“Inson nimasiz yashay olmaydi?” degan savolga ilm-fan bir olam farazlarni keltirishi mumkin. Lekin aslini olganda hamma narsang muhayyo boʻlsa-yu, erkin boʻlmasang, oʻzingni hayot sanash mushkul. Buni dono xalqimiz, mutafakkir ajdodlarimiz va buyuk tariximiz koʻp bora isbotlagan. Ular erksizlikni oltin qafasga, yurtdan ayrilishni esa yuzi qarolikka tenglashtirgan. Qarangki, bu haqiqatlar asrlar oʻtib, zamonlar oʻzgarsa-da, hali-hanuz purmaʼnoligini yoʻqotmay kelmoqda.
Vatanning suratini qalbda chizish, uni yurakka joylash uchun ham erk kerak. Qoʻrqmasdan bayrogʻingni koʻtarish, madhiyangni eng baland ovozda kuylash, boshingni tik tutish, qaddingni rostlash, bobong izidan yurish, onang allasini tinglash, bolang uchun oʻz tilingda ertak aytish, baxtdan kuylash, hatto gʻamdan yigʻlash uchun ham sen aynan oʻzing boʻlishing kerak. Bu oddiy, lekin ulkan baxtlarga chinakam erksiz erishib boʻlmaydi. Shu bois, mustaqillik haqida balandparvoz gapirishdan koʻra, uni qalbdan his qilishning oʻzi baʼzan yetarli boʻladi.
Mustaqillik, avvalo, oʻz yoʻlingni oʻzing tanlashing, ona tilingda soʻzlashing, qalban erkni his qilib, adolatni koʻrishing va qadringni sezishing, yaʼni inson boʻlib yashash deganidir. Nima uchun Vatan deganda bir siqim tuproq qoʻllarimizda oltindan-da qimmatroq ahamiyat kasb etadi? Chunki insonda tugʻilgan zamini va uni ulgʻaytirgan havosi mujassam, ajdodlari qoni shu tuproqqa toʻkilib, u bilan qorishgan. Shu bois, Vatan baʼzan xaritalarga sigʻmasa-da, bir hovuch tuproqda yastanib yota oladi, koʻzimizga yosh keltirishga qodir boʻladi. Bu tuproqda bobolar ruhi, avlodlarning orzulari ham yashaydi. Mustaqillik mana shu bir siqim tuproqni kaftimizda mahkam ushlab turishimizdir.
Buyuk maqsad
Tarix kurashlarga boy, ziddiyatlarga toʻla. Lekin erk uchun jon berilgan jang maydoni, toʻkilgan qon va yozilgan har bir jasoratli soʻz buyuk kurash hamda avlodlar yodida saqlanishi lozim boʻlgan tarixdir. Mustaqilligimizning 35 yilligiga bagʻishlangan katta bayram tantanasida aynan shu kurashlar yodga olindi, tarix sahna orqali xotiralarga, yuraklarga kirib bordi. Yoshlar buyuk tariximiz va dovyurak ajdodlarimiz borligini oʻz koʻzi bilan koʻrdi, buni bilganlarning esa koʻzlari namlandi. Sahnada Qadimgi Xorazm, Baqtriya, Turk xoqonligi, Somoniylardan tortib, to buyuk Amir Temur, shayboniylar, xonliklar va Turkiston muxtoriyatining bayroqlari ham tik koʻtarildi. Jadidlarimiz yod etildi, “qargʻalar uchgan osmonlar” ostidagi qatagʻonliklar koʻrsatildi, zaminimizni oh-faryodga toʻldirgan mudhish davrlar koʻz oʻngimizda gavdalandi. Tarixiy tugʻlar maydonda qoldi, bayrogʻimiz esa goʻyo ulardan kuch olgandek, yuksaklarga qadalib, koʻkka qarab boʻy choʻzdi.
Davlatimiz rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan maqsadni xalqimiz bilan, albatta, amalga oshiramiz, biz bunga qodirmiz degan soʻzlaridagi ishonch zamirida mana shu buyuk kuch mujassam ekani yana bir bor eslandi. Mustaqillik bir kunda qoʻlga kiritiladi, ammo u har kuni himoya qilinib, saqlab qolinadi. Har bir avlod uni qayta kashf etadi hamda jasorat, yangi yoʻl va buyuk maqsadlar bilan toʻldirib boradi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bunday dedi: “Biz 1991-yilda xalqimizning xohish-irodasi va qatʼiyati bilan oʻz davlat mustaqilligimizni qoʻlga kiritdik. Aslida, buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini beqiyos darajada boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib oʻrin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yoʻlida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun yangi Oʻzbekistonda toʻliq roʻyobga chiqmoqda”.
Xalqimiz bilan birgalikda bunyod etilishi bosh maqsad qilib olingan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi ham aslida yoshlarni ilm-maʼrifat muhiti va maʼnaviyat havosidan bahramand etgan holda tarbiyalashga qaratilgandir. Chunki aynan ular ushbu ulkan maqsadni amalga oshiruvchi asosiy kuch. Bu shunchaki puch orzu emasligi aniq. Sababi, biz tarixan renessanslar yaratgan buyuk xalqmiz va bu qudrat har birimizning qonimizda oqib turibdi. Bugungi kunda yoshlarimizga mana shu katta maqsadning muhim bir qismi ekanini tez-tez eslatib turishimiz lozim. Bu tushuncha oilalardan mahallalarga, taʼlim maskanlaridan to ish joylarigacha singib borishi kerak.
Bugun yoshlar oʻzini ulkan maqsadning bir boʻlagi sifatida his qilib, hayotiy rejalarini ilm-fan, kashfiyotlar, Vatan taraqqiyoti va jamiyatga xizmat qilish kabi yuksak vazifalar bilan uzviy bogʻlamoqda. Bayram tantanalarida qatnashgan olim, ixtirochi, ijodkor va sportchi yoshlarimiz ajdodlar izidan borib, shu buyuk tarixning yangi yoʻllarini ochib berayotganini yana bir bor namoyish etdi.
Oʻtgan oʻn yil ichida aholimiz 8 millionga koʻpaygan bir sharoitda maktabgacha taʼlim qamrovining 78 foizga yetkazilgani shunchaki quruq raqamlar emas, aniq haqiqatdir. Maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilishi esa farzandlarimizga yetakchi xorijiy taʼlim maskanlaridan aslo qolishmaydigan darajada chuqur bilim egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ustoz yozuvchilarimizdan Shukur Xolmirzayev mustaqillikdan keyin yozgan maqolasida qiziq savolni oʻrtaga tashlagan edi: “Mana, yurt mustaqil boʻldi. Bir asr qon toʻkib, ne-ne ulugʻlarimizni qurbon berib orzu qilganimiz – mustaqillikka erishdik. Xoʻsh, endi nimani yozamiz? Yurakdagi armonimiz ushaldi! Endi qanday ijod qilamiz?” Adibimiz bu savolga oʻzi juda oʻrinli javob ham bergandi: “Endi yuraklarni chinakam mustaqillikka olib chiqishimiz kerak! Bu juda ogʻir vazifa. Buning uchun, eng avvalo, milliy gʻururimiz yuksalishi kerak!”
Yozuvchimizning gapi – ayni haqiqat! Gʻurur chindan ham yuksalishi kerak! Bugun mana shu gʻururimiz yuksalmoqda. Bunga asosiy sabab esa ertangi kunimizga ishonch tobora ortib borayotganidir.
Quvonchimizni sonlarda hisoblab boʻlmaydi
Mustaqillikka kurash orqali yetib boriladi, qatʼiy ishonch bilan esa unga toʻlaqonli erishiladi. Chunki kimdir “Sen endi erkinsan!” degani bilan ichingda bunga ishonch boʻlmasa, mustaqillik faqatgina qogʻozda qolib ketadi va real hayotga kirib bormaydi.
Bundan yetti asr muqaddam Samarqand zaminida buyuk Amir Temur “Kuch – adolatda” degan hikmatni hayot shioriga aylantirdi va aynan shu tamoyil kuchli davlatchilik asosi boʻlib xizmat qildi. Demak, agar ortida chinakam haqiqat va ishonch tursa, hatto birgina jumla ham buyuk davlat qura oladi.
Biz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi jamoasi sifatida mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimizning turli hududlarida boʻlib, “Mustaqillik toʻyi” tadbirlarini oʻtkazdik. Poytaxtimizda esa yoshlar uchun “Vatan qolsin” sheʼriy-teatrlashtirilgan sahna asarlarini namoyish etdik. Ushbu jarayonlarda xalqimiz bilan koʻp bor yuzma-yuz suhbatlashib, dildan gaplashish imkoniga ega boʻldik. Qaysidir manzillarda yillar davomida oʻz vatanida begonadek yashab kelib, aynan yangi davr tufayli yurtning chinakam bir boʻlagiga, toʻlaqonli fuqarosiga aylangan insonlarning quvonch koʻz yoshlariga guvoh boʻldik. Yana qay bir hududda yaxshi qoʻshnichilik siyosati sababli yon-atrofdagi mamlakatlarda yashaydigan jigarlari bilan qayta diydor koʻrishayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos xursandligini koʻrdik.
Bu uchrashuvlarda eng koʻp eshitganimiz ota-onalarning samimiy soʻzlari boʻldi va ularning barchasi bevosita farzandlar taqdiri bilan bogʻliq edi. Kimdir bogʻcha qamrovi oshganini mamnuniyat bilan eʼtirof etsa, yana kimdir farzandining talaba boʻlish imkoniyati kengayganidan quvonchini yashirmadi.
“Oʻzbek” desa paxta, “paxta” desa oʻzbek tushuniladigan mashaqqatli qora kunlarni ham boshdan kechirdik. Afsuski, bu asoratdan tezda xalos boʻla olganimiz yoʻq. Eng yomoni shunda ediki, milliy taʼlimimiz paxta dalalarida qurbon qilindi.
Ziyolilarimizning oʻtmish xatolarini toʻgʻrilashdek dilida armoni, tilida afsus-nadomatlari koʻp edi. Prezidentimizning qatʼiy jasorati bilan tarixiy adolat qayta tiklandi va juda koʻplab qatagʻon qurbonlarining nomlari bugungi kunda oqlanmoqda.
“Oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “oʻzbeklar” degan sharafli nom butun dunyo boʻylab baland ovozda va katta hayrat bilan yangray boshladi. Goʻyoki tarix qaʼridan yana oʻsha buyuk jasorat, mardlik va milliy gʻurur qaytgandek boʻldi!
Xalqimizning ertaga emas, aynan bugun farovon yashashiga zamin yaratayotgan bu kabi oʻzgarishlar juda koʻp. Eng muhimi shuki, xalqimizda bu oʻzgarishlar aslo toʻxtamasligiga va ortga qaytmasligiga ishonch baland, koʻngillar esa toʻq.
Bayram tantanasida Prezidentimiz nutqida yangragan koʻrsatkichlar aslida shunchaki quruq raqamlar emas, insonlar taqdiri, inson qadri va millatning ertasi deganidir. Jumladan, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi oʻrnimiz 80 pogʻonaga yaxshilanib, “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy olganimiz alohida taʼkidlandi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga atigi 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan boʻlsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar jalb qilinmoqda. Toʻgʻri, biz sonlardagi juda yirik farqlarni koʻrayotgandirmiz, lekin bu raqamlar ortida turgan insonlar koʻzidagi quvonchni sonlarda hisoblab boʻlmaydi.
Yana bir dadil qadam tashlandi, biz ulkan marraga juda yaqin turibmiz. Bundan 3 yil avval mamlakatimizda 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkichlar, dunyodagi murakkab va notinch vaziyatga qaramasdan, shu yilning oʻzidayoq hatto ortigʻi bilan amalga oshishi kutilmoqda. Shu tariqa biz daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga toʻlaqonli kirib boramiz.
650 mingdan ziyod oilaning yangi makoniga, oʻz kichik vataniga aylangan uy-joylar haqida eshitib dildan quvonasan. Oʻzingning shu kabi tashvishlar ichida oʻtib ketgan kunlaringni eslaysan-u, bugungi yaxshilangan hayot zavqidan beixtiyor entikasan.
Ortga nazar solish barobarida “yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladigan”, lekin buni hech kim ochiq tan olmay oʻtib ketadigan zamonlarni eslaysan. Goʻyoki hamma toʻkin-sochin yashayotgandek, jamiyat oʻzining kam-koʻsti borligini yoki bagʻridagi notoʻkis holatlarni koʻrishni istamayotgandek tuyulgan yolgʻonchi davrlar yodingga tushadi. Emishki, kambagʻal yoʻq, hamma toʻq, hammasi yaxshi! Bu gaplarga ishonging keladi-yu, yon-atrofingga qarab mum tishlashga majbur boʻlasan. Bu muammolarni baralla aytish va ochiq tan olish qachonlardir mumkin boʻlishiga hatto ishonmasding ham. Lekin shunday boʻldi! Kambagʻallik masalasi ochiq tan olinib, uni keskin qisqartirish boʻyicha oʻziga xos “Yangi Oʻzbekiston tajribasi” yaratildi. Ehtiyojmand oilalar daromadini oshirish, kasbga yoʻnaltirish, salomatligini tiklash, farzandlari taʼlim olishi va yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha mutlaqo yangi – mahallabay ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Natijada kambagʻallik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan bugungi kunga kelib 4 foizgacha tushdi. Bu raqamlar zamirida ham 10 millionga yaqin insonning quvonchi va shukronalik tuygʻulari mujassam.
Yaqindagina jahon boʻylab katta sport musobaqasi boʻlib oʻtdi. Yangi Oʻzbekiston jamoasi ilk bor mundialda ishtirok etdi. Ushbu jarayonda Prezidentimizdan tortib, to uyimizdagi endigina atak-chechak qilayotgan jajji farzandimizgacha barchaning nigohi ekranlarga qadaldi. Qanchadan qancha yurtdoshlarimiz futbolni bevosita oʻsha stadionlarning oʻzidan turib kuzatib bordi. Toʻgʻri, oʻyin natijasi bizni u qadar qoniqtirmagan boʻlishi mumkin, lekin butun elning qanday jipslashganini, bir mushtga aylanib ketganini koʻrdik va bundan benihoya faxrlandik.
Bir zamonlar bosqinchilar tomonidan qonga botirilgan Fargʻonaning dasht-u dalalarida bugun mustaqil hayotga kirib kelayotgan oddiy 11-sinf oʻquvchisi dunyoning eng nufuzli universiteti grantini yutib olib, barcha tengqurlari havasini keltirmoqda. Oʻzbek oʻquvchisi yoki talabasi shu kabi ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan bir pallada dunyoning qaysidir bir burchagida uning tengdoshi boʻlgan oʻspirin och qolmaslik va dron yoki bomba hujumlaridan omon qolish haqidagina oʻylayotgani ham ayni haqiqat. Yurtimizdagi bu kabi yutuqlarni bizga qadr-qimmatini kundan kunga teranroq anglab borayotganimiz – Vatan mustaqilligi va ozod diyorimizda hukm surayotgan tinchlik taqdim etmoqda!
Ishonch hayotiy haqiqatlardan kuch oladi, adolat orqali esa bardavomlik kasb etadi. Bugun mustaqilligimiz tom maʼnoda mana shunday mustahkam ishonch bilan sugʻorilmoqda. Yurtning buguniga va yorug‘ kelajagiga ishonchdan ortiq mustaqillikni mustahkamlovchi kuch boʻlmasa kerak, aslida.
Mustahkam asos
Bugun biz sershovqin, shiddat bilan globallashib borayotgan dunyoda, urbanizatsiya toʻlqinlari ichida chirpirak boʻlayotgan shaharlar va el-elatlar bilan yonma-yon yashamoqdamiz. Yangi Oʻzbekiston butun dunyoga chin maʼnoda yuz burdi. Qariyb har bir mamlakatda masʼul idoralarimiz va vakolatxonalarimiz faoliyat yuritmoqda. Hamma yerda oʻzbek xalqini, Oʻzbekistonni yaxshi tanishadi. Shu bilan birga, dunyoning katta madaniy, ijtimoiy va siyosiy voqeliklari bizning kundalik hayotimizga ham shiddat bilan kirib kelmoqda. Mana shunday murakkab sharoitda oʻzimizga suyanib topgan milliy yoʻlimizning qadri benihoya balanddir. Davlatimiz rahbari bayram nutqida “Bugun biz tarixning yanada masʼuliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi”, deb taʼkidladi va shu maqsad yoʻlidagi 7 ta muhim milliy dastur haqida toʻxtalib oʻtdi.
Har qanday ishni bajarishdan avval, albatta, u yaxshilab hisob-kitob qilinadi. Jumladan, millat oʻzidan faxrlanishi uchun, oʻzini boshqalardan kam koʻrmay, aksincha, milliy gʻurur bilan koʻkrak kerib yurishi uchun nafaqat ichki ahvolidan, balki keng dunyodagi global vaziyatdan ham yaxshi boxabar boʻlishi lozim.
Bejiz davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas”, degan jumlalar bilan boshlanmaydi.
Bu soʻzlarda juda teran hikmat va maʼno mujassam. Qaysidir yurtlarda ota-onalar farzandlarini tong otib omon-eson koʻrishni orzu qilib uygʻonayotgan bir paytda bizning farzandlarimiz yozgi oromgohlarga dam olish uchun kuzatilmoqda. Surxondaryo yoki Fargʻona dalalarida bobodehqon shonalayotgan gʻoʻzasi boʻy-bastiga qarab, mamnuniyat bilan peshona terini artayotgan sokin shom pallasida Yer sharining boshqa bir burchagida qandaydir keksa odam non izlab chiqib ketgan bolasining uyga sog‘-omon qaytishiga ishonolmay, ogʻir iztirob chekmoqda.
Bugungi kunda odamzodning tiyiqsiz xohish-istaklari har qachongidan kattalashib ketdi. Oʻz armiyasini, qurol-yarogʻini, hatto madaniyatini boshqa xalqlar hayotiga kuch ishlatish yoʻli bilan olib kirish holatlari keskin kuchaydi. Bunday qaltis vaziyatda nihoyatda hushyor turib, yon-atrofdagi voqealardan doimo ogoh boʻlish, xalqning xavfsizligini kafolatlab, shunchaki tinch-totuv yashashning oʻzi ham beqiyos katta yutuqqa aylanib qoldi. Quyidagi dahshatli raqamlarga eʼtibor qiling.
BMT havola etgan rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda butun dunyo boʻylab armiya xarajatlari uchun 2,4 trillion dollar ajratilgan boʻlsa, global rivojlanish uchun 224 milliard dollar, tinchlikni saqlash uchun esa eng kam mablag‘ – bor-yoʻgʻi 669 million dollar sarflangan.
Shvetsiyaning Uppsala universiteti huzuridagi Tinchlik tadqiqotlari dasturi ekspertlari tahlillariga koʻra, 2024-yilning oʻzida 61 ta davlatlararo nizo qayd etilgan. Bu 1946-yildan, yaʼni statistika yuritila boshlangan vaqtdan buyon eng yuqori va xavotirli koʻrsatkichdir.
Ushbu nizolarning 11 tasi toʻlaqonli urush darajasigacha yetib borgan. Holbuki, 2016-yildan buyon bunday yuqori va xavfli koʻrsatkich qayd etilmagan edi.
Shu oʻrinda yana bir qiziq paradoksni aytib oʻtish lozim: dunyo keyingi 30-35 yil ichida juda katta texnologik taraqqiyotni boshdan kechirdi. Internet tarmogʻi butun kurrai zaminni qamrab oldi. Simsiz aloqa tarmoqlari turli qitʼalarni bir-biriga chambarchas bogʻladi. Sunʼiy intellekt moʻjizasi barcha xalqlarning maishiy hayotigacha kirib bordi. Natijada odamlarning ogʻiri ancha yengillashdi. Ammo aholining demografik oʻsishi sezilarli darajada pasayib ketdi. Koʻplab rivojlangan davlatlarda tugʻilish koʻrsatkichlari keskin tushmoqda. Oilaning muqaddas asosi boʻlgan nikoh masalasiga panja orasidan, goʻyoki eskilik sarqitidek qarash oddiy holga aylanib qolmoqda. Millatlar shiddat bilan qarib bormoqda. Butun-butun shaharlar huvillab, boʻshab qolmoqda.
Ulug‘ jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu kurashning asosiy quroli esa sogʻlom jism-u tan, oʻtkir aql va yaxshi axloqdir” degan hikmatli soʻzlari bugungi kunda har qachongidan dolzarb boʻlib bormoqda.
Zero, chinakam vatanparvarlik faqat soʻzda emas, balki amaliy harakatlarda, tinmay izlanishda, doimo yangiliklarga intilishda, oʻz ilm-u amali bilan el-yurtga naf yetkazish va fidoyilik koʻrsatishda namoyon boʻladi.
Hazrat Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida bunday goʻzal bayt bor:
Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar toki imkoni bor.
Buning maʼnosi shuki, haqiqiy inson to tirik ekan, butun imkoniyatini ishga solib, oʻz Vatani va oilasini (iyolini) himoya qilish uchun oxirigacha kurashadi.
Maʼnaviyat mustaqillikning eng ulug‘ va mustahkam asosidir! Qachonki, biz toʻlaqonli maʼnaviy mustaqillikka erisha olsakkina, oliy maqsadimizga yetgan boʻlamiz.
Biz mustaqillikning ilk yillarida “gʻalla mustaqilligi”, “paxta mustaqilligi” degan iboralarni juda koʻp bor ishlatdik. Biroq aslida mustaqillikning eng muhim va asl asoslaridan biri maʼnaviy mustaqillik ekanini soʻnggi 10 yil ichidagina teran tushunib yetmoqdamiz. Bugungi kungacha bosib oʻtgan yoʻlimizdan chiqargan toʻgʻri xulosalarimiz, erishgan yutuqlarimiz va yoʻl qoʻygan kamchiliklarimiz aynan shu haqiqatni isbotlab turibdi.
Demak, ortimizda qolayotgan 35 yillik shonli yoʻl bizga asrlar davomida oʻgit boʻlgulik buyuk saboqni berib boʻldi. Endigi vazifamiz faqatgina bu saboqni toʻgʻri anglay olish va uni real hayotimizga olib kirishdan iborat, xolos!
Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan-da kuchli boʻlamiz. Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻlimiz bizga bir haqiqatni oʻrgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻq. Biz yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!”.
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2026-yil 4-sentyabr, 183-son.
“Mustaqillik – kurash, ishonch va milliy yuksalish” maqolasi