Voqealari yoʻq tarix

Unga 2010-yilda duch kelgandim. Aylanib oʻtib ketishning sira iloji boʻlmagandi. Unda oʻzbek mumtoz adabiyotining yuz yildan beri hayron holatda oʻtirgan ikki ulug‘ ijodkorini koʻrgandim. Ularni bunday ahvolda uchratgan yolgʻiz men emas ekanman. Ular bir asrdan beri voqealari yoʻq tarix hududidan chiqolmay yurgan Boborahim Mashrab va Roʻziboy Mashrab edi. Oradan oʻn besh yil oʻtib, bugun yana yoʻlim shu yerga kelib taqaldi. Qani, nimadir oʻzgardimikan? Yurt oʻtmishidan ikki Mashrab boboga tegishli voqealar topildimikan? Voqealari yoʻq tarixning ahvoli keyin nima kechdi?

* * *

Qashqadaryoda xizmat safarida yurganimda Qarshi – Chiroqchi katta yoʻli yoqasida bir til-adabiyot oʻqituvchisi qurimizga kelib qoʻshildi. Salom-alikdan soʻng “Sizni tanidim, oʻn yilcha oldin “Mashrab” kitobingizni oʻqigandim. Undagi maʼlumotlar, mulohazalar menda va boshqa domlalarda ham kuchli taassurot qoldirgandi. Biroq oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramay ularning ilmga hech qanday foydasi, taʼsiri koʻrinmadi. Darsliklarga biror oʻzgarish kiritilmadi, Boborahim Mashrabga oid maʼlumotlar oʻsha eski holicha turibdi. Hozirgacha oʻquvchilarimga bu mavzuda dars oʻtishga qiynalaman. Tadqiqotchilarning haqiqatga yopishmay turgan koʻplab talqinlari va tarixiy voqealari oʻz oʻrnini topolmay har tarafga sochilib ketgan... Oʻqituvchining ahvolini oʻzingiz tasavvur qilib olavering. Yosh avlodga bunday maʼlumotlarni berish – ularni aldash deb oʻzimdan norozi boʻlaveraman” degandi u. 

Oʻsha yoʻl yoqasida ikki Mashrab haqidagi gurung ancha choʻzildi. Voqealari yoʻq tarix... Keling, bugun unga birgalikda nazar tashlaylik. Balki oʻsha voqealarni ular yoʻq joylardan qidirib yurgandirmiz.

Domlaning iztirobi

Mendan biryoʻla ikki Mashrab toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berishni soʻrashdi. Jurnalning bitta sonida bir maqola bilan bu ishni uddalab boʻlmas ekan. “Menga qolsa, jurnalning bir sonini toʻliq shu mavzuga bagʻishlardim”, – dedi doʻstimiz Furqat Meli. Lekin bizda bunday imkoniyat yoʻq.

2025-yil aprel oyida Islom svilizatsiyasi markazida amalga oshirilishi moʻljallangan tadqiqotlarning medialoyihasiga taklif qilindim. Unda “Boborahim Mashrab hayoti va ijodiy merosi” degan mavzu birlamchi qoʻlyozma manbalar asosida yangicha ilmiy talqinlar bilan yoritilishi soʻralgandi. Maktabda dars beruvchi oʻsha til-adabiyot oʻqituvchisining iztiroblari koʻnglimda yana qoʻzgʻaldi. Ha, qani 2010-2011-yillari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Boborahim Mashrab shaxsi va ijodiga oid boʻlgan bahs-munozaralardan keyin bu mavzuda qanday yangiliklar, kashfiyotlar boʻldi ekan? Bu juda muhim va qiziq.

2011–2015-yillardan keyin yurtimizda ushbu mavzuda ayrim tadqiqotlar oʻtkazilib, bir qancha maqola va kitoblar chop qilinibdi. Toʻrtarmoqda ular kutilganidan xiyla koʻp chiqdi. Turkiyalik qardosh olimlar ham ayniqsa keyingi 25 yilda Boborahim Mashrab hayoti va ijodi mavzusida sermahsul ijod qilgan ekan. Tadqiqotlar koʻlamining nihoyatda kengligi sababli bu maqolada faqat shoirning hayoti yoritilishiga toʻxtalamiz. Xoʻsh, turk olimlari bu hassos shoirning oʻzbek mumtoz adabiyotidagi oʻrnini qanday tasavvur qiladi? Balki ular shoir tarjimai holini baʼzi muhim yangiliklar bilan toʻldirgandir?

Keyingi yillarda Turkiyada mashrabshunoslik sohasi yetakchilaridan biriga aylangan Sadi Gedik oʻz tadqiqotida Mashrabning tavallud sanasi ilmiy adabiyotlarda 1640/1641, 1653, 1657-yillar bilan koʻrsatilishi va ular orasida 1640-yil toʻgʻriroq deb qabul qilinganini taʼkidlaydi[1]. Bu maʼlumotga Mashrab Koshgʻarda yetti yil Ofoqxoja xonaqohida taʼlim olgani va 1711-yili Mahmud qatagʻan tomonidan oʻldirilganini qoʻshimcha qiladi[2].

“Turk adabiyoti asarlari lugʻati”ning (TAAL) oxirgi jildida ham Mashrabning tugʻilish va oʻlish sanalari yuqoridagi kabi berilgan[3].

Ibrohim Akcha maqolasida Sadi Gedik maʼlumotiga tayanib Boborahim Mashrabning tugʻilgan sanasi 1640/1641, 1650, 1653, 1657-yillar bilan koʻrsatilishi va 1640-yil toʻgʻriroq ekani, shoir 1711-yili Balx hukmdori Mahmud qatagʻan tomonidan oʻldirilganini yozadi[4].

Turkiya olimlarining koʻrib chiqilgan oʻndan ortiq ishida Boborahim Mashrab hayotiga doir deyarli bir xil maʼlumotlar berilgani aniq boʻldi. Ular Mashrab tarjimai holi borasida professor Ismatulla Abdullayev, Jaloliddin Yusupov va ular yoʻnalishidagi oʻzbek adabiyotshunoslari ishlariga tayanib, fikr bildirgan ekan.

 “Muzakkir ul-ashob”.

Qidiruvda davom etdik va Afgʻonistonda ham shunday ahvolga duch keldik. Ular hatto Balxda Boborahim Mashrab qabriga pona tosh oʻrnatib, shoir 1640-yilda tugʻilganini yozib qoʻyishibdi. Bu manzaralarni koʻrib, domlaning iztiroblari menga toʻliq koʻchib oʻtdi. Mazkur maʼlumotlarning hammasi bizdan borgan. Ular arzirli biror yangi axborot qoʻsha olmagan.

Mashrabga eltuvchi yoʻl

Yana 2010-2011-yillardagi boshi berk koʻchalar hikoyasiga[5] qaytamizmi? Oʻshanda bu sanalarning birortasi ham toʻgʻri emasligi aytib boʻlingan. Mashrab tavalludiga oid eng mashhur 1640-yilda shoirning otasi ham tugʻilmagan boʻlsa kerak. Tadqiqotchilar doim ommaga taqdim qiladigan yuqoridagi uch-toʻrt sana atrofida ustozi Bozor oxund hali dunyoga kelmagan edi, bu aniq. Yoʻq, biz haqiqatan ham hanuz Mashrab huzuriga olib bormaydigan yoʻllarda yurgan ekanmiz. Nimalarnidir notoʻgʻri qilayapmiz va bu xatolar endi dunyo boʻylab tarqalayapti. Aks holda bir asrdan koʻproq vaqt katta bir millat noxush chalkashliklarga bu qadar uzoq vaqt oʻralashib qolmasdi. Tadqiqotchilar qayta-qayta takrorlaydigan “falonchi Boborahim Mashrab masalasini uzil-kesil hal qilib qoʻydi” kabi gaplardan tezroq uzoqlashib, oynaga qarab oʻzimizni bir koʻrib olaylik. Nima qilayapmiz oʻzi?

Unday boʻlganda hozir hech kim bir nechta sana uyumiga termulib, “Bularning qaysi biri toʻgʻri?” deb bosh changallab oʻtirmasdi. Oʻqituvchilar oʻquvchilarning savollariga javob berolmay, izza boʻlmasdi.

“Qissai Mashrab”.

Bizni Mashrabga olib boradigan yoʻl qayerda?

Aslida doim shu yoʻlning yoqasida turibmiz, lekin haligacha unga hech kim bir marta ham kirib koʻrmagan. Shoirning qachon yashagani, kimligini bilmasdan uning hayoti va ijodi toʻgʻrisida gapirish, nomidan devonlar tuzib chop qilish, jild-jild monografiyalar yozish mumkinmi?

“Zid” qissasi

Qarshimizda mavzuga tegishli, hammaga maʼlum ikkita yoʻl turibdi. Birinchisi birlamchi tarixiy qoʻlyozma manbalar, ikkinchisi tadqiqotchilarning shu paytgacha yozgan maqolalari, asarlari, maktab hamda oliy oʻquv yurtlari uchun tayyorlangan darsliklar va yana boshqalar. Birinchisi rostdan ham sanoqli, hozircha ikkinchisining sanogʻiga yetolmadim. Ular yuzlab, balki mingga yaqinlashib qolar. Kimdir ayni shu damda ularning roʻyxatini tuzayotgandir ham.

Deyarli barcha mashrabshunoslar tadqiqotlarida koʻpincha birinchi turkumga mansub asarlar “Boborahim Mashrab hayoti va ijodi haqida maʼlumot beruvchi tarixiy manbalar koʻp emas. Borlarida ham axborotlar nihoyatda kam va bir-biriga zid” qabilida qisqagina taʼriflanadi. Ammo oʻsha “zid” holatlarni bugungacha birorta tadqiqotchi batafsil tahlil qilib, yoritib bermagan. Ehtimol, birlamchi manbalarda oʻsha “zid” yoʻqdir. Ulardagi maʼlumotlarga hozirgacha notoʻgʻri yondashilgan va “zid” qissasi tadqiqotchilar ijodi boʻlsa-chi? 

Asrlar oralab... Mashrab mozaikasi

Bu tasvir Boborahim Mashrab hayoti va ijodi parchalari... Uni tiniqroq koʻrish uchun uch asrni oralab oʻtishga toʻgʻri keladi. Yaqinlashib borganing sari bu mozaikada qalbida bir bulbul tinimsiz sayrayotgan darvesh qiyofasi koʻrina boshlaydi.

XVII asr.

Maliho Samarqandiyning “Muzakkirul-asʼhob” tazkirasi, 1688–1693-yillarda tuzilgan. Muallif yozadi: “Mashrab – Rahimbobo qalandarning taxallusi, u asli Andijon viloyatidandir. Yoshligida fazilat va kamolot istab Namangan viloyatiga bordi. Ziyrak va tirishqoqligi sababli u yerda oʻqishiga eʼtibor qaratishdi. Endigina ilm oʻrgangan yoshgina paytida[6] Samarqandga keldi. Bir necha muddat shu yerda yashab, yana Namanganga qaytib ketdi. U yerdan Koshgʻar, Badaxshon oʻlkalariga yoʻl oldi va Balxdan Samarqandga qalandar libosida qaytib keldi.

“Tazkirai Majzub”.

Ushbu safarida u pishiq sheʼrlar yozadigan boʻldi. Quyidagilar uning shunday mukammal sheʼrlaridan, taʼrifga hech muhtoj emas”[7].

XVIII asr.

Asrlar tuzgan mozaikada bu yuz yillikning qadama toshlari oʻrni boʻsh turibdi. Ular qidirilmoqda.

XIX asr.

1. “Qissai Shoh Mashrab”, “Devona Mashrab” asari, u boshqa nomlar bilan ham ataladi. “Muzakkirul-asʼhob”dan keyin Boborahim Mashrab haqida maʼlumot beruvchi ikkinchi muhim va yirik manba. Jaloliddin Yusupov shaxsiy kutubxonasida uning hijriy 1250-yili (1834/1835) koʻchirilgan qadimiy nusxasi 3-raqam bilan saqlanayotganini yozadi[8]. 

“Qissai Mashrab” XIX asrning ikkinchi yarmida xalq orasida mashhur boʻlgan va koʻp tarqalgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida uning qirqqa yaqin nusxasini aniqladik. Ular orasida eng qadimiysi 11836-raqam bilan saqlanayotgan nusxa (112 varaq) hijriy 1257-yili (1841) Chelak mavzesida koʻchirilgan[9].

Deyarli barcha tadqiqotchilar “Qissai Mashrab”ni xalq kitobi turkumidagi asarlar qatoriga qoʻshadi[10]. Ular, albatta, tarixiy asar yo tazkiralar darajasida birlamchi manba vazifasini oʻtay olmaydi. Biroq oʻtmish yo biror mavzuni tadqiq etishda ulardan ham foydalaniladigan alohida toifadagi badiiy-tarixiy manbalar guruhini tashkil qiladi. “Qissai Mashrab” asari chop etilgan[11]. Unda hikoya qilingan voqealarda Bozor oxund (1660/1665–1730), Ofoqxoja (1625–1693), Mavlaviy Sharif (1615–1697), Kuntayju–Gʻaldan Bushuqtu (v. 1697), Oqboʻtabiy (v. 1727), Xojampodshoh–Hasanxoja (1690–1728), Xonimpodshoh (v. 1694), Mahmudxon (taxm. 1646–1731) kabi tarixiy shaxslar ishtirok etgan. Ularning hammasi Mashrab bilan suhbatlashgan. Tadqiqotchi shoir hayotidagi koʻp hodisalarda ularni uchratadi. Ushbu mavzuni yoritishda bu shaxslar tarixi va ularga oid har qanday maʼlumot juda muhimdir.

Qissada birorta tarixiy sana qayd etilmagan. Hikoyalarda boʻrttirish holatlari, oʻylab topilgan lavhalar ham uchraydi. Ular aslida oʻquvchiga “mashrab maqomi”ni tushuntirish, unga xos xususiyatlarni ochish hamda oʻqirmanlar qiziqishini orttirish uchun xizmat qiladi.