Yaqin kunlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopildi” degan gap ziyolilar va keng jamoatchilikning muhokama mavzusiga aylandi. Oyina.uz Adabiyot muzeyining taqdiriga befarq boʻlmagan millat ziyolilarining munosabatini ulashib boradi.
“Hozir butun dunyo muzeylarida ogʻir jinoyatlar sodir boʻlyapti: oʻgʻriliklar, ashyolarni almashtirib qoʻyishlar va hokazo. Shunday bir sharoitda biz katta muzeyimizni bejo qilishimiz, bir joydan boshqa joyga koʻchirishimiz judayam mashaqqatli ish. Shuningdek, agar Yangi Toshkentda hashamatli muzey qurilib, oʻsha yerga koʻchiladigan boʻlsa ham buning tashkiliy jihatlari juda murakkab, deb oʻylayman. Masalan, bu muzey degan joyga odamlar borib koʻrishi, tomosha qilishi kerak. Oʻquvchilar, mutaxassislar borishi kerak. Keyin, unday joyda koʻchada yotmaydigan mutaxassislar ishlaydi. Xattot, deysizmi, koʻhna yozuvlarni oʻqiydigan odamlar, deysizmi. Ularning hammasini yosh yigit-qizlar deb boʻlmaydi. Biz hamma narsa yoshlarga, deb bularni chekkaga, chiqitga chiqarib yubora olmaymiz. Shunday bir sohalar borki, 80 yashar odamning koʻziga qarab turasiz. Ayniqsa, mana shu muzey ishi, qoʻlyozma ishida tajriba kerak. Endi shu mutaxassislar u yoqqa – Yangi Oʻzbekistonga qanday boradi? Yoki ularning hammasiga oʻsha yerdan uy qurib beriladimi? Buning tashkiliy jihatlari ham oʻylanishi, aytilishi kerak edi.
Shular aytilmagani uchun mayda gap koʻpayib ketdi. Mayda gap qachon koʻpayadi? Ochiqlik, oshkoralik boʻlmasa, mayda gap koʻpayadi. Televizordami, boshqa yerdami bir mutaxassismi, vazirlikning odamimi, yo muzeyda ishlayotgan bir xodim chiqib, “Ey birodarlar, mana shunday. Xavotirli joyi yoʻq. Muzeyimiz Alisher Navoiy hazrat nomida qoladi. Avvalgidan yaxshi boʻladi. Biz bu yaxshilikni oʻylab qilyapmiz”, degan gaplar aytmagandan keyin mayda gap koʻpayyapti-da. Muzeyni buzar ekan, joyiga, masalan, portlatib, bir investor kelib, uy qurarkan, biznes markaz boʻlarkan, degan gaplar chiqyapti. Oʻylaymanki, bizning jamiyatimiz u darajada aqlini yemagan boʻlsa kerak. Tepada har holda bizdan oqil odamlar oʻtiribdi. Ular xalqimizning, madaniyatimizning, ziyolilarning, hazrat Navoiyning koʻziga choʻp suqmasa kerak. Unday boʻlmasa kerak. Balki yaxshilikni oʻylab qilinayotgan boʻlsa, taʼmir qilib, biror madaniy vazifada, masalan, kutubxonami, galeriyami sifatida ishlatilsa kerak. Lekin odamning ichi kuyadigan joylari bor. Muzeyning ichida – devorlarda juda qimmatbaho rasmlar bor. Ular buzilsa, qayta tiklashning iloji yoʻq, koʻchirib ham boʻlmaydi. U ruhni koʻchirish qiyin juda.
Men adabiyotning atrofida yozib-chizib yuradigan odam sifatida shu muzeydan, ashyolaridan foydalanaman, shu maʼnoda manfaatdorligim, qarzim bor. Uni asrash borasida butun xalqning qarzi bor. Chunki bu Navoiyga tegishli joy! Navoiy nomidagi joy-ku! U yerdagi ashyolar butun adabiyotimizning tarixi-ku!..
Hozir dabdurustdan: “Yoʻq, men muzey koʻchishiga qarshiman, joyida qolsin”, desam, balki katta bir davlat miqyosidagi siyosatni tushunmagan odam boʻlib chiqarman. Chunki bu ish nima uchun boʻlayotganini bilmayman. Shu bois bunday deya olmayman. Ammo men ziyoliman, bir qalamkash odamman. “Yoʻq, sen tushunmaysan, bu katta davlat siyosati. Bu yerda mana bu narsalar koʻzlanyapti”, deb tushuntirilsa, aytilsa edi, men keyin uni qoʻllab-quvvatlardim yoki qarshi boʻlardim. Men faqat bir gapni aytamanki, muzeydagi necha ming ashyo, eksponatlar nima boʻladi? Eshitishimcha, ularning bir qismi FA Antropologiya institutiga, bir qismi Islom sivilizatsiyasi markaziga oʻtkazilarkan. U yerlarda sharoitlar yomon emas. Lekin bir uydan ikkinchi uyga koʻchsa, qancha narsa yoʻqoladi, sinadi. U muzey-ku, uning har bitta varagʻi bebaho-ku! Bitta varagʻini qanchaga pullash mumkin. Yoʻlda sochilib ketishi, yirtilishi, yoʻqolib qolishi mumkin… Shuning uchun koʻchishning bu tomonlari juda murakkab ish. Shuni koʻch-qoʻch qilmasdan, Yangi Toshkentdagi binoga koʻchguncha hozirgi joyida saqlashga sharoit yaratib berish tinchroq, xavfsizroq boʻlardi.
Bunday xom ishni kim qilyapti, Madaniyat vazirligimi? “Dushman” kim oʻzi? Biz bilmayapmiz-da. Bundan davlatimiz rahbarining xabari boʻlmasa kerak. Yoki xabari boʻlsa ham u kishiga boshqacha – notoʻgʻri informatsiya berilgan, balki. Men u kishi kuppa-kunduzi shunday bir ulug‘ joyni patarot qilib, koʻchirgin, deyishiga ishonmayman. Shuning uchun mayda gapni koʻpaytirmaslik kerak-da, bu ishning boshida turgan mutasaddi tezgina, mujmallanmay muzey binosi, eksponatlari kelajagi haqida batafsil, kafolatli javob berishi kerak. Qani, menda vakolat boʻlsa, oʻzim televizorga chiqar edim – “Ey birodarlar, shoshmanglar, hovliqmanglar. Bu ishdan mana bunday katta maqsad koʻzlangan. Bunaqa hovliqmaylik, mayda gap qilmaylik”, deb aytar edim. Afsuski, menda bunday informatsiya yoʻq va bilishimcha, hech kimda yoʻq. Shuning uchun mana shunday noroziliklar, mayda gaplar kelib chiqyapti.
Men ziyoli sifatida, shu yurtning bir odami sifatida, bir qalamkash sifatida talab qilaman va Navoiyning bir muxlisi, adabiyotning muxlisi sifatida aytamanki, bunday nozik ishlardan oldin maslahat boʻlishi kerak. Toʻyning ham, azaning ham maslahati boʻladi. Ana shu maslahatning yoʻqligi hammamizni xafa qilyapti. Biz aqlli, dono xalqmiz, shuning uchun boshimizda turgan uddaburon, oqil rahbarlar buni yana bir karra oʻylab koʻrib, jamoatchilikka, ziyolilarga oqil tushuntirishini aytadi, deb ishonaman.”
Erkin AʼZAM,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
Nargiza Odinayeva yozib oldi.