Tilimizda oʻzimiz aks etamiz, shunday ekan, agar siz nozik fikrlarni
aniq ifodalash uchun tilimiz nihoyatda kambagʻallik qiladi deydigan boʻlsangiz, ochigʻini ayting: bundan koʻra hammamiz bitta qolmay qirilib ketganimiz yaxshi emasmi?
Mahatma GANDI
Qadimgi Misr mifologiyasida Osiris nomli qudratli shoh nomi tilga olinadi. Afsonaga koʻra Osiris xalqiga dehqonchilikni oʻrgatib, xat-savodini chiqargan. Ammo keyinchalik u oʻz ukasi tomonidan xiyonatkorona oʻldiriladi va jasadi maydalanib, Misrning turli tomonlariga sochib yuboriladi. Bundan koʻzlangan maqsad hukmdorning nomi ham, shoni ham davr toʻzonlari ichra toʻzib, yoʻq boʻlib ketishi edi. Biroq sadoqatli xotini Izida erining tirilishidan umid uzmaydi. Qayiqda Nil daryosi boʻylab suzib, hukmdor jasadining har bitta parchasini axtarib topadi. Keyin ularni bir butun vujudga qovushtiradi, natijada Osirisga abadiy hayot baxsh etadi...
Yaxshilab eʼtibor bersak, mazkur qadimiy rivoyatda oʻlimning ancha tugal taʼrifi yashirin. Darhaqiqat, oʻlim – boʻlinish, sochilish, butunning boʻlaklarga ajralib, bir-biri bilan aloqasini yoʻqotishidir. Harqalay, dunyoda tillar oʻlimi aynan shunday roʻy beradi. Ha, u birdaniga yoʻqolmaydi. Avval shevalar, lahjalar, unutilayotgan soʻzlarga boʻlinib, parchalanadi. Soʻng har parcha oʻz-oʻzidan, yolgʻiz holda soʻnadi – chunki ularni birlashtiruvchi, bir butunga yigʻuvchi kuch qolmagan boʻladi.
Tilshunoslar bashorat qiladiki, bugun sayyoramizdagi taxminan yetti mingga yaqin tilning qariyb yarmi asrimiz oxiriga borib xuddi shu tarzda butunlay unutilishi mumkin. Ongimiz yuzasiga oʻz-oʻzidan iztirobli savollar qalqib chiqadi. Xoʻsh, unda sadoqatli Izidaning vazifasini kim bajara oladi? Kim maʼlum xalqning sochilib ketgan soʻzlari, unutilayotgan iboralari, esdan chiqayotgan ohanglarini birma-bir topib, bir vujudga birlashtiradi? Davlat siyosatimi, maktab darsligimi, fanmi, ommaviy axborot vositalarimi?..
Sanab oʻtganlarimiz ham, shubhasiz, muhim. Lekin yaxshilab oʻylab qarasak, bir haqiqat ayon boʻladi. Davlat tilni muhofaza yo targʻib qilishi, maktab taʼlim berishi yo oʻrgatishi, fan esa tasniflashi yo lugʻatlarga ajratishi mumkin. Biroq tilni sevdirish, unga tabiiy hayot bagʻishlash masalasida bularning oʻzi kamlik qiladi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarga kelsak, menga rosti ular baʼzan bu borada yordam bergandan koʻra toʻsiqqa aylanib borayotgandek tuyuladi.
Hamon oʻsha savol ochiq. Kim Izidaning vazifasini uddalaydi? Bunday kuch bormi?.. Keling, javobni moziydan izlab koʻramiz.
Oʻrta asrlarning soʻnggi bosqichi. Italiyada fan, din, davlat siyosatiga oid barcha yozishmalar qadimgi Rimdan meros tilda olib borilardi. Zodagonlar va boshqa savodli kishilar Italiyaning jonli tilini qoʻpol, rangsiz sanashar, ayniqsa sanʼat uchun u mutlaqo yaroqsiz deb hisoblashardi. Shunday bir paytda, aniqrogʻi 1320-yillarda Dante Aligyeri oʻzining “Ilohiy komediya”sini oʻsha kamsitilgan va taraqqiyot tobora siqib chiqarayotgan shevada yozib, butun Yevropani hayratga soladi. Asar shu qadar taʼsirli chiqadiki, unda aks etgan toskana shevasi asta-sekin butun Italiyaning adabiy tiliga aylanadi. Agar bir doston bir xalqning tiliga beshik boʻldi deyish mumkin boʻlsa, bu iborani aynan “Ilohiy komediya”ga nisbatan qoʻllash zarur. Keyinchalik qaysidir maʼnoda Dantening izdoshlari hisoblangan Petrarka, Bokkachcholar toskana shevasi nufuzini yanada oshirib, uni oddiy xalq va zodagonlar orasida birday ommalashtirib yuboradi.
Aslida savolimizga uzoqdan javob izlab nima qildik. Xuddi shu vazifani hamma zamonlarning ulug‘ shoiri, oʻzimizning hazrat Navoiy ham bir vaqtlar oʻz asarlari bilan bajarmaganmidi?
Koʻplab manbalar orqali maʼlumki, XV asr oxirida turkiy xalqlar orasida fors tilida ijod qilish urf boʻlib, turkiyda goʻzal sheʼr-u gʻazallar yaratish imkoni yoʻq deb hisoblanardi. Ammo Navoiyning hali yoshlik davrlaridayoq yozgan gʻazallarining katta qismi turkiyda bitilgan edi. Bu gʻazallar 1465–1466-yillarda muxlislari tomonidan toʻplam holiga keltirilgan. Mazkur kitobni navoiyshunoslar “Ilk devon” nomi bilan yuritadi. Keyinroq bu gʻazallar shoirning “Xazoyinul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”) deb nomlangan toʻrt jildlik devoniga asos boʻladi.
Ulug‘ Navoiy oʻzining 52 ming misradan iborat buyuk “Xamsa” dostonini ham sof turkiyda bitadi. Va shu bilan turkiy tilning nufuzini hech kim daxl qilolmaydigan darajada mustahkamlab qoʻyadi. Albatta, sheʼriyat mulkining sultoni faqat turkiy tilda ijod qilishning oʻzi bilan cheklanmagan. U “Muhokamatul-lugʻatayn” asarida turkiy til soʻz boyligi va ifoda imkoniyati jihatidan fors tilidan aslo qolishmasligini, balki koʻplab maʼnodosh soʻzlar borasida ustunligini ilmiy isbotlab berganki, bu ham mavzumizga bevosita daxldor dalil.
Shunga oʻxshash holatni yaqin tarixda rus adabiyoti misolida ham koʻrish mumkin.
Tarixiy jarayonlar sabab Rossiyada hatto XIX asrga kelib ham barcha rasmiy va oliy toifadagi munosabatlar fransuz tilida kechar, rus tili uy tili hisoblanardi. Moddiy imkoniyati yetarli boʻlgan oilalar farzandlari uchun fransuz tarbiyachi yollashar, shu tilda bolalar til, odob, muomala madaniyatidan saboq olardi. Natijada dvoryanlar oilasida oʻsgan koʻplab oʻspirinlar oʻz ona tilidan koʻra fransuz tilida yaxshiroq gaplashardi. Rus tilida gaplashish qoloqlik va madaniyatsizlik belgisi hisoblangani uchun bundan hech kim ogʻrinmasdi. Qaytanga faxr etardi. Shunday bir paytda rus adabiyoti osmonida Aleksandr Pushkin otli porloq yulduz paydo boʻlib, sheʼrlari, dostonlari, nasriy asarlari vositasida rus tilining badiiy jozibasini katta mahorat bilan koʻrsata oldi. Oqibatda rus tiliga munosabat ham tubdan oʻzgarib ketdi. Shu sabab Rossiyada “Pushkin hozirgi rus adabiy tilining meʼmori” degan ibora bor.
Maqolamizning ayni qismigacha siz bilan adabiyotning eʼtibordan chetda qolayotgan tilni ulugʻlashi borasida gaplashdik. Biroq adabiyot shunday moʻjizaviy kuch ekanki, u baʼzida batamom unutilgan bir tilni ham qayta ommalashtira olarkan.
XIX asr boshida Finlandiya Rossiya tarkibidagi muxtor knyazlik boʻlib, shved tili bu oʻlkada rasmiy til hisoblanardi. Fin tili esa turli shevalarga boʻlinib ketgan, adabiy shaklini yoʻqotgan, dehqon oilalarining kichik guruhlari orasida soʻnggi nafasini olayotgan xasta edi. Shunda finlandiyalik shifokor va adib Elias Lyonnrot yigirma yil davomida Kareliya oʻrmonlarini kezib, xalq orasidagi qadimiy epik qoʻshiqlarni toʻplaydi va ularni yagona syujetga birlashtirib, 1835-yilda “Kalevala” dostonini nashr ettiradi. Unutilgan milliy til va qahramonlar dastlab ziyolilarni, keyin ommani chuqur hayajonga soladi. Soʻng doston fin tilining adabiy tilga aylanish jarayonini boshlab beradi va milliy uygʻonishga – pirovardida, 1917-yildagi mustaqillikka maʼnaviy zamin hozirlaydi. Ruslar Pushkinni rus adabiy tili meʼmori deb atashganidek, hozir finlar “Kalevala” dostonini fin tilining rasmiy guvohnomasi deydilar.
Ammo juda kam holatlarda ayrim murakkab hodisalar roʻy berishi mumkinki, adabiyot hamma vaqt ham tilni muloqot maydonida saqlab qola olmas ekan. Bunday vaziyatlarda u bundan-da teran, bundan-da sirli moʻjiza koʻrsatarkan. Masalan, hozir lotin tilini oʻz ona tili sifatida koʻradigan birorta xalq yoʻq. Biroq sitseron, Vergiliy, Ovidiy, Horatsiy, Seneka kabi adiblar qoldirgan adabiy meroslarda bu oʻlik tilda yaratilgan asarlar, undan olingan misollar, iqtiboslar shu qadar koʻp va mukammalligi bois bugun maktab partasida oʻtirgan har qanday oʻspirin qachondir lotin tili degan muhtasham til boʻlganini, unda buyuk asarlar yaratilganini yaxshi biladi.
Qisqasi, yuqoridagiga oʻxshash misollarni oʻnlab keltirsa boʻladi. Lekin ulardan chiqaradigan xulosamiz yagonaligicha qolaveradi. Yaʼni, faqat muomaladagina mavjud har qanday tilga faqatgina kitob, xususan, adabiyot hayot bagʻishlamas ekan, u unutilish xavfidan xoli emas, bunda xalqning shu tildagi jonli muloqotining saviyasi va oʻz tiliga munosabati ham juda muhim. Aslida shu sababga koʻra qadimgi doston, matal va rivoyatlar til va millat kuyunchaklari tomonidan toʻxtovsiz yozib boriladi. Chunki koʻhna dostonlar, qoʻshiq va matallar nafaqat dilimizni toza saqlash, balki tilimizni, madaniyatimizni sof saqlash uchun ham juda zarur. Jumladan, taniqli shoir Hamid Olimjon va atoqli folklorshunos olim Hodi Zarif tomonidan yozib olinib, ilk bor 1938-yilda yaxlit kitob holida chop etilgan “Alpomish” dostonini mutolaa qilar ekan, bugungi kun oʻquvchisi ota-bobolarining dunyoqarashi bir necha asr ilgari qanday boʻlganini anglash barobarida, qanday gaplashganidan ham boxabar boʻladi. Oʻzbek tilining arxaik qatlamlarini, boy ifoda imkoniyatini oʻzlashtiradi. Zero, yuqorida tilga olganimiz hazrat Navoiydan keyin XX asr boshlarida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Elbek, Botu, Ashurali Zohiriy kabi jadidlar bekorga oʻzbek tilining sofligi, taraqqiysi uchun kurashmaganlar. Ular til tarbiyasi – millat tarbiyasi ekanini teran anglashgan. Shu oʻrinda aytish lozimki, Qodiriy boboning ona tilimiz xirmoniga qoʻshgan hissasi beqiyosdir.
Afsuslar boʻlsin, raqamli texnologiyalar asri har bir xalq tiliga yangi, ayni paytda oʻziga xos sinov yuklamoqda. Internet – toʻrtarmoq aro kezib yurmish inkubatordan chiqqanday bir xil matnlar, qisqa xabarlar, ayniqsa turli ramz va tuygʻu ishora-belgilari insonning soʻzga ehtiyojini tobora toraytib borayotgandek... Bir vaqtlar inson oʻz tuygʻusini ifodalash uchun oʻnlab qiyos, ohangdor jumlalar qidirgan boʻlsa, bugun 😰 qabilidagi birgina belgi qaygʻuning, armonning, sogʻinchning, nadomatning... oʻrnini bosayapti. Rost, bu belgi qulay, tezkor, tildan tilga tarjima qilishga muhtoj emas. Lekin ayni shu qulaylik ortida katta bir yoʻqotish yashirin: u sezdirmasdan tuygʻuning yuzlab tovlanishlarini, qirralarini unutishimizga sabab boʻlayotir.
Ingliz yozuvchisi Jorj Oruellning “1984” romanida qiziq bir jarayon tasvirlangan. Romanda “Yangi til” degan xayoliy tizimga asosan hukumat ataylab odamlarning soʻz boyligini yildan yilga qisqartirib boradi. Sababi oddiy. Agar odamning ongida bir tushunchani ifodalovchi soʻz boʻlmasa, u oʻsha tushuncha haqida chuqur oʻylay olmaydi. Bora-bora unutadi. Oqibatda til bilan birga uning tafakkuri ham qashshoqlashadi. Ichki dunyosi boʻm-boʻsh, tafakkuri qashshoq odamni esa boshqarishdan osoni yoʻq. U oʻzining azob-uqubatlari manbayini tushunmaydi. Berilgan narsani yeydi, aytilgan ishni bajaradi, hech qachon hech narsadan norozi boʻlmaydi...
Tilshunoslarning kuzatishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi oʻrtacha xabar uzunligi yildan yilga qisqarib bormoqda. Murakkab gap tuzilmalari sodda, ixcham jumlalarga oʻrnini boʻshatib berayapti. Ayniqsa yoshlar orasida fikrni imkon qadar qisqa, yuzaki ifoda etish urf boʻlayapti. Bu yerda gap qisqalikning oʻzida emas. Gap qisqalikka teranlikdan voz kechish evaziga erishilayotganida. “Ok”, “Wauv” kabi tayyor iboralar tufayli tilining shakli oʻzgarayotganiga ham, boʻtqaga aylanib borayotganiga ham befarq bir jamiyat shakllanayotganida. Vaholanki, Eshqobil Shukurning “Bobosoʻz izidan” kitobida qushuyqu va qishuyqu soʻzlari keltirilgan. U yerda ham gapni qisqa ifodalashga intilishni koʻrasiz. Biroq u koʻr-koʻrona isteʼmolchilik evaziga emas, kuzatuvchanlik, dunyoni obrazli koʻrish evaziga hosil qilingan. Masalan, inson “qishuyqu” deyish uchun avvalo izgʻirin va uzoq qish faslini, soʻng qaysi bir gʻor yoki gʻovakda mudrab yotgan ilon, ayiq kabi mavjudotlarning holatini koʻz oldiga keltirishi, uning uyqu holatini boshqa uyqu holatlari bilan taqqoslashi, keyin ushbu manzarani miyasida qayta ishlashi zarur. Mazkur holat, taʼbir joiz boʻlsa, choʻqqidan pastga razm solib, soʻng koʻrganlarini bitta jumlaga sigʻdirishga oʻxshaydi. Yaʼni, bu asrlar davomida pishib yetilgan, xotiraning ming bir puchmoqlaridan ungan qisqalik. “Ok” esa boʻshliqdan, fikrsizlikdan, tasavvur torligidan ungan qisqalikdir.
Darhaqiqat, gap raqamli texnologiyalar asriga oʻz-oʻzidan bogʻlanmadi. Bugun dunyo tillarining boʻlaklanishi, sochilishi, bir-biri bilan qorishishi har doimgidan ham jadallab ketdi. Dunyoning maʼnaviy silkinishlariga nazar solsangiz, tilning parokandaligi millat degan azim vujudni ham hech kimga sezdirmay parmalab boraverishiga guvoh boʻlasiz. Natijada ulkan madaniyat, katta sivilizatsiyalar oʻz-oʻzidan yemirilib boradi. Shunda oʻylab qolasan kishi. Balki bugungi davrimiz adabiyotning zimmasiga oldingi davrlardagidan ham ogʻirroq vazifalarni yuklayotgandir? Zotan, gap boshidan beri asoslashga tirishganimizdek, bu borada adabiyot eng asosiy tayanch, eng asosiy qurol, ayni paytda mangu metin qoʻrgʻon. Faqat ugina sochilib, qashshoqlashib borayotgan tilni yigʻish, boyitish, teranlashtirish, asrash vazifasini mukammal bajara oladi. U yuksalishda, rivojlanishda davom etar ekan, millat ham, millatning birlamchi belgisi sanalmish til ham hukmdor Osirisday abadiy hayot kechiradi.
Bayram ALI
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.
“Tilning mangu qoʻrgʻoni” maqolasi