Prezidentimiz Oʻzbekiston yoshlari forumidagi nutqida “Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz yoshlar tarbiyasi boʻyicha oʻzimizga xos va taʼsirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzgʻunchi va zararli gʻoyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, maʼnaviy qashshoqlik, isteʼmolchilik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etishda barchamiz, avvalo, siz, aziz yoshlar faol boʻlishingiz kerak”, deb taʼkidlagan edi.

Bu gaplar bejiz aytilmadi. Bugungi kun yoshlarini yoʻldan uradigan zararli gʻoyalar koʻpayib, axborot koʻlami va tarqalish tezligi oshgan davrda ularga qarshi kurashish yanada murakkab boʻlib bormoqda.

Baʼzan Gʻarb, baʼzan Sharqdan kirib kelayotgan, haqiqiy madaniyatga aloqasi kam, “Ommaviy madaniyat” atalmish madaniyatsizlikka targʻib etuvchi “yangi tushunchalar” aksar hollarda yoshlarimizni bir tusga, bir qolipga, bir xil koʻrinishga keltirib, bir xil fikrlashga, bir xil turmush tarziga odatlantirmoqda. Ular yoshlarni urf-odatlarimiz, mentalitetimizdan yuz oʻgirtirishga, ota-bobolarimiz “qora” degan narsalarni “oq”, “oq”ni “qora” deb oʻrgatishga harakat qilmoqda. Afsuski, koʻp hollarda “ommaviy madaniyat”ning zararli taʼsiriga ayrim ota-onalar ham, tarbiyachilar ham qarshi tura olmayapti. Birniki mingga deganlaridek, bu taʼsir butun jamiyatimiz uchun xatarli boʻlib, u bir kunda oʻzining qiyofasini namoyon qilmaydi, bir kunda asoratini koʻrsatmaydi. Balki yillar davomida maʼnaviyatimizni, madaniyatimizni yemirib boradi. Qadriyatlarimizni pisand qilmaydigan, gʻarb anʼanalari va hayot tarziga koʻr-koʻrona taqlid qiluvchilar soni ortib boradi.

Hind xalqining buyuk farzandi Mahatma Gandiga “Globallashuv jarayoniga Sizning munosabatingiz qanday?” deb, savol bilan murojaat qilishganda, u shunday javob qaytargan: “Men tashqaridagi boʻrondan qoʻrqib, derazamni yopib qoʻya olmayman, chunki menga toza havo kerak. Shu bilan birga, toza havo kerak ekan deb derazamni katta ochib ham qoʻya olmayman, chunki uyimni chang-toʻzon bosib ketishini xohlamayman”. Gandining aytgan “chang-toʻzon”lardan biri “ommaviy madaniyatdir”.

Ushbu “madaniyat” targʻib va talqin qilayotgan qarashlarning tag zamirida quyidagi omillar mavjud:

Isrofgarchilik – boylik, toʻkin-sochinlik, hashamat, dabdaba belgisi;

Yoshlik – lazzatlanib, rohatlanib, oʻynab, kulib, har xil beboshlik, bemaʼnigarchilik, nomaqbulchiliklar qilib qoladigan va qilinishi kerak boʻlgan vaqt;

Vafo, sadoqat – oʻtmish zamonlardan qolgan, umuman qizigʻi, keragi, foydasi yoʻq eskilik sarqitlari;

Hayo, ibo – oʻz huquqini bilmaslik, ortiqcha tortinchoqlik, keragi yoʻq mavhum tushunchalar;

Yaxshi ota – bola qoʻliga istagancha pul berib qoʻyib, barcha xohish-istaklarini roʻyobga chiqaradigan, ulkan imkoniyatlar yaratib bergan yaxshi sherik;

Oila – shaxsga xohlagan ishini qilishga toʻsqinlik qiluvchi, bemaʼni, keraksiz majburiyatlar yuklovchi, koʻngilxushliklarini, kayf-safosini, erkinligini boʻgʻuvchi, besh kunlik dunyoda yayrab, oʻynab qolish kerak, degan aqidaga gʻov boʻluvchi iskanja, zanjir;

Xiyonat – inson zamonaviyligining yorqin namoyandasi, “zanjirband” boʻlgan insonga yetishmoq, ozod sevgi tantanasi, gʻalabasi;

Xudbinlik – oʻzining huzur halovatini oʻylab, mazza qilib oʻzi uchun yashashdir. “Zanjirband” qiluvchi oila, rohatni buzuvchi farzand, keragi boʻlmay qolgan ota-ona uchun umuman qaygʻurmaslik.

Bu omillar inson hayotiga zeb bermaydi, aksincha, uni izdan chiqarishga xizmat qiladi. Bu kabi illatlar bizning xalqimiz mentalitetiga zid, ota bobolarimizdan meros sharqona tarbiyamizga dushman boʻlgan qarashlardir.

“Ommaviy madaniyat” oʻzi nima” degan savolga, bu hamma uchun bir xil koʻrinishdagi, bir xil qolipdagi, oʻzini, oʻzligini yoʻqotish evaziga erishilgan bir holatdir, deyish mumkin.

“Ommaviy madaniyat”ning baʼzi bir koʻrinishlariga toʻxtalib oʻtamiz:

Starizm – subyektiv ehtiroslarga berilgan holda, estrada artistlari, aktyorlar, sportchilar, mashhur insonlar, televideniye va radio boshlovchilarini ilohiylashtirish.

Badanga turli xil shakllarni chizish va chizdirish. Bu kabi amallar milliy oʻzligimiz va urf-odatlarimizga ham mutlaqo toʻgʻri kelmasligini yoshi kattalar muntazam takrorlashadi. Tarixiy kitoblarda yozilishicha, tatuirovka ashaddiy jinoyatchilar uchun jazo vositasi hisoblangan. Na oʻzligimizga va na dinimizga toʻgʻri keladigan, iymonimiz, jismimizga zarar keltirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bunday manfur amaldan biz oʻzimizni va eng asosiysi, farzandlarimizni asrashimiz kerakligini davrning oʻzi taqozo etib turibdi.

Zoʻravonlik – bu insonga yetkaziladigan har qanday jismoniy, maʼnaviy, ruhiy, moddiy tazyiqlar sirasidan joy oladi. Jumladan, oʻziga nisbatan tazyiq oʻtkazish ham zoʻravonlik sanaladi. Bunday holatlar hozirgi kunda keng avj olib bormoqda. Uning namoyishlari ham turlicha boʻlib, bular:

Xeppining (vahshiyona “koʻngil ochish”lar). Bu kabi voqealar bizning mamlakatimizda deyarli kuzatilmaydi. Lekin “ommaviy madaniyat”ning mahsuli boʻlgan film va oʻyinlarning sarhadlarimizdan yashirinib, sezdirmay kirib kelishi va ularning yosh avlod tomonidan qabul qilinishi tufayli Vatanimizda ham xeppining paydo boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ogoh boʻlishimiz darkor.

Nigilizm lotincha “hech nima”, “hech narsa” soʻzidan olingan. Nigilizm – jamiyatning axloqiy, maʼnaviy meʼyor va ustunlari, umumeʼtirof etilgan tarixiy va madaniy qadriyatlarning inkor etilishi, shuningdek, ularga nisbatan mutlaqo salbiy, oʻta tanqidiy munosabatda boʻlish; muayyan hodisaga bir yoqlama, kelishuvni rad etgan tarzda munosabat bildirish; buzgʻunchilik gʻoyalarini oʻzida ifodalash va targʻib qilish.

Dunyo haqidagi ishonchli bilimlarga erishish mumkinligini shubha ostiga oluvchi taʼlimotlardan yana biri skeptitsizmdir. U bilim, tajribadan koʻra, hissiy idrokni ustun qoʻyish va shu asosda ish tutish, yaʼni oʻz his-tuygʻulari asosida ish koʻrishni eng maqbul yoʻl deb bilishdir.

Vandalizm – madaniy yodgorliklarni, qadriyatlarni vahshiylarcha vayron, oyoq osti qilish, yoʻqotish; madaniyatsizlik, jaholat, nodonlikning bir koʻrinishi.

“Ommaviy madaniyat”ning tarqalish manbalari:

Turli virtual (kompyuter) oʻyinlar, saviyasiz filmlar, tuturiqsiz, maʼno-mazmunsiz qoʻshiqlar, telekoʻrsatuvlar, internet va turli ijtimoiy tarmoqlar, uyali aloqa vositalari, sariq matbuot va hokazo;

Prezidentimiz bu kabi xavf-xatarlardan yoshlarimizni himoya qilishni nazarda tutib, “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Bundan buyon barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga qarab baho beriladi”, degan edi.

Mamlakatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan aytgan bu gaplari zamirida juda katta hayotiy haqiqat mavjud. Buni har inson, har bir ziyoli teran anglashi kerak. Bu bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

Xudoyqul MULKAMONOV

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Niqobdagi madaniyat” maqolasi