Globallashuv dunyoni ham, odamlarni ham keskin oʻzgartirib yuboryapti. Goho zamondan orqada qolib ketdimmikan degan xavotirli oʻylarga borib qolaman. Shunda qadriyatlar, anʼanalar, yashashdagi mezonlarning avval va hozir qandayligi haqida oʻylab qolaman. Masalan, odamga yashashi uchun nimalar kerakligi yoki odamning yashashiga nimalar halal berishi  haqida  fikr qilaman.

Oldinlari odamlar bir-birining yoniga shunchaki, ishi boʻlmasa ham  gurunglashish uchun boraverardi.  Hozir gurungga vaqt yoʻq. Ishi boʻlmasa, birov-birovga qoʻngʻiroq qilishi  ham amrimahol.

Oldinlari odamlarning toʻqson toʻqqiz foizida yigʻindi  pul boʻlmasdi. Lekin qoʻrqmay yashayverardi. Hozir oddiy mardikorning ham ozmi-koʻpmi yiqqan-tergani bor.  Agar yoʻq boʻlsa, halovati ham yoʻq.

Oldinlari kimdir rahbar boʻlib tayinlansa,  oʻsha kishini tanigan-tanimagan odamlar  gʻoyibona  “Juda yaxshi, xalqparvar odam ekan deyishayapti.  Xudo nazar qilgan kishi ekan-da. Boʻlmasa katta boʻlarmidi?”  deb yaxshi gumon qilishar edi. Hozir esa endi ish boshlayotgan rahbarning yomon jihatini topishga urinish urfga kirib boryapti.

Oldinlari bir kishi kim bilandir koʻrishishi kerak boʻlsa, u bilan bir oy oldin ahdlashib qoʻysa bas, oʻsha manzilga aytilgan vaqtda borar edi. Hozir telefonda yuz marta kelishilgandan keyin ham biror narsa toʻgʻri kelmay qolib vaʼdalar buzilayapti.

Oldin qishdan bir juft poyabzal, bitta qalin kiyim bilan, yozdan ham oddiy satin yo chit koʻylak bilan oʻtaverishardi. Hozir qishning qorli kunlari uchun, quyoshli kunlari uchun, shamolli fursat uchun alohida-alohida, bosh-oyoq liboslar boʻlmasa, koʻngil joyiga tushmaydi. Bahor va yozni ham shunday kutib olib, shunday kuzatadilar. Imom Buxoriyday zotning bir juft libosi boʻlgan ekan, agar uni yuvishga bersa, boshqa koʻchalik libosi yoʻq ekan. Lekin u Imom Buxoriy boʻlgan ekan. Bilmadim, kimniki toʻgʻri…

Oldinlari uch-toʻrt xonali bir uyga ikkita kelin tushirib olishar va yangi qoʻshilgan ikki oila ota oilasi bilan birga yillar davomida ahil yashab, farzandlar koʻrib yuraverishardi. Bu uyga mehmon ham kelar edi. Hozir yangi kelinga yangi uy boʻlmasa boʻlmayapti. Uning uyida yotoq, sep-u jihozlar turadigan xona, alohida hammom, alohida oshxona, xullas, alohida hayot boʻlishi kerak. Boʻlmasa muammo chiqyapti.

Oldinlari qishloqlarda odamlar devorni oqlabgina qoʻyishardi. Uy shiftida toʻsinlar koʻrinib turardi. Uy ahli oʻtiradigan xonalar devori qishloqlarda hatto loysuvoq boʻlardi. Lekin bu uylarga mehmon koʻp kelardi. Hozir Ramziddin ismli, umrining koʻp qismi shaharda ustachilik qilib oʻtayotgan kishi uyning mehmonxonasini rosa 100 million soʻmga pardozlab bezab chiqibdi. Lekin bunday uylarda mehmon yoʻq.

Oldinlar farzandlarga “Bolam olim boʻlsin, elga nafi tegadigan katta inson boʻlsin!” deb duo qilishardi. Hozir yolgʻiz oʻgʻlidan boshqa kishisi yoʻq beva ayol ham “Bolam puldor boʻlsin, prokuror boʻlsin!” deb niyat qiladi.

Oldinlari muallimlar bolani urishsa, ota-onasi ham muallimni yoqlab, farzandiga tanbeh berar, hatto tarsaki ham tushirardi. “Muallim xato gapirmaydi, toʻgʻri qilibdi” deyishar va “Ustozning urgan joyi qiyomatda kuymasmish”, deya matal ham aytib qoʻyardilar. Hozir esa biror muallim farzandlarimizni urishib qoʻysa, uni sudga berishgacha boryapmiz.

Oldinlari bolalar mahalla koʻchasida tamaki chekmasdi. Atrofdagi odamlar yuzxotir qilardi, aniqrogʻi, qoʻrqar, hayiqardi. Hozir bola oʻz mahallasida chekish va ichishni oʻrganishi mumkin. Bunga parvo qilishmayapti. Ha desang, demokratiya deydi.

Oldinlari ilmi bor kishilar namozini uyda oʻqirdi, hayit namozlarini ham koʻpchilik boʻlib mullaning yoki biror oʻziga toʻqroq kishining hovlisida ado etishardi. Sirayam ekstremistik ruhdagi diniy sektalar yoʻq edi. Hozir masjidlar ochiq, turli shakldagi diniy targʻibot dasturlari ishlab turibdi. Har bir jamoat ibodatlari musulmonlarning xavfsizligi uchun militsiya inspektorlari, salomatligi esa tibbiyot xodimlari shayligida nazoratga olingan. Ammo dinni niqob qilib olgan guruhlar mavjud. Oldinlar Alloh taologa oddiygina uyda oʻtirib tashviqotsiz ham qattiq ishonishardi. Hozir esa ming bir tashviqotdan soʻng ham ikkilanishayotganday.

Oldinlari odamlarning soni kam edi, orzular katta va koʻp edi. Hozir esa aholi koʻp, ammo orzular maydalashib qoldi.

Oldin yerga ekiladigan qovun-tarvuzlarga hech kim kimyoviy oʻgʻit bermasdi. Poliz ekinlari boʻlganicha boʻlib, gʻarq pishib yotaverar, kimdir palagiga dori sepsa, u sotsa kerak-da, dori beryapti deyishardi. Hozir palak ekkan kishi yerga urug‘ qadamay turib dori sepishni boshlaydi, to pishguncha. Ammo hosil avvalgidek emas. Hatto Chiroqchining lalmi dashtlarida yetilayotgan bugʻdoy ham oʻgʻit sepilmasa oʻsmay, rivoj qilmay turaveradi.

Oldinlari koʻchada birovning mashinasi buzilib, egasi shu yerlik kishilarga tayinlab, ulovni qoldirib ketsa, bir yil boʻlsa ham oʻsha ulovga hech kim teginmasdi. “Omonat!” deyilardi bu. Hozir garajda turgan mashinaning ham u yer-bu yerini yechib ketishyapti.

Odamlar oldinlari oʻzlariga kerak narsani olishardi. Hozir umuman keraksiz narsalarga oʻch boʻlib ketishdi.

Oldinlari yashash uchun yashardilar. Hozir pul topish uchun ishlashyapti. Yashash urfdan qolyapti.

Bilmadim, oʻzimni zamondan orqada qolganmanmi deb oʻylayman goho… Lekin ajdodlardan meros eng muhim, oʻzgarmas, azaliy mezonlar, ezgu qoidalar bizga doimo tayanch boʻlib qolishi kerak, degan xulosaga boraman.

                                                                                           Sobir JUMAYEV

                                                              “Maʼnaviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son