Inson umri naqadar qisqa, kamolot yoʻli qanchalar yiroq.

 Gyote

Bu voqeani vodiylik bir doʻstim soʻzlab bergandi. U ishxonasi kasodga uchrab, nima qilarini bilmay hayyo-huyt deb Toshkenti azimga koʻchib keladi. Ijaraga makon izlab yurgan payti “uy bozori”da allaqaysi bir “hojatbaror zot”ga yoʻliqib, quyuq vaʼdalariga laqqa uchib, restoranda bir necha bor siylaydi. “Hojatbaror zot” toʻkin ziyofatdan iyib ketib, sodda doʻstimizga yaqin orada buzilajak joylardan biryoʻla propiskasi bilan uy vaʼda qilib, xizmat haqiga atigi ikki yuz dollar zakalat soʻraydi. Doʻstim va xotinining pasportlarini, aytilgan pulni olgach, yana bir bor tekin ziyofatni yeb, vaʼdani quyuq qilib xayrlashadi. Shu ketganicha gʻoyib boʻladi. Sodda doʻstimiz ikki yuz dollar pul, qoʻshimcha xarajatga tushib, dard ustiga chipqon deganday pasportlarini yoʻqotib, chapak chalib qoladi.

Qadimda bir oʻgʻri boʻlgan ekan. Bir kun podshohning saroyini tunashga tushibdi. Xazinani oʻmarmoqchi boʻlib, u yoq-bu yoqqa alanglasa, gʻira-shira qorongʻilikda bir nima yaltirab turganmish. “Hoynahoy, tilla boʻlsa kerak” deb oʻylab suyunib, yalab koʻrsa... tuz ekan. “Obbo, hay, boʻlar ish boʻldi” debdi-da, “bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom” degan maqol esiga tushib, xazinadan quruq chiqib ketgan ekan. “Oʻgʻri boʻl, insofli boʻl” naqli oʻsha zamonlardan qolgan boʻlsa ajabmas. Hatto oʻgʻrilarda  insof boʻlgan ekan. Bugun  ayrim ikkiyuzlamachi, qallob, tovlamachi zamondoshlarimizga duch kelsak, bunaqalar qachon va qayerdan paydo boʻlib qoldi ekan degan savollar miyaga chaqmoqdek uriladi. Joʻyali javob topishga qiynalib, oʻyga tolasan...

Yevropaning Avstriya, Germaniya, Shveysariya kabi mamlakatlarida ijodiy safarda koʻp voqealarning guvohi boʻlganman. 2011-yili Drezden-Hellerauda chogʻimda “Lidl” supermarketiga tez-tez tushib turardim. Bir kuni non, kolbasa va meva-cheva olib, pulini toʻladim-da, keta boshladim. Ikki yuz metrcha yurgach, kimdir chaqirganday boʻldi. Sotuvchi yigit qoʻli bilan ishora qilib, nimadir derdi. Qaytib borib, “nima gap, tinchlikmi?” deb soʻradim. Shunda u “qaytimingizni unutib qoldiribsiz” deya bir sent uzatdi. “Qoʻyavering” dedim unga, chaqani olishga oʻzimcha uyalib. “Yoʻq, oling, – uzrxohlik bilan dedi u, – bizga birovning haqi kerakmas”...

Xuddi shunga oʻxshash voqea Vernetsʼhauzen qishlogʻida (Shveysariya) ham boʻlgandi. 2016-yil, Looren tarjimonlar uyida ijodiy safarda edim, syurix poezdiga chiqish uchun Hinvilgacha avtobusda bormoqchi boʻldim. Yevropada yoʻlovchilar jamoat transportiga oldingi eshikdan chiqib, oʻrta yoki orqa eshikdan tushadi. Chiqib, haydovchiga salom berdim-da, yoʻl haqi uchun besh franklik tanga uzatdim. “Kassa buzuq, ishlamayapti” dedi u rulni asta boshqararkan. “Hay mayli, tushayotganda berarman” dedim oʻzimga oʻzim va salon ichkarisiga oʻtdim. Soʻnggi bekat – Hinvilga yetib borgach, tushayotib haydovchiga yana boyagi tangani uzatdim, ammo u norozi boʻlgandek “Sizga aytdim-ku, kassamiz ishlamayapti” degandan soʻng, “rahmat” deb tushib ketaverdim. Odamlar ham gʻalati-ya, axir kassang ishlamasa, kissang bor-ku, berganni olib qoʻyavermaysanmi, xumpar! Yoʻq, ularga ham birovning haqi kerak emas ekan...

Olmoniyaning shimoli-gʻarbida, Shimoliy Rayn-Vestfaliya oʻlkasida Shtralen degan moʻjazgina shaharcha bor, uni oʻzimizdagi Namanganga oʻxshab, “Blumenstadt” – gullar shahri deb atashadi. Juda chiroyli maskan, shaharchada turli muassasalar, jumladan, Yevropa tarjimonlar hayʼati – Xalqaro mutarjimlar markazi ham joylashgan. U yerga ilk bor 2007-yilning bahorida borgandim, keyin yana bir necha marta borish nasib etdi. 2018-yilning yozida (oʻshanda Rossiyada futbol boʻyicha jahon chempionati oʻtkazilgandi) Shtralenda boʻlgan yana bir voqea esimga tushdi.

“Kaufland” supermarketidan har kuni ul-bul xarid qilib turardim. Oʻzim yaxshi koʻrib isteʼmol qiladigan, Hamburgdan keltiriladigan mazali oq non va boshqa shunga oʻxshash narsalarning narxi yod boʻlib ketgandi. Gavjum supermarketda oʻnga yaqin kassirning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Bir gal zarur mahsulotlarni xarid qildim-da, pulini toʻlab, chekini olib koʻchaga chiqdim. Qaytimni sanasam, bir yarim yevro kamroq koʻrindi. Supermarketga qaytib bordim. “Kechirasiz, ozgina tushunmovchilik boʻlganga oʻxshaydi” deya chek, qaytim va xaridimni koʻrsatdim.

“Uzr, – dedi shunda kassir ayol xushmuomalalik bilan, – bitta narsani ikki marta bosib yuboribman, pulni qaytarib boʻlmaydi, falon boʻlimga boring, muammo hal boʻladi”. U aytgan “Informationsabteilung”ga (maʼlumotlar boʻlimi) bordim. Qaytim va xaridimni koʻrsatdim. Chekka birrov razm soldi-da, 1 yevro 49 sent (toʻrtta oq nonning narxi) uzatdi. Rahmat aytib ketayotgandim, “iltimos, bir daqiqa” deb qoldi. Sellofan qogʻozga bejirim oʻralgan koʻylakka oʻxshash narsa uzatarkan, “ovora qilganimiz uchun uzrimiz sifatida arzimas sovgʻa, oling” dedi. Mulozamatdan hang-mang boʻlib qoldim.

Yotogʻimga kelib ochib koʻrsam, futbol boʻyicha jahon chempionatiga atab mashhur firma ishlab chiqargan, chempionat tasviri tushirilgan, narxi ancha-muncha yevro turadigan charm ryukzak ekan... Gap albatta kassir ayolning adashganida yo “ovora” boʻlganimda yoki oʻsha “arzimas sovgʻa”da ham emas. Men, toʻgʻrisi, bunday muomaladan mutaassir boʻldim. Bunday munosabatni, taʼbir joiz boʻlsa, madaniyatning, maʼnaviyatning goʻzal namunasi deb atagan boʻlardim.

Oʻzim tahsil olgan institutning (hozirgi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti) olmon filologiyasi fakultetida talabalarga dars berib yurgan yillarim. Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti ham xuddi shu fakultet binosida joylashgandi. Kechki payt uyga qaytayotib Gyote instituti rahbari Frau Gyunterni uchratib qoldim. “Ishdan qaytayapman, taksi kutib turibman”, – dedi xonim salomimga alik olarkan.

– Iye, taksi deysizmi? – hayron boʻlib soʻradim. – Yanglishmasam, xizmat mashinangiz bor-ku, shundaymi?

– Ha, albatta, – javob qildi Gyunter xonim vazminlik bilan, – lekin undan faqat ish paytida foydalanaman, hozir taksida ketishim kerak. Chunki ish vaqtim tugadi...

Olmonlarning halol, rostgoʻy, tejamkor xalq ekanini yaxshi bilamiz. Ammo ular ana shu fazilatlarni bizning ota-bobolarimizdan oʻrganganini hamma ham bilavermasa kerak. Qadimgi german qabilalari, shuningdek, mojor(venger)larning ham bir zamonlar bugun siz bilan biz nafas olib turgan mana shu muqaddas zaminda yashaganlari, buyuk koʻchish davrida hozirgi hududlariga borib joylashganlari tarixiy manbalardan yaxshi maʼlum.

Ajdodlarimiz oʻzganing haqiga xiyonat qilmaydigan, koʻzi toʻq, sabr-qanoatli boʻlishgan. Amir Temur bobomiz lashkarlari bilan muhorabadan qaytayotganida bir qishloqdan oʻtayotib, ovul etagida yastanib yotgan, mevalari gʻarq pishib, yashnab turgan serhosil bog‘ ustidan chiqib qoladi. Mevalardan juda tatib koʻrgisi keladi. Shunda sohibqiron “agar men hozir bir dona olma uzib yesam, bu bogʻdan asar ham qolmaydi” deya nafsini tiyib, bogʻning bevaqt xazon boʻlishiga yoʻl qoʻymasdan yoʻlida davom etgan ekan...

Oʻtmishda ulamolar, mutafakkir va olimlarimiz xizmat vaqtlari tugagach, idoraning shamlarini oʻchirib, shaxsiy yumushlari bilan oʻz shamlarini yoqib mashgʻul boʻlgani haqidagi ibratli hikoyalarni oʻqiganmiz. Odob-axloq, ibo, hayo shu qadar kuchli boʻlganki, ayollar huda-behuda ostona hatlab koʻchaga chiqishga iymanishgan, erkagi qazo qilib ketgan hovli yo xonadonlar oldiga boʻsh chelak chiqarib qoʻyish rasm boʻlgan. Koʻchadan oʻtib ketayotgan qoʻni-qoʻshnilar suv toʻldirib, olib kelib qoʻyishgan.

Uzoqqa bormaylik, besh-olti yoshli bola paytlarimiz, 1960-yillari qishloqlarimizda artezian quduqlar qurilmagan, katta-yu kichik hovuz va ariqlardan suv ichardi. Hech qanaqa kasallik boʻlmasdi, zilol suvga nonni oqizoq qilib, boʻktirib yerdik. Ariqlarga choʻp-xas, axlat supurish u yoqda tursin, bu haqda oʻylash gunohi azim edi.

Doʻkonlar oldida ayrim tovarlar ochiq-sochiq turardi, kimdir xarid qilmoqchi boʻlsa, sotuvchi “tashqarida, oʻzing olaver” derdi. Odamlarda oʻzaro ishonch, birovning haqidan qoʻrqish tushunchasi kuchli boʻlgan.

Endi esa dardimiz pul, aksariyat nima qilib boʻlsa ham pul topishning payida, erta-yu kech oʻzimizni oʻtga-choʻqqa uramiz, hamma narsamiz bor-u, qanoatimiz yoʻq. Bir-birimizni aldashdan toymaymiz, insof-diyonat, mehr-oqibat, izzat-hurmat tushunchalari tobora yoʻqolib borayotgandek...

Xoʻsh, buning sababi nimada? Halollik, toʻgʻrilik singari fazilatlarni qadim ota-bobolarimizdan oʻrgangan olmonlar ana shu xislatlarni saqlab qololgan ekan, bizlarga nima boʻlayapti?.. Olmoniyada bankka ishingiz tushib, kassadan pul olsangiz-u sanay boshlasangiz, bu haqorat hisoblanadi. Siz ularga ishonmagan boʻlasiz.

Biz esa sanab olishimiz shart, chunki bir-birimizga ishonmaymiz. “Pulingizni kassa oldida sanab oling” degan yozuv ham bizni ogoh etib turadi. Olmontilli mamlakatlarda boʻlgan paytlarim jamoat transportiga koʻp chiqqanman, yetti yoshdan yetmish yoshgacha yoʻlovchilarning qoʻlida kitob, mutolaa bilan band. Valaqlab oʻtirishga vaqti yoʻq, bilim, tafakkur bor joyda, shubhasiz, taraqqiyot boʻladi.

Buyuk bobolarimiz merosini, tariximiz, madaniyatimiz va maʼnaviyatimiz sarchashmalarini oʻrganish oʻrniga, hoy-u havaslardan ortmay qoldik. Kitob oʻqimay qoʻydik, illatlarimizning tub sabablari mana shunda deb oʻylayman.

“Har kuni qahramon boʻlib yashash shartmasdir, ammo har kuni halol yashash shart” degan edi ulugʻlarimizdan biri. Ayrim yurtdoshlarimizning oʻtgan ajdodlarimizga, ota-bobolarimizga munosib vorislar boʻlish oʻrniga xudbinlik, loqaydlik, tovlamachilik kabi illatlar domida ekanini qanday va nima deb izohlash mumkin? Holbuki, zahmatkash va mehnatkash xalqimiz fitratiga bunday illatlar begona boʻlgan.

Mirzaali AKBAROV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.