2021-yilda AQSH Kongressi kutubxonasida “Rossiya degan imperiyada” nomli koʻrgazma boʻlib oʻtdi. Undagi rus cherkovlarining oltin qubbalari, Samarqand va Buxorodagi qadimiy osori-atiqalar, oʻsha davr insonlari suratga olingan 122 ta foto butun dunyoda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Tomoshabinlar orasida bu rangli fotolarning yuz yil avval tasmaga muhrlanganiga ishonmaganlar ham boʻldi. Boisi oʻsha davrda Rossiya hududida olingan aksariyat fotolar oq-qora rangda boʻlar edi. Ammo suratlar muallifi Sergey Prokudin-Gorskiy - Rossiyadagi rangli foto kashshofi edi...

S.M.Prokudin-Gorskiy 1863-yilda Vladimir guberniyasi Murom shahrida tugʻilgan. U yoshligida Germaniyaga safar qilib, Sharlottenburgdagi Oliy texnika maktabi fotokimyo kafedrasi professori Adolf Mitedan rangli suratga olishni oʻrganadi. Germaniya safaridan soʻng, fotograf bosmaxonasida rangli tasvirlarni uchlamchi negativdan koʻpaytirishning maxsus usulini ishlab chiqadi. Bu usul rasmni xromolitografiya yoki rastrda ishlashda yuz beradigan ranglar chaplashib ketish jarayoniga yoʻl qoʻymasdi.