Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvo boʻlimi mudiri Gʻulomiddin XOLBOYEV javob berdi
– Telefonga azon ovozini oʻrnatib, undan uygʻotkich sifatida foydalanish mumkinmi?
– Ulamolar azonning audio shaklidan namozga uygʻotish uchun foydalanish joiz deganlar. Lekin aynan oʻsha ulamolar agar azonning audio shaklidan namozga uygʻotish uchun emas, balki umumiy uyqudan uygʻotuvchi vosita sifatida foydalanish yaxshi ish emas, bundan saqlangan maʼqul deya taʼkidlashgan. Vallohu aʼlam.
– Telefon orqali Qurʼoni karimni tinglash joizmi?
– Qurʼoni karimni telefon yoki shunga oʻxshash biror vosita orqali tinglash joiz amal boʻlib, savobli ham. Faqat uning oʻziga yarasha odobiga rioya qilinishi shart. Alloh taolo Qurʼoni karimning Aʼrof surasida “Qurʼon oʻqilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz” (shu va quyidagi oyatlar shayx Abdulaziz Mansur tarjimasida berildi) degan (204-oyat).
Mazkur oyati karimaga koʻra ulamolar Qurʼon tilovat qilinganda tinglash va jim turish vojib ekaniga ittifoq qilganlar. Shuning uchun biror ish bilan mashgʻul boʻlib Qurʼon eshitish joiz emas. Qurʼoni karimni tinglash qalbga shifo boʻlib, insonni toat-ibodat va taqvoga boshlaydi. Natijada banda Alloh taoloning rahmatiga va magʻfiratiga erishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob koʻpaytirilib beriladi. Kim Qurʼon tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur boʻladi” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
– Safarda boʻlgan er xotiniga sms orqali talogʻini bersa, ayoliga taloq tushadimi?
– Avvalgi olimlarimiz oʻz zamonalaridan kelib chiqib, masalani quyidagicha bayon qilganlar: “Agar bir kishi xatda ayoliga taloq bersa, unda yozilganidek taloq tushadi. Xat yozilgan kundan eʼtiboran idda boshlanadi. Agar xatda “Mening taloq xatim borganidan soʻng sen taloqsan” deb yozilgan boʻlsa, maktub borgach, taloq voqe boʻladi” (“Raddul muxtor”). Shundan kelib chiqib, er oʻz xotiniga mobil aloqa vositasida sms orqali yoki telegram yoxud boshqa messenjerlar orqali taloq berganda ayoliga taloq tushadi. Chunki hozirgi kunda elektron tarmoq orqali yozilgan xat bilan avvalgi davrlarda yozilgan maktublarning oʻrtasida hukm jihatidan farq yoʻq.
Shuni ham aytib oʻtish lozimki, taloq soʻzini aytishdan oldin yetti oʻlchab, bir kesish kerak. Hadisi sharifda “Bandalarga halol qilingan narsalar ichida Alloh taologa eng yoqimsizi taloqdir” deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu aʼlam.
– Xotirasida Qurʼon suralari yozilgan telefon bilan hojatxonaga kirish mumkinmi?
– Mumkin. Ulamolarimiz xotirasiga oyatlar yozilgan telefonni inson xotirasiga oʻxshatishgan. Ammo telefon ekranida oyat, har xil zikrlar, Alloh lafzi yoki paygʻambarimizning ismlari koʻrinib tursa, u bilan hojatxonaga kirib boʻlmaydi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojatga kirganlarida uzuklarini yechar edilar” (Imom Termiziy rivoyati). Sababi, u zotning uzuklarida “Muhammadur rasululloh” yozuvi bor edi. Vallohu aʼlam.
– Ijtimoiy tarmoqlarda Quyoshdan kelgan “Ertaga javob berasizlar” degan ovoz haqidagi videorolik tarqalib ketdi. Shunga musulmon kishi sifatida qanday munosabat bildirish kerak?
– Biz moʻmin-musulmonlar oxirat kuni va undagi hisob-kitobga iymon keltirganmiz. Alloh taolo oʻziga va oxirat kuniga iymon keltirgan chin moʻminlar haqida bunday deydi: “Ular (paygʻambarim Muhammad keltirgan xabarlarga) gʻoyibona iymon keltiradigan, namozni barkamol oʻqiydigan va biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir” (Baqara surasining 3-oyati).
Demak, farazan oʻsha kelgan ovoz rost boʻlsa, u bizning iymonimizga quvvat boʻladi. Agar yolgʻon boʻlsa ham oxiratga boʻlgan iymonimizga zarracha ziyon yetkaza olmaydi. Chunki bizga Alloh taolo va paygʻambarimizning oxirat haqligi va unda har kim qilgan ishi uchun javob berishi toʻgʻrisidagi guvohligi yetarlidir.
YEKA (Yevropa kosmik agentligi) hamda NASA ning Quyosh va Geliosfera rasadxonasi bergan maʼlumotlarga koʻra Quyoshning toʻlqinlarini, egri chiziq boʻylab hosil boʻlgan ovozlarini, uning (vulqonining) otilish ovozlarini yozib olish imkoniga ega boʻlingan.
Tadqiqotchilar ushbu Quyosh tovushlarini 40 kun davomida Quyosh va Geliosfera rasadxonasi hamda Maykelsonning imitatsiyasi yordamida yozib olganlar. Toza ovoz toʻlqinlarini tanlash uchun (taxminan 3 gigagersli tezlikda) maʼlumot 3 MGTS chastotasida filtrlangan va nihoyat maʼlumotlar sayqallanib, insonning eshitish qobiliyatiga moslashtirish uchun 42 000 marta tezlashtirilgan. Quyoshdan yozib olingan va eshitish uchun qayta ishlangan mazkur tovush audio shaklda NASA ning rasmiy saytida eʼlon qilingan boʻlib, u turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tovushdan mutlaqo farqlanadi.
Demak, ushbu aniqlangan ovoz oddiy past chastotali tovushlardan boshqa narsa emas. Uni montaj qilib, arab lahjasidagi turli iboralarni qoʻshib, feyk xabar tarqatish yoxud shunga oʻxshash asossiz xabarlarga ishonib, odamlar oʻrtasida shov-shuv koʻtarishga urinish dinimiz koʻrsatmasiga mutlaqo ziddir. Musulmon kishi savolda zikr qilingan videorolik va shunga oʻxshagan holatlarda vazminlik bilan mulohaza bildirishi, rostmi-yolgʻonmi aniq boʻlmaguncha boshqalarga tarqatishga yoki aytib yurishga shoshilmasligi kerak. Vallohu aʼlam.
– Bugungi kunda telekanallar orqali turli yutuqli televizion oʻyinlar oʻtkazilmoqda. Ushbu teleshoularni baʼzilar qimor deyishmoqda. Shunga oydinlik kiritib bersangiz.
– Dinimizda ikki yoki undan koʻp tomon pul tikib, oqibatda yutuq birining foydasiga boʻladigan har bir holat qimordir. Demak, yutuqli oʻyinda badal toʻlab, keyin oʻynash joiz emas. Shu nuqtayi nazardan, siz aytib oʻtgan yutuqli televizion oʻyinlarda ishtirok etayotganlar badal toʻlab, soʻng unda ishtirok etishlari va yakunida ulardan biri yutuqqa ega chiqib, boshqalari yutqazishi ayni qimor hisoblanadi.
Agar yutuq ishtirokchilardan toʻlov olinmasdan, tashkilotchilar tomonidan qoʻyilsa, bu oʻyin qimor hisoblanmaydi. Balki oʻyin ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan sovgʻa boʻladi. Alloh taolo insonlarga nima foyda-yu nima zarar ekanini juda yaxshi biladigan zotdir. Koʻp zararlar borligi uchun Haq taolo qimordan qaytargan. Qimor odamlar orasini buzuvchi, mehnatga ragʻbatni soʻndiruvchi, dangasalik urugʻini sochuvchi illatdir. Qolaversa, qimor oʻynagan kishi bir-ikki omadi kelib unga oʻrganib qolishi oqibatida xuddi muttasil aroq ichishga oʻrganib qolgan kishidek usiz turolmaydigan boʻlib qoladi. Shuning uchun Alloh taolo Qurʼoni karimda qimor bilan mast qiluvchi ichimlikni birga zikr qilib bunday degan: “Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida soʻramoqdalar. Ayting: “U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ayrim) foydalar ham bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir” (Baqara surasining 219-oyati).
Islom shariatida qimor oʻynash qatʼiy man etilgan boʻlib, ulkan gunohdir. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday taʼkidlaydi: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) choʻplar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da oʻrtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida surasining 90-91-oyatlari). Vallohu aʼlam.
– Biz bir odamning mahsulotlarini sotish uchun onlayn savdo tashkil qilganmiz. Biz onlayn buyurtma olamiz va yetkazib beruvchiga mazkur xaridorning manzili va qancha mahsulot olishi xaqida xabar berib turamiz. Soʻramoqchi boʻlganim: biz hech qanday xarajat qilmaymiz. Mahsulotga pul tikmaymiz, faqat telefon yoki telegram orqali mahsulotni sotamiz. Shuning hisobiga foyda (haq) olamiz. Shu joizmi?
– Siz bir inson foyda (haq) olish uchun albatta moddiy xarajat qilishi kerak deb oʻylaysiz. Lekin bu toʻgʻri tushuncha emas. Inson ish haqi olish uchun albatta moddiy mablag‘ sarflashi shart emas. U jismoniy yoki aqliy mehnat sarflab ham pul topishi mumkin. Sizning ishingiz ham shunga oʻxshashdir. Siz qilgan xizmatingiz uchun haq olishingiz sharʼan haloldir. Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.