“Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha!” Abdurauf Fitratning mashhur “Tilimiz” maqolasi shunday boshlanadi. Ajabo! Eng boy va lekin eng baxtsiz... Fitrat bu gʻaroyib aksilmuvozanatning sirini ochib ham bergan. Uningcha, oʻsha davrda “turkcha” atalgan bugungi oʻzbek tilining boy ekani uch asosga koʻradir: lugʻat, soʻz yasash imkoniyatining koʻlamdorligi hamda lisoniy qoidalar mukammalligi. Baxtsizligi esa – boshqa tillar, jumladan, arab-fors bosimi ostida qolganidadir. Jadid bobomiz davom etib yozadiki, fors tili ham necha zamonlar “arab boʻgʻuvi”da boʻlgan, ammo bir silkinish bilan oʻzini qutqargan. Bu silkinish – olamshumul “Shohnoma” muallifining maydonga chiqishi edi. Fitrat oʻkinadiki, turkchamiz bora-bora forsiy tepkulari ostida ezilmish...
“Tilimiz”da oʻqiymiz: “Eronda arabcha hokim boʻlgʻan birzamonda yozilgʻan “Shohnoma”da arabcha soʻzlar yoʻq darajada ozdir... Lekin bizning baxtsiz turkchamiz bir Firdavsiyni yetishtira olmamish”. Fitrat qadim turkiy soʻzlarni “tiriltirish”, yozma va ogʻzaki nutqdagi ajnabiy soʻzlarni oʻshalar bilan almashtirish, ona tili imkoniyatlari asosida yangilarini yasash tashabbuskori boʻlgan. Maʼlum boʻladiki, Fitrat til daraja-mavqeini, istiqbolini koʻproq oʻz imkoniyatlariga tayangan sof til va badiiy adabiyot bilan bogʻliq holda, maʼnaviyat sathlarida koʻradi. Bu – jadid maʼrifatparvarlarining umumiy nuqtayi nazaridir. Bugungi ziyolilarimiz zehniyatida ham shu xil qarash ustundek.
Bizning chin Firdavsiyimiz boʻlmish Alisher Navoiy jadidlardan besh asr ilgari turkiy til himoyasiga chiqqan, uning imkoniyatlarini “Muhokamatul-lugʻatayn”da nazariy asoslab, badiiy asarlari bilan amalda koʻrsatib bergan. Shoiri zamonni ona tilida ijod qilishga ham, ikki til muhokamasiga ham undagan sabab, shubhasiz, turkiyning oʻz mavqeini boshqa lisonlarga berib qoʻygani edi.
Til qaygʻusi yaqin oʻtmishimiz – shoʻro davrida ham kun tartibidan tushmadi. “Ona tilim oʻlmaydi!” degan hayqiriq ishonchdan koʻproq xavotir va umid hissini oʻzida jo etgandi. Xalq ruhini, asriy qadriyatlar bardavomligini ona tili timsolida koʻrgan millatparvar ziyolilarning umumiy dardi edi bu. Ular goho nekbinlikning qirmizi pardalarini surib, haqiqatning yuziga tik qaradilar. Shunday choqlarda xom xayollarga berilmasdan, achchiq iqror ila “Ona tilim... sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz, Men ham toʻti boʻlib qolaman” deya yozdilar.
Bu yil oʻzbek tili davlat tili maqomini olganiga 30 yil toʻldi. Lekin hamon ona tilimiz mavqei va istiqbolini oʻylasak, xotirimizga bitmagan ochiq yara suvrati keladi. Yoʻqsa, shu kunlarda imlo dardi yana qoʻzgʻalarmidi? Hukumat alohida qaror qabul qilarmidi? Maxsus-maxsus anjumanlar tashkil etilarmidi? Nega tilimiz hali-hanuz “eng boy va eng baxtsiz”? Jamiyatimizda hayot-mamot qadar dolzarb masalalar oz emas-ku. Unda yana nega til, nega yana imlo?
Tarix shahodatiga ishonsak, turkiy til miloddan ilgari ham mavjud boʻlgan. Rivoyatlar esa uning ibtidosini “Odami soniy” atalgan Nuh alayhissalomning oʻgʻli Yofas – Abutturk nomi bilan bogʻlaydi. Demak, bizning bobotilimiz yoshi insoniyatning jahon toʻfonidan keyin boshlangan yangi tarixi bilan teng. Kechmish asrlarda u tabgʻach balosiga dosh berdi, arab-u fors haybati qarshisida qoyim tura oldi, oʻris zugʻumidan omon chiqdi. Yoʻqolib-yitib ketmay, bizning zabonimizda-da sanduvoch kabi sayrab turibdi. Lekin xavotir negadir zamonlar boʻyi u bilan yonma-yon yashab keldi.
Ha, tarixdagi turfa balolar tilimizni butkul mahv eta olmadi. Qanday yaxshi! Buning sababi ne, deymiz va yana Fitratdan oʻqiymiz: “Negakim boydir”. Faqat shuginami? Dunyodan boxabar boʻlish osonlashgan bizning asrda bu javob bir oz qoniqtirmaydigandek odamni. Chunki ayrim faktlar til boy boʻlgani uchungina yashab qolishi mumkinligini shubha ostiga qoʻyadi. Bir misol: nufusi 100 mingga yetar-yetmas eskimoslar bilan til boyligi borasida hatto jahonshumul ingliz-u fransuzlar ham raqobatlasha olmas; kamsonli bu elatda, deylik, faqat qorni ifodalaydigan yigirmadan ortiq soʻz bor ekan. Shu nodirligi bilan eskimos tili bugun yoʻqolish xavfi ostida turibdi. Demak, boshqa sabablar ham bor.
Asli, ibtidosi boʻlgan har bir narsa-hodisaning intihosi bor – har ne mavjudot-u maxluqot shu qonuniyat hukmidadir. Odam, hayvonot, nabotot tugʻiladi va oʻladi; togʻlar yemirilib tekislikka aylanadi; dengizlar quriydi. Insoniy tuygʻular ham shunday. Kuni kelib yulduzlar va quyosh ham osmondan sidirib olinadi... Binobarin, tillar ham tugʻiladi va oʻladi. Tilshunoslikdagi “oʻlik tillar” degan atama shundan dalolat. Insoniyat Yerda yashay boshlagandan beri qancha til oʻlib ketgan!
Xoʻsh, til barhayotligining aniq mezoni, sabablari bormi? Olimlar fikricha, bular – eng avval milliy mustaqillik va davlat tili maqomidir. Deylik, jahon xaritasida Isroil davlati paydo boʻlishi bilan oʻlik tillar safiga oʻtib ketgan ivrit tili qayta tirildi. Kuzatuvlarga koʻra, mustaqil davlati boʻlmagan xalqlarda (masalan, tatar va uygʻurlar) til ham, millat ham yoʻqolib ketishi ehtimoli katta. Shukrki, bu tarafdan koʻnglimiz toʻq.
Xoʻsh, unda til yashovchanligi boshqa yana qaysi omilga, deylik, foydalanuvchilar soniga ham bogʻliqmi? Bir jihatdan, ha. Chunki til avvalo aloqa-aralashuv, muloqot vositasidir. Soʻzlovchilar soni qancha koʻp boʻlsa, tilning yashab qolish ehtimoli shuncha oshadi. Mutaxassislarga koʻra, kelajakda xitoy va hind tillari eng keng tarqalgan tillarga aylanadi. Bu oʻsha xalqlar nufusiga bogʻliq emas, deb koʻring-chi! Hindlarning koʻpchiligi oʻqish-yozishni bilmaydi – bu maʼlumot ogʻzaki soʻzlashuv ham tilning yashab qolib, keng tarqalishiga sabab boʻla olishini koʻrsatadi. Shukrki, oʻnta, yuzta, mingta foydalanuvchisi boʻlgan tillar dunyosida oʻzbek tilida 50 milyonga yaqin kishi soʻzlaydi.
Yana bir aksilfakt: baʼzan foydalanuvchisi kam boʻlgan tillar qolib, foydalanuvchisi koʻp boʻlgan ayrimlari yoʻqolib ketish arafasida ekan. Bunga nima deysiz? Gap shundaki, oʻsha koʻp sonli foydalanuvchilar asosan yoshi kattalar boʻlib, til avloddan avlodga oʻtmas; yoshlar oʻz ichki quvvatini toʻla voqelantirish, shu orqali moddiy-maʼnaviy ehtiyojlarni qondirishga imkon beradigan tillarni oʻrganishni maʼqul koʻrar ekan. Bundan til yashovchanligi foydalanuvchilarning sonidan tashqari yosh toifasiga ham bogʻliq ekani ayon boʻlmoqda. Bu jihatdan-da noliydigan joyimiz yoʻq.
Yuqoridagilar qatorida yozuvga egalik, internet tiliga aylana olganlik kabilar ham til hayoti bardavomligi, jahoniy mavqeining omili sanaladi.
Zohiran qaraganda, tilga doxil eng asosiy shartlar jihatdan oʻzbek tilini bemalol baxtli, umrboqiy tillar roʻyxatiga kiritish mumkin. Ammo...
Bu dunyoning balosi yashirin ravishlari ham koʻp ekan. Qilichposhsho buvim halim va qurʼonxon ayol edi; rahmatli aytardiki: “Erishishdan koʻra saqlab qolish mushkul. Boshlashdan koʻra davomati qiyin”. Ushbularni yozaturib oʻsha sodda falsafa esimga tushib ketdi. Til barhayotligining asosiy kafolati – mustaqil davlat, deydigan boʻlsak, unutmaylikki, milliy istiqlol biror xalqqa abadulabadga xatlab berilgan emas. Moziyda shaxslar-ku shaxslar, erkini boy berib, Yer yuzidan butkul supurilib ketgan qudratli saltanatlar qancha-qancha! Mustaqillikni saqlab qolish doimiy ogohlik va kurashni, oqilona siyosatni talab qiladi. Bunda eng muhim halqa – hukumat va xalq istak-irodasining uygʻunligi, shu ikkisining amalda bir-birini qoʻllab-quvvatlashidir. Hurriyatini qoʻldan berib qoʻyadigan zehni siniq oʻzbek endi yoʻg‘-u, lekin shunday xatar hamisha mavjud boʻlib qolaveradi...
Professor Baxtiyor Mengliyevning yozishicha, “Davlat tili maqomi til va uning sohiblari uchun juda ulkan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, tarixiy, huquqiy ahamiyatga ega. U – milliy yaxlitlikni va bardavomlikni taʼminlovchi asosiy vosita. Biroq uning oʻzigina tilning yashab qolishi uchun yetarli emas”.
Yana bir xavotirli manzara bunday: koʻpchilik odamlar roʻzgʻori but boʻlishi, oila qurib bola-chaqa orttirish, elga aralashib yurish, yaqinlarini yoʻqlash, uy qurish, toʻy qilishni istaydi. Bularning bariga esa dastmoya kerak. Ushbu toifaning sog‘-salomat, badastir va xotirjam, orzu-havasda yashashdan boshqa tilagi boʻlmaydi. Oʻzbek tilida imlo qoidalari asosida yoziladimi yoki xatolar bilan yoziladimi – unga farqi yoʻq; muhimi – yetkazilmoqchi boʻlgan mazmunni toʻgʻri anglagani. Bu toifa – muhtaram olimlar qay alifboni joriy qilsa, oʻshani oʻrganib savod chiqaradi; yangisi chiqsa qayta oʻrganadi. Til – oʻsha koʻpchilik uchun ongi va qalbida kechganlarini ifoda etish, aloqa-aralashuv vositasi, oʻzini ifoda etish shakli, xolos. U “maʼnaviyat mavjud boʻlishining birinchi sharti – odamning jismoniy mavjudligidir” degan ilmiy haqiqatni anglamasligi mumkin, lekin och tovuqning tushiga don kirishi, boʻsh qop tik turmasligini hayotiy tajribadan biladi. Oʻsha toifa oʻz yurtida ishlab kerakli dastmoyani topolmay qolsa, ish izlab boshqa oʻlkalarga ketadi. Majburlikdan chala-chulpa boʻlsa-da, albatta, ish beruvchining tilida gapiradi. Oʻz fikri, talabi, noroziligi, minnatdorligini atrofidagilarga yetkazishi kerak-ku. Til bilmasa, haqini oldirib qoʻyishi mumkin... Sirasi, maʼlum vaziyatlarda til hayot-mamot masalasiga aylanadi. Va axiyri u turmush jangchisi sarsonlig-u mashaqqatlardan saboq chiqarib, bolasiga oʻzi albatta kerakli deb bilgan tilni oʻrgatishga harakat qiladi. Aslida, oʻzingniki qatorida yana bir-ikki tilni bilish qanday yaxshi! Lekin gap boshqa yoqda.
“Tilimiz”da yozilishicha, Fitratning hamkasabalaridan biri adabiy tilni shakllantirishga oid suhbat asnosida arab-fors soʻzlarini himoya qilib “...biz bilim bitiklarimizdan (ilmiy kitoblarimiz) ilmiy soʻzlarni chiqarib, arobachilar soʻzini kirguza olmaymiz” degan ekan. Ana xolos! Oʻn asr nari-berisidagi uzoq davrlarda turkiy tilni bitib-yoʻqolib ketishdan asrab qolgan xaloskorlar – oʻsha “arobachilar”, yaʼni ming-milyonlik oddiy mehnatkash xalq emasmi? Axir, ilmiy va badiiy asarlar arab-fors tilida yaratilib, azim-azim saltanatlar oʻsha tilda ish yuritgan davrlarda ming-milyonlab oddiy xalq daqqi-qoʻpol deb kamsitilgan oʻz turkiysida gapirib yuravergan; qoʻshiqlar-u dostonlarni shu tilda kuylab, topishmog‘-u choʻpchaklarni bolalariga shu tilda aytavergan-ku!.. Lekin gap hozir bu haqda emas.
Bizni qiziqtirgani shuki, oʻsha “arobachilar”ning ham aksari bugun ish izlab boʻlak yurtlarga ketyapti! Boshqa tilda gapiryapti.
Bolasini ham oʻzga tilli maktablarda oʻqityapti. Goho esa oʻgʻil-qizi ajnabiy xalq bolasi bilan turmush quryapti...
Shu taxlit ona tilimizda gapiradiganlar soni kamayib, muloqot doirasi sekinlik bilan toraymayaptimi? Tilimiz boy berilmayaptimi? Faqat milliy ruh, anʼana va gʻurur sharaflangan shiorlar rizq topish ilinjida oʻzga til muhitida yashayotganlarning qulogʻiga kiradimi? Axir, ularning hammasi ham olim, shoir yoki ziyoli emas-ku. Ularning aksari uchun til tirikchilik, tiriklik shartlaridan biri-ku.
Bir zamonlar ayrim oʻzbek yigitlari armiyadan boshqa millat qizlariga uylanib kelardi. Oʻsha yangalarning aksari hozir bip-binoyi oʻzbekka aylanib ketgan. Bugun gardish teskari aylanmayaptimi?.. Mana, sizga aniq fakt: rasmiy maʼlumotga koʻra, 2018-yilda 25 ming nafar oʻzbek Rossiya fuqaroligini olgan.
Odamlarni til bobida – yurtdami, tashqaridami, farqi yoʻq – “sevasan”, “gapirasan”, “bexato yozasan” qabilida majburlab boʻladimi? Bu usul-uslub natija beradimi?
Toʻgʻri, teskari holat ham bor: Oʻzbekiston bugun geosiyosiy oʻrni, tabiiy boyliklari bilan, qolaversa, katta bozor sifatida dunyoni oʻziga jalb qilayotir. Milliy mustaqillik, xususan, soʻnggi siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlar bois poytaxt-u viloyatlarimizda xorijiy investorlar, firma-korxonalar soni oshmoqda. Lekin oʻsha kordonlar biz bilan qaysi tilda soʻzlashyapti? Aniq raqam keltirolmasman, lekin koʻrgan-bilganlarimga koʻra aytishim mumkin: biz ular bilgan tilda yoki tarjimon vositasida muloqot qilyapmiz. “Bu qanaqasi, boshqa mamlakatlarga borsak, biz ularning tilini oʻrganamiz, oʻshalarning tilida gapiramiz-ku”, deya koʻnglimiz ogʻrishi aniq. Lekin gap kimning kimga hojatmandligida – tan olamizmi-olmaymizmi, haqiqat shu!
“Arobachi”lar tilni asrlardan asrlarga olib oʻtishdi-ku-ya, olim-u yozuvchilarimiz-chi? Donishmand Fitrat oʻkinadi: “...dunyoning eng buyuk hakimi boʻlgan Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atalgʻan Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirgʻizib kelgʻan Javhariy turkdir. “Vahdati vujud” falsafasining imomlaridan boʻlgʻan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning “paygʻambar”laridan boʻlgʻan Nizomiy daxi turkdir. Shu yerlarda otlari yozilgʻan kimsalar-da yolgʻiz turki ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlaridan osigʻlanolmay qolmish, balki oʻzlarini ham yaxshigʻina taniyolmay qolmishdir. Bunlar oʻz bitiklarini turkcha yozsalar edi, bugun turk ulusining holi, ehtimolki, boshqa turli boʻlur edi”. Nachora! Bu ham achchiq haqiqat: bir zamon alloma bobolarimiz yozgan kitoblarni endi tarjimada oʻqiymiz...
Taassufki, bugunimiz ham maqtanarli emas. Hukumat azza-bazza eʼzozlab, maoshlarini paydar-pay oshirib turgan qancha akademig-u qancha fan doktorlarimiz bor. Har yili “falonta monografiya chiqardik, falonta olim tayyorladik”, deb hisobot berishadi. Xoʻsh, fan olamida yangilik deya taqdim qilingan nechta dissertatsiyamizga xorijliklar qiziqish bildirib, asliyat yoki tarjimada oʻqib chiqdi? Maxsus izlanish olib borilsa, qanoatlanarli javob olishimiz mahol. Bugun bot-bot aytilayotgani kabi oʻzbek tili internet tiliga aylantirilganda ham, dunyo bizdan tarjima qilib olishga ehtiyoj sezadigan nimamiz bor?
Olamshumul kashfiyotlarni, dunyoga chiqishni, mayli, qoʻyaturaylik. Birgina milliy til toʻgʻrisidagi qonun, imlo masalasida ziyoli-yu olim deganlarimiz xalqning koʻz oʻngida necha marta beburd boʻldi? Ular imlo oʻzgartirishning “tarixiy ahamiyati”dan tashqari ruhiy-psixologik jihatlari ham borligini bilmaydilarmi? Deylik, oʻzini buyuk millatparvar sanaganlar ne bir daʼvolarda “ng” va “sh” muhokamasida yoqa yirtishayotgan pallada maktab oʻqituvchisi shu millatning 6-7 yashar bolasiga ular shosha-pisha joriy qilgan alifboni oʻrgatayotgan boʻladi. Bir muddat oʻtib muallim bechora-ku, “undoq emas, mana bundoq” deb qayta oʻrgatar, lekin kechagina savodi chiqqan bolaning ruhiyatiga qanday taʼsir qilarkan bu? Kattalar-chi? Ular ruhiy bosimdan emindirlar, deb boʻladimi? Deylik, sahifaga bir koʻz yugurtirib kerakli jumlani topib oladigan olim boshqa imloda shu ishga qancha vaqt sarflaydi? Bu uning ruhiyatiga, ish unumdorligiga, fikrlashiga qanday taʼsir qiladi? Psixologlar xulosasiga koʻra, oʻzga til muhitiga tushib qolgan odamda ijodiy fikrlash qobiliyati susayar ekan; balki yangilangan yozuv ham odamga shunday taʼsir koʻrsatar? Millatning jahoniy, tarixiy manfaatlari nahot uning oddiy vakillari taqdiri, tirikchiligi, ruhiyatiga qarama-qarshi boʻlsa? Oʻsha manfaatlar inson haqida qaygʻurish, inson qalbini avaylashdan boshlanmaydimi? Deylik, alifboni puxta tayyorlab, keyin joriy qilsak; oʻtish davrini 30 yoki 50 yil qilib belgilasak, birov bizni urishadimi?
Milliy til qaygʻusidagi oʻylar hayoti dunyoning iqror keltirish juda ogʻir boʻlgan yana bir haqiqatini esga soldi: turmushi bundayroq odam gʻayriixtiyoriy ravishda oʻzining boshqalardan kam emasligini isbotlashga urinadi. Boyoqish chirana-chirana umri oʻtib ketganini sezmay qoladi. Aslida nimani, kimga, nima uchun isbotlamoqchi – oʻzi ham bilmaydi. Iqror etaylik, kezi kelsa xalq sifatida ham shundaymiz. Oʻsha psixologiya dabdabali toʻylar, hashamatli uylar shaklida voqelikka aylanmoqda. “Maʼnaviyatli, shavkatli xalqmiz; hech kimdan kam emasmiz”, “tilimiz boy va goʻzal” deyish bilan oʻzimizni aldaymiz. Bizning bu taxlit faxrlanishlarimizga shiddatli taraqqiyot yoʻlidan ketayotganlar qayrilib ham qarayotgani yoʻq. Gap koʻp, umr oz, deydi xalq. Zoʻr boʻlsak, dunyo oʻz-oʻzidan tan oladi. Eʼtirof va ehtiromga hech kimni majburlab boʻlmaydi, munosib boʻlish lozim – shu, xolos. Nafsilamrini aytganda, hurmatga, oʻrganishga loyiq deb bilganlar ana oʻshanda bizga oʻz tilimizda gapiradilar. Misol desangiz, mana: dunyo nigohi hindlar yurti va tiliga rivojlangan tibbiyoti, xitoylarga tezkor va arzon ishlab chiqarishi tufayli ham qaratilmoqda-ku...
Oʻzimizga savol beraylik: nufuzli jahon tillari bugungi iqtidoriga til-u imlo talashib yoqa yirtishlar evaziga; koʻpchilik el oʻz tirikchiligi bilan boʻlgani holda, faqat hukumat va mutaxassis toifaning saʼy-harakati bilan erishganmikan? Tilining olam aro mavqeini soʻzlarni “meniki, seniki”ga ajratish, talaffuz-imlo qoidalarini buzganlarni jarimaga tortish yoki ijtimoiy tarmoqdagi “chellenj”lar orqali yuksaltirganmikan?
Kim nima desa der, biz “yoʻq” deymiz. Tilning foydalanuvchisi butun el boʻlaturib, uni asrash va jahoniy oʻrnini tayin etish ayrim kishilar masʼuliyatida boʻlishi mantiqdan ham, adolatdan ham emas. Milliy til butun elning ona tiliga ongli munosabatidan tortib, mamlakatning harbiy, iqtisodiy, intellektual salohiyati-yu demografik siyosatgacha boʻlgan uygʻun-mushtarak omillar negizida xalqaro minbarga koʻtariladi.
Til nufuzi haqida soʻz ketganda, Navoiy, Bobur, Qodiriy kabi millat shariflarini bayroq qilguvchilar, aytaylik-chi, qay birimiz Shekspirni oʻqish uchun ingliz tilini oʻrganamiz? Yoki qay birimiz bolamizga Danteni oʻqishi uchun italyan tilini oʻrgatamiz? Yoʻq, farzandlarimizni biror tilga yoʻnaltirgan boʻlsak, avvalo nonini topib yesin deganmiz.
Ha, til masalasi avvalo yashash uchun kurash masalasidir.
Globallashgan dunyoda kimki odamdek yashash, yuksalishga asqotadigan ilm, intellekt va yuksak ishlab chiqarish, harbiy qudrat sohibi boʻlsa, oʻshaning tili hukm yurgizadi. Oʻshaning tilini bilishga intiladilar.
Qiziqki, shu omillar tilning faqat xalqaro emas, hatto mamlakat ichkarisidagi mavqe-eʼtiboriga ham taʼsir koʻrsatadi. Shunday boʻlmaganda, biz katta-kichik idoralarimizda bugun ham ona tilimizda gunohkor banda misoli qisilib-qimtinib, uyalib gapirmasdik. Ish qogʻozlarimiz ikki tilda boʻlmasdi. Bolalarimizni oʻzga tilli maktablarga bermasdik. Doʻkon-rastalarimizga, bozor-u qoʻrgʻonlarimizga, eshittirish-koʻrsatuvlarimizga ajnabiycha nom qoʻymasdik. Oliftalik bilan “Мы открылись!”, “I love Tashkent!” demasdik... Axir, oʻzimiz aytib qoʻyibmiz-ku: “Ogʻzi qiyshiq boʻlsa ham, boyning oʻgʻli gapirsin” deb.
Tilimizni umrboqiy etmoq, mamlakat va dunyo miqyosida mavqeini koʻtarmoq faqat tilshunos olim-u shoir-yozuvchilar yoki hukumatninggina vazifasi emas. Tilimiz izzat-eʼtibori har bir fuqaroning shaxsiy manfaatni umum manfaatning bir qismi oʻlaroq anglashi, xoʻjakoʻrsinchilikdan voz kechib, vijdonan faoliyat yuritishi bilan-da chambarchas bogʻliq. Ziyolilarimiz davlat tili bilan bogʻliq tarixiy hodisadagi xizmatlarini pisanda qilish, oʻrin-daraja talashishni toʻxtatib, avvalo muhimni nomuhimdan ajratib olmogʻi, yoshlarni ham, butun xalqni ham oʻz atrofida birlashtirmogʻi lozim. Anglamaganlarga til qaygʻusi butun elning umumiy qaygʻusi ekanini anglatib, ishontirish ham oʻshalarning zimmasidadir.
Shu anglash-anglatishdan soʻng... mamlakat peshvolari shunday siyosat yurgizsalarki, millat bolasi rizq izlab har yerlarda uloqib yurmay, xudo bergan isteʼdod va quvvati ortidan ota yurtida risoladagidek yashay olsa...
Iqtisodchisi kordon-u tadbirkor boʻlsa. Mamlakatni bor imkoniyatlardan foydalangan holda, jadal taraqqiy ettirib, boʻlak yurtlardan kelganlarni ham ishli qilsa...
Siyosatchisi birovning haqi ikkinchi birovning haqiga raxna solmaydigan adolatli jamiyat uchun kurashsa...
Olimi diplom-u maosh dardida emas, jamiyat va odamlar dardiga davo boʻladigan kashfiyotlar yoʻlida izlansa-yu jahonni oʻziga qaratsa...
Maʼnaviyat dargʻalari hisobot-u statistika ketidan chopmay, oʻz dasturini “odamiylik yoʻlidan ogʻishmay yashashimiz uchun men nima qilishim mumkin?” degan mazmunga muvofiq tuzsa...
Shoir-u yozuvchisi soxta nekbinlik va maddohlikdan hazar qilsa, qalamini tilanchilik bilan mukofot-u yorliqlar tamasida yurgʻizmasdan, oʻquvchisini tilning ruhiy qudrat berguvchi bir moʻjiza ekaniga ishontirsa...
Muxtasar aytganda, katta-yu kichik oʻzi, oilasi, yaqinlari va undan keyin el-u yurt qaygʻusida saʼy-harakatda boʻlsa... Oʻshanda “Dunyoning eng boy, eng baxtli tili qaysi tildir?” degan savolga “Oʻzbek tili!” deb dadil javob bersa boʻladi.
Nodira OFOQ
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 4-son.
“Til qaygʻusi” maqolasi