“Biznikilar faqat oʻgʻirlashadi…” mazmunidagi iddaolarni koʻp takrorlaymiz yoki eshitganmiz… Aslida bu “oʻgʻrilik” butun dunyo xalqlari uchun begona boʻlmagan holat – uni plagiat deb atashadi. Bu soʻzning lugʻaviy maʼnosi ham aynan “oʻgʻirlash” mazmuniga borib taqaladi.
Bu tushunchaga beriladigan asosiy taʼriflar:
– Plagiat – intellektual mulk obyektlarining oʻgʻirlanishi;
– Plagiat – maʼlum shaxsning ilmiy yoki ijodiy mahsulidan uning ruxsatisiz yoki muallifni koʻrsatmagan holda foydalanish;
– Plagiat – boshqalarning ishini oʻziniki qilib taqdim etish...
Tan olib aytganda, odamlarimiz plagiatga qoʻl urish borasida oʻziga xos “tajriba”ga ega. Shu asosda, ommalashgan va odatiy plagiatlarni tahlil qilishga urinamiz.
Plagiatning qanday turlari bor?
Manbalar bilan tanishsangiz, umuman plagiatning 10 dan ortiq turlari bor ekanligini bilasiz. Biz mahalliy “oʻgʻri”larimizga begona boʻlmagan asosiy turlarni sizlarga eslatamiz:
– Toʻgʻridan-toʻgʻri (klon) plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishni aslidagidek oʻzlashtirib olish;
– Parafrazik plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishga baʼzi oʻzgartirishlar kiritgan holda oʻzlashtirib olish;
– Mozaik (remiks) plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishning muhim elementlarini baʼzi qoʻshimchalar qoʻshgan holda oʻzlashtirib olish;
– Mashup plagiat – bir nechta ilmiy yoki ijodiy ishlarni umumlashtirgan holda oʻzlashtirib olish…
Bu turlar bilan tanishish mobaynida koʻz oldingizga qator oʻgʻriliklar kelgani aniq. Sanamay qoʻyavering, barakasi uchmasin.
Plagiat boʻlmagan ilmiy ish bormi?
Odamlarimiz oʻrganib qolgan va zarracha hijolat boʻlmaydigan oʻgʻriliklar roʻyxati ilmiy ishlardan boshlanadi. Masalan, oliy taʼlim muassasalaridagi final jarayon – bitiruv malakaviy ishlari yoki magistrlik dissertatsiyalari asosan plagiatga asoslangani bugun hech kimga sir emas. Odatda, “shkaflarda chang bosib yotishi” taxmin qilinadigan bu ilmiy ishlar elektron va yozma manbalardagi cheklovsiz iqtiboslarga qurilgan. Koʻpincha “копировать-вставит” operatsiyalarida “сноска” yoki havolalar “behosdan” unutib qoldiriladi.
Hayotiy voqealarga koʻra, bir ilmiy ish bir nechta talabani bitirishi uchun xizmat qilishi ham mumkin. Ilmiy ishlar charxpalagi tepasida turuvchi ilmiy rahbarlar oʻz arxividan unumli “biznes manbai” sifatida foydalanishadi. Har holda klon plagiatning yorqin namunasi desak arziydi.
Musiqa – hatto originalidan yaxshiroq
Ijodiy plagiatlar roʻyxatida musiqa sanʼati alohida oʻrin egallaydi – yaxlit kompozitsiyadan tortib, notalar birligi yoki vokal topilmalarigacha… Musiqiy kliplar borasida gapirmasa ham boʻladi. Hammamizga maʼlumki, bizning oʻzbek xonandalari orasida musiqiy plagiatga qoʻl urganlari talaygina. Asosiysi, ularda oʻgʻrilik borasida aybdorlik hisi yoʻq va aksariyati, ijodiy ishning asl muallifini chetlab oʻtishadi. Masalan, xonanda Bahrom Nazarov ijrosidagi “Uzr, goʻzal” taronasining haqiqiy muallifi eronlik xonanda Navid Zardi hisoblanadi. Lekin Bahrom Nazarov oʻzbek tilida qayta tugʻilgan bu qoʻshiqni muallif ism-sharifisiz platformalarga joylab yuborgan. Qizigʻi, oʻzbek tilidagi qoʻshiq asl variantidan koʻra koʻproq ommalashdi va bugunga qadar YouTube platformasida 33 million marta tomosha qilindi. Navid Zardi ijrosidagi “Xayal” musiqiy videoklipi (asl variant) esa 2,7 million marta koʻrilgan.
.jpg)
Ommalashuv plagiatni oqlamaydi, albatta. Ijod etikasiga amal qilmaydigan xonandalarimiz esa bizni tashvishga soladi. Vaholangki, muallifdan ruxsat olish yoki muallif ism-sharifini koʻrsatish orqali “oʻgʻri” degan nomdan qutulish mumkin. Masalan, xonanda Mahliyo Omon ijrosidagi “Alo” qoʻshigʻining asl muallifi fransuz xonandasi Nej hisoblanadi.

Oʻzbek xonandasi YouTube platformasiga joylagan musiqiy videoklip ostida asl muallifni teg qilgan. Shu orqali, bir ijodkor boshqa bir ijodkorning ijodiga hurmatini bildirgan. Bu ish plagiat emas. Lekin ijodiy ishni oʻgʻirlashdan tortinmaydigan aksariyat xonandalar asl muallifni “tan olishga” jurʼat qilmaydilar.
Kino – oʻgʻirlashni ham “eplay olmayapmiz“
Kino sanʼatidagi son-sanoqsiz oʻgʻriliklar haqida gapirib charchaganmiz. Bu odatlanish tomoshabinlarning milliy kino sohasiga nibatan ishonchini tushirishga xizmat qilgan. Kinofilmlarga oid plagiatlarda yuqorida biz sanagan turlarning deyarli hammasini uchratish mumkin. Yetmaganiga, odamlar orasida “biznikilar hatto eplab oʻgʻirlasholmaydi” degan malomatni ham eshitamiz. Masalan, “Qoyilmaqom juftlik” nomli hind filmidagi bir nechta epizodlar rejissor Azamat Axrorovning “Qaysarginam” filmiga koʻchib oʻtgan. Tabiiyki, havas qiladigan darajada emas. Bu ijodiy “taqlid”ni plagiat deyish mumkin, boisi oʻzbek ijodkori hech qayerda asl film xususida gapirmagan va qandaydir belgi qoldirmagan..jpg)
Rejissor Said Muxtorov esa oʻzining “Rashk” filmini bir qator titr bilan plagiat degan “tamgʻa”dan qutqarib qolgan.
Ha, bu film sujeti Andres Baizning “La cara aculta” nomli asariga asoslangan. Filmning asl varianti ispanlarga tegishli va bizning tomoshabinlar bu filmni “Bunker” nomi bilan tomosha qilishgan. Bu asar asosida turklar “Narigi taraf”, hindlar “Qotillik-3” nomli badiiy filmlar tasvirga olishgan. Quvonarlisi, oʻzbek, turk va hind ijodkorlari asl mualliflarni chetlab oʻtishmagan.

Koʻplab kinoijodkorlar orasida bir tendensiya bor – maʼlum mavzudagi yoki janrdagi filmni tasvirga olishda xorij tajribasiga murojaat qilinadi va joiz boʻlsa, muqobil filmdagi effektiv elementlar oʻzlashtiriladi. Toʻgʻri, muvaffaqiyatli ishlarni oʻrganish foydali, lekin oʻgʻirlash foydali emas.
Kichik janrlar – katta oʻgʻriliklar
Kichik janrlar boʻlishi mumkin, lekin plagiatning kichigi boʻlmaydi. Ijtimoiy roliklar, ijtimoiy tarmoq roliklari va reklama roliklari plagiati boʻyicha ham alohida “faoliyat”ga ega ijodkorlarimiz talaygina. Masalan, xonanda Vohidjon Isoqov yaponlarning “My dad is liar” nomli ijtimoiy rolik sujetini deyarli oʻz holida oʻzining “Ota” klipiga koʻchirib oʻtgan.
Yoki ijtimoiy tarmoqlardagi koʻngilochar videolar “oʻgʻri bozor” boʻlib ketgan. Kimdir video tasvirga oladi va oʻnlab “ijodkorlar” behijolat uni oʻzlashtirib olaveradi. Bir xil mazmundagi videolar telegramda kanaldan kanalga, instagramda sahifadan sahifaga yangi egalari nomi bilan tarqalaveradi. Hech kim bir-biridan oʻpkalamaydi ham.
Reklama roliklarini ishlab chiqarishda ham plagiatga koʻp duch kelish mumkin. Hatto reklama rejissori sifatida katta shuhrat qozongan Sarvar Karimov “repertuar”iga ham plagiat begona emas. Rejissor changyutgich reklamasiga oid muhim intrigani boshqa bir jahon reklamasidan oʻzlashtirgan. Bilgan bilib, oʻzi uchun xulosa qiladi, bilmagan esa olqishlab qolaveradi.
.jpg)
Televideniye – uzumini yeng-u, bogʻini surishtirmang
Dunyo televideniye dasturlarini oʻzaro solishtirsangiz, bir-birini aynan takrorlashiga guvoh boʻlasiz. Ayniqsa, tonggi dasturlar, informatsion dasturlar va ijtimoiy tok-shoular deyarli bir-biriga yaqin strukturada ishlashadi, qay biri originali-yu, qay biri oʻzlashtirganini bilmay qolasiz. Shuningdek, bugungi qaysidir omadli loyihani dunyo telekanallari birin-ketin oʻzlariga moslab oladigan boʻlishgan. Bu harakat shu qadar odatiy holga aylanganidan kimdir kimdandir hijolat ham tortmaydi. Tomoshabinlar ham gapirib-gapirib maroq bilan tomosha qilaverishadi.
Masalan, oʻzbek telekanallari orqali efirga uzatilgan “Kim ekan?” va “Oʻgʻirlangan niqob” loyihalari aslida xalqaro loyiha ekanligi hammaga maʼlum. Bugungi kunda oʻnlab davlatlar telekanalida bu loyihani koʻrish mumkin. Manbalarga koʻra, bu loyiha “The King of Mask Singer” nomi bilan ilk marotaba Janubiy Koreyada 2015-yil efirga uzatilgan. Shundan keyin 2019-yil Amerikada “The Masked Singer” nomi bilan, 2020-yil Rossiyada “Маска” nomi bilan, 2022-yil Turkiyada “Kimsin Sen?” nomi bilan tomoshabinlarga havola etilgan.

Aynan 2022-yilda oʻzbek telekanallarida ham mashhur musiqiy loyihaning yangi talqinlari paydo boʻldi. Mualliflik huquqlarini hurmat qilgan Amerika, Rossiya va Turkiya televideniyelari qaysi loyihadan “andoza” olishganini dasturning wikipedia sahifasida hamda videoplatformalarda qayd etib qoʻyishgan. Lekin shu oddiy etika qoidasiga ham amal qilishni oʻziga ep koʻrmaydigan “Kim ekan?” va “Oʻgʻirlangan niqob” loyihalari ijodkorlari na TV dasturda, na videoplatformalarda asl mualliflar haqida yozib qoldirishmagan.
.jpg)
Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Zakovat” teleoʻyini Rossiyaning “Что? Где? Когда?” nomli loyihasining oʻzbekcha analogi hisoblanadi. “Zakovat” uzoq yillar davomida dasturdan soʻng, asl versiya nomini titr orqali berib borgan. Loyiha muallifi va boshlovchisi Abdurasul Abdullayev oʻzining “Daqiqa qadri” kitobida ham bu haqida batafsil gapirib bergan. Oʻylaymizki, bu orqali “Zakovat”ning obroʻsi tushib qolmagan. Shunday ekan, bugungi kun ijodkorlari ham maʼlum dasturni oʻzlashtirayotganida haqiqiy mualliflarni eʼtibordan chetda qoldirishmasa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Har holda, oʻzlashtirilgan ijod borasida “uzumini yeng-u, bogʻini surishtirmang” deyish yaramaydi.
Plagiat – qonunchilikka koʻra…
Qonunda plagiat tushunchasi mualliflik huquqining buzilishiga olib keladi, bu boshqa birovning asarini xuddi oʻzinikidek yoki asl nusxasida taqdim etishdan iborat boʻlib, bu xatti-harakat uchun albatta qonuniy jazo choralari qoʻllaniladi. Bu borada «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi qonun bilan batafsil tanishib chiqishni tavsiya qilamiz. Qonunga koʻra, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlanishi mumkin. Xalqaro plagiat oqibatlari esa aslida bundan ham ogʻir boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaslik kerak. Mualliflik huquqi buzilgan ijodkorlar esa uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qilishi mumkin.
«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi qonunning 62-moddasida huquqbuzarliklarning keng roʻyxati keltirilgan, ammo u toʻliq emas.
Chunki huquqbuzarlar zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda oʻzlashtirishning yangidan-yangi yoʻllarini topishmoqda.
Keyingi maqolalarda mualliflik huquqining buzilishi bilan bogʻliq boshqa holatlar xususida maʼlumot berishga harakat qilamiz. Hozircha esa plagiarizm va uning ishtirokchisiga aylanishdan ehtiyot boʻlish haqida fikr yuriting.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz