Har yili oktyabr va dekabr oylarida dunyodagi eng nufuzli va keng koʻlamli mukofot sanalmish Nobel mukofoti natijalarini kutishga, tahlil qilishga odatlanib qolganmiz. Nomzodlarni oldindan taxmin qilishning ham, sovrindor boʻlganlarning hayoti hamda ilmiy-ijodiy muvaffaqiyatlari haqida oʻrganish ham oʻzgacha zavq beradi. Ayniqsa, adabiyot va tinchlik yoʻnalishi gʻoliblarining intiqib kutiladigan maʼruzalarini-ku aytmasa ham boʻladi. Sirasi, bu yil mazkur mukofotga kimlar “qaysi karomati” uchun loyiq koʻrildi? Gap shu haqda boradi.
Mamlakatlar tanazzuli sabablari, institutlarning iqtisodiy farovonlikka taʼsiri
2024-yilgi iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti “institutlarning shakllanish jarayonlari va ularning iqtisodiy farovonlikka taʼsirini tadqiq qilgani uchun” Massachusets texnologiyalar instituti professorlari Daron Ajemoʻgʻli, Saymon Jonson va Chikago universiteti professori Jeyms Robinson uchligiga berildi.
Daron Ajemoʻgʻli va Jeyms Robinson oʻzbek ziyolilariga yaxshigina tanish. Ularning hammualliflikda yozilgan “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambagʻallik manbalari” (“Why Nations Fail: The Origin of Power, Prosperity and Poverty”, 2012) nomli asari allaqachon tilimizga tarjima qilinib, oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. Mazkur tandem qalamiga mansub “Tor yoʻlak: davlatlar, jamiyatlar va ozodlik taqdiri” (“The Narrow Corridor: States, Societies and Fate of Liberty”, 2019) asari ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Iqtisodiyot boʻyicha mukofot qoʻmitasi raisi Yakob Svensson: “Mamlakatlar oʻrtasida daromadlardagi katta tafovutni kamaytirish zamonamizning eng katta muammolaridan biridir. Mukofotlanganlar ushbu maqsadga erishishda davlat institutlarining muhimligini koʻrsatib berishdi” - deya taʼkidlagan.
“Kun kelib oramizda hibakusyalar qolmaydi…”
Tinchlik yoʻnalishidagi mukofot Nihon Hidankyo nomli yapon tashkilotiga nasib etdi. Qoʻmita mazkur tashkilotni “yadro qurollaridan holi dunyo yaratish uchun qilgan harakatlari va boshdan kechirganlarning guvohligi bilan yadro qurollarini boshqa hech qachon qoʻllamaslik kerakligini isbotlagani uchun” munosib deb topdi. Yaponiya atom va vodorod bombalaridan jabr koʻrganlar konfederatsiyasi yoki qisqa qilib aytganda, Nihon Hidankyo - 1956-yilda tashkil topgan, Hirosima va Nagasakidagi dahshatli portlashdan aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qiluvchi ijtimoiy tashkilot. Hirosima va Nagasaki fojiasidan omon qolganlar “Hibakusya” deb ataladi.
Tashkilot lobbizm bilan shugʻullanadi, yaʼni Yaponiya hukumatidan jabrdiydalarga eʼtiborni oshirishni, boshqa hukumatlardan esa yadro qurolini bekor qilishni soʻraydi. Ularning faoliyati minglab guvohlarning hikoyalarini yozib olish, qarorlar va jamoatchilik murojaatlarini eʼlon qilish hamda global yadro qurolsizlanishini targʻib qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi turli xalqaro tashkilotlarga har yili vakillar yuborishni oʻz ichiga oladi.
“Kun kelib oramizda tarixning jonli guvohlari boʻlgan hibakusyalar qolmaydi. Biroq kuchli xotira madaniyati va doimiy intilishlar tufayli Yaponiyadagi yangi avlodlar guvohlarning maslagini davom ettirishmoqda. Ular butun dunyo xalqlariga ilhom berish va maʼrifat tarqatish bilan shugʻullanmoqda. Shu yoʻl bilan insoniyatning tinch kelajagi uchun dastlabki omil hisoblanmish yadro qurolini qoʻllashga boʻlgan taqiqni saqlab qolishga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar” - deyiladi qoʻmita bayonotida.
Mukofotni qabul qilish kunida tashkilot asoschilaridan biri, hibakusya Terumi Tanaka Nihon Hidankyo nomidan nutq soʻzladi. Maʼruzasida aytishicha, fojia vaqtida Terumi 13 yoshda boʻlgan ekan. Qolaversa, janob Tanaka nutqi davomida tashkilotning “yadroviy tabu” masalasida qanchalik muhim oʻrin tutgani, soʻnggi salkam sakson yil ichida urushlarda yadro qurolidan foydalanilmagani, ammo bugungi qaltis vaziyatda yadroviy tabu masalasi xuddiki avvalgi kuchini yoʻqotib borayotgandek tuyulayotganidan ruhi choʻkkani hamda taʼbi xira boʻlayotganini aytib oʻtdi.
Kecha 10-dekabr sanasida barcha sovrindorlarni taqdrilash marosimi oʻtkazildi. Gʻoliblarga shved va norveg sanʼatkorlari tomonidan tayyorlagan maxsus diplom, 18 karat qayta ishlangan oltindan tayyorlangan Alfred Nobel siymosi bor medal va 11 million kronadan pul ham taqim etildi. Ammo eng muhimi, Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan olimlar, yozuvchi-shoirlar va tinchlikparvarlar oʻz nomlarini tarix sahifalariga muhrlab qoʻyishdi.
Sunʼiy intellekt, mashina taʼlimi va statistik fizika
Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi fizika boʻyicha 2024-yilgi Nobel mukofototini Jon Hopfil (Prinston universitetiti, Nyu-Jersi, AQSh) hamda Jeffri Hintonga (Toronto universiteti, Kanada) berishga qaror qildi. Olimlar “sunʼiy neyron tarmoqlari yordamida “Machine Learning” (ehtimol, bu atamani “mashina taʼlimi” deb oʻgirsak toʻgʻri boʻlar) asosini tashkil etuvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” mukofotga loyiq koʻrildi. Nomzodlar statistik fizika bilan shugʻullanishgan. Ularning ilmiy taqdqiqot va kashfiyotlari sunʼiy intellekt rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan. Gap shundaki, Nobel qoʻmitasi bayonotiga koʻra, “ular fizika vositasida sunʼiy neyron tarmoqlarni tarbiyalashgan”.
Bu yilgi fizika sohasidagi Nobel mukofoti sovrindorlari zamonaviy kuchli mashina taʼlimining poydevorini tashkil etuvchi usullarni ishlab chiqishda fizika vositalaridan foydalanishgan. Jon Hopfild maʼlumotlardagi tasvirlar va boshqa turdagi naqshlarni saqlash hamda qayta tiklash imkonini beruvchi assotsiativ xotirani yaratgan. Jeffri Hinton esa maʼlumotlardagi xususiyatlarni mustaqil ravishda aniqlay oladigan va shu tufayli rasmlardagi muayyan elementlarni topish kabi vazifalarni bajara oladigan usulni ixtiro qilgan. Shu oʻrinda bir atamaga aniqlik kiritmoq joiz: mashina taʼlimi - sunʼiy intellektning bir tarmogʻi boʻlib, u algoritmlarga maʼlumotlar toʻplamidagi yashirin andozalarni aniqlash imkonini beradi. Bu esa ularga har bir vazifa uchun aniq dasturlashtirishsiz yangi va oʻxshash maʼlumotlar boʻyicha bashorat qilish qobiliyatini taqdim etadi. Mashina taʼlimining taʼsiri avtoboshqaruvli transport vositalari, dronlar va robotlarda yaqqol seziladi va ularning dinamik muhitga moslashuvchanligini oshiradi.
Oqsil, oqsil va yana oqsil
Kimyo boʻyicha mukofotni ham uch kishi boʻlishib oladigan boʻldi. AlphaFold2 dasturi asoschilari Demis Xassabis va Jon Jamper “oqsilning tuzilishini prognoz qilgani uchun”, Devid Beyker esa “oqsilning kompyuterlashtirilgan dizayni uchun” taqdirlanishdi.
Nobel qoʻmitasining rasmiy veb-sahifasidagi bayonotda taʼkidlanishicha, “2024-yilgi kimyo boʻyicha Nobel mukofoti hayotimizdagi eng muhim kimyoviy qurol hisoblangan oqsillarga oid ilmiy kashfiyotlarga nasib etdi. Devid Beyker mutlaqo yangi turdagi oqsillarni yaratishdek deyarli imkonsiz vazifani uddaladi. Demis Xassabis va Jon Jamper esa 50 yillik muammoni hal qilish maqsadida oqsillarning murakkab tuzilishini oldindan aytib beradigan sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqishdi. Mazkur kashfiyotlar ulkan imkoniyatga ega”.
“Yozar ekanman, butun tanamni ishga solaman…”
Adabiyot sohasida esa uloqni janubiy koreyalik adiba Han Kang ilib ketdi va mazkur mukofotga sazovor boʻlgan ilk koreys yozuvchisi hamda ilk osiyolik ayol muallifga aylandi. Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi yozuvchini “tarixiy jarohatlarga qarshi turgan va inson hayotining nozik qirralarini ifodalagan taʼsirchan poetik nasri uchun” mukofot bilan siyladi.
Han Kang ijodiy faoliyatini 1993-yilda shoir sifatida boshlagan, nasrdagi ilk ishi esa 1995-yilda chop etilgan. Adibaning xalqaro maydonda tanilishida “Vegetarian” (2007) romanining oʻrni katta. 2016-yilda muallif aynan shu asari uchun nufuzli Buker mukofotini qoʻlga kiritgan edi. Shuningdek, uning “Shamol esayotir, ket” (2010), “Yunon tili sabolari” (2011), “Odamzotning ishlari” (2014), “Oq kitob” (2016) “Biz ajrashmaymiz” (2021) kabi asarlari dunyoning turli burchaklarida oʻqilmoqda.
U oʻz ijodida tarixiy jarohatlar va koʻzga koʻrinmas qoidalar toʻplamiga duch keladi va har bir asarida inson hayotining nozikligini ochib beradi. U tana va ruh, tirik va oʻlik oʻrtasidagi aloqalardan oʻziga xos xabardorlikka ega boʻlib, oʻzining poetik-eksperimental uslubi bilan zamonaviy nasrda novatorga aylandi. Mukofotni qabul qilish marosimidagi nutqida Han Kang adabiyotga kirib kelishi, asarlaridagi mavzular, yozish uslubi hamda ijodidagi asosiy gʻoyalar haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Yozar ekanman, butun tanamni ishga solaman. Koʻrish, eshitish, hidlash, taʼm bilish, muloyimlik va iliqlikni, sovuqlik va ogʻriqni his qilish, yuragim tez urayotganini va tanamning ovqat hamda suvga ehtiyojini sezish, yurish va yugurish, terimda shamol, yomgʻir va qorni his etish, qoʻl bilan ushlash kabi barcha sezgilarimdan foydalanaman. Tomirlarida qon aylanib yurgan oʻtkinchi mavjudot sifatida his qilayotgan jonli tuygʻularimni jumlalarimga singdirishga intilaman. Goʻyo elektr toki yuborayotgandek. Bu oqimning oʻquvchiga yetib borayotganini sezganimda hayratlanaman va taʼsirlanaman” - deydi muallif maʼruzasida.