Yosh yozuvchi doʻstlarimdan biri: “Men-ku haqiqiy adabiyot yaratarman, ammo uni oʻqiydigan haqiqiqiy kitobxon topilarmikin?” deb qoldi. Buni hazillashib gapirdi, albatta. Ammo kichik hazil tagida ulkan haqiqat yashiringandek, shunday emasmi?..

Keyingi yillarda kitobxonlikka eʼtibor katta. Bejizga emas, kitob insoniyatning birlamchi maʼnaviy tayanchi. Toki odamni uygʻonishga, fikrlashga, oʻzgarishga, dunyoni oʻzgartirishga undarkan, ilhomlantirarkan, qanday qiyofaga oʻtmasin, formati oʻzgarmasin – kitob oʻz oʻrnini boshqa hech narsaga boʻshatib bermaydi. Ammo gap boshqa masala – did, kitobxonlik va haqiqiy adabiyot haqida, bu sizni ham oʻyga solib qoʻyishi tayin.

Xullas, kitobxonlikni targʻib qiluvchi telegram guruhlaridan birining “admin”i menga yozib qoldi. Aytishicha, oʻzi tashkil qilgan guruhda biror asarni tanlab, kuzatuvchilar bilan tahlil qilishar ekan, shunga kaminani ham saflariga taklif etdi. Men avvalo eʼtibordan, yana manfaatli taklifdan xursand boʻlib, guruhga qoʻshildim. Maʼlum boʻlishicha, mutolaa uchun aynan yigʻilgan kuzatuvchilar bilan maslahatlashib, har oy bittadan kitob tanlanar ekan. Oʻsha asar 25–28 kun ichida oʻqib chiqilib, oyning soʻnggi kunlari jamoaviy tarzda muhokama qilinarkan.

Guruh qoidalari bilan tanishib chiqdim. Kitobxonlar jamoasi bilan maslahatga kirisharkanmiz, kamina oʻqishga tavsiya qilayotgan adiblardan Dostoyevskiy “ogʻir” deb, Tolstoy “ezma” deb, Markes “yahudiy” deb, Nazar Eshonqul, Xurshid Doʻstmuhammad, Luqmon Boʻrixon kabi yozuvchilar “oʻzimizniki” deb rad etilayotganiga yoqa ushladim.

Shunday qilib, bahs janjalga aylanib ketishiga oz qolgan “kitob tanlar marosimi”miz oxir-oqibat soʻnggi toʻxtamga yetib keldi. Amerikalik adiblardan birining oxirgi paytlar nomiga tez-tez koʻzim tushayotgan uchar (bestseller) asarini oʻqiydigan boʻldik.

Rosti, ozgina badgumonligim bor. Koʻpchilik maqtayotgan, omma oʻqib-oʻqimay shov-shuv koʻtargan kitoblarni mutolaa qilib vaqt sarflashga u qadar oshiqavermayman. Oʻqish uchun tanlagan kitobimizni uyimga olib kelarkan, bu gal ham shoshmasdan avval annotatsiyasi, keyin muallifning adabiy faoliyati bilan tanishib chiqdim. Azza-bazza 30–40 betcha oʻqidim ham... Didimga oʻtirmagach, mutolaani davom ettirish – vaqtni bekor oʻldirish, degan hukm bilan kitobni bir chetga uloqtirdim.

Muhokama va taqrizlar kuni kitobni 40 betdan oshiq oʻqimaganimga qaramay binoyiday qatnashdim. Boshqa asarlardan olgan xulosalarim, taassurot va tushunchalarimni qoʻshib-chatib yozganimga birov asarni oʻqib chiqmaganimni bilgani ham yoʻq (ehtimol, oʻzimga oʻxshab kitobni oʻqimay qatnashganlar koʻp boʻlgandir). Ariqqa agʻanab, suvdan quruq chiqqan odamday dimogʻimni chog‘ qilib turgandim, navbatdagi oy muhokamasi uchun boyagidan besh battar boshqa asar tanlandiki, tagʻin birov ustimdan suv qoʻyganday boʻldi-qoldi...

Keyinroq guruh egasiga tanlangan asarni oʻqiy olmasligimni yozgandim, “Qoidaga koʻra oʻqishingiz shart”, degan javob keldi. Uning gapidan achchigʻim chiqqandi, axir, nima, mening miyam temir sandiqmi – qoʻlga ilingan narsani joylab yuboraveradigan? Yo chiqindixonami – istagan kishi istagan narsasini keltirib toʻksa?

Xayr-maʼzurni nasiya qilib guruhdan soʻroqsiz chiqib ketdim-u, ertaga shu bir tiyinga qimmat rasvo asarni oʻqib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga iqtiboslar iladigan, rasmlar joylab kuni kelganda hijjalab muhokama qiladigan 200 dan ortiq kitobxon xayolimdan ketmasdi...

Zamonamiz adiblaridan biri Temirpoʻlat Tillayev kitob ixlosmandlarini uch toifaga ajratadi. Birinchi toifa – kitobparastlar: faqat kitob yigʻadi, oʻqimaydi. Ikkinchisi – kitobxoʻrlar: did va saviya yoʻq, qoʻliga tushgan kitobni oʻqib ketaverishadi. Uchinchi, juda ozchilikni tashkil qiluvchi toifa esa kitobxonlar – faqat yaxshi kitoblarni izlaydilar va topib oʻqiydilar, oʻqiganlari ong-u shuuriga muhrlanadi.

Yozuvchi kitobxonliknigina toifalarga boʻlgani yoʻq – shu orqali urf, did va shuurga ham oyna tutadi, jamiyatimizning kitobxonligi qay yoʻsindaligini tushuntirishga urinadi. Deylik, maktab oʻquvchilarining nima oʻqiyotgani bilan hech qiziqqanmisiz – bolalarning koʻpi darsliklarga kiritilgan “Oq kema”ni, “Hellados”ni, “Sariq devni minib”ni bilishmaydi. Ammo boy boʻlish sirlaridan saboq beradigan Kiyosakini, Sharmani taniydi, yotvolib oʻqigan.

Eski chet filmlarida zodagon xonadonning belgisi sifatida ulkan kitob javoni koʻrsatiladi. Ammo uning mavjudligini oʻzi yetarli emas, zodagon oʻz kutubxonasidagi durdona, aynan durdona asarlarning qariyb barchasi bilan tanish boʻlishi kerak – yoʻqsa, oliynasab hisoblanmaydi. Xuddi shunday, bizdagi ziyolining belgisi reklama-yu bekorchi taqrizlar bilan ommalashtirilayotgan kitoblarni varaqlab tushgan rasmlar boʻlmasin. Nazarimda, biz miyamizning quvvatini uygʻonishga, fikrlashga, oʻzgarishga, bizni oʻrab turgan dunyoni oʻzgartirishga undaydigan, ilhomlantiradigan kitoblarga sarflashimiz lozim.

Bayram ALI,
yozuvchi