Kir yuvilaverib kichrayib qolgan kirsovun yoki yeyilib ketgan qumqayroqqa nisbatan OLQINDI deymiz. Shuningdek, “olqindiday...” deganda koʻchma maʼnoda kichik narsa tushuniladi. Kir yuvish vositalari, hayot tarzimiz oʻzgargan sari bu soʻz ham, agar yangi maʼno tovlanishlari bilan isteʼmolga qaytarilmasa, hademay mutloq unut boʻlishi mumkin.

Qadimda esa olqindi va unga oʻzakdosh soʻzlar ancha faol boʻlgan, xususan, buni Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asarida keltirilgan misollarda ham koʻrish mumkin: “alqїndї – tamom boʻldi, tugadi. Alqїndї nӭң – narsa butunlay tamom boʻldi, tugadi. Ӭr alqїndї – odam oʻldi, tugadi, yoʻq boʻldi (alqїnur, alqїnmaq)” (DLT. I. T. 1960. 255-bet). Shuningdek, “Devon”da bu soʻzning feʼl shakli “alqtї” (boshqa bir oʻrinda “alqdї”.: DLT. III. T. 1963. 449-bet) shunday izohlangan: “alqtї: ol tavarїn alqtї – u molini yoʻq qilib yubordi” (DLT. III. T. 1963. 425-bet).

Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida ham bu soʻzga bir necha oʻrinlarda duch kelamiz:

“Nechә tersә dunya tүgәr ALQINUR”.

Maʼnosi: “Qancha mol-dunyo yigʻmagin, termagin, u tugaydi, olqinadi” (QB. T. 1971. 78-bet).

“Alqїndї” – “tugadi, tugayotgan” degani boʻlsa, uning ziddi, boʻlishsizlik shakli: “alqinchsiz” ham “bitmas, tuganmas” maʼnosida qadimda keng isteʼmolda boʻlgan. Misol: alqїnčsїz tükätinčsїz – bitmas-tuganmas. Alqїnču esa – oʻlayotgan, oʻtkinchi demak (DTS. M. 1969. 37-bet).

Bu soʻz etimologiyasi haqida lugʻatlarda maʼlumot mavjud emas. Bizningcha, “alq-” oʻzagi qadimgi turkiydagi “tugamoq, oʻlmoq, oʻldirmoq...” kabi koʻplab maʼnolarga ega boʻlgan “өl” arxetipiga borib taqaladi. Qadimgi “өl” esa – hozirgi tilimizdagi “oʻl-”, yaʼni barcha turkiy tillardagi “oʻlmoq”, “oʻlim” soʻzlari negizi. “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida keltirilishicha, hungar olimi G.Vamberi “өl” arxetipining “oʻlmoq” emas, “oʻldirmoq” maʼnosi qadimda birlamchi boʻlgan, degan fikr bildirgan. Bunga misol qilib olim major (hungar) tilida “өl-”ning “oʻldirmoq” maʼnosi saqlanganligini keltiradi. Chunki major tiliga bu soʻz qadim zamonlarda oʻzlashgan (ESTYA. I. M. 1974. 526-bet).

“Өl-”ning “oʻldirmoq” maʼnosi nafaqat major, balki moʻgʻul tillarida ham saqlanganligi G.Vamberi fikrini quvvatlaydi. Xususan, “Moʻgʻullarning sirli tarixi” yodgorligi 157-paragrafida “oʻldirmoq” maʼnosida qadimgi moʻgʻul tilidagi “alaju” soʻzi ishlatilgan. Bu borada Bobur ham “Boburnoma”da qiziq maʼlumot keltiradi. Maʼlumki, Boburning kichik togʻasi Ahmadxonning laqabi Olachaxon boʻlgan. Bobur buni shunday tushuntiradi: “Olachaning vajhi tasmiyasi muni derlarkim, qalmoq va moʻgʻul tili bila oʻlturguchini “olachi” derlar. Qalmoqni necha qatla bosib, qalin kishisin qirgʻon uchun “olachi” de-de kasrati istiʼmol bila Olacha boʻlubtur” (B. “Sharq”. 2002. 40-bet).

Shunday qilib, “alq-” feʼli, bizningcha, xuddi “tol+iq+moq”, “yoʻl+iq+moq” soʻzlari kabi, mazkur “өl-” oʻzagiga “-q” feʼl yasovchi qoʻshimchasini qoʻshish yoʻli bilan dastlab “al+iq+moq” shaklida yasalgan. Biror feʼlga mazkur “-q” (“-iq”) qoʻshimchasi qoʻshilganda feʼl oʻzagidan anglashilgan maʼno biroz yumshaydi, qiyoslang: “oyogʻim toldi” – “oyogʻim toliqdi”. Shu kabi “olqimoq”, “olqindi” soʻzlari ham hali butunlay tugamagan, ammo tugayotgan maʼnosida qoʻllanilgan. Deylik, qadimgi turkiyda oʻlim soati, kishi oʻlayotgan, soʻnggi daqiqalarini yashayotgan payt – alqїnču öd iborasi bilan ifodalangan. Hozir ham shu bois tugayotgan, ammo butunlay tugab ulgurmagan kirsovun, qayroq kabilarni OLQINDI deymiz.

Abduvohid HAYIT