Tarjima tilni boyitadigan asosiy vositalardan, deyishadi. Bu – ayni haqiqat. Chunki shu asnoda yangi maʼnolar bilan birga yangi soʻzlar, boshqacha ifoda shakllari ham ikkinchi tilga kirib keladi. Ammo bu boyishning oʻziga xosligi shundaki, tarjima qilingan matnlar orqali emas, balki tarjima qilish asnosida tarjima qilinmagan soʻzlarni ikkinchi tilga ham olib kirish tufayli til koʻproq boyiydi. Oʻzlashmalar deb ataladigan va hozirgi oʻzbek tili leksikonining juda katta qismini tashkil etadigan kalimalar – arab tilidan olinganmi, yoinki forsiy, ruscha-baynalmilal manbadan kirib kelganmi, bundan qatʼiy nazar, ularning hammasi ona tilimizda muqobili boʻlmagani uchun qabul qilingan va oʻzbek tili boyigan.
Telefon, stol, stul, kompyuter, ekran, klaviatura, osmon, darvoza, dutor, panjara, piyola, piyoz, kuy, parcha, hayrat, gʻayrat, himmat, manfur, gʻurur, johil singari minglab va oʻn minglab soʻzlarning barchasi – beistisno ravishda – turkiy tilda muqobili boʻlmagani sababli yoinki mavjud turkiy soʻzlar koʻzda tutilayotgan maʼno tovlanishini toʻlaroq aks ettirmagani sababli oʻzbek tili xazinasidan oʻrin olgan. Masalan, qadimgi turkiy tilimizda atmosferaning yuqori qismi koʻk deyilgan. Uning bulutsiz kundagi tusini tasvirlamoqchi boʻlsak, koʻm-koʻk koʻk deyish kerak. Holbuki, shu muddaoni moviy osmon, lojuvard samo kabi chetdan kirgan leksik birliklar toʻlaroq ifodalaydi. Ilm-fan rivojlangani sari, bunday soʻzlarning maʼno doirasi ham kengayib boraveradi. Chunonchi, koinot (bor narsalar)ning maʼnosi oʻzgarib, kosmosni anglatadigan boʻlib qoldi.
Bugungi globallashuv zamonida, fan-texnika va texnologiya tez ommalashayotgan bir davrda tilga yangi soʻzlarni qabul qilish oʻta jadallashib ketdi. Bundan chorak asr avval u yoki bu tilga, aytaylik, bir yilda nechta soʻz chetdan kirganini aniqlash mumkin boʻlsa, hozir buning iloji yoʻq: xorijiy soʻzlar ekinzorlarni bosgan chigirtkalarday shiddat bilan yopirilib kelyapti, uni tasnif qilish, taʼriflash, statistikasini yuritishga fursat yetishmaydi, chunki bir-ikki oy ichidayoq bu maʼlumotlar eskirib qoladi. Bu, albatta, ijobiy holat emas. Chunki qabul qilish oʻrinli va zarur boʻlgan soʻzlar bilan birga ona tilimizda bor, ammo tarjimonning noʻnoqligi, til bilmasligi sababli oʻzbekcha muqobiliga almashtirilmagan soʻzlar ham kirib qolib, azaldan qoʻllab kelinayotgan soʻzlarni sitib chiqaryapti yoki funksiyasini cheklayapti. Masalan, biron yilning nari-berisida kreativ degan bir “jozibali” soʻz paydo boʻldi va u ijodiy, tashabbus singari kalimalarni boʻgʻib tashlab, oʻrni boʻlsa-boʻlmasa qoʻllanyapti. Ana shunaqa “modniy” soʻzlardan yana biri motivatsiya boʻlib turibdi. Uning eng toʻgʻri va op-oson tarjimasi – ragʻbat. Biroq kreativ fikrlashga noqobil mutarjimlarimizda uni oʻgirish motivatsiyasi kamligi sababli bu ikkala soʻz bugun juda faollashib, “zamonaviy, ajnabiy manbalardan xabardor odam” ekanini koʻrsatishga xizmat qilyapti.
Chet soʻzlar qancha koʻp kirib kelsa, ikkinchi tilning talaffuzi shunchalar buzila boradi. Masalan, forsiy kalimalar eng koʻp qoʻllangan XII–XIX asrlardagi oʻzbek tilida ana shunday olinma soʻzlarning xuruji natijasida ota, ona, togʻa, qora kabi oʻnlab asl turkiy, chinakam oʻzbekcha soʻzlarning talaffuzi, bora-bora esa imlosi ham oʻzgarib, ato, ano, tagʻo, qaro tarzida aytishga va yozishga oʻtilgan.
Aksar mutaxassislar til boyligi deganda biron xalq tilida necha ming soʻz borligini nazarda tutishadi. Holbuki, boshqa tillardan faqat leksikon – soʻzlargina emas, jumla tuzilishlari, yangicha ifoda shakllari ham ikkinchi tilga kirib keladi. Boshqa tildan kirgan soʻzlar, har holda, tilni boyitishga xizmat qilsa, oʻzga tillardan kirib kelgan kalimalar tilning milliy xossalarini, ozdir-koʻpdir, yemirishga xizmat qiladi.
Professor Fattoh Abdullayevning “Til qanday rivojlanadi?” degan risolasi (1972)da koʻrsatilishicha, oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida tuzilgan bir lugʻatdagi soʻzlarning 28,6 foizi arabcha, 16,9 foizi tojikcha, 4,7 foizi rus-internatsional, 50,3 foizi asli oʻzbek soʻzlaridan iborat” boʻlgan (33-bet). Asarda oʻzbek tili lugʻat tarkibida yillar oʻtgani sari ruscha soʻzlar hissasi ortib borgani hisob-kitob orqali dalillab berilgan.
Albatta, sovet davrida bu tabiiy hol edi. Mustaqillik yillariga kelib tilga boshqa tillardan soʻz olish tarzi birmuncha oʻzgardi. Bir yoqdan maʼviza, aqiqa, valiyma, hasanot singari arabiy kalimalarning hissasi keskin ortdi, ayni paytda, ingliz tili leksikoniga mansub reyting, xolding, bot, piar, gigabayt, klaster kabi soʻzlar ham oʻzbek tiliga bodrab kirib kelyapti. Durust, ammo ajnabiy soʻzlar qancha koʻp olinsa, til xossalari shuncha barbod boʻlishi ham bor gap. Oʻz qadim xususiyatlarini koʻproq saqlab qola olgan, biz “uncha rivojlanmagan” deb biladigan ayrim tillar, masalan, Sibir ellarining tili bizga qaraganda ancha toza ekani, asl tomirlaridan uzilmay yashab kelayotganining sababi ham shunda.
Soʻz sathidan jumla sathiga oʻtadigan boʻlsak, bu yoqda ham xiyla nuqsonlar borligi koʻzga tashlanadi. Oʻrischa oʻylaydigan, ammo oʻshani bir amallab “oʻzbekcha” qilib gapiradiganlarga ergashib, ona tilimizda ham “Men oʻylaymanki...” deb gap boshlaydiganlar, shunday yozadiganlar koʻpayib qoldi. Oʻzbek kishisi bunaqa gapirmaydi, bunaqa deb yozmaydi-ku?
Chunki har bir tilda jumla tuzilishi oʻzgacha. Ruscha gapni oʻsha taxlitda oʻzbekka aytsangiz, tushunmaydi. Mana, “Jahon bestsellerlari” turkumida Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov kabi adiblar asarlarini paydar-pay chiqarayotgan “Buukmedianashr” nashriyoti kitoblaridagi bir jumla: “Demak, gap shunday, men sizni nega chaqirdim: sizga taklif bildirmoqchiman, mening doʻstim boʻling”. Tavba, bunaqa soʻzlagan kishidan koʻra, etigini poyma-poy kiyib yurganlar sogʻroq emasmi?
Tagʻin bir masala. Oʻzbek tilida har bir jumla uzunligi – bir nafas olib chiqarguncha aytib tugallanadigan besh-oʻn soʻzdan iborat boʻladi. Gap nafasda yoki jumladagi soʻzlar sanogʻida emas. Oʻzbek, botiniy ongining tarziga koʻra, oʻsha hajmdagi jumlalar magʻzini oson hazm qiladi, buni hisobga olish shart. Chiranib, oʻrischa yo boshqa tildagi jumlalar kabi uzun jumlalar tuzish oʻquvchini muallifdan, asar ruhidan uzoqlashtiradi.
Yaxshi tarjima-chi? U tilning ifodaviy imkoniyatlarini keskin oshiradi. Masalan, oddiygina, bir qarashda oʻgirma ekani ham bilinmaydigan nuqtayi nazar degan birikmani olib qarang. Biz deyarli har kuni fikr dalillamoqchi boʻlsak, “shu nuqtayi nazardan”, deb gap boshlaymiz. Oʻzimizning oʻzbekchaday. Aslida esa bu – “точка зрения” degan ruscha birikmaning qoyilmaqom tarjimasi, xolos. Yoki yaqingacha uchramagan yana bir soʻz tilimizda paydo boʻldi-yu, ommalashdi-ketdi. Qadriyat deydilar uni. Bu – tarjima mevasi, “ценность” soʻzining chiroyli oʻgirmasi.
Ammo chetdan kirgan soʻzlarni “oʻzimizniki” qilib olgach, uni har koʻyga solish tamoyilidan voz kechishimiz zarurligini ham aytib oʻtaylik. Tarjimaning totli mevasi boʻlgan “qadriyat” – tabarruk, ulug‘ soʻzlardan. Eng yaxshi diniy va milliy xossalarimizni qadriyatlarimiz deb bilamiz, shunday deb ardoqlaymiz. Shuning uchun katta bannerlarda bir oshpaz yigit qoʻlidagi narsani koʻz-koʻzlab, “Oʻz qadriyatiga ega kolbasa!” deb xitob qilishini koʻrib, soʻzning uvol boʻlganiga, qadrsizlanganiga hayfsinadi kishi. Aslida, eng katta qadriyat – Soʻz hazrati oliylari emasmi?
Tarjima sohasidagi ishkalliklardan yana biri, boya aytganimizday, har qanday ajnabiy soʻzni “musulmoncha”lashtirishdan iborat. Yaqinda bir matndagi “... amalga oshirish tamoyillari” degan ifodaga koʻzim tushdi. Amalga oshirishda qanaqa tamoyil boʻladi? Prinsip deb qoldirgan durust emasmi? Nahotki prinsip endi tamoyilga aylanib ketgan boʻlsa? Tamoyil, axir, buning naq aynan aksi – prinsipsizlikni bildiradi-ku? Qanday qilib, deysizmi? Tamoyil – arabcha soʻz; biron narsaga moyillikni, mayl qoʻyishni bildiradi. Moyil boʻlish esa prinsipsizlik demak. Tamoyilning oʻzi rus tiliga tendensiya deb oʻgiriladi. Arab soʻzlarini bizdan koʻproq istifoda etadigan va shunga moyilroq boʻlgan tojiklarda ham prinsip soʻzi prinsip deb, undan keyin esa asos, qonun, usul, bunyod, shart deb izohlangan. Ammo oʻzbek tarjima amaliyotida chorak asr avval bir tamoyil paydo boʻldi – har qanday ruscha va rus tili orqali kirib kelgan baynalmilal soʻzlarni, biron arabcha yo tojikcha soʻz bilan almashtirish! Bu esa prinsipsizlikning oʻzginasi edi. Ana endi “принципиальный человек”ni, yo boʻlmasa, “принципиальная ошибка”ni nima deb oʻgirishni oʻylab koʻring. Bunday mushkulotlar yo avvalgi kabi “prinsipial odam”, “prinsipial xato” deb beriladi yoki oʻrniga qarab “qatʼiy, eʼtiqodida sobit odam” deb almashtiriladi, “asos-eʼtiboriga koʻra xato”, “mutlaqo xato” deganday muqobil topib berilishi ham mumkin. “Prinsip” soʻzini keyingi paytda baʼzilar “qatʼiyat” degan kalima bilan almashtirishyapti. Lekin, aytaylik, mashinaning ishlash prinsipi bor, ammo ishlash qatʼiyati boʻlmaydi-ku? Qolaversa, qatʼiyatli odam – “решительный человек”dir, prinsipial odam yana boshqa tushuncha.
Men internetdagi onlayn-tarjimon dasturiga “prinsip” soʻzini kiritib koʻrdim. Unda ham prinsip oʻzbek tilida tamoyil boʻladi, deb koʻrsatilyapti (boyagiday bilarmonlar kiritgan-da). Soʻng ana shu soʻzning arab, fors, ozar, tojik, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarga oʻgirilishiga yuzlandim. Ularning hech birida prinsip – tamoyil deb berilmagan.
Til sohasida yuz berayotgan bu gʻayriilmiy intilishni ehtimol baʼzilar har bir tilni toza saqlashga boʻlgan tadorik – purizm, deb oʻylar. Ammo, afsuski, bu purizm ham emas-da. Uni esa nima deb nomlashni ham bilmaysan, kishi. Xoʻp, musulmonchalashtirish yoʻlidagi urinish deylik. Ammo... u, loaqal, toʻgʻri boʻlishi kerak-ku. Arablarning oʻzi prinsipni “mabda”, “qoida” deb turganida, tojiklar esa oʻzgartirmasdan prinsip deganida, biz oʻzbeklar – olisdagi bir turkiy xalq vakillari – arab tilini arablarning oʻziga oʻrgatamizmi, bu tilning arablardan ham qizgʻinroq fidoyisi boʻlib olamizmi? Bizning “tamoyil”ga arablar-u forslar, turklar, ozarlar, afgʻonlar, uygʻurlar... kulmasmikin? Ular tamoyil boshqa, prinsip boshqa narsa ekanini yaxshi bilishadi-ku?
Shuning epkinida yana bir tuppa-tuzuk soʻzga ham putur yetdi – metod, metodist, metodikani kimdir chiqitga oʻtkazib, uslub, uslubchi, uslubiyot kabilarini qulogʻidan tortib maydonga opchiqdi.
Avvalo, savol berging keladi – nima sababdan barcha gʻarb soʻzlaridan voz kechish kerak? Qolaversa, metod soʻzi uslubga toʻgʻri keladimi yoki usulga? Biz koʻrgan kitoblarda metod – metod deb berilgan va talqin maʼnosida usul, yoʻl, tarz, ravish tarzida sharhlangan. Ammo hech bir manbada uslub deyilgan emas!
Chunki uslub – boshqa narsa. Abdulla Qahhor uslubi degan gapni eshitgandirsiz? Bu kalima Abdulla Qahhorning metodi emas, yozish tarzi, ijoddagi oʻziga xosligi degani. Publitsistik uslub, rasmiy uslub, badiiy uslub degan tushunchalar bor. Uni qaytarib ruschaga oʻgirsangiz, masala oydinlashadi – stil! Stilistika – uslubiyot, stil pisatelya – yozuvchi uslubi degani. Metodni – uslub desak, unda “stil”ni nima qilamiz?
Koʻramizki, tarjima – qudratli bir qurol. Uning yordamida ona tilimiz boyishi, misli koʻrilmagan koʻlamlar kasb etishi mumkin. Ammo shu bilan birga, aynan tarjima tilni xarob qilishi, uning asl milliy tabiatini yoʻqqa chiqarishi, pirovardida, ekspressiya (ifoda vositalari) kuchaygani sari, impressiya (taʼsir qilish imkoniyatlari) kamayib ketishi ham mumkin. Demak, tilning boyishi degan tushunchaning mazmun koʻlami keng va u har doim ham soʻzlar miqdori koʻpligiga, jumla tuzishdagi rang-barangliklarga bogʻliq boʻlavermas ekan. Asosiy shart esa shu – qanday asar tarjima qilinsa-da, bu jarayonda ona tilimizning tub xossalariga putur yetmasin, oʻzbek tili qulf urib, tobora oʻsib, yayrab-yashnasin.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi,
2021-yil 19-noyabr, 47 (4654)-son.
“Tarjima va til” maqolasi