Insoniyatga tugʻilganidan to oxirgi nafasigacha hamroh boʻladigan muqaddas neʼmat bu uning ona tilidir. Til har bir xalqning milliy oʻzligi, madaniy boyligi, maʼnaviy qiyofasini namoyon etadi. Shu sabab tiliga boʻlgan muhabbat — bu faqat tilni yaxshi bilish emas, balki millatga, qadriyatlarga, tarixga boʻlgan hurmatning yuksak koʻrinishidir.

Jadid bobolarimiz ham ona tilini nafaqat oʻrganish, balki uni asrash, sof qoʻllanilishiga eʼtibor qaratish har bir insonning kundalik hayotida ustuvor bilishi kerakligini uqtirishgan. Zero, til yoʻq ekan, millat maʼnan yoʻqolib boradi.

Oʻtmishda sinovli yoʻlni bosib oʻtgan, baʼzan eʼtibordan chetda qolgan, baʼzan kamsitilgan oʻzbek tilining nafaqat yurtimizda balki, dunyo miqyosida mavqeini oshirish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalqaro minbarlarda toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzbek tilida nutq qilmoqda.  Nufuzli xorijiy anjumanlarda ona tilimizdagi maʼruzalar tinglanmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida oʻzbek tili faol qoʻllanilmoqda. Jahonning yetakchi ilm maskanlarida oʻzbek tili oʻrgatilmoqda. Yetakchi elektron platformalarida oʻzbek tilidagi kontent kengaymoqda. Bu nafaqat tilning, balki butun oʻzbek xalqining maʼnaviy yuksalishi, millat sifatida shakllanganini ifoda etmoqda.

Endi mulohaza: Oʻzbek tilining nufuzini oshirish boʻyicha keng miqyosda islohotlar olib borilayotgan, turli millat vakillari tilimizni sevib, ardoqlab oʻrganayotgan bir paytda oʻzimiz til masʼuliyatini qay darajada xis qilyapmiz?! Uning sofligini qanchalik saqlay olyapmiz?! Toʻgʻri, ona tilimizning maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi, ammo amaliyotda hamon yechimini kutayotgan masalalar yetarlicha. Har qancha qonun-qoida qabul qilinmasin, amaliyotdagi holat tilga boʻlgan munosabatni aniq koʻrsatadi.

Eʼtibor bering, koʻchalarda, reklama bannerlarida, savdo markazlarida koʻpincha ruscha yoki inglizcha yozuvlar ustuvor. Bu milliy tilning koʻzga koʻrinmasligiga sabab boʻladi. Ayrim davlat va xususiy tashkilotlarda ish yuritish hali ham toʻliq oʻzbek tilida emas. Kundalik muloqotda oʻzbekcha iboralar oʻrniga aralash soʻzlar: ruscha, inglizcha soʻzlar koʻproq qoʻllanilishi tilning estetik hamda mafkuraviy boyligini sustlashtirishi mumkin. Rasmiy maktublar, hujjatlar, hatto majlislarda ham rus yoki boshqa tillar ustuvor boʻlib qolmoqda. Bu esa nafaqat qonunbuzarlik, balki tilga nisbatan loqaydlikning, beeʼtiborlikning koʻrinishidir. Agar oʻz davlatimizda oʻz tilimizni ishlatishga uyalaydigan, oʻzga tilga muhtojlik hissini tuyadigan boʻlsak, unda millat maʼnaviyatiga putur yetadi. Bunday holatlarni oldini olish uchun jamiyatda estetik talab, huquqiy nazorat va eng muhimi, maʼnaviy masʼuliyatni oshirish har jihatdan muhim.

Shu oʻrinda amerikalik tilshunos Noam Chomskining bir fikrini eslatib oʻtmoqchiman. “Til insonning fikrlash qobiliyatini shakllantiradi. Uni yoʻqotish — butun fikrlash tarzini yoʻqotish demakdir.”

21 oktabr — faqatgina rasmiy sana emas, balki ona tilimizga hurmat, sadoqat va eʼtibor kunidir. Bu faqat tarixiy hodisa emas, balki bugun va kelajakda amaliy qoʻllanishi lozim boʻlgan maʼnaviy vazifadir.

Ona tilimizga hurmat koʻrsatish — faqatgina bayramlarda sheʼr oʻqish yo boʻlmasa chiroyli nutq soʻzlash emas, balki har kuni oʻz oʻqish va ish joyimizda, oilada, koʻcha-kuyda undan toʻgʻri foydalanish, uning nufuzini oshirishga hissa qoʻshishdir. Bu hurmat milliy gʻururni shakllantiradi, madaniyatimizni asrab qoladi. Shu bois har birimiz  oʻz tilimizni sof holda asrashimiz, sevishimiz va himoya qilishimiz shart. Faqat shundagina tilimiz jamiyatda haqiqiy davlat tili boʻlib, nufuz va  mavqe jihatdan yuksalab boradi.

 

 

                                                                                      Bahora Ahmedova

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Axborot xizmati rahbari