Oʻrta asrlar Sharq Uygʻonish davrida Turkiston va Onadoʻli (Kichik Osiyo) mintaqalari oʻrtasidagi aloqalar nafaqat diplomatik yoki savdo munosabatlari, balki eng avvalo, mustahkam ilmiy rishtalar bilan xarakterlanadi. Garchi koʻp hollarda Turkistondan Onadoʻliga yoʻl olgan ulamolar haqida soʻz yuritilsa-da, tarixning oltin sahifalarida Gʻarbdan Sharqqa – oʻsha davrning chinakam ilm markazlari boʻlmish Samarqand va Buxoro kabi Turkiston shaharlari tomon talpingan Onadoʻli olimlarining izlari ham kam emas.

Ushbu intilishning asosiy sababi – oʻsha davrda Turkiston shaharlarining islom olami va jahon ilm-fanining bosh markaziga aylangani edi. Onadoʻlining turli burchaklaridan yoʻlga chiqqan tolibi ilmlar va yetuk ulamolar uchun Turkiston tuprogʻi matematika, astronomiya, fiqh va tasavvuf ilmlarining eng sof hamda yuksak choʻqqilari oʻrganiladigan muqaddas maskan sanalgan. Bu jarayon ikki mintaqa oʻrtasida oʻziga xos “maʼrifat koʻprigi”ni vujudga keltirdi.

Anadoʻlidan Turkistonga kelib, bu yerdagi noyob ilmiy muhitda kamol topgan hamda ham Turkiston, ham keyinchalik Usmonli ilmiy tafakkuriga ulkan hissa qoʻshgan siymolar hayoti va faoliyatiga nazar tashlasak.

Muso bin Mahmud – Qozizoda Rumiy

Tarixda Qozizoda Rumiy nomi bilan mashhur boʻlgan olimning asl ismi Musodir. U ilmli oilada tavallud topgan boʻlib, Bursa qozisi boʻlgan otasi Xoʻja Afandining vafotidan soʻng, bobosi Qozi Mahmud Chalabiy tarbiyasida kamolga yetgani uchun “Qozizoda” laqabi bilan tanilgan. Muso dastlabki diniy va aqliy ilmlarni bobosidan hamda Sulton Murod I davrining mashhur olimi Mulla Fanoriydan oʻrgandi. Bilimga boʻlgan ishtiyoqi uni bobosining shogirdlaridan biri Badriddin Simaviy bilan birga Konyaga yetakladi. Bu yerda u mashhur astronom Fayzulloh Munaqqiddan astronomiya sirlarini oʻrgandi. Shuningdek, uning Onadoʻlidagi ustozlari safida Safarshoh ar-Rumiy ham bor edi.

1400-yillarning boshida, hatto yaqinlarining qarshiligiga qaramay, ustozi Mulla Fanoriyning ragʻbatlantirishi bilan Muso Turkiston va Xuroson mintaqasiga yoʻl oladi. 1411-yildan eʼtiboran u ilm-fan chorrahasi boʻlmish Samarqandda davrning eng yirik siymolari – mashhur kalomshunos va matematik Sayyid Sharif al-Jurjoniy darslarida qatnashadi. Biroq, Qozizodaning har bir masalaga oʻta aniqlik — matematik nigoh bilan qarashi koʻp oʻtmay ustozi bilan oʻrtalarida ilmiy ixtilof keltirib chiqaradi. U Jurjoniyning mashhur “Sharhul-Mavoqif” asaridagi ayrim fikrlarni keskin tanqid qilib, ustozining darslarini tark etadi. Rivoyat qilinishicha, shunda Jurjoniy shogirdi haqida: “Qozizodaning tabiatida riyoziyot (matematika) gʻolib keldi”, deya xitob qilgan ekan.

Ushbu eʼtirof bilan Jurjoniy borliq haqidagi bilimlarni oʻrganishda keng qoʻllaniladigan anʼanaviy tabiiy va kalomiy (falsafiy-diniy) uslubga qarshi oʻlaroq, Qozizoda sof handasa (geometrik) va riyoziy yondashuvni afzal koʻrganini taʼkidlamoqchi boʻlgan. Darhaqiqat, Qozizodaning keyingi faoliyati va birorta ham sof kalomiy mavzularda asar yozmagani uning tabiatida mantiqiy-matematik tafakkur naqadar ustun boʻlganini tasdiqlaydi.

Samarqandda Mirzo Ulugʻbek bilan tanishgan Qozizoda qisqa fursat ichida hukmdorning yuksak hurmatini qozonib, uning shaxsiy ustoziga aylandi. Koʻp oʻtmay u Ulugʻbek madrasasining bosh mudarrisi va Gʻiyosiddin Jamshid Koshiydan soʻng mashhur Samarqand rasadxonasining rahbari etib tayinlandi.

Qozizoda darslarida hatto Mirzo Ulugʻbekning oʻzi ham oddiy talabadek ishtirok etar, olim esa har qanday sharoitda ham ilmiy erkinlik va adolatni birinchi oʻringa qoʻyardi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, bir safar Ulugʻbek u bilan maslahatlashmay bir mudarrisni vazifasidan ozod qiladi. Bunga norozilik sifatida Qozizoda dars berishni toʻxtatib qoʻyadi. Hayron boʻlgan hukmdor sababini soʻraganda, u shunday javob beradi:

“Men mudarrislikni qoida boʻyicha asossiz boʻshatish koʻzda tutilmagan, daxlsiz bir vazifa deb bilar edim. Biroq bu ishda ham oʻzboshimchalik bilan boʻshatish qoʻllanilishini koʻrib, oʻz ixtiyorim bilan vazifani tark etdim”.

Ushbu qatʼiyatli javobdan soʻng Ulugʻbek xatosini tushunib, mudarrisni ishiga qaytaradi va boshqa hech qachon bunday ish takrorlanmasligiga vaʼda beradi. Shundan keyingina Qozizoda yana dars xonasiga qaytadi.

Qozizoda Rumiy riyoziyotga boʻlgan tashnaligi sababli ushbu ilm eng gullagan oʻlka – Turkistonga kelgan edi. Ulugʻbekning unga koʻrsatgan yuksak iltifotida ham aynan mana shu ilmiy yaqinlik, mushtarak maqsadlar muhim rol oʻynadi. Qozizoda nafaqat Turkistonda ilm yoydi, balki oʻz shogirdlariga Onadoʻli oʻlkasiga borishni tez-tez tavsiya qilib turdi. Uning daʼvatlari natijasida Ali Qushchi va Fathulloh Shirvoniy kabi yetuk olimlar keyinchalik Onadoʻliga yoʻl oldilar. Ular oʻzlari bilan Samarqand matematika va astronomiya maktabining boy tajribasini olib borib, Usmonli ilmiy muhitini yangi bosqichga olib chiqishdi.

Mavzu doirasida faqat Qozizoda Rumiyni eslash yetarli emas. XV asrning yana bir yetuk siymosi Mavlono Fathulloh Shirvoniy ham oʻz davrining mashhur “rum olimi” sifatida Turkiston sari yoʻl olgan edi. U bu yerda Sayyid Sharif Jurjoniydan diniy va falsafiy (naqliy va aqliy) ilmlarni oʻrgandi. Matematika va astronomiya sirlarini esa bevosita Samarqandda Qozizoda Rumiyning huzurida oʻzlashtirdi. Shirvoniy Turkistonda toʻplagan ilm boyligini keyinchalik yana oʻz vatani – Rum oʻlkasiga qaytib, u yerda yoyishga kirishdi.

Yana bir diqqatga sazovor shaxs – Mavlono Ali bin Yusuf al-Fanoriydir. U yoshlik chogʻlaridan ilmga boʻlgan cheksiz muhabbati sababli sharq mamlakatlariga safar qiladi. Fanoriy bir muddat ilm-fan markazlari boʻlmish Hirotda, soʻngra Samarqand va Buxoroda istiqomat qiladi.

Ali Fanoriy Turkistonning fozil olimlaridan taʼlim olib, yuksak ilmiy darajaga yetishgach, unga ushbu tabarruk oʻlka madrasalarida mudarrislik qilish sharafi beriladi. Bir necha yil davomida Turkiston talabalariga dars berib, bu yerdagi ilmiy muhitning ajralmas qismiga aylandi. Biroq vaqt oʻtishi bilan yana oʻz ona yurti – Onadoʻli tuprogʻiga qaytadi.

Ali Fanoriy ona yurtiga qaytgach, Turkistonda orttirgan boy bilimlarini yoyishga astoydil kirishdi va qisqa vaqt ichida butun Onadoʻlida mashhur olim sifatida tanildi. Uning ilmiy salohiyati shunchalik yuqori edi-ki, hatto Usmonli sultoni Fotih Sulton Muhammadga qarata: “Modomiki, Fanoriy xonadonidan biror kishi ulamolar orasida va viloyatingizda boʻlmas ekan, saltanatingizning muhim ishlarida komil qudrat va matonat koʻrinmas”, deya taʼkidlangan edi. Bu eʼtirof Turkistonda shakllangan ilmiy tafakkurning davlat qudrati uchun naqadar muhim boʻlganini koʻrsatadi.

Zamondoshlarining yuksak bahosi va olimning iqtidori sulton eʼtiboridan chetda qolmadi. Fotih Sulton Muhammad Bursadagi Manastir madrasasini boshqarishni kunlik ellik aqcha maosh bilan Fanoriyga topshirdi. Oradan koʻp oʻtmay, uning ilmiy darajasi oʻsishi bilan maoshi oltmish aqchaga koʻtarilib, nufuzli Murodiya madrasasiga mudarris etib tayinlandi. Olimning faoliyati faqat taʼlim bilan cheklanib qolmadi: unga dastlab Bursa qoziligi, soʻngra davlatning eng yuqori sud-huquqiy lavozimlaridan biri — qoziasqarlik rutbasi berildi.

Turkiston shaharlarida ilm va haqiqat istagida boʻlgan yana bir mashhur anadoʻlilik siymo – Shayx Ilohiydir. U Onadoʻlining Simav qasabasida dunyoga kelib, ilm tahsilini Istanbuldagi mashhur Zayrak madrasasida boshlagan. Taqdir taqozosi bilan ustozi Mulla Ali Tusiy Eron va Turkiston tomon yoʻl olgach, Shayx Ilohiy ham ustozining ortidan safarga chiqadi. Kirmon viloyatida ustozi bilan uchrashib, uning huzurida zohiriy ilmlarni mukammal egallaydi va oliy mudarrislik (mavlaviylat) darajasiga yetadi.

Biroq koʻnglidagi ruhiy tashnalik uni ilmning boshqa bir choʻqqisiga — tasavvuf olamiga yetakladi. Rivoyat qilinishicha, Shayx Ilohiy dunyoviy va zohiriy ilmlar jamlangan barcha kitoblarini yo suvga otish, yo olovda yoqish haqida oʻylab turganda, hujrasiga bir nomaʼlum faqir kirib qoladi. Uning maslahati bilan Shayx barcha kitoblarini sotib, pullarini muhtojlarga tarqatadi va faqatgina tasavvufga doir bitta kitobni oʻzi bilan olib, Samarqand tomon yoʻl oladi.

Samarqandga kelgach, Shayx Ilohiy oʻsha davrning maʼnaviy rahnamosi, Naqshbandiya tariqatining buyuk piri Xoʻja Ubaydulloh Ahror xizmatiga kiradi. Ulug‘ pirning duosi va zikr talqini bilan musharraf boʻlgach, ruhiy kamolotni davom ettirish uchun Buxoroga – Bahouddin Naqshband hazratlarining qabrini ziyorat qilish uchun yoʻl oladi. U yerda oʻtkazgan vaqtlari Shayx Ilohiy hayotining eng nurli sahifalariga aylandi; u maʼnaviy irshod (yoʻllanma) olib, soʻfiylikning yuksak martabalariga erishdi.

Maʼlum muddatdan soʻng u yana Samarqandga qaytib, Xoʻja Ahror suhbatlaridan bahramand boʻldi. Pirning koʻrsatmasi bilan yana Onadoʻli oʻlkasiga qaytishga qaror qildi. Qaytish yoʻlida Hirotda toʻxtab, buyuk shoir va mutafakkir Mavlono Abdurahmon Jomiy bilan ham suhbatdosh boʻldi. Rumga (Onadoʻliga) qaytgach, oʻz vatanida Turkistonning boy maʼnaviy xazinasini yoyishga kirishdi. Uning huzuriga har tarafdan ilm va maʼrifat izlab kelgan olimu soʻfiylar oqib kela boshladi.

Onadoʻlidan Turkistonga maʼnaviy ustoz izlab kelgan yana bir olim — Shayx Ismoil Shirvoniydir. U ham Xoʻja Ubaydulloh Ahrorga shogird boʻlish niyatida Samarqandga keladi. Bir necha yil davomida Turkiston ilmiy va soʻfiylik muhitida toblangach, ustozi ijozati bilan Makkayi Mukarramaga yoʻl oladi.

Sulton Boyazid II davrida Onadoʻliga qaytgan Shirvoniy oʻzining haybatli shaxsi, viqori va haqiqat yoʻlidagi qatʼiyati bilan tanildi. U nafaqat tasavvuf ahli, balki kuchli mufassir (Qurʼon sharhlovchisi) va muhaddis (hadis ilmi olimi) sifatida ham islom olamida katta hurmat qozondi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkin-ki, Oʻrta asrlarda Onadoʻli va Turkiston oʻrtasida shakllangan ilmiy hamda maʼnaviy aloqalar turkiy sivilizatsiyaning yaxlit bir vujud ekanini isbotlovchi tarixiy dalildir. Qozizoda Rumiy, Shayx Ilohiy va Ali Fanoriy kabi ulamolarning Gʻarbdan Sharqqa qilgan safarlari shunchaki sayohat emas, balki ikki mintaqani ilm jihatidan birlashtirgan “maʼrifat koʻprigi” edi. Turkiston madrasalarida sayqallangan aniq fanlar va ruhiy taʼlimotlar keyinchalik Onadoʻlida nafaqat ilm-fanning, balki Usmonli davlati boshqaruv tizimining ham yuksalishiga xizmat qildi. Bu tarixiy rishtalar bugungi kunda ham turkiy xalqlarning ilmiy va madaniy hamkorligi uchun mustahkam poydevor va oʻrnak boʻlib qolmoqda.

Abdullajon USMONOV, 

OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti