Tashqi olamni anglashda koʻrgan bilgan barcha narsalarimizga nom qoʻyib oʻrganganmiz. Nom oʻzi atalgan narsani boshqalaridan ajratib turish, yodimizda saqlash uchun juda muhim. Bu tabiat qoidasi sanoatga kirib kelgach BREND tushunchasi shakllandi.

Brend – biror kompaniya, mahsulot yoki xizmatni boshqalardan ajratib turadigan, oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan nom, logo, dizayn, imidj va boshqa elementlarning yigʻindisi. U shuningdek, isteʼmolchilarda mahsulot yoki xizmatga nisbatan munosabat yoki hissiyotlarini shakllantirishga qaratilgan strategiya hamdir.

Bashariyat azaldan oʻzi tanigan-bilgan shaxs yoki narsalarni boshqalaridan koʻra koʻproq qadrlaydi va ularga ishonadi. Bu qonuniyat sanoatda “marketing hiyla”si sifatida qoʻl kelgani sababli baʼzi ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatishga moʻljallangan tashkilotlar oʻz muassasasi nomini mashhur shaxs yoxud qahramonlar ismi bilan ataganlar. Biz esa ushbu maqolada mifologik qahramonlar nomiga asoslangan brendlar bilan tanishamiz.

Nike – dunyoning eng yirik brendlaridan biri boʻlib, asosan sport kiyimlari, poyabzal, jihozlar va aksessuarilarni ishlab chiqaradi. U 1964-yilda AQShning Oregon shtatida, Bill Bouerman va Fil Nayt tomonidan Blue Ribbon Sports nomi ostida tashkil etilgan.

Keyinchalik 1971-yilda kompaniya “Nike” nomini qabul qilgan. Nike nomi yunon mifologiyasidan olingan boʻlib, u gʻalaba va muvaffaqiyat xudosining ismidir. U haqda turli manbalarda turlicha maʼlumot keltiriladi: birida Nike Zevs va Afinaning xizmatkori deyilsa, boshqasida urush xudosi Aresning otasi deb daʼvo qilinadi.

Amazon – dunyoning eng yirik onlayn savdo va texnologiya kompaniyalaridan biri boʻlib, Jeff Bezos tomonidan 1994-yilda AQShning Vashington shtatidagi Sittl shahrida asos solingan. Dastlab, Amazon faqat kitoblarni sotish bilan shugʻullangan. Amazon hozirda xizmatlar doirasini kengaytirib, internet orqali mahsulotlar sotishdan tashqari, boshqa koʻplab sohalarda ham faoliyat yuritadi.

Brend nomi Yunon mifologiyasidagi jangari ayollardan tarkib topgan qoʻshin nomiga asoslanadi. Amazonkalar jismonan chaqqonligi, kuchi, kamondan otish, ot minish mahorati va jangovar sanʼati bilan mashhur boʻlgan jangchi va ovchi ayollar edi. Ularning jamiyati faqat ayollardan iborat boʻlib, onalar ham qiz farzandlarinigina tarbiyalaganlar; oʻgʻil farzandlarini otalariga qaytarishgan. Koʻpayish uchungina qisqa vaqtga erkaklar bilan muloqot qilishgan.

Mard va shiddatli mustaqil Amazonlar oʻz malikasi qoʻmondonligida muntazam ravishda dunyoning chekka burchaklariga, Skifiyadan Frakiyagacha, Kichik Osiyo va Egey orollaridan tortib to Arabiston va Misrgacha boʻlgan keng koʻlamli harbiy yurishlarni muntazam ravishda amalga oshirganlar.

Venus – bu bir nechta turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradigan brend, eng keng tarqalgan mahsuloti esa goʻzallik va parvarish vositalari hisoblanadi. Venus brendi 2001-yilda Procter & Gamble kompaniyasining Gillette boʻlimi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus loyiha edi. Brendning ilk mahsuloti – ayollar uchun sirpish (shaving) vositasi boʻlgan Venus razor (Venus sirpisi) edi. Shundan soʻng, brend tezda ommalashdi va ayollar orasida mashhur boʻldi.

Venus (Venera) – Rim mifologiyasidagi goʻzallik va muhabbat ilohasi boʻlib, u Troyaning qulashidan omon qolgan va Italiyaga qochib, Rim xalqiga asos solgan Eneyning onasidir.

Apollo(n) – NASAning eng mashhur kosmik dasturlaridan biri boʻlgan Apollon missiyasining nomi bilan barchaga maʼlum. Bu nom Yunon mifologiyasidagi oliy xudo Zeus va Letoning oʻgʻli, Artemidaning akasi; sevgi, sanʼat, ilhom, yorugʻlik, tabobat va kuch-qudrat xudosidir.

Mercury – bu 1939–2010-yillarda Ford Motor Company tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobil brendi loyihalaridan biri edi. Uning nomi Rim mifologiyasidagi Yupiter va Mayaning oʻgʻli – savdo-sotiq, aql-zakovat maʼbudi boʻlmish Merkuriy nomidan olingan. U koʻpincha chaqqon harakatlanishni ifodalovchi qanotli poyabzal va aqllilikni ifodalovchi qanotli bosh kiyim va caduceus (ikki ilon bilan oʻralgan tayoq) bilan tasvirlanadi.

Titan – bu 1984-yilda Tata Groupning bir boʻlimi sifatida tashkil etilgan va dastlabki yillarida faqat soatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya loyihasi edi. Bu kompaniya 1990-yillarda Hindistonning ichki bozorida oʻzining birinchi soat kolleksiyasini taqdim etdi va qisqa vaqt ichida juda mashhurlikka erishdi.

Uning nomi Yunon mifologiyasida Uran va Geyadan tugʻilgan bolalarning umumiy nomi boʻlib, ular oʻn ikki tabiat hodisalarini boshqaruvchi maʼbudlar edi. Mifologiyada keltirilishicha Titanlar vaqt xudosi Xrons boshchiligida hukmronlikni qoʻlga olganlar va bu hukmronlik to Zevs otasi Xronsni taxtdan agʻdargunga qadar davom etgan.

Cerberus – bu 1992-yilda tashkil etilgan yirik xususiy kapital kompaniyasidir, u asosan investitsiyalar, korporativ qayta tuzilish va moliyaviy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanadi. Uning nomi yunon mifologiyasidan olingan boʻlib, u yer osti dunyosi xudosi Aidning sodiq xizmatkori – doʻzax darvozalarini qoʻriqlovchi uch boshli koʻppak sifatida tasvirlangan maxluq ismiga asoslanadi. Bu koʻppak yer osti dunyosidan hech bir oʻlikning ruhi chiqmasligiga va unga hech bir tirik jon kirmasligiga masʼul edi.

Hercules – bu ogʻir sanoat uskunalari, qurilish texnikalari va mexanik tizimlar ishlab chiqaruvchi brend boʻlib, ular yuqori texnologiyalarga asoslangan kuchli va mustahkam mashinalar ishlab chiqaradi. Uning nomi Yunon mifologiyasidagi oliy xudo Zevsning kuch va qudratda tengsiz oʻgʻli boʻlmish Herakl ismiga asoslanadi. U oʻzining oʻn ikki jasorati bilan juda mashhur obrazdir.

Bulardan tashqari, mashhur brendlarda nomidan emas, tasviridan foydalanilgan mifologik obrazlar mavjud. Masalan, bularga Versaci, Starbucks, Red Bull va Hermes kabilar kiradi.

Hermes – 1837-yilda Parijda Thierry Hermès tomonidan tashkil etilgan fransuz brendi boʻlib, asosan hashamatli sumkalar, kiyim-kechak, aksessuarlar, poyabzal, soatlar, parfyumeriya va boshqa tovarlarni ishlab chiqaradi. Uning nomi asoschi sharafiga atalgan boʻlsa-da, lekin uning logosida Yunon mifologiyasiga ishora qiluvchi tasvirlardan foydalanilgan.

Red Bull – 1987-yilda Mateschitz Taylanddagi “Krating Daeng” ichimligini Avstriya bozoriga olib keldi va uni yangi brend ostida qayta takomillashtirgan holda ishlab chiqardi. U oʻzining yangi formulaga asoslangan bu ichimligini marketing strategiya asosida “Red Bull” nomi bilan sotishni boshladi. Brendning logosida energetik ichimlik mohiyatini ifodalash uchun Minotavr tasviridan foydalanilgan. Bu obraz Yunon mifologiyasi qahramoni boʻlib, u yarim inson, yarim buqa koʻrinishida tasvirlangan.

Starbucks – bu dunyodagi eng mashhur va eng yirik kofe doʻkonlari tarmogʻidan biridir. U 1971-yilda Sittl shahrida tashkil topganidan buyon, nafaqat kofe va ichimliklar, balki ijtimoiy va madaniy hodisa sifatida ham tanilgan. Brendning muvaffaqiyati va keng tarqalganligi uning sifatli mahsulotlari, innovatsion marketing strategiyalari, mijozlarga xizmat koʻrsatish madaniyati va isteʼmolchilarga masʼuliyatli yondashuvi bilan ham bogʻliq. Uning logosida Sirena tasvirlangan boʻlib, bu obraz baʼzan yarim ayol, yarim qush; baʼzan esa yarim ayol, yarim baliq sifatida tasvirlanuvchi goʻzallikda tengi yoʻq ayol qiyofasida ifodalandi. Ular shirali ovozi bilan dengiz sayyohlarini yoʻldan adashtirib, oʻlimga yetaklovchi sehrli qudratga ega boʻlgan.

Versaci – bu brend 1978-yilda Gianni Versachi tomonidan Milan shahrida tashkil etilgan. Birinchi doʻkoni ochilishi bilanoq tez orada yuqori sifatli va hashamatli dizaynlari bilan eʼtiborni jalb etgan. U oʻzining kiyimlari va dizaynlari orqali faqatgina moda sohasida emas, balki madaniyatga ham katta taʼsir koʻrsatdi. U pop madaniyatining ajralmas qismiga aylanib ulgurgandi. Versachi brendi oʻzining noyob uslubi va estetikasi bilan ajralib turadi.

Versachi brendining ajralmas qismi boʻlmish logosida Meduza Gorgonaning boshini koʻrishimiz mumkin. U Yunon mifologiyasi qahramoni boʻlib, oʻzining aybsiz aybdorona ayanchli qismati bilan hammamizga tanish. Uning hikoyasi quyidagicha: dengiz maʼbudi oilasida tugʻilgan Meduzaga chiroyda hatto ilohalar ham tenglasholmasdi. Toki uni maʼbuda Afina laʼnatlamaguncha. Afina sharafiga qurilgan ibodatxonada Poseydon tomonidan zoʻrlanib, kamiga muqaddas joyni ishrat bilan bulgʻagani uchun Afina unga dahshatli qiyofani, yaʼni sochlari oʻrnida ilonlar va mahluqona tanani “tortiq” qilgan. Lekin Meduza obrazi shu holida ham kibor va hashamat ramziga koʻchgan. Aynan shu sabab uning boshi Versachi brendi logosiga aylangan. Hozirda biz Versachini Meduzasiz tasavvur qilolmaymiz.

Ziyodaxon TURDIBOYEVA