Koʻchada mahalladosh yigit: 

– Toʻxtang, amaki. Siz olma sotasiz, a? – dedi. 

– Ha, sotaman, – dedim.

– Menga nordon olma kerak. Bormi?  Xotinim ogʻiroyoq. Nordon narsa yeyman deyapti, – soʻradi u. 

Men:  

– Olmalarning nordoni qolmadi, hammasi shirin. Nordon olmaniyam qishga saqlasang, shakari koʻpayadi, – deb tushuntirdim. 

– Nima qilsam ekan. Bahor boʻlsaykan, gʻoʻra opkep berardim. Qishda nordon narsani qaydan topaman, – afsuslandi u. 

– Bilmasam. Hozir nordon narsaning oʻzi yoʻq, – dedim ketishga chogʻlanib. 

– Menga qarang. Bitta fikr bor. Shunga nima deysiz? Nordon narsaga boshqorongʻu boʻlgan xotinimga nordon gap gapirsam koʻngli tinchirmikan? – dedi yigit yengimdan tutib. 

Hazillashyaptimi,  deb koʻziga tikildim. Yoʻq. Jiddiy. 

– Bilmadim. Bunaqa gapni eshitmaganman. Balki nordon gapingga xotining tinchlanar,  lekin,  menimcha, farzanding “nordon”  tugʻilsa kerak, – dedim. 

– Toʻgʻri aytasiz. Buyogʻini oʻylamabman, – dedi u bosh qashib.

Rahimjon RAHMAT