Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi mazkur mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini yangi tartib boʻyicha ogohlantirdi.

Unga koʻra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga kirishi boʻyicha quyidagi yangilangan tartib joriy etiladi:

- Vizani oldindan rasmiylashtirish. Oʻzbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan olishlari shart.

- Turistik safarlarni tashkil etish. Turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etiladi.

- Yoshga oid talablar va moliyaviy kafolatlar. 40 yoshgacha boʻlgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila aʼzolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSh dollari miqdorida naqd mablagʻ mavjud boʻlishi talab etiladi. 40 yoshdan yuqori boʻlgan mustaqil sayohat qiluvchilar kamida 3000 AQSh dollari miqdorida naqd moliyaviy mablagʻga ega boʻlishlari lozim.

Misrga kirish chogʻida quyidagi hujjat va maʼlumotlar taqdim etilishi shart:

- mehmonxona bron qilinganligini tasdiqlovchi hujjat;

- mobil aloqa maʼlumotlari;

- yetarli moliyaviy taʼminot tasdigʻi.

Misr hududida boʻlish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish boʻyicha murojaatlar qabul qilinmaydi. Zarur hujjatlarni toʻliq taqdim etmagan shaxslar mamlakatga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarilishi mumkin.

Oʻzbekistonning Qohira shahridagi Elchixonasi fuqarolardan Misrga safarlarni rejalashtirishda ushbu maʼlumotlarni inobatga olishlarini soʻragan.