Tomoshabin dunyoqarashini kengaytiruvchi, hayot voqeliklari va borliqqa nisbatan fikrlarini oʻzgartirishga majbur etuvchi kartinalar art-xaus yoki mualliflik filmlari deyiladi. Odatda, ularning muxlislari kam, tomoshaviylik koʻrsatkichi ham past boʻlib, kinoklublarda maxsus namoyish etiladi. Art-xaus filmlar koʻpchilik oʻrganib qolgan jangari, komedik, tez suratli epizodlardan farqli, uzundan uzun kadrlar, personajlarning zerikarli dialoglari va muallifning ijodiy chegarasizligi bilan ajralib turadi. Kino sanʼati endi rivojlana boshlagan ovozsiz filmlar davrida (1895-1930-yillar) ham bir qancha ana shunday mualliflik, syurrealistik kartinalar yaratilgan. Quyida eʼtiboringizga oʻsha davrda suratga olinib, kino tarixida inqilobiy iz qoldirgan eng mashhur filmlar 10 taligini havola etamiz:
1. “Toqatsizlik”, rej. Devid Uork Griffit, 1916 yil.
Filmdan dunyo tarixi va madaniyatida muhim ahamiyat kasb etgan toʻrtta voqelik: afsonaviy Bobilning qulashi, Iso Masihning hayoti, Avliyo Bartolomey kechasi va 20-asr Amerikasidagi oʻz ozodligi uchun jonini berishga tayyor odamlar haqidagi hikoyalar oʻrin olgan. Rejissyor Devid Griffitning "Toqatsizlik" va "Millatning tugʻilishi"(1915) filmlari ovozsiz kino davrining eng yirik epopeyalari edi. Aynan shu ikki kartinadan keyin kinoga nisbatan tushunchalar anchayin oʻzgaradi.
2. “Doktor Kaligari kabineti”, rej. Robert Viene, 1920-yil.
“Doktor Kaligari kabineti” inson ongining oʻzgargan holatlarini aks ettiradigan birinchi kartina ekani bilan diqqatga sazovordir. Shuningdek, u kinematografiya tarixida nemis kinoekspressionizmining boshlanishi va keyingi 20 yilligiga zamin yaratgan film edi.

3. "Potyomkin jangovar kemasi", rej. Sergey Eyzenshteyn, 1925 yil.
Film syujetida 1905-yilning yozida "Knyaz Potemkin-Tavricheskiy" kemasidagi dengizchilar qoʻzgʻoloni va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻchalarga chiqqan Odessa aholisining Rossiya imperiyasi qoʻshinlari tomonidan qatl etilishi aks ettirilgan. Ushbu film kinematografiya tarixidagi eng muhim asarlardan biri hisoblanadi, chunki rejissyor unda ilk marta tajribaviy va innovatsion montaj usullarini qoʻllagan.
4. “Metropolis”, rej. Fritz Lang, 1927 yil.
Nemis kinoekspressionizmining yuqori nuqtasi boʻlgan ilmiy-fantastik, antiutopik film. Filmda jamoaviy kastalarga boʻlingan kelajak shaharlaridagi hashamat va isrofgarchilikka botgan hukmron sinf boshqaruvidagi hayot gavdalantirilgan. U yerda ishchilar yer ostida, dahshatli sharoitda baxtsiz hayot kechiradi. Bir kuni yuqori shahar bosh hukmdorining oʻgʻli tasodifan zindondagi qizni uchratib qoladi. Yoshlarning munosabatlari qalinlashib, yigit qizning ish joyiga borishga qaror qiladi. Shu tarzda psixologik drama boshlanadi…

5. “Dengiz yulduzi”, rej. Man Rey, 1928 yil.
“Dengiz yulduzi” mashhur fransuz syurrealist rassomi Man Reyning avangard kinodagi eksperimenti boʻlib, kinematografiya tarixidagi dastlabki syurrealistik film hisoblanadi. Uni tasvirga olish uchun oʻsha vaqtdagi eng yangi texnikalardan foydalanilgan boʻlib, yumshoq fokusli tortishish yordamida rejissyor toʻlqinli shaffof oynadan suratga olish effektiga erishgan. Film syujeti erkakning uni hayajonga solgan ayoldan qoʻrqishi haqida hikoya qiladi.
6. “Janna dʼArkning ehtiroslari”, rej. Karl Teodor Drayzer, 1928-yil.
Kartina Janna dʼArkning hayoti haqidagi hujjatlar asosida yozilgan protokollar va tergov sudi guvohlarining hujjatli bayonlariga asoslanadi. Unda tabiiylikka alohida eʼtibor berilganidan aktyorlarga umuman grim ishlatilmagan. Oʻz davrida Britaniyada filmning namoyishi taqiqlangan. Ammo kartina nafaqat ovozsiz kino davrining eng yaxshi filmi, balki jahon kinematografiyasining zabt etilmagan choʻqqisi sifatida ham bir necha bor eʼtirof etilgan.
7. “Andalusiya iti”, rej. Luis Bunuel, 1929 yil.
Ustara bilan kesilgan koʻz, qoʻl kaftidan sudralib chiqayotgan chumolilar... Bu Luis Bunuel va Salvador Dalining hamkorlikdagi ijodi boʻlib, mualliflarga koʻra, hech qanday sirli yoki yangi gʻoya yaratishni maqsad qilinmagan. Yuqoridagi kabi kadrlarning hammasi syurrealistik tasvirlar boʻlib, undan ongli allegoriyalarni qidirmaslik lozim. Chunki chindan ham filmdan asosiy maqsad – badiiyat(sanʼat)da irratsionalizm gʻoyalarini olgʻa surish edi.
8. “Oltin asr”, rej. Luis Bunuel, 1930 yil.
"Andalusiya iti" va uning mantiqiy davomi hisoblangan “Oltin asr” 20-asr sanʼat va madaniyatining "Syurrealizmning manifesti" hisoblanadi. Ushbu filmda ham aniq syujet yoʻq, kadrlar koʻp hollarda ajabtovur, bemaʼni vaziyatlar, zoʻravonlik va shafqatsizlik tasvirlari bilan toʻldirilgan sahnalar toʻplamidan iboratdek tasavvur uygʻotadi. Bir qancha kinoshunoslar esa filmdagi erotik mavzularni poetik talqinda qabul qilish lozim ekanligini taʼkidlaydi.
9. “Jinnilik sahifasi”, rej. Teinosuke Kinugasa, 1926 yil.
Yapon kinematografiyasidagi ilk avangard film. Voqealar qizini suvda choʻktirishga uringan ayol yotqizilgan psixiatriya klinikasida sodir boʻladi. Uning eri, sobiq dengizchi, xotinini asirlikdan qutqarish uchun poliklinikada farrosh boʻlib ishga joylashadi. Ammo voqealar rivoji shunday tus oladiki, tez orada erkakning oʻzi ham aqlini yoʻqotadi…

10. "Kichik Sherlok", rej. Buster Keaton, 1924 yil.
Mashhur komik rejissyor Buster Keatonning eng noyob filmlaridan biri boʻlgan kartina syujetida perfeksionist va detektiv ishqibozi boʻlgan yigit oʻgʻrilikda nohaq ayblanadi. Natijada tuhmatga uchragan qahramon sevgilisinikidan haydaladi. Tushkunlikka tushgan yigit uzoq uyquga ketadi va tushida ayblov ishini ajoyib tarzda tekshiradi. Filmning AQSh milliy kino reestriga kiritilgani ham alohida eʼtiborga loyiq.
Asl kino muxlislari, vizual sanʼat estetikasidan boxabar insonlar va yosh ijodkorlar uchun ushbu filmlarni tomosha qilish tavsiya etiladi.
Samandar EGAMBERDIYEV,
sanʼatshunos