Hayotda insonga ayrim narsalarni tanlash huquqi berilmagan. Ular insonning istak va irodasiga bogʻliq boʻlmagan neʼmatlar hisoblanadi. Ularning shukrini qilish kerak, xolos. Chunki ularning asl qiymati inson oʻz ixtiyori bilan tanlaganlardan ancha yuqori. Ulardan voz kechish ham inson izmidan tashqarida. Shunday neʼmatlardan biri Ona Tildir. 

Ilm-fan rivoji, texnika taraqqiyoti, raqamli texnologiyalar inkishofidan qatʼiy nazar, til muomala vositasi sifatidagi mavqeini barqaror saqlab kelmoqda.

Mutaxassislarning aniqlashicha, hozir dunyoda 5621 ta til va sheva boʻlib, ulardan 500 tasigina oʻrganilgan xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi yoʻq. 1400 tilning yoʻqolib ketish xavfi bor. Faqat 40 ta tilgina ogʻzaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib boʻlgan, deb hisoblanadi[1]. Muhimi shundaki, oʻzbek tili ham shu qirqtalik ichida munosib oʻrin egallab turibdi.

Ona tilimizning bunday mavqega koʻtarilishi koʻp asrlik ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, nazariy va tarixiy asoslarga ega. Oʻzbek tili tarix sahnasida, ayrim tadqiqotlarda koʻrsatilganidek, XVI yoki XX asrda paydo boʻlib qolgan hodisa emas. Turkiy qavmlar yashagan hududlardan topilgan noyob bitiktoshlar, juda koʻplab yozma manbalar, xorijlik sayyoh va olimlarning yodnomalari tilimiz ming yillar osha turkiy til sifatida yashab kelganidan dalolat beradi. Bu masalani chuqur tadqiq qilish jahon ilm-fani rivojiga katta yangilik va nodir maʼlumotlarni taqdim etishi shubhasiz.

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari turkiy til mavqeini ham ilmiy, ham ijtimoiy-tarixiy jihatdan asoslab bergan ilk buyuk qomusiy asar edi[2]. Uning ahamiyatini chuqur oʻrganish eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.

Shuningdek, ilmiy va badiiy ijodda arabiy-forsiy tillar hukmron boʻlgan bir davrda turkiy tilni afzal koʻrgan Nosiriddin Burhoniddin oʻgʻli Rabgʻuziyning ijodiy faoliyati ham alohida eʼtirofga munosib. U anʼanaviy ravishda arab yoki fors tillarida yaratib kelinayotgan tarixnavislik ishida turkiy til imkoniyatidan mahorat bilan foydalana oldi. Garchi, undan keyin ham turkiy tilda sohaga oid bir qancha asarlar yozilgan yoki tarjima qilingan boʻlsa ham, “Qisasi Rabgʻuziy” asarining ahamiyati qariyb yetti yuz yildan beri zarracha kamaygani yoʻq. U qayta-qayta nashr etilib, ilmiy tadqiqotlarga sabab boʻlayotgani shunday deyish uchun toʻla asos beradi.

Oxirgi ming yilda turkiyda yaratilgan minglab sara kitoblar – ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar bu tilning muttasil takomillashib borganini koʻrsatadi. Alloma ajdodlarimiz turkiy tildagi har bir soʻz va iboraning mustahkam asoslarga ega ekanini teran his qilgan va anglab yetgan. Avloddan-avlodga oʻtib, taraqqiy etishiga ulkan hissa qoʻshgan. Ular, garchi, arab, fors, hind, xitoy, lotin, yunon, sanskrit, urdu kabi oʻnlab tillar boʻyicha mukammal bilim va koʻnikmaga ega boʻlishsa-da, turkiy tilning ona tili sifatidagi mavqeini hamisha yuqori tutganlar.

“Millatni millat sifatida tutib turadigan ustunlar bor. Bular milliy tafakkur, milliy maʼnaviyat, milliy did, milliy madaniyat kabi tarixiy aqlimiz va salohiyatimizning majmualaridir. Lekin bularning barchasining zaminida katta ganjina yotadiki, usiz hech bir ustun oʻzini tik tutib turolmaydi. Bu milliy tildir”[3]. Milliy til xususida mulohaza yuritish ayniqsa bugungi globallashuv sharoitida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yuqorida taʼkidlanganidek, bir yarim mingga yaqin tilning bugungi kunda tanazzul yoqasida turgani ibrat sifatida koʻrish uchun yetarli boʻlsa kerak.

Tillarning yoʻqolishi, unutilib ketishi, muomaladan chiqishi oʻsha til egalarining boshqa tillarni oʻz ona tilidan ustun sanagani, ona tiliga nisbatan hurmat va iftixor tuygʻusini yoʻqotgani bilan bogʻliq.

Til tadqiqiga bagʻishlangan ajdodlar merosiga munosib vorislik barcha davrlarda ularni oʻrganish, tatbiq qilish va oʻrgatish orqali davom etadi. Bunda bizga ilmiy, maʼrifiy, badiiy asarlar asosiy manba boʻladi.

Ilmiy tahlil va kuzatishlarga asoslansak, ona tilimiz soʻz boyligi jihatidan dunyodagi eng yetakchi tillar safida turadi. Ammo XX asrda, SSSR davrida bu masalaga xolis qaralmadi. Bir qancha soʻzlar eskirib qolgan, umumisteʼmoldan chiqqan, yo sheva unsuri, degan biryoqlama qarash bilan lugʻat tarkibidan chiqarib tashlandi. Natijada, soʻz boyligimiz bir necha barobar kamaytirilib, tilimizning lugʻat boyligi bor-yoʻgʻi 60-80 ming atrofidagi soʻzdan iborat, deya hisoblanadigan boʻldi.

Aslida, tilshunos olimlar tilimizning soʻz va maʼno koʻlami boshqa tillarnikidan aslo kam emasligini ilmiy isbotlab berishgan. Xususan, Mahmud Koshgʻariy turkiy til imkoniyatlarini birinchi boʻlib bundan ming yil oldin ilmiy tadqiq etgan buyuk qomusiy olim sanalgani bejiz emas. Bugun faqat muayyan hududlar shevasiga xos deb qaralayotgan inak, qopu, chalgʻay, toʻng, keraga, al, ushoq kabi yuzlab soʻzlarimiz tilimizning haqiqiy aʼzosi ekanini koʻrsatib bergan.

Tilimizga qashshoq, nochor kabi sifatlarni tirkash faqat mafkura nuqtayi nazaridan toʻqib chiqarilgan va singdirilgan qarash deb tushunish ham oʻzini tugal oqlamaydi. Bu oʻrinda boshqa bir jihat borki, hazrat Navoiy “Muhokamatul-lugʻatayn”da oʻquvchi diqqatini shu muhim nuqtaga qaratadi.

Navoiy davrida fors tili katta nufuz va ustunlikka ega edi. Davr kishilari oʻz asarlarini shu tilda yaratishga intilgan. Risolada buning oʻziga xos bir qancha sabablari keltirib oʻtiladi. Ular qatorida talaygina turkiylarning  oʻz tilini yirik ilmiy yoki badiiy asar yaratish uchun salohiyatli emas deb hisoblashlari, mazkur tilda soʻz va iboralar kam deb daʼvo qilishlarini ham alohida taʼkidlab oʻtiladi.

Bir necha asrlik anʼanaga koʻra, asosiy asarlar forsiyda yozilgani ham bu til haqidagi  notoʻgʻri qarashlarni shakllantirgan. Shuningdek, yana bir qancha ijtimoiy-siyosiy sabablarga koʻra turkiylar oʻz tilida ijod qilish masalasiga u qadar jiddiy qaramagani kuzatiladi. Alisher Navoiy mazkur risolada bu sabablarning barchasiga oʻrinli ilmiy munosabat bildiradi. Turkiy tilning yetarlicha eʼtibor va eʼzoz topmayotganiga eng katta sabab sifatida u quyidagi fikrni keltiradi:

“Bu alfoz va iboratda bu nav’ daqoyiq koʻpdurkim, bukunga degincha hech kishi haqiqatigʻa mulohaza qilmagʻon jihatdin bu yashurun qolibdur”[4].

Navoiyning fikricha, ona tilining qadri, unga boʻlgan samimiy munosabat hamda iftixor til daqoiqlari haqiqatidan xabardor boʻlish, bilish va anglab yetish orqali yuzaga keladi. Aks holda, bu til voqelikda mavjud va ustuvor boʻlgan boshqa tillar taʼsirida qolib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu oʻrinda hazrat Navoiy oʻzini misol sifatida keltirib, bolalikda fors sheʼriyatini chuqur oʻzlashtirgani, unga havas bilan qarab, bir muddat oʻsha tilda ijod qilganini yodga olgan.

Nafaqat oddiy insonlar, balki ijodkor yoki olim kishilar ham oʻzga tilning nufuzi va jozibasiga maftun boʻlib, uning taʼsirida qolishiga insonda til bilan bogʻliq koʻnikmalar hosil boʻlish jarayonidagi dastlabki bosqich sifatida qaralishi mumkin. Keyinchalik insonning tafakkuri uygʻonib, dunyoqarashi kengayib, voqelikdagi asl haqiqatni toʻgʻri qabul qila boshlagach, boshqa bir barqaror fikrga kelish hayotiy ehtiyojga aylanadi. Chunki ziyoli inson, ayniqsa ijodkor va olim kishi butun umr bolalikda mulohaza qilinmasdan, shunchaki havas orqasidan shakllangan fikrga tayangan holda ish koʻrolmaydi. Tafakkurining muayyan bosqichida taqliddan voz kechib, oʻz ilmiy asoslangan qarashini qabul qiladi. Shu yoʻl bilan asl haqiqatni anglab yetadi. Undan keyin bu yoʻldan shon, mansab, dunyo kabi koʻplab omillar taʼsirida yuz oʻgirib, oʻz qarashlari va haqiqatga xilof ish qilmaydi.

Alisher Navoiy bu borada ham insoniyatga katta namuna koʻrsata olgan. Uning “Xamsa”day buyuk asarini oʻz ona tili boʻlgan turkiyda yaratgani fikrimizning yorqin dalilidir.

Gʻarb xalqlari oʻsha kezlarda arab-fors tillarida yaratilgan asarlardan keng foydalangan va shunday asarlar dunyoga tanilib, juda mashhur boʻlib ketgan. Hazrat Navoiyda oʻz asarlarini davrining ustuvor tillarida yaratib, katta obro‘ qozonish imkoni boʻla turib, bunday yoʻlni tanlamagani avlodlarga buyuk dars boʻladigan hodisadir.

Hazrat Navoiyday jahonshumul miqyosda fikrlaydigan va uni eng maqbul tarzda ifoda eta oladigan ijodkor, ehtimol, dunyoda boshqa topilmas. Ona tilga muhabbat va sadoqat, uni puxta oʻrganish va imkoniyatidan keng foydalanish Navoiy timsolida eng yuksak choʻqqiga yetgan. Zero, oʻz tilini puxta bilish har bir insonning doimiy vazifasi hisoblanadi.

“Muhokamatul-lugʻatayn” Navoiyning turkiy tilni qanchalik teran bilishi-yu sevishini ochiq koʻrsatib turadi. Shu bilan birga, mutafakkirning boshqa tillarni bilish, ehtirom koʻrsatishda oʻziga xos yoʻrigʻi bor. Xususan, u shunday yozadi: “...Forsiy alfoz istiyfosin va ul iborat istiqsosin kishi mendin koʻproq qilmaydur erkin va saloh va fasodin mendin yaxshiroq bilmaydur erkin...”. “Xamsa”da arab tili qoidalarini oʻrganishni xuddi piri va ustozi Abdurahmon Jomiy kabi kundalik mashgʻulot – virdga aylantirib olganini taʼkidlab oʻtgan. Boshqa tillarni hatto oʻz ahlidan ham koʻra chuqurroq bilgan insonning oʻz ona tiliga munosabati insoniyatni hayratga soladigan darajada goʻzaldir.

Bugungi voqeligimizga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻtgan asrda kechgan yetmish yillik mustamlaka davrida ona tilimiz hukmron til – oʻris tili taʼsiri va tazyiqi ostida qolib, ne koʻylarga tushgani ayon. Ajablanarlisi, tilimizning shunday ahvolga tushishida oddiy xalqning emas, ilmli ziyolilarning hissasi salmoqliroq.

Risolada ayniqsa “taʼb va salohiyat ahli” – bugungi til bilan aytganda xalqning peshvolari, ziyolilar oʻz ona tiliga boshqalardan koʻra eʼtiborliroq boʻlishi kerakligi gʻoyasi ilgari suriladi. “...Turk tilining jomeiyati muncha daloil bila sobit boʻldi. Kerak erdikim, bu xalq orasidin paydo boʻlgʻon tab’ ahli salohiyat va tabʼlarin oʻz tillari turgʻon oʻzga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi...”[5]. Bu gaplar til borasida bildirilgan shunchaki fikrlar emas, hazrat Navoiyning yillar davomida koʻrib-kuzatib yurgan dardi, qalbini oʻrtab yotgan iztirobi edi. Bu bilan oʻz tilini qoʻyib, oʻzga tillarni ishlatish ona til uchun tahlikali hodisa ekaniga ahamiyat qaratiladi.

Oʻz davrining ziyolilari nima sababdan ona tilida ijod qilishga roʻyxushlik koʻrsatmayotgani sababi yana quyidagicha ochiqlanadi: “Va hunarsiz turkning sitamzarif yigitlari osonliqqa boʻla forsiy alfoz bila nazm ayturgʻa mashgʻul boʻlubturlar. Va filhaqiqat, agar kishi yaxshi mulohaza va taammul qilsa, chun bu lafzda muncha vusʼat va maydonida muncha fusʼhat topilur, kerakkim, munda har nav’ suxanguzorlig‘ va fasihguftorlig‘ va nazmsozlig‘ va fasonapardozlig‘ osonroq boʻlgʻay va voqe’ osonroqdur”[6].

Hazrat Navoiy taʼkidiga muvofiq, “hunarsiz turkning sitamzarif yigitlari” oʻz ona tilining boshqa tillar taʼsirida qolib, zoyil boʻlmasligi uchun harakat qilmogʻi muhimdir. Ular oʻz tiliga nisbatan katta hurmat va ehtiromni saqlashi, uni puxta oʻrganishga harakat qilishi, ona tilining soʻz boyligi, qoida va qonuniyatlarini chuqur oʻzlashtirishda boshqalarga namuna boʻlishi va eng muhimi, ona tilni xuddi ona kabi sevib ardoqlashi nihoyatda zarur.

Afsuski, ona tilimizga bugungi munosabat ulug‘ ajdodlarga izdoshlik maqomida boʻlmayapti. Oʻz tilimizga beeʼtiborlik tufayli bir qancha bebaho soʻzlar unutilib boryapti. Ayrim soʻzlarning oʻz tilimizdagi muqobilidan koʻra, oʻzga tildagi shaklini ishlatishga odatlanib qoldik. Masalan, bozor, goʻsht, guvoh, behi, dunyo, supermarket, svejiy, paynet, koll-sentr kabi yuzlab soʻzlarning tilimizda muqobili borligini koʻpchiligimiz hatto oʻylab ham koʻrmaymiz. Oqibatda, oʻz soʻzlarimiz oʻzimizdan uzoqlashib bormoqda. Holbuki, ajdodlarimiz oʻz tilida uchramaydigan narsalarga ham til imkoniyatidan kelib chiqib yangi nomlar berishgan. Ularning bu tajribasi bugungi kunimiz uchun ham qadrli.

Tilimizga kirib kelayotgan har bir soʻz uchun avvalo yangi shakl topish ehtiyoji bor. Agar bunga imkon boʻlmasa, oʻsha soʻzni tilimizning imlo va talaffuz qoidalariga muvofiq tarzda qabul qilish zarur. Ammo har qanday yot soʻzni oʻylamasdan tilga koʻchiraverish ona tilimizning buzilishi va qashshoqlashishiga sabab boʻlishi aniq.

Yuzaki qaraganda tilimizga koʻp xorijiy soʻzlar kirib qolganday tuyuladi. Albatta, oʻzlashgan soʻzlardan foydalanish deyarli barcha tillarda kuzatiladi. Shu bilan birga, koʻp oʻzbekcha soʻzlar boshqa tillarga ham koʻchgan. Masalan, behini forscha nomi bilan ataymiz. Aslida, bu soʻzning oʻzbekchasi hayva boʻlib, bu haqda Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida maʼlumot bergan. Oʻz tilimizdagi ana shu soʻzdan oʻzimiz foydalanmaymiz-u, lekin bu soʻz oʻris tilida faol qoʻllanib kelayapti. Faqat oʻrislar uni oʻz tili xususiyatlariga moslashtirib, “h” tovushi ularda yoʻq boʻlgani uchun, ayva tarzida qabul qilgan. Koʻshk soʻzi ham dunyoni bir aylanib, oxiri kioska tarzida oʻzimizga qaytib keldi. Tobaki soʻzimiz tabakaga aylanib, oʻzligini yoʻqotgan holda oʻz uyiga qaytdi. Tilimizda bunday soʻzlar juda koʻp.

Keyingi paytlarda keng tarqalayotgan ommaviy madaniyat kabi chegara bilmas jarayonlar xalqlarning tiliga ham katta xavf solayotganga oʻxshaydi. Milliy til – millat tirikligining ramzi. Milliy tilni yoʻqotish millat qudratining yemirilishiga olib keladi.

Oʻzbek tili bugun keng isteʼmolda boʻlib kelayotgan tillardan biri. Dunyoda 50 milliondan ortiq kishi shu tilda gaplashadi. Ona tilimizning sofligini saqlash, keng isteʼmolini taʼminlash uchun farzandlarimizda unga hurmat hissini shakllantirib, tarbiyalab borishimiz zarur. Buning uchun tilimiz bilan bogʻliq ham foydali, ham qiziqarli, eng muhimi, tushunish qulay boʻlgan kitoblarni tavsiya va targʻib qilib turish kerak.

Ayniqsa bugungi globallashuv jarayonida xorijiy tillarni yaxshi oʻrganish davr talabi boʻlayotgan bir pallada avvalo oʻz tilimizga hurmat koʻrsatish har doimgidan ham muhimdir. Alisher Navoiyning “Muhokamatul-lugʻatayn” risolasi esa dunyo ahli ana shu haqiqatni anglab yetishida eng zarur vosita boʻla oladi.

Gʻulom BOBOJONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Millatning tayanch nuqtasi” maqolasi



[2] Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻotit-turk. – T.: G‘.Gʻulom, 2017. – 3-b.

[3] Eshqobil Shukur. Bobosoʻz izidan. – T.: Adabiyot, 2022. – 535-b.

[4] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – B.19.

[5] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – 20-b.

[6] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – 20-b.