Termiz davlat universiteti rektori, professor Abduqodir Toshqulov bilan suhbat.

– Universitetlarni mamlakat yuragiga mengzash mumkin. Yurak urishiga qarab davlatga tashxis qoʻysa boʻladi. “Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm. Haqiqatga eltguvchi yagona vosita ham shudir. Bu yoʻlda sobitqadam boʻlmas ekanmiz, dogʻda qolishimiz aniq. Abduqodir Hamidovich, oʻzingizga yaxshi maʼlum, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, isloh qilish – keng qamrovli, murakkab masala. Gʻarbda universitet oʻqituvchilariga ortiqcha byurokratik vazifalar yuklanmaydi. Nazarimda, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida ham professor-oʻqituvchilar malakasini talabalar tomonidan baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, har semestr yakunida oʻqituvchining dars berish mahorati, salohiyatini sarhisob etish darkor. Mustaqil ekani, taʼlim siyosatini oʻzi belgilagani bois Yevropaning aksar universitetlari erkin fikrlovchi insonlarni shakllantiradigan muassasa, davlat siyosati va jamiyat ahvolini baholaydigan muhim tizimga aylangan. “Koʻhna qitʼa”da asosiy eʼtibor akademik halollik va akademik erkinlikka qaratilishini ham qayd etmoq joiz. Akademik erkinlik mamlakat oʻquv dargohlarining davlat siyosatidan mustaqilligi, oliy taʼlim va sohaning senzuradan xoli ekanini anglatadi. Suhbatimizni Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida akademik halollik va akademik erkinlik holatini baholashdan boshlasak.

– Aksar fikrlaringizga qoʻshilaman. Haqiqatan ham, XXI asrda davlatlar taraqqiyoti tabiiy boylik yoki geografik imkoniyatlardan koʻra koʻproq ilm-fan va inson kapitaliga bogʻliq boʻlib bormoqda. Oliy taʼlim esa mamlakatning intellektual salohiyatini koʻrsatuvchi strategik tizimga aylanayotir.

Gʻarb oliy taʼlimidagi siz tilga olgan akademik erkinlik, professor mehnatini ortiqcha byurokratik yuklamalardan xalos qilish, talabaning oʻqituvchi faoliyatini baholashi kabi mexanizmlar zamonaviy universitet boshqaruvining muhim tarkibiy qismlaridir. Biz ularni shunchaki koʻchirmay, milliy taʼlim tizimimiz xususiyatlari va taraqqiyot ehtiyojlariga moslashtirgan holda tatbiq etishimiz muhim deb hisoblayman.

Akademik erkinlik va akademik halollik bir-birini toʻldiruvchi qadriyatlardir. Akademik erkinlik haqiqatni izlash huquqini bersa, akademik halollik uni izlash madaniyatini vujudga keltiradi. Biri boʻlmasa, ikkinchisi ham mazmunini yoʻqotadi.

Universitetning asosiy vazifasi faqat diplom berish yoki mutaxassis tayyorlash emas, balki haqiqatni izlash, mustaqil fikrlash va intellektual masʼuliyat madaniyatini shakllantirish hamdir. Erkin fikr boʻlmagan joyda yangi bilim tugʻilmaydi. Erkin fikr esa masʼuliyat va halollik bilan uygʻunlashgandagina ilmga doʻnadi.

Shu maʼnoda, akademik erkinlikni faqat huquqiy meʼyor yoki boshqaruv mustaqilligi sifatida tushunmaslik kerak. U, eng avvalo, universitetning ichki intellektual muhiti, professorning mustaqil fikr bildirish imkoniyati, talabaning savol berish jurʼati va ilmiy bahs madaniyatida zuhur etadi. Kiroyi dorilfununda talaba tayyor javoblarni yodlashni emas, savol qoʻyishni, tahlil etishni va oʻz nuqtai nazarini dalillar bilan himoya qilishni oʻrganadi. Zero, har doim taraqqiyotga yangi javoblar emas, yangi savollar doyalik qilgan.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Universitetlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berish, taʼlim dasturlarini erkin shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash kabi qadamlar akademik erkinlik uchun huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi. Bu oʻzgarishlar universitetlarga katta imkoniyatlar taqdim etish barobarida ularga yanada zalvarli masʼuliyat yuklayotir.

Akademik halollik masalasida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Plagiatga qarshi elektron tizimlarning joriy etilishi, dissertatsiya va ilmiy maqolalarga qoʻyiladigan talablarning kuchayishi, xalqaro ilmiy nashrlarda maqola eʼlon qilish madaniyatining shakllanayotgani eʼtiborga molik. Biroq akademik halollikni faqat texnik nazorat vositalari bilan ustuvor etib boʻlmaydi. Plagiat dasturi matnni tekshirishi mumkin, ammo vijdonni taftish etolmaydi-da. Binobarin, akademik halollik muayyan oʻquv dargohidagi madaniyat va shaxsiy eʼtiqod masalasidir.

Bugun jahon universitetlari oʻrtasida infratuzilma, reyting yoki diplom bobida emas, balki ishonch borasida raqobat kechmoqda. Qaysi universitetda erkin fikrlash, mustaqil tadqiqot, akademik halollik va ilmiy masʼuliyat kuchli boʻlsa, oʻsha universitet dunyoda munosib oʻrin egallaydi.

Menimcha, endilikda bizning asosiy vazifamiz islohotlar mazmunini chuqurlashtirish boʻlishi kerak. Akademik erkinlik nainki huquqiy hujjatlarda, universitetning kundalik hayotida ham namoyon boʻlmogʻi darkor. Professor oʻz fikrini erkin ayta oladigan, talaba bahsga kirishishdan qoʻrqmaydigan, ilmiy haqiqat har qanday manfaatdan ustun turadigan muhit shakllangandagina universitet chinakam vazifasini bajaradi.

– Rivojlangan davlatlar bugun bir oʻq bilan ikki quyonni uryapti: ham taʼlimdan moʻmay daromad olyapti, ham milliy mentalitet va tarixini yoyish orqali taraqqiyot yoʻliga kirgan davlatlarni oʻz yoʻrigʻiga solyapti. Masalan, 2023-yilda Germaniyaning 423 ta oliy taʼlim muassasasida tahsil olgan 2,92 million talabaning qariyb 460 ming nafarini xorijliklar tashkil etgan. Gyote vatanidagi koʻplab universitetlar dunyoning eng ilgʻor ilm dargohlari roʻyxatiga kiradi. Temir tartib-intizom bilan nom qozongan ushbu mamlakat universitetlari tadqiqotlar uchun mablagʻni ayamaydi va xalqaro ilmiy hamkorlikda ham peshqadamdir. Fikrim bahsli tuyulishi mumkin, ammo men Oʻzbekistonga sayyohlikdan koʻra taʼlim koʻproq foyda keltiradi deb oʻylayman. Sayyoh chaqirish uchun sarflanayotgan kuch va mablagʻni taʼlimga yoʻnaltirganimizda yanada salmoqli natijalarga erishgan boʻlarmidik deng...

– Bu masalada mening fikrim boshqacharoq. Sayyohlik va taʼlimni raqobatchi sohalar sifatida emas, mamlakatning ikki strategik kapitali sifatida baholash toʻgʻri boʻlur edi. Sayyohlik qisqa fursatda iqtisodiy samara keltirsa, taʼlim uzoq muddatli taraqqiyotga xizmat qiladi. Birinchisi daromad keltiradi, ikkinchisi bilim, texnologiya va inson kapitalini yaratadi. Jahonda “taʼlim eksporti” alohida iqtisodiy tarmoqqa aylangan. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy kabi davlatlar chet el talabalarini jalb qilish orqali milliardlab dollar daromad topmoqda. Eng muhimi, bu davlatlar dunyoga oʻz ilmiy maktabi, madaniyati, tili va qadriyatlarini ham yoymoqda. Bu esa “yumshoq kuch”ning (soft power) eng taʼsirchan shakllaridan biridir. Oʻzbekiston ham “taʼlim eksporti”dan samarali foydalanishi mumkin. Buning uchun universitetlarimizning xalqaro miqyosda raqobatga shayligini oshirish, taʼlim dasturlarini global mehnat bozori talabiga moslashtirish, ilmiy tadqiqotni kuchaytirish, xorijiy professor va talabalar uchun jozibador akademik muhit yaratish zarur.

Taʼlim va turizm bir-birini toʻldiruvchi sohalar ekanini unutmaylik. Xorijlik talaba mamlakatga bir necha kunga kelib-ketadigan sayyoh emas, balki toʻrt-besh yil muqim yashaydigan, iqtisodiyotga hissa qoʻshadigan, mahalliy xizmatlardan foydalanadigan, yaqinlarini ham mamlakatga jalb qiladigan inson hisoblanadi. U nainki universitetning mijozi, mamlakatning kelajakdagi intellektual elchisi hamdir.

Xalqaro amaliyotda “akademik turizm” yoki “taʼlim turizmi” degan tushuncha shakllanganini bilamiz. Shu bois men masalani “sayyohlik yoki taʼlimga eʼtibor” tartibida emas, “taʼlim orqali intellektual iqtisodiyotni shakllantirish” tarzida qoʻyish tarafdoriman. Tabiiy resurslar bir kun borib tugaydi, ammo bilimga asoslangan iqtisodiyot doimiy oʻsish manbai boʻlib qolaveradi. Agar inson kapitaliga sarmoyani oshirishni ustuvor vazifaga aylantira olsak, bu nafaqat taʼlim tizimi, balki sanoat, innovatsiya, texnologiya va turizmni ham yangi bosqichga olib chiqadi.

– Angliyada magistratura bosqichida tahsil olgan talabamiz Sasseks universitetidagi ilk suhbatni bunday xotirlagan edi: “Agar siz professorning gaplarini shunchaki maʼqullab, imtihonda qayta aytib bersangiz past baho olasiz. Biz shaxsiy fikringiz, professor nazariyasiga tanqidiy yondashuvingizni qadrlaymiz”.

Darhaqiqat, dunyo universitetlarida talaba real bozorga tayyorlab boriladi. Tizim talabani muntazam izlanishga majbur qiladi. Talaba esnab oʻtiradigan tinglovchi emas, balki ijodiy fikrlaydigan, bahsda oʻz nuqtai nazarini asoslab beradigan mutaxassis oʻlaroq namoyon boʻladi. 

Afsuski, bizda universitetlar va ish beruvchilar oʻrtasida manfaatli muloqot shakllanganicha yoʻq. Aksar ish beruvchilar “mahsulot” yaroqsizligidan yozgʻiradi. Ayrim taʼlim muassasalarida investitsiya niqobi ostida soxta tijorat shakllangani, qalbaki shartnomalar tuzilayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Xorijdan professor-oʻqituvchi jalb etish ham baʼzan xoʻjakoʻrsinga qilinayotgandek. Dual taʼlim – nazariya va amaliyot uygʻunligi haqida koʻp va xoʻb gapirdik, ammo oliy taʼlim mehnat bozorining tilini haligacha toʻliq topolmadi. Oʻzbek nasiyadan koʻra naqdini xush koʻradigan xalq. Gapning indallosini aytsak, nazariya va amaliyotning et bilan tirnoq boʻlib ketishiga nima monelik qilyapti?

– Bu yerda asosiy muammo nazariya bilan amaliyotning qarama-qarshiligida emas, balki oʻzaro bogʻlanish mexanizmi toʻliq shakllanmaganida.

Zamonaviy universitet mehnat bozoriga tez moslasha oladigan, mustaqil fikrlaydigan va yangi sharoitda oʻzini oʻstira biladigan mutaxassis tayyorlashi lozim. Bu borada esa davlat, ish beruvchi va oliy taʼlim muassasasi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmogʻi darkor. Universitet bilan ish beruvchi oʻrtasidagi hamkorlikni bir martalik uchrashuv emas, balki doimiy institutsional munosabatga aylantirish muhimdir. Dual taʼlimning mohiyati ham aynan shunda. Ish beruvchi taʼlim dasturlarini takomillashtirish, talabaning salohiyat-u layoqatini baholashda qatnashishi, professor-oʻqituvchilar esa ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan muntazam aloqada boʻlishi kerak. Ana shunda nazariya hayotdan uzilmaydi, amaliyot ilmiy asosga ega boʻladi.

Xorijiy professorlarni taklif qilishda ham natijaga qarab baho bergan maʼqul. Chet ellik olimning universitetda maʼruza oʻqib ketishi bilan murod hosil boʻlmaydi. Agar u mahalliy mutaxassislar bilan qoʻshma tadqiqot olib borsa, laboratoriya yoki ilmiy maktab shakllantirsa, taʼlim dasturini yangilash, talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qoʻshsa – ana shu chinakam xalqaro hamkorlikdir.

Mehnat bozori muttasil oʻzgarishda. Diplomning oʻzi kifoya emasligi kundek ravshan. Ish beruvchi muammoni hal eta oladigan, jamoa bilan yelkama-yelka ishlaydigan, raqamli texnologiyalar, chet tilini puxta biladigan va eng asosiysi, mustaqil qaror qabul qilishga qodir mutaxassisga talabgor. Demak, universitet bilim berishdan tashqari layoqat, salohiyatni shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratishi zarur. Oliy taʼlim muassasalari hadeb mehnat bozori ortidan quvishi ham durust emas. Chunki dorilfunun faqat bugungi mehnat bozori uchun emas, ertangi iqtisodiyot uchun ham kadr tarbiyalaydi. Bu fundamental bilim, amaliy koʻnikma va innovatsion tafakkur uygʻunligini talab qiladi.

– Abduqodir Hamidovich, Sizning ijtimoiy tarmoqlardagi ilm-maʼrifat, axloqqa daʼvat etuvchi chiqishlaringizni koʻpchilik qiziqish bilan kuzatmoqda. “Ilm shahrining darvozasi” deya ulugʻlangan Hazrat Alining “Ilmli shohga zavol yoʻqdir” degan hikmati bor. Xulafoi roshidinning soʻnggisi boʻlgan faqih, muhaddis zot yana “Koʻp toatdan oz maʼrifat yaxshi” deya uqtirgan. Bozor munosabatlari muhitida toʻlov-kontrakt tushunchasi yoshlarimizning qon-qoniga singib ketdi. Ayting-chi, vatandoshlarimiz qachon mutaraqqiy jamiyat aʼzolaridek bepul taʼlim oladi?

– Maʼrifiy chiqishlarimni tilga oldingiz, rahmat. Bu asli hayotning oʻzi tugʻdirgan ehtiyoj. Ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, sunʼiy intellekt inson faoliyatining barcha sohalariga kirib borayotgan davrda yashayapmiz. Biroq yoshlar orasida maʼnaviy immunitetning zaiflashuvi, yengil muvaffaqiyatga intilish, hasad, loqaydlik, masʼuliyatsizlik kabi qusurlar ham kuzatilmoqda. Maʼrifiy chiqishlarimiz ana shu singari illatlarga qarshi kurash yoʻlida kamtarona urinishdir.

Hazrat Alining (roziyallohu anhu) hikmati chindanda teran maʼnoga ega. U zot ilmni davlat va jamiyat taraqqiyotining eng mustahkam poydevori sifatida baholagan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, taʼlimga sarflanayotgan mablagʻni oddiy xarajat sifatida baholash toʻgʻri emas. Bu – mamlakatning kelajagiga kiritilayotgan muhim sarmoyadir. Biroq har qanday sarmoya kabi uning ham iqtisodiy asoslari va moliyaviy mexanizmlari boʻladi.

Dunyoda mutlaqo bepul oliy taʼlim tizimi mavjud emas. Bu uchun davlat, jamiyat, xususiy sektor yoki taʼlim oluvchi haq toʻlaydi. Masala mohiyati toʻlovda emas, balki har bir qobiliyatli yosh uchun sifatli taʼlim imkonini yaratishdadir.

Biz shartnoma puli miqdorini muhokama qilishga odatlanganmiz. Nazarimda, “Sifatsiz taʼlim mamlakatga qanchaga tushadi?” degan savol tegrasida koʻproq mulohaza yuritishimiz lozim. Yaxshi taʼlimga sarflangan mablagʻni xomchoʻt qilish mumkindir, ammo nobop taʼlim keltirgan ziyon-zararni hisoblab boʻlmaydi.

Kontraktning haqiqiy bahosi u tarbiyalagan mutaxassisda inʼikos etadi. Agar universitet bilimli, halol, masʼuliyatli, vatanparvar kadrni yetishtira olsa, demak,  nafaqat oila, balki butun jamiyat sarmoyani toʻgʻri sarflabdi.

Demak, “Taʼlim qachon bepul boʻladi?” emas, balki “Qachon har bir iqtidorli yosh, ijtimoiy ahvolidan qatʼi nazar, sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi?” degan masala diqqatimiz markazida boʻlmogʻi lozim.

Mamlakatimizda ayni shu maqsad yoʻlida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat grantlari koʻlamini kengaytirish, imtiyozli taʼlim kreditlari, ehtiyojmand oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar va iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar shular jumlasidan. Buning barchasi qobiliyatli yoshlar moliyaviy tanglik bois taʼlimdan bebahra qolmasligiga qaratilgan.

Ilmga sarflangan mablagʻni xarajat deb bilgan jamiyat tezkor natija kutadi. Ilmni sarmoya deb bilgan jamiyat esa uning mahsulini avlodlar taqdiri, mamlakat taraqqiyoti va millatning intellektual qudratida koʻradi.

– Ilm-fanda yuzakilik, koʻchirmakashlik koʻpaygani, nomunosib kishilarning ilmiy daraja olishga intilayotgani dilni xira qiladi. Yaqinda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov bilan qilingan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozara qoʻzgʻadi. “Oliy oʻquv yurtlari reyting ortidan quvib “PhD”bozlik kasaliga duchor boʻldi, ilmiy daraja olish kampaniyasi qachon tugaydi?!” deb yozgʻirayotgan yurtdoshlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. “Rahbarlarning PhD yoki DSc boʻlmoqqa intilishini qoralash notoʻgʻri. Rahbar ham ilmiy darajaga ega boʻlishga haqli”, degan nuqtai nazar ham yoʻq emas. Ijtimoiy fanlardagi yuzakilikdan gap ochilsa, baʼzi hamkasblarimiz “Miqdor oʻzgarishi pirovardida sifat oʻzgarishiga olib keladi”, deydi. Bu qarashning ziddi – hozirdan sifatga eʼtibor qaratishni talab etuvchilar ham talaygina. Shunday davrda chin va soxta olimni ajratuvchi mahak toshi bormikan?

– Bu masalaga hissiyot bilan emas, balki aniq va xolis mezonlar asosida yondashish kerak. Hozir nafaqat bizda, dunyoning koʻplab mamlakatlarida ilmiy darajaning qadrsizlanishi haqidagi xavotir ortib boryapti. Ilm-fan miqdor emas, ishonch bilan yashaydi. Ishonch susaygan joyda diplom ham, unvon ham oʻz qiymatini yoʻqotadi. Avvalo, ilmiy daraja quruq maqsad emas, ilmiy faoliyatning tabiiy natijasi boʻlishi kerak. Afsuski, baʼzida bu ikki tushunchaning oʻrni almashib qoladi. Ilmiy izlanish haqiqatni anglash ehtiyojidan emas, lavozim yoki rasmiy talab uchun qilinsa, siz sanagan eʼtirozlar tugʻilishi tabiiy.

Rahbarlarning ilmiy daraja olishiga kelsak, men buni butkul inkor etmayman. Agar rahbar haqiqatan ham mustaqil tadqiqot olib borsa, yangi ilmiy gʻoya taklif qilsa, soha taraqqiyotiga hissa qoʻshsa, nega endi u ilmiy darajaga ega boʻlmasligi kerak? Muammo rahbarning fan doktori boʻlishida emas, balki ilmiy darajaning rasmiy maqom yoki obro‘-eʼtibor vositasiga aylanib qolishida. Dissertatsiya – hali ilm yoʻlining boshi. Agar ilmiy daraja sohibi himoyadan keyin ham muntazam izlansa, yangi gʻoyalar yaratsa, shogirdlar tayyorlasa, maktab shakllantirsa, haqiqiy olim ekanini isbotlagan boʻladi.

Dunyoda olimlarning darajasi unvoni bilan emas, ilmiy taʼsiri bilan oʻlchanadi. Maqola, risolalariga nechta olim murojaat etdi? Gʻoyalari amaliyotga qanday taʼsir berdi? Qay bir muammoni yechishga hissa qoʻshdi? Ilmiy maktab yarata oldimi? Shu singari mezonlar olimning haqiqiy oʻrnini koʻrsatadi.

Ijtimoiy fanlarda ham asosiy eʼtiborni fikrning yangiligi, ilmiy dalilning ishonchliligiga qaratishimiz zarur. Ilmiy ishning qiymati sahifalar hajmi yoki chop etilgan maqolalar soni bilan emas, dissertant qoʻygan savol va bergan javobining ilmiy salmogʻi bilan belgilanadi. Zotan, tarixda hech bir olimni diplomi mashhur qilmagan.

Halollik, intellektual mustaqillik va amaliy ahamiyatga ega ilmiy natija – bular kamina uchun chin olimni ajratuvchi mahak toshidir. Agar shu uch mezon mavjud boʻlsa, unvon oʻz-oʻzidan qadr topadi. Ularsiz eng yuksak ilmiy daraja ham naf bermaydi. Nihoyat, ilmning eng oliy mezoni – vaqt. Beayov fursat soxta shuhratga ham, sunʼiy reytinglarga ham, tasodifiy muvaffaqiyatlarga ham chek qoʻyadi.

– Oʻtgan yil eʼlon qilingan xalqaro tadqiqotda Oʻzbekiston soxta ilmiy jurnallarda maqola chiqarish va koʻchirmakashlik boʻyicha dunyoda “yetakchi”lardan biri deb topilgani juda uyatli ish boʻldi-da. Ilmda son ketidan quvish, reytingga “boshqorongʻilik” qachon barham topar ekan?

– Bu hol, shubhasiz, har bir olimni oʻylantirishi kerak. Ilmiy muhitda soxtakorlik, koʻchirmakashlik va rasmiyatchilikning kuchayishi butun mamlakat nufuziga soya soladi. Biroq masalani biryoqlama baholash ham toʻgʻri emas. Keyingi yillarda yurtimizda ilmiy faollik keskin ortdi. Ilmiy daraja olayotgan tadqiqotchilar, xalqaro jurnallarda chop etilayotgan maqolalar soni koʻpaygani quvonarli, albatta. Lekin jadal miqdor oʻsishi davrida sifat masalasi ham kun tartibiga chiqadi.

Fikrimcha, muammoning asl sababi olimlarning koʻpligi emas, notoʻgʻri mezonlardir. Agar faoliyatning asosiy koʻrsatkichi chop etilgan maqola, himoya qilingan dissertatsiyalar soni yoki reytinglar boʻlsa, tabiiy ravishda son ortidan quvish kayfiyati paydo boʻladi. Qanday koʻrsatkichni ragʻbatlantirsak, tizim ham oʻshanga moslashadi. Agar son ragʻbatlantirilsa – son koʻpayadi, sifat ragʻbatlantirilsa – sifat oʻsadi. Ilmiy siyosatning asosiy vazifasi tanlovni toʻgʻri belgilashdan  iborat. Mutaraqqiy dunyo ham asta-sekin bibliometrik koʻrsatkichlardan ilmiy taʼsirni baholashga oʻtmoqda.

Ilmiy halollik muammosi faqat plagiat dasturlari vositasida hal etilmaydi. Universitet va tadqiqot markazlarida shunday muhit shakllanishi kerakki, olim qoʻrqqanidan emas, vijdon talabi bois koʻchirmakashlikka qoʻl urmasin. Son va reyting ortidan quvishga barham berishning eng samarali yoʻli – ragʻbat tizimini oʻzgartirish. Agar olimning obroʻsi gʻoyalarining qiymati, jamiyatga keltirgan nafi, tayyorlagan shogirdlari va shakllantirgan ilmiy maktabiga qarab baholansa, mazmun-mohiyat uchun raqobat boshlanadi.

Yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim – ilmda oshigʻich muvaffaqiyat qozonib boʻlmaydi. Chin ilmiy natija yillar davomida boʻy koʻrsatadi. Shu bois ilmiy siyosatning bosh maqsadi qisqa muddatli statistik koʻrsatkichlar emas, uzoq yillar davomida mamlakat intellektual salohiyatini oshiradigan mustahkam ilmiy maktablar yaratish boʻlishi kerak. Ana shu qadriyatlar ilm-fan taraqqiyotining bosh mezoniga aylangan kundan eʼtiboran, son ketidan quvish, soxta nufuz uchun poyga toʻxtaydi.

– Mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan (2020). “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida” qonun (2024) ham jamiyatda ushbu illat payini kesishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Lekin OAV va ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan ushlanayotgan rahbarlar haqidagi xabarlar koʻp uchraydi. Soliq yukining ogʻirligi, davlatning iqtisodiyotga haddan ziyod aralashuvi kabi omillar xufiyona iqtisodiyotni vujudga keltiradi, deydi mutaxassislar. Yashirin iqtisodiyot gullab-yashnagan davlatlar esa ofshor hududlarning mijoziga aylanishi maʼlum. Daromadlarni deklaratsiyalash tartibiga qachondir oʻtilar, ammo hozircha sarvatini “uzumni yeb, bogʻini surishtirmaydigan” ajnabiy davlatlarda gʻamlayotgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda ofshor hudud tashkil qilsak boʻlmaydimi? Iqtisodchi olim sifatida shunga nima deysiz – davlat bundan yutmaydimi?

– Darhaqiqat, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning institutsional, huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar qoʻyildi. Biroq qonun va institutlarning mavjudligi muammoning barham topishini anglatmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash samarasi, avvalo, iqtisodiy munosabatlarning ochiqligi, davlat xizmatlarida inson omilining kamaytirilishi, nazorat va javobgarlik mexanizmlarining benuqson ishlashi bilan belgilanadi.

Toʻgʻri qayd etdingiz, xufiyona iqtisodiyot faqat soliqdan qochish istagining mahsuli emas. Soliq va maʼmuriy yukning ogʻirligi, ortiqcha tartib-qoidalar, ruxsat berish jarayonining murakkabligi, naqd pul aylanmasi va boshqa omillar ham biznesni norasmiy maydonga yetaklashi mumkin. Xufiyona iqtisodiyot kengaygan sari kapitalni yashirish, uni mamlakatdan tashqariga olib chiqish va turli xorijiy yurisdik­siyalarda saqlash ehtiyoji ham ortadi.

Shu maʼnoda, “Nega oʻzimizda ofshor hudud tashkil etmaymiz?” degan savol iqtisodiy mantiqdan xoli emas. Nazariy jihatdan baholasak, davlat bundan yutishi ham mumkin. Kapital mamlakatda qoladi, moliyaviy xizmatlar bozori rivojlanadi, yangi kompaniyalar, ish oʻrinlari paydo boʻladi, investitsiya resurslari koʻpayadi. Ammo masalaning nozik tomoni bor. Kapitalni jalb qilish boshqa, uning manbasini surishtirmaslik boshqa. Anʼanaviy ofshor modellarining jozibasi yengil soliq yuki bilangina emas, balki moliyaviy maxfiylik, kompaniyaning haqiqiy benefitsiarlari haqidagi axborotning sir tutilishi bilan ham bogʻliq edi. XXI asr moliyaviy tizimi esa tobora boshqa yoʻnalish – benefitsiar mulkdorlarni aniqlash, shubhali operatsiyalarni nazorat qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va soliq axboroti almashinuvini kuchaytirish tomon bormoqda.

Ehtimol, ofshor hudud qisqa muddatda kapitalni jalb qilar, ammo uzoq muddatda davlatga qimmatga tushishi mumkin. Moliyaviy aldovlarga qarshi talablarning boʻshashtirilishi mamlakat moliyaviy nufuzi, banklarning xalqaro munosabatlari va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekiston bu masalada zamonaviy yoʻlni tanlamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Aslida bu qariyb oʻn yildan buyon amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Markaz Angliya huquqi asosida, alohida maqomga ega hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, u mustaqil tijorat sudi va ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan tartibga solish tizimiga ega boʻladi. Muhimi, imtiyozlar moliyaviy nazoratdan voz kechishni anglatmaydi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi talablarga rioya etiladi. Toshkent xalqaro moliya markazini klassik maʼnodagi ofshordan koʻra Dubay yoki Ostona xalqaro moliya markazlari singari maxsus moliyaviy yurisdiksiyaga yaqin model sifatida baholash toʻgʻriroq. Bu yagona loyiha emas, balki mamlakatning xalqaro moliyaviy standartlar tomon izchil integratsiyalashuv siyosatining bir boʻgʻinidir.

Demak, biz oldimizga “Kapital mamlakatdan chiqib ketishiga ehtiyoj qolmasligi uchun qanday iqtisodiy, huquqiy muhit yaratishimiz kerak?” degan savolni qoʻyishimiz lozim. Kapital suvga oʻxshaydi – qayerda toʻsiq boʻlmasa, oʻsha tomonga oqadi. Sarmoya, mablagʻni maʼmuriy yoʻl bilan saqlab turish amrimahol. Ammo adolatli soliq tizimi, kafolatlangan mulk huquqi, mustaqil sud, byurokratiyani jilovlash va ishonchli moliyaviy institutlar orqali uni mamlakatning oʻzida qoldirish mumkin.

Davlat uchun eng maqbul yoʻl – “Imtiyoz bor, lekin maxfiylik yoʻq; kapital erkin, lekin nazoratsiz emas” degan tamoyilga asoslangan moliyaviy muhitni shakllantirishdir. Toshkent xalqaro moliya markazi ana shu muvozanatni taʼminlay olsa, xorijda saqlanayotgan milliy kapitalni qonuniy ravishda mamlakatga qaytarishga ham xizmat qiladi.

– Sir emas, bugun kriptovalyuta, bitkoin savdosidan daromad topayotgan yoshlar koʻpayib bormoqda. Hakaton, haker, prompt, neyrotarmoq kabi atamalar kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Sunʼiy idrokni (SI) dastyor etmoqning samarali yoʻllarini izlash – zamonga qarab oyoq olish degani. Uning insoniyat hayotiga taʼsiri haqida turlicha fikrlar bor. Raqamli pul, SIni faqat tahdid sifatida koʻrayotganlarga munosabatingizni ham bilsak.

– Har bir texnologik inqilob qoʻrquv bilan qarshi olingani maʼlum. Matbaa ixtiro qilinganda muhofazakor qatlam endi kitob qadrsizlanadi, deya tashvish bildirgan. Kompyuter ommalashgach, odamlar ishsiz qoladi, degan xavotirlar yangradi. Internet paydo boʻlganida esa uning foydasidan koʻra xavfi koʻproq muhokama qilindi. Ammo vaqt shuni koʻrsatdiki, gap texnologiyada emas, balki uni qanday qoʻllashda ekan.

Sunʼiy idrokka raqib emas, aqlli yordamchi deb qaragan maʼqul. SI maʼlumotni tezkor ravishda qayta ishlaydi, tahlil etadi, matn yozadi, tarjima qiladi, tasvir yaratadi. Ammo u insonga xos vijdon, axloqiy masʼuliyat, savqi tabiiy, ijodiy kashfiyot va maʼnaviy tanlovni toʻliq oʻzlashtira olmaydi. Shu bois kelajakda inson bilan SI oʻrtasida emas, balki SIdan samarali foydalana oladigan inson bilan undan foydalana olmaydigan odam oʻrtasida raqobat kuchayadi.

Tarixga nazar tashlasak, har bir texnologiya insonning jismoniy mehnatini yengillashtirgan. SI esa odamzodga aqliy mehnat bobida sheriklik daʼvo etmoqda. Binobarin, uning taʼsiri avvalgi texnologik inqiloblardan chuqurroq boʻlishi tabiiy. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “Kishiga necha kelsa mushkul hol,  //  Hikmat-u aql anga erur hallol” deya aql-u idrokni insonning eng buyuk boyligi oʻlaroq taʼriflagan edi. SI – inson zakovati mahsuli. Demak, u insonning imkoniyatlarini kengaytirishi lozim.

SI ravnaqi oliy taʼlim oldiga ham muhim vazifalar qoʻymoqda. Endi talabaga maʼlumot yodlatishning oʻzi yetarli emas. Chunki har qanday maʼlumotni bir necha soniyada SI vositasida topish mumkin. Universitet talabaga tanqidiy fikrlash, maʼlumotlarni tahlil qilish, haqiqat bilan yolgʻonni ajratish, muammoni mustaqil hal etish malakasini oʻrgatishi lozim. Bugungi “raqamli” dunyoda insonning munosib hayot kechirmogʻi ana shu bilim, koʻnikma va fazilatlarga bogʻliq. Albatta, ilm-fan sohasida yangi xatarlar ham paydo boʻlayotir. Masalan, SI yozib bergan maqola yoki dissertatsiyani shaxsiy mehnat mahsuli sifatida taqdim etish qonunga ham, axloqqa ham zid. Bu borada universitetlar SIdan toʻgʻri foydalanish madaniyatini shakllantirishi kerak.

Men yoshlarga hamisha bir fikrni aytaman: sunʼiy idrok sizdan aqlliroq boʻlishi mumkin, ammo u siz kabi masʼul-javobgar emas. Soʻnggi qarorni baribir inson qabul qiladi. Ilmga sadoqat, axloqiy mezonlarga hurmat, Vatan oldidagi masʼuliyat va ijodiy tafakkurni biror bir algoritm yarata olmaydi.

Kamina SI va raqamli moliya tizimini yangi tamaddun bosqichi deb bilaman. Kimki texnologiya imkoniyatlaridan oqilona foydalanmasa – yutqazadi. Texnologiya kuch-qudratini inson manfaati, ilm-fan taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga safarbar eta olganlar esa har jabhada gʻolibdir.

Olim TOSHBOYEV

suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 3-son.

““Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm” suhbati