I
Har kimga maʼlumdirki, dengizlarning toʻlqunlari bir tarafdan ikinchi tarafgʻa koʻchub yuriydir.
Bu kun bir tarafda toʻlqun boʻlsa, ertasi ikinchi tarafda boshlanub, avvalgi shovullab, qichqirub, shodligindanmi yoki boshqa bir sababdanmi bir necha sajin yuqoriga sakrashub turgon yerlari sukut va sokit boʻlub qoladir. Shunga oʻxshash Bani bashar (Odam bolalari) orasida ham madaniyat toʻlqunlari quvishub va surishub yuriydir. Bir asr ichinda taraqqiy va madaniyat dunyosinda gʻoʻta urub, suzishub yurgan bir qavmni koʻrasanki, ikinchi asrda tanazzul dunyosiga yuzlanub, vahshiylik olamining eng ogʻir nuqtasiga borub yetadur. Buning sababi ijtihod va gʻayratning ozayuvi, ittifoq, insof va adolatning yoʻqoluvi, xalqning ilm-u maʼrifatdan uzoqlashub, buzuq ishlarga mayl va ragʻbatlari ortuvidir.
Har bir millat maishat tarafindan taraqqiyga yuz qoʻymasa, maʼnaviy tarafdan, yaʼni maʼrifat tarafidan ham taraqqiy qilolmas, bir kishining oʻz maishatiga yetarlik mol-u ashyosi boʻlmasa va bularning sababiga harakat qilmasa, moddiy va maʼnaviy ishlarni qilmoqdan ojiz qolur. Va bunday och-u yalangʻoch oʻz avqotini oʻtkaraolmayturgan bir xalqga maʼrifat, madaniyat, ulum va funundan dars vermak munosib bir ish oʻlmasa kerak, chunki faqir xalqlarning kecha-kunduz fikri-zikri non topmak va bola-chaqasining qornini toʻygʻuzmakdir. Taajjubki, mamlakatimizning yerlari, oʻsimlik tuprogʻi barakatlik boʻlib turub, yerli xalq och va yalangʻoch, boyqush kabi vayronalarda umr oʻtkaradirlar.
Qariya (ovul) va qishloq odamlarini bir tarafga qoʻyub turib, shahardagi madaniylarimizga koʻz solsak, madaniyat toʻlqunlari bizlarni kemalarimiz ila qayu yerga olib ketub turgʻonligʻi ochiq maʼlum boʻladir. Xalqimizning yuzdan toʻrtini boyga, ikisini ulamoga, uchini eshonga, beshini dehqonga chiqarsak, qolgan 86 si koʻmirchi, temirchi, yamoqchi, fanarchi va qorovulchilik kabi eng past xidmatlarda turub, kunlik avqotlarini zoʻrgʻa oʻtkazadilar. Bularning orasida oyda, yilda bir martoba goʻsht, yog‘ koʻrmay umr oʻtkaradurgʻonlari, butun yilni(ng) birgina kiyim ila oʻtkaradurgʻonlari, hifzi sihhat qaysi, madaniyatni na ekanini tushunmaydirganlari koʻbdir. Bularga oni tushundirmak, yerdan turub, yulduzlarga qoʻl soʻzmak ila barobardir.
Bu taraqqiy zamoni va madaniyat asri, bilmam, bizni na yerga olib borajak, ibrat koʻzi ila Eski shahrimizning musulmon dahalariga nazar solgan kishi har mahallada yuzdan toʻqson xonalarni(ng) buzilgan, yorilgan, vayrona va inqiroz dunyosiga yuzlangan bir holda koʻradir. Goʻyo bu xonalarning devorlari, tomlari lisoni hol ila bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, toʻy deb minglarcha aqchalarni behuda isrof qilmak, toʻylarda jomafurushlik qilmak vayrona va xarobazorlikgʻa soldi, deyurlar. Emdi, vayrona sohiblarini faqir va xorlikda yashagan, bola-chaqalarini qoʻl kuchi ila toʻydiradirgon, toʻy degan yerda muqaddas Vatanini sotub, sarf qilmoqdan tortinmaydirgan “hoziram huzuram” deb istiqbolini oʻylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va maʼrifat kutmak kerak? Och-yalangʻoch, kulfat, mehnat va zahmat balolari orasida oʻralib qolgan bir qavmga: “Madaniyatga kiringiz, maktab solingiz, oʻqungiz, taraqqiy qilingiz” kabi soʻzlarning foydasi oʻlmadigʻi oftobdan ham ravshandir. Bu faqirlikning eng qoʻrqunch toʻlqunlari orasida ezilgan xalqimizni toʻy marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir.
Buning davosi va chorasi uchun hech bir tabibga muhtoj oʻlmasdan, balki bir oz orqa-oʻnggʻa qaramak, hamyonning ogʻzini mahkam qilmak, iqtisodni rioya qilmak, isrofdan saqlanmak lozimdir. Ajabo. Bu isrof toʻlqunlari bizlarni na yerga olub boradir?.. “Dard ustiga chipqon” degandek, kundan-kun bidʼat ustiga bidʼat ortmakda. Ulamo, fuzalo va eshonlarimiz zikr va tasbeh oʻrniga “toʻy ustiga toʻylar boʻlsun” soʻzini virdi zabon qilmaqda. Agʻniyo va sarvatdorlarimiz toʻy poygasi qilub, bir-birlarining bor-yoʻqlariga qaramasdan, faqir va kambagʻallarimiz uylarini, bogʻlarini, otlarini, toʻnlarini sotub toʻyga sarf qilmaqdadurlar. Bir tarafdan, madaniyat toʻlqunlari shoshirmoqda, ikinchi tarafdan faqirlik va miskinlik koʻpaymakda, yana bidʼat ustiga bidʼat ortmakdadir. Mundan besh-olti yil muqaddam eng sarvatli kishilarimiz uch kundan ortiq osh ham yigirma-oʻttizdan ortiq chopon bermas edilar. Hozir bu tarafdan koʻb taraqqiy qilib, olti-yetti kun osh va yuzlab chopon bermakdadirlar. Avvalda bir yarim – iki soʻmlik chopon beradigan kishilarga, hozir 20–25 soʻmlik zarrinlar, baxmallar berurga boshladilar. Mana shul tariqada biz keyinga qarab taraqqiy qilmakdamiz, bilmam, bizim bu isrof va bidʼatlarimiz qachon yoʻq boʻlib ketar?!.
Hama poyon ba bolo metariqad,
Man az bolo ba poyon metariqam.
II
Muhtaram oʻquvchilarga ibrat uchun madaniyatning koni, manbai va chiqgʻon yeri oʻlan Osiyo qitʼasidagi Arabiston yarim otosini goʻstarajagam. Oltinchi asrda dini mubiyn Islom ila barobar madaniyat dengizlari harakat qildi. Va bu qitʼada yashamish arablar oʻzlari borgan mamlakat va qitʼalarga madaniyat suvlarini ham surub bordilar. Oradan bir asr oʻtar-oʻtmas madaniyat toʻlqunlari Osiyodan koʻchub, Ovrupo qitʼasini bosdi. Ovrupolilar hozirgi yigirmanchi asrgacha madaniyat toʻlqunlari ichra yashadilar va bu cholishqon ovrupolilar madaniyat toʻlqunlaridan qoʻrqmadilar, qochmadilar, harakat qildilar, asbob va mashinalar hozirladilar. Va bu madaniyat toʻlqunlarini oʻzlarigʻa asir-u musaxxar qilub oldilar. 15 nchi asrda madaniyat suvlarini surib, Amriqo qitʼasigʻa olib bordilar. Amriqoning yerli vahshiy xalqlari “eshiklaridan oqgʻon suvning qadrini bilmadilar”, madaniyatga kirishmadilar, qabul qilmadilar. Ota-bobolaridan qolgʻon odatlarini tashlamadilar, oʻzlaricha vahshatda avratlarini yaproqlar ila oʻrtub, boshlarigʻa tovus patlarini sanchub, yalangʻoch goh daraxtlar ustida, goh kafalarda, goh yertoʻlalarda doʻmbira va chirmandalarni cholub, yashay berdilar, madaniyat orqalaridan quvdi, qochdilar. Na yerga borsalar, madaniyat ham bordi, qochib qutulolmadilar, oxirida madaniyat gʻalaba qilib, inqiroz dunyosigʻa kuzatub yubordi. Mana shu jumladan, yarim-yorti vahshatda yashash Oʻrta Osiyoga, Turkistonimizgʻa Rusiya hukumati ila barobar madaniyat suvlari kelub kirdi. Hozir yarim asrdurki madaniyat bizni orqamizdan quviyur. Biz qirdan-qirgʻa qochurmiz, qarshimizda maishat mashaqqatlari chiqub hujum qilur, oʻngimizdan bilimsizlik va jaholat kelub, jonlarimizni siqur, soʻngimizdan musriflik, faqirlik va bidʼatlar chiqub yoʻlimizni toʻsur. Dangasalik, yalqovlik, ishsizlik ustimizdan bosub boʻgʻmak istar.
Ajabo! Bizlar hamon bu eskincha romka orasidan chiqub qochmak istamaymiz. Bir oz tushunmak va oʻylamak lozimki, bu romka orasindan chiqub qochmak va qutulmak mumkinmi? Yoʻqmi? Bizim fikrimizcha, qochmoqning imkoni yoʻq, kutulmak-u xalos boʻlmakning faqat birgina chorasi bordurki, madaniyatni qabul qilmak va madaniyatga kirishmakdir. Lekin kirishganda ham madaniyatning haqiqatini bilmak va haqiqiy madaniyatga kirishmak lozimdir. Baʼzi yoshlarimizga oʻxshash usti yaltiragan, ichi qaltiragan boʻlub, boshlariga Yevrupo qalpogʻini kiyub “Madaniyat!”, “Madaniyat!” deb ogʻizlarini koʻpurturub, oz-moz musulmoncha, chala-yarim ruscha soʻylashub kulgu boʻlib yurmak madaniyat boʻlmay, masxarabozlikning bir shuʼbasidur. Agarda tabiatning jilovini nafsimiz qoʻligʻa bersak, ul bizlarni na yerga olub bormasun? Chiroylik va chikka bel qizlari ila oʻynashmakni, resturan va fivaxonalarga borub, qimor oʻynamak va ichkulik qilub, tong otquzmakni, bir oz qizishgandan soʻng odobdan tashqari madaniyatga yarashmagan soʻzlarni aytishmakni, hatto urushmakni, jabr va zulm qilmoqni xohlaydir. Lekin madaniyat qonunida (ustofida) munday fano va buzuq ishlar boʻlmasa kerak. Madaniy boʻlmak va madaniyatga kirmak uchun unday yomon sifatlardan saqlanmak va hazar qilmak ila barobar haqiqiy madaniyat ilmi, maishiy va axloqiy ishlar ila uch qismgʻa boʻlinadir. Agar millat bolalari bu xislatni mukammal suratda oʻzlariga darbar olsalar, mana shul vaqtda biz “madaniyatni qabul qilduk, madaniy boʻlduk” deb lof ursak, maqtansak kulgi boʻlmaymiz.
Yoshlarimizdan madaniyatga loyiq ravishda oʻqub, diniy va madaniy kishilar hozirlansa, tarbiya va taʼlimgʻa mohir olim va olima, adib va adibalarimiz yetushsa, maktab va madrasalarimiz muntazam va tartiblik boʻlsa, ziroat, sanoat va tijorat ishlariga mohir kishilar yetushub, zamonagʻa muvofiq ravishda ish yuritilsa, tartiblik “Dorul-yatim” – yetimxonalar, “Dorul-ojizin” – kambagʻalxonalar, kutubxonalar va qiroatxonalar ochilsa, shirkat (товаришиство)lar barpo qilinsa, yuqorida dedigimiz kabi, xalqimiz orasida zamonagʻa loyiq ulum va funundan boxabar ulamolarimiz koʻpaysa, och va yalangʻoch kishilarimizning maishatlarini tuzatmak uchun harakat qilinsa, oʻqutilsa, axloq va odob oʻrgatilsa, shul vaqtda eskincha orasidan chiqub, haqiqiy madaniyat boʻstonigʻa yuzlangʻon hamda madaniyat toʻlqunlaridan qutulub, sohili salomatgʻa chiqgʻon boʻlur eduk. Sohili salomatgʻa chiquvimizga zamon musoid verurmi, vermasmi bilmaymiz.
Ilm ila olam musaxxar boʻldi, biz johil hanuz,
Xobi gʻaflat boshimizgʻa yetsa ham gʻofil hanuz,
Ochmayin ibrat koʻzin biz uyqugʻa moyil hanuz,
Ilmi hikmatlargʻa bizlar boʻlmaduk qobil hanuz
Sheʼrini virdi zabon qilmakdan boshqa choramiz yoʻq.
Abdulla AVLONIY
“Tanlangan asarlar”,
“Madaniyat toʻlqunlari” maqolasi