Nega “oʻpkangni bos”, “oʻpka-gina” deymiz? “Oʻpka”ning asl lugʻaviy maʼnosi nima?

Yaqinda “Devonu lugʻotit-turk”dan bir sheʼrni atoqli olim Solih Mutallibov tabdili bilan sahifamda eʼlon qilgan edim. Izohlarda tabdilga nisbatan bildirilgan fikrlar ushbu maqolaning yozilishiga turtki boʻldi. Chunki muayyan soʻzning ming yil oldingi maʼno tovlanishlari bizgacha toʻliq yetib kelmagan yoki oʻzgargan boʻlishi mumkin. Shu bois koʻhna bitiklar tabdil etiladi. Mana oʻsha sheʼr:

Öpkäm kӭlib ogʻradїm,

Arslanlaju kökrädim,

Alplar bashїn togʻradїm

Emdi mӭni kim tutar.

S.Mutallibov tabdili: “Achchigʻim kelib (dushmanga qarshi) xezlandim, arslon kabi boʻkirdim, alplarning boshlarini kesdim, (qani) endi meni kim tuta oladi?”.

Birinchi misradagi “oʻpkam kelib” iborasi bugungi oʻquvchini chalgʻitadi, chunki hozirgi oʻzbek tilida “oʻpkam kelib” deyilmaydi, ammo bizga tanish “oʻpkam toʻlib” iborasi “hurligim kelib” maʼnosiga ega boʻlib, bu esa sheʼrdagi ruhiyat, maʼnoga ziddir. Hozirda “oʻpka qildi”, “oʻpkaladi” deganda: “gina qildi, xafa boʻldi, arazladi” maʼnolari tushuniladi. “Oʻpkam toʻlib yigʻladim”, deyish mumkin, ammo “oʻpkam toʻlib dushmanga tashlandim” deb boʻlmaydi.

Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”da “öpkä” soʻziga ikkita izoh keltiradi: birinchisi: “öpkä – oʻpka, oq jigar”; ikkinchisi: “öpkä – gʻazab; uning shunday aytilishiga sabab gʻazabning oʻpkada paydo boʻlishidir. Bu soʻzning shu maʼnoda qoʻllanishi soʻzning paydo boʻlish oʻrniga koʻra kelib chiqqandir. Chunonchi, yomgʻirni “osmon” deyilgani kabi” (DLT. I tom. T.: 1960. 148-bet). Demak, “öpkä”ning ikkinchi maʼnosi oʻtmishda “gʻazab” boʻlgan ekan.

“Öpkä” soʻzi Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida ham koʻp uchraydi va u barcha oʻrinlarda: “gʻazab, qahr, dargʻazablik, zulm, adovat” kabi maʼnolarda qoʻllanilgan (“Uqushlug‘ kәḋ er ӨḂKӘ өzdin yirat” – “(Ey) zakovatli yaxshi kishi, GʻAZABni oʻzingdan yiroq tut” (QB.T.: 1971.108-bet); “Yana bir tili yel tushi ӨḂKӘLIG” – “Yana biri – tili yomonlik, DARGʻAZABLIK” (110-bet); “Tүshәr ersә ӨḂKӘ bulardin kөr-ә” – “ADOVAT sodir boʻladigan boʻlsa, bulardan koʻrgin” (436-bet)).

 
Shu oʻrinda qiziq bir holat – insonning turli his-tuygʻulari, emotsiyalarini yurak, jigar, oʻpka kabi ichki aʼzolari bilan bogʻlab ifodalash holati turkiy tillarda nisbatan koʻproq uchraydi. Aytaylik, yurak (qalb, koʻngil, dil) – ishq, mehr, muhabbat, nafrat kabi tuygʻularga, jigar – qarindoshlik, oʻpka – gʻazab, zulm, gina, xafa boʻlish, arazlash kabi hislarga aloqador aʼzo deb qaraladi. Boshqacharoq aytganda, ishq – yurakda tugʻiladi, gʻazab – oʻpkada. Qoʻrqmaslik, shijoat yurak bilan bogʻliq boʻlsa, dargʻazablik, adovat oʻpkaga tegishli. Xoʻsh, nima sababdan bunday nisbatlar paydo boʻlgan?

Shu oʻrinda “oʻpka” soʻzining kelib chiqishiga eʼtibor qaratsak, qadimgi turkiyda “ichga tortmoq” maʼnosidagi “öp” oʻzagi mavjud boʻlgan (bu haqda qarang: “Этимологический словарь тюркских языков”. I tom. 540-bet). Nafas olganda havo ham ichga tortiladi, shu bois nafas olish organi nomi boʻlmish “oʻpka” ham mazkur “öp” oʻzagiga ot yasovchi “ka” qoʻshimchasini qoʻshish yoʻli bilan yasalgan. Bizningcha, “oʻpqon” soʻzi ham “öp” oʻzagidan, shuningdek, “Devonu lugʻotit-turk”da ikki oʻrinda “öpdi” feʼli keltiriladi, birinchisi: “öpdi – oʻpdi”; ikkinchisi: “öpdi – ichdi”, deb izohlangan (DLT. I. 176-bet). Bizningcha, bu ikkala “öpdi” feʼli ham “ichga tortmoq” maʼnosidagi mazkur “öp” oʻzagiga borib taqaladi. “Oʻpmoq” soʻzi hozir ham tilimizda faol, “ichmoq” maʼnosidagi “öpdi” feʼlini esa hozirda “hoʻplamoq” (“oʻplamoq”) shaklida qoʻllaymiz. Inson gʻazablanganda ham nafas ichga tortiladi, shu bois ajdodlarimiz gʻazab, qahr, adovat kabi tuygʻular oʻpkada tugʻiladi, deb oʻylaganlar. Hozir ham “oʻpka”ning bu qadimiy maʼnosi “oʻpkangni bos” (yaʼni, “gʻazabingni bos”) iborasida saqlanib qolgan.

Hozirda “oʻpka” deganda – “gina-kudurat”ni tushunamiz, “oʻpkalamoq” esa – “oʻpka-gina qilmoq, xafa boʻlmoq, arazlamoq” kabi maʼnolarni bildiradi, ammo Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”da unga boshqacha izoh beradi: “öpkälädi – oʻpkasiga urdi” (DLT. I. 308-bet), demak, kimningdir oʻpkasiga urishga nisbatan oʻtmishda “oʻpkalamoq” soʻzi ishlatilgan. Hozirgi tilimizdagi “oʻpkalamoq” maʼnosida esa “Devon”da boshqa soʻz keltiriladi: “öpkilädi – oʻpkaladi, xafalandi, arazladi” (DLT. I. 308-bet). Bizningcha, bu feʼl ham “ichga tortmoq” maʼnosidagi “öp” oʻzagidan, ammo aynan “gʻazab” maʼnosidagi “öpkä”ga bogʻliq boʻlmasligi mumkin. Alqissa, oʻtmishda “öpkä” soʻzi orqali ifodalangan qahr, gʻazab, achchiqlanish tuygʻulari kuchli, keskin hissiyotlardir, “öpkilädi” feʼli bilan bogʻliq “oʻpka-gina qilmoq”, "oʻpkachi", “xafa boʻlmoq”, “arazlamoq”, “oʻpkasi toʻlmoq” kabi iboralar esa nisbatan kuchsiz ruhiy holatni ifodalaydi. Keling, soʻzimiz soʻnggida yana bir bor yuqorida “Devon”dan keltirilgan sheʼr va tabdilni oʻqib koʻraylik (“Gʻazab” arabcha soʻz, shu bois S.Mutallibov, bizningcha, tabdilda “öpkäm kӭlib” soʻzlarini sof oʻzbekcha: “achchigʻim kelib” shaklida oʻgirgan):

“Öpkäm kӭlib ogʻradїm,

Arslanlaju kökrädim,

Alplar bashїn togʻradїm

Emdi mӭni kim tutar”.

– “Achchigʻim kelib (dushmanga qarshi) xezlandim, arslon kabi boʻkirdim, alplarning boshlarini kesdim, (qani) endi meni kim tuta oladi?”

Abduvohid HAYIT