Jahon falsafasida ijodi Fridrix Nitshe kabi turli, koʻp hollarda ziddiyatli talqinlarga sabab boʻlgan siymoni uchratish qiyin. “Yangi davr paygʻambari”, “tafakkur Don-Juani”, “ming yillik qadriyatlarni vayron etuvchi” – bu unga berilgan baho va taʼriflarning bir qismi, xolos. Bunday xilma-xil talqinlarning sababi, albatta, Nitshe asarlarida mujassam. “Bugun tirik boʻlgan va oʻtib ketgan barcha yevropaliklar – Platon, Volter, Gyote – orasida men qalbi eng kengiman. Men Yevropaning Buddasi boʻlishim mumkin edi”. Nitshening bunday daʼvolari har qanday odamni lol qoldiradi. Ammo ming yillar davomida shakllangan va odamlar ongiga singib ketgan, turish-turmushi, dunyoqarashi, voqelikka munosabatini belgilab bergan aqida va qadriyatlarni qayta koʻrib chiqishga, taftish va inkor etishga bel bogʻlagan kishi oʻzini odamlarga shunday taqdim etmasdan iloji yoʻq edi. “Oʻzgalarning seni tushunishlariga erishish ogʻir... har bir harakating buzib talqin etilgan”da oʻzing uchun faqat bir yoʻl qoladi: “Tinimsiz turtkilab, chormixga osmasliklari uchun, niqoblarni gʻamlab qoʻymoq kerak”.

Nitshe nima uchun ming yillik qadriyatlarni qayta koʻrib chiqishga, ularni inkor etishga jazm qilgan? Niqob ortida kim turibdi? Buni tushunmoq uchun uning soʻzlariga quloq tutaylik: “Ha, men axloqning mohiyatini anglab yetdim; u soxta, uning asosida oʻsha axloqiylikdan oʻzga har narsa bor: manmanlik, mansabparastlik, qasoskorlik olomon kayfiyati ifodasidir, bularga asoslanib men haqimda hukm chiqarmang, zero men, Fridrix Nitshe, bu qoidani umuman tasdiqlaydigan ulkan istisnoman... Men odamlarga atayin yomonlik qilmayman, men haqiqat mahkamasi oldida yolgʻon soʻzlamaganman, odam oʻldirmaganman, aldamaganman, Xudolar siymosini haqoratlamaganman, oʻzgalarning xotinlarini yoʻldan urmaganman, goʻdaklar ogʻzidagi sutni tortib olmaganman, muqaddas qushlarning inini buzmaganman... Men pokizaman! Men pokizaman! Men pokizaman – shuning uchun menga ishonishni va qanday boʻlsam, shundayligimcha qolishimga, yunon tili va adabiyotidan saboq berish va bir vaqtning oʻzida “kuchli odam” va “adabiy qaytish”dan dars oʻtishga imkon berilishini soʻrayman”.

Nitshe nomi bilan bogʻliq anglashilmovchilik va mishmishlarning sababini, bir qarashda, ziddiyatli boʻlib tuyulgan fikrlardan izlamoq kerak. Yevropaning (insoniyat) ikki yarim ming yillik axloqiy-maʼnaviy tarixi muammolarini oʻz dardiga, shaxsiy muammosiga aylantirgan Nitshe ehtirosga berilishi tabiiy hol edi. Ammo faylasufning fojiasi shundan iboratki, uning fikr-mulohazalari, yaratgan asarlari gʻayriinsoniy vayronkor gʻoyalarni targʻib etishda nazariy asos sifatida xizmat qilgan. Masalan, fashizm mafkurasining Nitshe gʻoyalaridan oziqlangani maʼlum.

Nitshe falsafasini odatiy tushunchalar yordamida talqin etib boʻlmaydi, zero bunda uning koʻp nozik jihatlari eʼtibordan chetda qoladi. Faylasuf nazarida, inson maʼnaviy kamoloti uning qalbi va ruhiyatida, yaʼni uning oʻzida, botiniy olamida kechadi. Biroq, inson sifatida shakllanishi uning oʻz ishtirokisiz roʻy bergani va u bu jarayondan bexabar qolganini anglab yetadi. Bu jarayon uning goʻdakligidan boshlab anʼanaviy odat, qadriyat, qonun-qoidalar (tarbiya, taʼlim, axloq, din, ilm-fan) taʼsirida amalga oshgan va vaqti kelib u bu taʼsirning ogʻir yukini his etib, qarshi isyon koʻtargan. Isyonga, kishini zanjirband etib, tanballashtiradigan aqidalarga qarshi kurashga esa “haqiqiy inson”, “kuchli odam”, “isyonkor shaxs”gina qodir. Oʻzini axloq va maʼnaviyat himoyachisi sanaganlarning ayuhannos solishiga sabab boʻlgan fikr, Nitshening “Zaiflarni turtib yubor” degan chaqirigʻidir. “Ezgulik”, “insonparvarlik”, “rahm-shafqat” kabi soʻzlarga oʻrgangan odam bu iboradan gʻazabga kelishi tayin. Nitshe “zaif” deganda nimani nazarda tutyapti? Bu – masalaning mohiyatini tubdan oʻzgartiradigan savol. Uning javobi Nitshening oʻzida, uning mulohazalarida. Mana ulardan biri: “Azobni, Buyuk Azobni tarbiyalash, ayni shunday tarbiya odamning mavqeini yuksaltirib kelganini bilmasmidingiz?

Insonda banda va ijodkor bir boʻlib jamlangan: unda siniq parcha, loy, tuproq, maʼnisizlik, xaos bilan bir qatorda ijodkorlik, yaratuvchanlik, metin iroda, ilohiy tomoshabin va yettinchi kun mujassam – siz bu ziddiyatni anglaysizmi? Va yana sizning mehr-shafqatingiz “insondagi hayvon”ga, shaklga solinishi, sindirilishi, ishlov berilishi, parcha-parcha qilinishi, kuydirilishi, toblanishi, tozalanishi lozim boʻlgan, undagi ozor chekkan va ozor chekishi kerak boʻlgan jihatlarga qaratilganini Siz tushunasizmi?” Nitshe falsafasi – insondagi “hayvon”ni, unsiz bandani yoʻq qilib “kuchli odam” deb nom olgan “yaratuvchi”, “ijodkor”ni shakllantirishga qaratilgan misli koʻrilmagan oʻziga xos tajriba. Bu tom maʼnodagi erkin shaxsning axloqiy qarashlari. Uning “Biz axloqdan qutulmogʻimiz kerak” degan soʻzlarining eʼtiborga olinmagan davomi shunday: “...axloqqa tayanib yashamoqqa erishishimiz uchun”. Demak, Nitshe tanlagan yoʻli, tafakkur tarzini bunday ifodalash mumkin: haqiqiy inson martabasiga erishmoq uchun erkin boʻlmoq kerak. Bu erkinlik axloqdan ozod boʻlishdir, ammo bir paytning oʻzida u axloq va maʼnaviy komillik yoʻlidagi erkinlikdir. Faqat axloq umumqabul qilingan meʼyorlar buyruq, zoʻrlik orqali singdirilmasdan shaxsning erkin maʼnaviy intilishi asosida uning qalbida tugʻilmogʻi darkor. Shu tariqa, Nitshening keskin gaplari, aslini olganda, insonda oʻz fikriga ega boʻlmagan, aqidalarga soʻzsiz itoatkor, poda qoidalariga unsiz boʻysunadigan kishini emas, tom maʼnodagi Shaxsni tarbiyalash gʻoyasini oʻzida mujassam etganini koʻrish mumkin. Boshqacha aytganda, Nitshe oʻziga xos tarzda insonni oʻzligini anglashga daʼvat etadi. “Mening fikrlarimga xos taʼrif etib boʻlmas gʻalatilik va favqulodda keskinlik tufayli ular uzoq vaqt oʻtgach, ehtimol 1901-yildan soʻng odamlar quloqlariga yetib boradi”. Nitshening bashorati toʻgʻri chiqdi. XX asr chinakam nitsheparastlik bilan boshlandi. Uning siymosi adabiyot, sanʼat, falsafa va siyosatda aks etdi. Biroq taqdirning achchiq oʻyinini qarangki, uning dard toʻla falsafasi buzilgan, dahshatli tarzda evrilgan holda talqin etildi. Musiqadan ohangni, ehtirosni olib tashlang, nima qoladi? Nitshe falsafasi ham shunday qismatni boshdan kechirdi. Undan Nitshening shaxsiyati, ehtirosi, dardi yoʻqoldi; quruq soʻzlar va oʻlik iboralargina qoldi. Uning asarlari matnidan uzib olingan va shu tufayli asl maʼnosi yoʻqolgan koʻchirmalar bilan almashtirildi.

Nitsheni natsistlar Germaniyasi mafkurachilari bayroq qilib olgani maʼlum. Natsistlar mafkurasi esa uch asosiy tamoyilga – pangermanizm, antisemitizm va slavyanofoblikka tayangan. Shu tariqa, ayni shu yorliqlar Nitshega ilindi. Buning asossiz ekanini Nitshe asarlarining oʻzi tasdiqlab turibdi. Pangermanizmdan boshlaylik: “Olmonlarni qachonlardir mutafakkir xalq deb atashar edi; hozirgi vaqtda ular umuman fikrlashga qodirmikan?”; “Olmon ruhi ogʻrigan ichakdan kelib chiqqan”; “Bu xalq qariyb ming yil davomida ichki mamnunlik bilan oʻzini-oʻzi ahmoq qilib kelgan”, “Olmoncha oʻylash, olmoncha his etish – men hamma ishga qodirman, ammo bular mening imkoniyatimdan tashqarida”; “Germaniya qayerga yoʻl olsa, doimo madaniyatni buzadi”. “Men olmon tilida yozishga majbur boʻlganimdan azob chekaman...” Dadil aytish mumkinki, bunday mulohaza yuritgan Nitsheni “oriylik”, “pangermanizm”da ayblash oqni qora deb eʼlon qilish bilan barobar.

Keyingi yorliq – antisemitizm. Nitsheda yahudiylar haqida shunday gaplarni uchratamiz: “Yahudiylar hozirda Yevropadagi shak-shubhasiz eng kuchli, eng tirishqoq, eng toza irqdir”, “Yahudiyni uchratish, agar nemislar orasida yashashingni hisobga olsang, omaddir”. “Antisemit baqiroqlar mamlakatdan quvib solinsa fikrimcha, foydali va adolatli boʻlardi”. Nahotki shu soʻzlarni bitgan faylasufni gʻayriyahudiyona kayfiyat va yahudiylarga qirgʻin keltirgan fashistlar toʻdasiga mansublikda ayblash mumkin boʻlsa?!

Nihoyat Nitshega ilingan uchinchi yorliq – slavyanofoblik xususida aytish lozimki, olim polyak millatiga mansub boʻlgan va bundan hamisha magʻrurlangan. Qolaversa, faylasufning quyidagi mulohazasiga eʼtibor beraylik: “Slavyanlarning isteʼdodi menga olmonlarning isteʼdodidan ancha yuqori boʻlib koʻringan, men hatto olmonlarning isteʼdodli millatlar qatoriga kirgani sababi – ularning tomirida slavyanlarning ham qoni oqayotgandir deb oʻylayman”.

Bu borada ortiqcha izohga hojat boʻlmasa kerak. Faqat vaziyatni oʻta nozik his qilgan, tarix yoʻllari qay tomon yetaklayotganini tushungan Nitshening ogohlikka daʼvat sifatida yangragan yana ayrim fikrlarini eslab oʻtaylik. Nitshe oʻz vaqtida xavfli kasallik – “tobora zoʻrayib borayotgan nigilizm”dan, “dahshatli urush, halokat, portlashlar davri” yaqinlashayotganidan bong urgan edi.

Qonli asr deya eʼtirof etilgan XX asr ortda qoldi. Ikki dahshatli jahon urushining yaralari bitgandek. Ammo jahonning turli burchaklarida hamon “oliyirqchilik”, “shovinizm” kayfiyati qayta tiklanib, dunyo tinchligiga rahna solmoqda. Yana Nitshedan uzib olingan iboralardan bayroq tikib, uning ostida olomonni toʻplashga urinayotgan kimsalar bor. “Men inson emas, dinamitman”, degan edi bir oʻrinda Nitshe. Darhaqiqat, “yoqimsiz haqiqatlar faylasufi”ning fikrlari portlashga sabab boʻlishi ham mumkin. Ammo jinoyatchi oʻt qoʻysa, gugurt ixtiro qilganni aybdor qilmaydilar-ku! Nitshe falsafasini va umuman har qanday alloma qarashlarini buzgʻunchi kuchlardan himoya qilish va ezgulikka yoʻnaltirishning bir chorasi bor. Uning chuqur mazmunini toʻgʻri talqin va tahlil etish, “jaholatga qarshi maʼrifat” bilan qurollanishdir. Bir alloma aytgan ekan: “Johil, omi odamlarning hukmidan xudo asrasin”. Ulugʻlarning merosini ana shunday odamlar qoʻlidan yulib olib, ularga hukm chiqarishga izn bermaslik lozim.

Ulugʻbek SAIDOV,

filologiya fanlari nomzodi,

dotsent

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 3-son