“suyukli elchi”) kabi sifatlar bilan atalgan. Asarda, shuningdek, “jannat”, “doʻzax” soʻzlari ham uchramaydi, ular oʻrnida adib “uchmaq” (“jannat”), “tamug‘” (“doʻzax”) soʻzlarini qoʻllaydi.
Insoniyat Odam Ato va Moma Havvodan tarqagan degan maʼnoda bashariyatga nisbatan “bani odam”, “odam bolasi” deb aytiladi. Bu ibora “Qutadgʻu bilig”da faqat “apa ogʻlani” shaklida uchraydi. Qadimgi turkiyda “apa” (“aba”) hozirgi oʻzbek tilidagi “opa”ni emas, balki “ota”, “bobo” va umuman “odam” maʼnolarini anglatgan. Shu kabi asarda: “toat-ibodat” oʻrnida “tapug‘”, “gunoh” – “yazuq”, “rizq” – “tirilgu”, “banda” – “qul”, “bandalik” – “qulluq”, “Allohning hukmi” – “bayat yarligʻi”, “dunya” bilan birga “ajun”, “qiyomat kuni” – “kөnilik kuni” kabi soʻz va iboralar ishlatiladi.
Barcha dinlar, diniy, falsafiy taʼlimotlarda “vujud” va “ruh” tushunchalari muhim ahamiyatga ega. Bu anglamlar Islomdan oldin ham oʻz din, inonchlariga ega boʻlgan, shuningdek, maʼlum davrlarda moniylik, buddaviylik, zardushtiylik, nasroniylik kabi din va taʼlimotlar taʼsirida boʻlgan turkiy xalqlar uchun ham begona emas edi. Oʻrta asrlarda moniylik, buddaviylikka oid koʻpgina manbalar qadimgi turk tiliga tarjima qilingan va shular asosida qadimgi turkiyda ham diniy-falsafiy atamalar shakllana boshlagan edi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari ana shu zaminda paydo boʻldi va shu bois adib uchun arabcha “vujud” yoki “ruh” soʻzlarini emas, balki shu anglamdagi turkiy soʻzlarni qoʻllash tabiiyroq edi. “Vujud” maʼnosida asarda adib hamma oʻrinlarda – “etөz” atamasini qoʻllaydi. “Et” va “өz” (“oʻz”) soʻzlari qoʻshib yasalgan bu atama – “tana”, “vujud”, “jism” maʼnolarini bildiradi va u boshqa baʼzi qadimgi turkiy yodgorliklarda ham uchraydi. Yusuf Xos Hojib “tana”, “jasad” maʼnolarida baʼzan “kelbat” soʻzini ham qoʻllaydi. “Ruh” maʼnosida esa asarda hamma oʻrinlarda – “jan”, “nafs” maʼnosida – “bogʻuz” soʻzlari kelgan (forscha “jon” soʻzi turk tillariga diniy-falsafiy atama sifatida oldinroq oʻzlashgan):
“Etөz үlgi barcha bogʻuzdin kirүr
Bu jan үlgi chin sөz qulaqdin kirүr”.
Maʼnosi: “Vujudning hissasi boʻgʻizdan kiradi, jon (ruh)ning hissasi chin soʻz boʻlib, quloqdan kiradi” (QB. T.: “Fan”. 1971. 200-bet).
Shuningdek, “Qutadgʻu bilig”da Qurʼon oyatlari maʼnosi singdirilgan baytlar ham bor. Alqissa, Alloh soʻzini tilga olmasdan, uni Yaratgan, Tangri deb oʻziga yaqin oʻz ona tilida atab ham iymon egasi boʻlish mumkin ekan.
Afsuski, oʻrta asrlarda shakllana boshlagan bu adabiy, falsafiy-diniy turkiy til keyingi davrlarda rivojlantirilmadi, chin turkiy atamalar oʻrnini arabiy, forsiy istilohlar egalladi va oqibatda minglab soʻzlar oʻlimga mahkum etildi. Afsuski, bu illat hozir ham davom etmoqda.
Abduvohid HAYIT