Oxirgi paytlar odamlarning hayotiy qarashlari va tutumlari oʻzgarib bormoqda. Buni birgina kattani hurmat, kichikni izzat qilish misolida ham payqashimiz mumkin. Ayniqsa, baʼzi yoshlarning bobolarimiz zamonida soʻzsiz qabul qilingan axloq tushunchalariga olakoʻz qarashida yorqinroq ilgʻaymiz. Millatning odob mezonlari oʻzgarib borayotgan hozirgi davrda ustoz va shogirdlik anʼanalari qanday shart va sabablarga koʻra belgilanmoqda? Suhbatdoshimiz – adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yoʻldoshev bilan shunday mavzularda gurung qildik.
– Sizdan koʻpdan beri ustozlik maqomi haqida soʻramoqchi boʻlib yuraman. Aniqrogʻi, ustoz‑shogirdlik munosabatlarini. Nazarimda, ustoz‑shogirdlik ijtimoiy munosabatlar orasida nafaqat muhimlaridan biri, balki eng muhimining aynan oʻzi... Toʻgʻri, bu gapda hech bir yangilik yoʻq. Insoniyat esini taniganidan beri oʻrgatuvchi ham bor, oʻrganuvchi ham. Tatar shoiri Hodi Toqtosh “Muhabbat oʻzi eskidir, har bir yurak uni yangilar” deganiday ustozlikni ham, shogirdlikni ham hamma oʻzicha his qiladi, bu olamda hamma oʻzicha yashaydi. Sizningcha, bugun ustozlik va shogirdlik anʼanalari, qolaversa, bu maʼnaviy rishtaga munosabat koʻngildagidaymi?
– Zamon tezlashib, shitobroq boʻla borgani, vaqt nihoyatda kamyob, hamisha yetmaydigan bir hodisaga aylangani sari ustoz-shogirdlik munosabatlari ham bir qadar oʻzgarishlarga uchrashi tabiiy. Hazrat Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida ustozlik va shogirdlik haqida shunday deyilgan: “Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, // Agar ustoz rozi – Tangri rozidur”. Juda zalvorli gap bu. Ustozning maʼnaviy maqomi haqida bundan oʻtkazibroq aytib boʻlmaydi. Bizning yaqin kechmishda ham, deylik, bundan oʻttiz-qirq, ehtimol, ellik-oltmish yil oldin ustoz bilan shogirdning maqomi, oʻzaro munosabati, garchi qogʻozda yozilmagan boʻlsa-da, ijtimoiy ongda mavjud edi. Ularga yozilmagan qonun sifatida amal qilinardi. “To ustoz fotiha bermaguncha, to ustozni rozi qilib ketmaguncha shogirdning ishi oʻngmaydi” deganga oʻxshash qarashlarga koʻpchilik ishonardi, ishongani tufayli rioya ham qilardi. Hozir esa dunyoga moddiyunchining koʻzi bilan qaraydigan boʻlganmiz. Qolaversa, hali aytganimizday, zamonning tezkorligi, vaqtning shitobi shunaqaki, ustozning qosh-qovogʻiga qarab oʻtiradigan vaziyat ham emas. Ehtimol, shuning uchun ustoz-shogirdlik munosabatlari muayyan darajada oʻzgarishlarga uchradi.
Shunga qaramay, garchi juda avvalgi vaqtlardagiday duo-yu fotiha berib, ish qurollarini topshirib, “Endi oʻzing mustaqil ishla” deydigan darajada boʻlmasa ham, hanuz yaxshi ustozlik, havas qilarli shogirdlik anʼanalariga amal qiladigan odamlar bor. Deylik, Nurboy Jabborov, Uzoq Joʻraqulovning Begali Qosimovga, Adham Alimbek, Nurulla Ahmadovning Laziz Qayumovga munosabatlarida ana shunday ehtirom, tavoze bor... Ilm sohasida Nasimxon Rahmonning ham Aziz Qayumovga samimiy hurmatiga guvoh boʻlgan edim. Shunisi qiziqki, turli ilmiy maktablar oʻrtasida ham ustoz-shogirdlik borasida farqlar bor ekan. Men bir muddat Samarqand davlat universitetida oʻrindoshlik asosida ishlaganimda tonug‘ boʻldimki, u yerda shogirdlar ustozga hatto qosh chimirmaydi, baʼzan oʻzining koʻnglidagi oʻylarini aytishdan ham tiyiladi. Qadimgi ustoz-shogirdlik haqida oʻqiganmiz-ku, qariyb shunday. Demak, Samarqandda ana shunday maktab shakllangan ekan.
– Yigirma birinchi asrda bu anʼanalarning amal qilayotgani juda hayratlanarli...
– Ha, aynan bugun, yigirma birinchi asrda ham ustoz-shogirdlik munosabati shunday u yerda. Albatta, men buni hammaga namuna boʻladigan holat deb hisoblamayman, chunki odam oʻzgaradi, zamon yangilanadi, sharoit har xil boʻladi, davr ustoz-shogirdlik munosabatlariga ham oʻzining tahririni kiritadi. Umuman, menda “yaxshi ustoz boʻlsa, demak, shunga yarasha yaxshi shogird ham boʻladi” degan oʻy bor, umid bor.
Taʼlimda-chi desangiz, mana, oʻzingiz oʻquvchi ham boʻlgansiz, keyin talabalik, aspirantlikni bosib oʻtdingiz, muayyan darajada oʻqituvchilik ham qilgansiz. Bu oʻrinda subordinatsiyani qatʼiy belgilab, hamma ustoz-u barcha shogird tomonidan bir xil qatʼiy amal qilinadigan mezon bor yoki boʻlishi kerak deyish yaramaydi. Shu sababli ham, ayniqsa, keyingi vaqtlarda ayrim odamlar buni qanday amalga oshirishni, qanday roʻyobga chiqarishni bilmagani tufayli baʼzan keragidan ortiq darajada erkinlik talab qilib, johillikka oʻtib ketayotganini, ustozlarni ranjitayotganini, mana, ijtimoiy tarmoqlarda koʻrib turibmiz. Bugun bunday voqealar juda xunuk koʻrinadi, odamni oʻylashga majbur qiladi...
– Har holda men ustozlik maqomiga munosabat salbiy tarafga oʻzgarib borayapti – susayayotganday degan gʻamginroq qarashdaman. Buni ustoz-shogirdlik anʼanasining unutilib borayotganida ham koʻraman. Har bir sohaning siri ustoz-shogirdlik zanjirida saqlanadi. Ustoz yillar mobaynida shogirdiga misqollab kasb-hunarini oʻrgatadi. Bu baʼzan oshkora yoʻriq, baʼzan nasihat, gohida koyish koʻrinishida boʻlishi mumkin. Koʻpincha quymaquloq shogirdlar ustozini gapirtirmaydi ham, koʻrib turib oʻrganadi. Shu tariqa vaqt oʻtgani sari ustozining izini bosadigan shogird shakllanadi. Bu ikki insonning oʻzaro munosabatigina emas, balki muayyan sohaning uzviy davom etishi, rivojlanishining sharti hamdir. Novvoylikda ham, muhandislikda ham, oʻqituvchilikda ham, muharrirlikda ham shu. Biroq bugungi besabr avlodda (zamonaviy jamiyatshunoslar zumerlar deyapti ularni) bunga xohish ham, hafsala ham, himmat ham yoʻqday. Nima deb oʻylaysiz, kasblar nuqtai nazaridan aytsak, har bir sohaning nozik sirlarini avloddan avlodga oʻtkazuvchi rishta uzilmaydimi bu ketishda?
– 1997-yildan 2012-yilgacha tugʻilganlar “zumerlar avlodi” deb atalayotganini inobatga olsak, “bu dunyoda men hech kimning oldida qarzdor ham, burchli ham emasman, kimlargadir sadoqat koʻrsatishim, kimlargadir hisob berishim shart emas” deb qaraydigan bu avlod bizga-da kelgani bor gap. Ehtimol, bu avlodni biz birinchi navbatda Botish dunyosining vakillari deb qarashimiz kerakdir. Lekin biosfera shunaqa qudratga ega ekanki, dunyoning boshqa tarafida shakllangan gʻoyalar oradan hech qancha vaqt oʻtmay, ayniqsa, bugungi axborot toʻrining kengayishi sharoitida bizga ham yetib keldi.
Haqiqatan ham “Dunyoning markazi menman, men endi hech kimning oldida hisob berishga ham, hech kimga qullik qilishga ham burchli emasman” tarzidagi qarash haqida oʻylaydigan boʻlsak, bu yondashuv koʻp narsalarning yoʻqotilishiga sabab boʻlishi mumkin. Chunki bilimni hozirgi axborot davrida oʻzlashtirib olsa boʻladi. Lekin shunday hodisalar boʻladiki, ularni oʻqib-oʻrganib boʻlmaydi, ular his qilinadi, aytilmasdan koʻrib oʻrganiladi. Odamzodning tutumi – oʻzini qanday tutadi, qayerda qanday qaror qiladi, qayerda qanday soʻz aytadi – bularning deyarli hech biri hijjalab oʻqib oʻrganilmaydi-ku... Holbuki, ana shu jihatlar orqali ham ustoz-shogirdlik hosil boʻlishi mumkin. Deylik, jarrohlik amaliyoti haqida son-sanoqsiz koʻrsatmali qurollar bor, juda koʻp kitoblar yozilgan, lekin qoʻli yengil jarrohning shogirdiga bevosita koʻrsatib oʻtkazgan amaliyotining oʻrnini hech narsa bosolmaydi-da. Buni toʻligʻicha na qogʻozga koʻchirib, na axborotga aylantirib boʻladi.
Shu joyda rahmatli shoirimiz Azim Suyunning “41-hadis” degan sheʼri esga tushayapti. Sheʼrga koʻra, polvon shogirdiga kurashning 40 ta hadisini oʻrgatadi, bilasiz, polvonlar olishning sirini, usulini hadis deydi. Usta odamga nisbatan “falon kasbning hadisini olgan” degan gap ham shundan kelib chiqqan. Xullas, 40 hadisni oʻrgangach, shogird shu qadar kuchga toʻlib, shu darajada shuhrat qozonibdiki, oxirida ustoziga kelib, “Siz bilan kurashmasam boʻlmaydi, men bilan olishadigan boshqa hech kim qolmadi” deyishgacha yetibdi. Ustozining “Qoʻy endi” deganiga ham koʻnmabdi. “Qanday qilib men eng zoʻriman deb aytaman, agar sizni yiqitmagan boʻlsam...” degan-da. Xullas, kurash boshlanibdi va ustoz bir hamlada shogirdining yelkasini yerga tekkizibdi. Shunda shogird hayron boʻlib “Meni qanday yiqitdingiz, axir hamma hadisingizni toʻliq oʻrgangandim-ku” desa, ustozi javob qilibdiki: “Senga oʻxshagan shogirdlarga atab qoʻygan 41-hadisim bor edi”.
Hayotda ham shunday. Deylik, oddiy maktab oʻqituvchisining faqat dars berayotgan bilimigina emas, balki oʻzini qanday tutishi, sinfga kirib kelishidan tortib salomlashishigacha, oʻquvchilarning u yoki bu harakatiga munosabat bildirishigacha – bularning bari ustoz-shogirdlik yuzaga chiqishi uchun juda muhim. Agar bular hisobga olinmasa, odam koʻp narsa yoʻqotadi. Chunki esi bor odam birovning xatosi bilan tarbiyalanadi. Esi yoʻq odam boshini devorga bir urib, oʻzining xatosi orqali tarbiyalanishiga toʻgʻri keladi. Tamom esi yoʻq odam esa boshini devorga qayta-qayta uraveradi-yu, oʻzining xatosidan ham xulosa chiqarmaydi. Shu maʼnoda, xavotiringizda haqiqatan ham jon bor, uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Uzilish yuzaga kelayapti ham.
Mana, aytaylik, adabiyotshunoslikda Umarali Normatov, Pirmat Shermuhammadov, Norboy Xudoyberganov, Sanjar Sodiqlar, hatto qalam haqi mutlaqo unutilgan zamonlarda ham, yangi asarlarga munosabat bildirib maqolalar yozdilar, kitoblar chiqarishdi. Bu tutum ulardan keyingi avlodga – bizning avlodga ham qaysidir darajada oʻtdi. Lekin sizlarning avlodlaringiz bizga nisbatan ancha pragmatik. “Kitob chiqarsam, bundan menga nima foyda? Shuncha mehnat qilsam-u, yana pulimga kitob chiqarsam, sotiladimi-yoʻqmi, sotilmasa-chi...” deb oʻylaysizlar.
Shuning uchun ham hozir yosh tanqidchilarimiz keksa tanqidchilar singari emas, hatto juda zarurat boʻlmasa, maqola ham yozib oʻtirmaydi, munosabat ham bildirmay qoʻya qoladi. Chunki bunda u manfaat koʻrmaydi... Men sizga doim nega maqolalar yozmaysiz, nega Yozuvchilar uyushmasining yigʻilishlarida qatnashib turmaysiz, nima uchun doktorlik tadqiqotiga kirishmayapsiz deb soʻrab turaman-ku! Demoqchimanki, oʻzingiz berayotgan savolning muayyan darajadagi illyustratsiyasi oʻzimizning misolimizda ham koʻrinib turibdi.
Shuning uchun, savolga kelsak, ha, yoʻqotishlar boʻlishi, uzilishlar boʻlishi aniq. Faqat... kim biladi deysiz, shu uzilishlarning oʻzi yangicha ustoz-shogirdlik munosabatlarining etaloniga aylanar. Chunki hayot toʻxtab qolmaydi, bu dunyoda baribir kimdir kimgadir yoʻl koʻrsatishga mahkum...
– Ustozlik mohiyatini unutganmiz, toʻgʻrirogʻi, bilmaymiz deyotganimning yana bir sababi bor. Baʼzilar hammaga, yoppasiga “ustoz” deb murojaat qiladigan boʻlgan hozir. Bunday murojaat shakli oxirgi oʻn-oʻn besh yilda koʻpayganday. Tanisa ham – ustoz, tanimasa ham – ustoz; oʻgit bergan boʻlsa ham – ustoz, bermagan boʻlsa ham – ustoz... Bir qarashda buning yomon tomoni ham yoʻqqa oʻxshaydi; hay, hurmati zoʻrligidan shunday murojaat qilayapti, urishmayapti, kamsitmayapti, yaxshimasmi?.. Biroq soʻz qancha koʻp aytilsa, shuncha ohori ketadi, qolaversa, ustozlik alohida maʼnaviy maqomki, deylik, “ustoz” soʻzini “aka” yoki “togʻa” maʼnosida qoʻllash chinakam ustozlarga nisbatan hurmatsizlikday... Yo men boʻrttiryapmanmi?
– Chamasi, sal boʻrttirayotgandaysiz. Siznikiday eʼtirozni ijtimoiy tarmoqlarda ham bir-ikki oʻqidim shekilli. Mening nazarimda, bundan bir xatar izlamaslik kerak. Aytganingizday, haqiqatan ham kimdir oʻzidan kattaroq odamni sal ayabroqmi, hurmatini bildirgisi kelibmi, ustoz deyotgani bor gap. Masalan, sizlar oʻqiganlaringizda bizni domla derdilaringiz. Hozir yoshlar orasida domla degan soʻz deyarli ishlatilmaydi. Maktab oʻqituvchisi ham ustoz, universitet domlasi ham ustoz, shunchaki katta yoshdagi notanish odam ham – ustoz. Buni ustozlik maqomining qadrsizlanishi emas, balki odamning “mendan kattaroq, mendan koʻproq biladiganroq” deb oʻylaydigan kishisini ustoz deb atashi sifatida qabul qilganimiz, shunday yaxshi gumonda boʻlganimiz durust.
– Milliy universitetda ishlagan yillaringiz qatorasiga ancha yil “Eng yaxshi professor” reytingida birinchi boʻldingiz. Talabalar doim sizga intilardi, darslaringizga qiziqardi. Biroq barcha ustozlarning ham yoshlar bilan munosabati bir xil emas. Baʼzilar yoshlar bilan haddan ziyod qatʼiy masofa saqlasa, boshqalar yoshlar orasida ulardan-da “yoshroq” boʻlib ketadi. Albatta, oqibat ham shunga yarasha: birinchi toifadan yoshlar oʻzini tortadi, ikkinchi toifani esa mensimay boshlaydi. Sizningcha, ustozlar qay yoʻlni tutgani afzal? “Oltin oʻrtaliq”ni qanday topish mumkin?
– Shu “oltin oʻrtaliq”ni topmagan maʼqul deb oʻylayman. Chunki har bir odam oʻzining minaziga yarasha yoʻl tutadi. Mana, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Hoshimjon Ahmadov degan domla bor. Ana shu kishi har qanday talabaning, oʻgʻil boʻlsin, qiz boʻlsin, oʻrtogʻiga deymizmi, akasiga deymizmi, yaqiniga aylanib keta oladi. Men unga koʻp havas qilamanki, shu Hoshimjonday domla boʻlolmadim-da deb. Bilmayman, talabalar men haqimda nima deb oʻylashadi, uni siz mendan koʻra yaxshiroq bilasiz. Lekin, kuzatishimga koʻra, talabaga yaqinlik ustozga shogirdlarning nimaga qodirligini, nimani qila oladi-yu nimani qila olmasligini, nimani qila olishiga tabiatidagi qaysi jihati yordam beradi-yu qaysi biri xalaqit qilishini, oilasida qanday muammolari borligi, shu muammolar uning talabalik faoliyatiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligigacha bilish imkonini yaratadi. Bilim esa odamga qudrat beradi.
Shunday domlalar borki, oldiga talaba zoti botinib yaqinlasholmaydi. Garchi ular talabalarga yomon muomala qilmasalar ham, xayrixohlik bilan qarasalar ham. Bunga ularning haybati sabab. Lekin afsuski, shunday ustozlar ham borki, talabalar ularni koʻrgisi kelmaydi. Bilimi garchi yomon boʻlmasa ham, hatto koʻp narsa bilsa ham. Ayni vaqtda ular “nima uchun mening oldimga talabalar kelmaydi?” mazmunida nolib ham qoʻyadi, holbuki, oʻzlari talabaning ham odam ekanligini, oʻziga xos betakror shaxs ekanligini, talaba degani senga bugun shogird tushgan boʻlsa, bu degani u mute boʻlishi kerak, sening hamma aytganingni qilishi kerak boʻlgan yaratiq emasligini hisobga olmaydi... Hay, dunyoni birxillashtirib boʻlmaydi. Shuning uchun boyagi aytganingiz “oltin oraliq”ni, toʻgʻrisi, bilmayman. Lekin har holda talabaga yoki shogirdga birinchi navbatda mehr bermoq kerak. Va uni senga maʼqul boʻlganligi uchun emas, balki boricha qabul qilish, boricha yordam berish kerak deb oʻylayman.
– Ustozlik kishining kamolot kasb etishi uchun zarur shart ekan, ustoz va shogird oʻrtasida maʼnaviy yaqinlik paydo boʻlmogʻi kerak. Chunki shogird ustozini koʻrib, oʻgit, tanbehlarini eshitib, shundan maʼnaviy qurbat hosil qiladi. Globallashuv esa aynan shu jihatdan yana bir muammoni yuzaga keltirayotganday. Men bu oʻrinda sunʼiy aqlni nazarda tutayapman. Bugun aksariyat til modellari, ularni ommaviy “sunʼiy aql” deyapmiz, xuddi insonday muloqot qilishni “eplayapti”. Toʻgʻri, hozircha ayrim kamchiliklari (ayniqsa, oʻzbekchada) boʻlishi mumkin, biroq uning taraqqiyoti shu qadar tezki, juda qisqa fursat ichida bu kamchiliklari bartaraf etilishi tayin. Soʻramoqchi boʻlganim shuki, sunʼiy aql bilan gaplashayotgan, savollariga undan javob soʻrayotgan, mavzudan kelib chiqib aytsak, “kompyuterga shogird tushgan” zamonaviy odam ustozning maʼnaviy quvvatini his qilarmikan? Yaʼni, bizni ustoz-shogirdlik anʼanalari bobida yanada gʻamginroq kelajak kutayaptimi?
– Buni men hech oʻylamagan ekanman... Bilishimcha, sunʼiy intellekt koʻp axborotni jamlagani holda sizga mavjud maʼlumotlar asosida javob beradi. Lekin hayot shundayki, hamisha ham barcha narsani dasturga kiritish imkoni yoʻq. Agar aytganingizday, shunday avlod shakllanayotgan boʻlsa, ustozlari emas, balki mashina bilan muloqot qilib, uning javoblari bilan qanoatlanayotgan boʻlsa, bu oʻylantiradigan muammo ekan.
Bordi-yu, kimdir mashinadan javob olsa, yaʼni uning muammolari mashina yechib beradigan darajada boʻlsa, mayli, mashina bilan ishlayvergani ham yomon emas, bundan juda qattiq xavotirga tushmaslik kerak, chunki uning darajasi shunday ekan-da. Biroq salohiyatli, izlansa juda koʻp haqiqatlarni topishi mumkin boʻlgan odamlar oʻsha yasama aqlning javoblari bilan kifoyalanib qolsa, shunga koʻnikib, shuni haqiqat deb daʼvo qilsa, ana bu – jamiyatni oʻylantirishi kerak boʻlgan muammo. Chunki bunday yondashuv taraqqiyotni yoʻqqa chiqaradi. Sodda qilib aytganda, hozircha bizning oʻzbek jamiyati uchun goʻyo sunʼiy aqldan foydalanishning oʻzi bir qadar oʻsish, zamonaviylik belgisi deb qaralmoqda. Lekin zamonaviy texnologiyadan foydalanish odamning imkoniyatlarini cheklaydigan, shaxsning oldinga ketishiga yordam bermaydigan, hatto toʻsiqqa aylanadigan boʻlib qolishi ham mumkinki, demak, bu oʻrinda oʻylanish, yechimlari haqida bosh qotirish kerak boʻladi.
– Kezi kelganda oʻzingizning ustozlaringiz haqida ham eslasangiz. Saboqlari hayotingizda sezilarli iz qoldirgan, oʻgitlarini hamon yodda tutadigan ustozlaringiz...
– Maktabda oʻqib yurganimizda, qarang, oʻzim bolalikdan adabiyotga qiziqqan, adabiyot oʻqituvchisi boʻlaman degan boʻlsam ham, matematika oʻqituvchimiz Habibulla Oʻrolovning tutumlariga havas qilardim. U kishining dars oʻtish uslubi, bolalar bilan, xususan, oʻzim bilan munosabatlari meni “oʻqituvchi mana shunaqa boʻlishi kerak” degan xulosaga undagan. Aksincha, adabiyot oʻqituvchilarim unchalik esimda qolmagan, demak, matematika oʻqituvchimday kuchli taʼsir koʻrsatmagan boʻlsa kerak-da. Institutga oʻqishga kirganimizda Akram Kattabekov, Bosim Toʻychiboyev va Umurzoq Oʻljaboyev – mana shu uch domla mening hayotimda juda chuqur iz qoldirdi. Holbuki, ular bizga domla boʻlib borganda endigina universitetni bitirgan yoshgina oʻqituvchilar edi, birontasining ilmiy darajasi yoʻq, hatto ayrimlari uylanmagan ham edi. Lekin ular bizga kitobning qudratini, ilmning kuchini koʻrsata oldi. Maʼruza qilishi meni juda qattiq taʼsirlantirgan professorlardan yana biri rektorimiz Xudoyberdi Doniyorov edi. Oʻzi u kishi tilshunos edi, lekin adabiyotni ham yaxshi bilardi. Maʼruzasi, sohasini chuqur bilishi odamni qoyil qoldirardi va u kishiga oʻxshashga intilardik. Biz oxirgi kursda ekanimizda davlat imtihoniga rais boʻlib Ayub Gʻulom bordi. Professor Ayub Gʻulom tilshunoslikdan uch-toʻrt kun ikki soatdan maʼruzalar ham oʻqidi. Men hayotimda unday maʼruza oʻqiydigan olimni boshqa koʻrmadim. Tasavvur qiling, hatto teatrga kirib tomosha koʻrishdan u kishining maʼruzasi qiziqroq, jonliroq edi-da...
Mana shu ustozlar mening bir oʻqituvchi sifatida shakllanishimga, shaxsimga taʼsir qilgan odamlar deb oʻylayman. Ha, keyin ham juda koʻp ustoz koʻrdik, qolaversa, faqat oʻzimizdan kattalardan emas, balki yoshlardan ham juda koʻp narsa oʻrgandik. Chunki bitta odam qancha narsani bilishi mumkin? Koʻp esa koʻp narsani biladi va oʻsha koʻp narsani bilgan odamlardan baʼzan oʻzing bilib, istab, baʼzan oʻzing bilmay, hatto istamagan holda ham oʻrganasan. Dilmurod Quronov, Ulugʻbek Hamdamga oʻxshagan olimlar, Luqmon Boʻrixon, Abduqayum Yoʻldosh kabi yozuvchilar, hamkasblarimiz... Juda koʻp ular, birining otini aytsam, boshqasi esimga kelmay qoladi, baridan ham u yoki bu darajada oʻrgandim.
Baʼzi shogirdlarim oʻzimdan yaxshiroq darajalarga koʻtarilib borayapti. Valijon Qodirov, Qunduzoy Husanboyeva, Islomjon Yoqubov... Xorazmda Farhod Bobojon, Gulistonda Obida Fayzullayeva degan juda katta mutaxassislar, oʻzining sohasini yaxshi biladigan olimlar bor. Ular faqatgina shogird emas, qaysidir darajada menga ham nimanidir ishda, hayotda singdirgan odamlar... Oʻzi men hech kimni shogirdim deb aytishga botinolmayman. Chunki mening shogirdim deb ustoz aytmasligi kerak, balki shogird aytishi kerakki ustozim deb...
– Vaqt ajratganingiz uchun katta rahmat. Ustozlik-shogirdlik anʼanalari davomli boʻlsin.
– Shunday boʻlsin.
Otabek SAFAROV suhbatlashdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Qirq birinchi usul” maqolasi