Togʻam biznikiga kelgan oʻsha kuni hali maktabga chiqmagandim. Men uchun borliq uch xona va oldi ochiq ayvonli choʻpkori uyimiz, koʻcha ustidagi ogʻziga tunuka bostirilgan baqay tandirimiz, tos suyaklari ayridek chiqib turgan oq sigirimiz, quloqlari shalpaygan haybatli itimiz, koʻcha boʻylab boʻy choʻzgan teraklar, ota-onam va ukamdan iborat edi. Biroz odamovi edim.
Koʻchada bolalar paypoqdan yasalgan toʻp tepar, qizlar happak, goh birgalashib yashinmachoq oʻynardi. Ularga kamdan-kam qoʻshilardim. Mening ham sevimli mashgʻulotim bor edi: uyimiz yonidagi supaga rasm chizardim. Qoʻlimga choʻp olib, ota-onam, ukam, uyimiz hamda daraxtlarni chizardim, oʻzimni ham qoʻshib qoʻyishni unutmasdim. Men uchun bu oʻxshar-oʻxshamas, mayishib-qayishgan tasvirlar sanʼat asari edi.
Keyin bu asar ustidan bir gala tengqurlarim yugurib oʻtib ketardi, toʻxtatib qolishga jurʼatim yoʻq. Ular baʼzida bilmasdan, baʼzan ataylab meni tahqirlardi. Zinhor ota-onamga shikoyat qilmasdim. Foydasi ham yoʻq. Koʻpincha arz-dodim biror yumush, masalan, sigirga oʻt terib berish bilan barham topardi.
Shunday kunlarning biri edi. Quyosh qishlogʻimiz osmoniga osilib qolganday qimirlamas, teraklarning uchi silkinadi-yu shamol sezilmasdi. Men qoʻlimdagi choʻp bilan tuprogʻi koʻpchigan supaga allaqanday rasm chizardim. Bu ishga kirishib ketganimdan qarshimda turgan odamni ham payqamabman.
Bosh koʻtarib, qarshimda basavlat kishini koʻrib, uchib tushdim. U egar ortiga kattakon yogʻoch quti ortilgan kulrang velosipedga suyanib, muloyim jilmayib turardi. Qalin qoshlari ostidagi koʻzlari samimiy boqar, yuzida mamnuniyat balqib turardi. Oppoq sochlari ulugʻvorlik ulashib, ustidagi katak-katak, yoqali koʻylagi xokisorlik bagʻishlardi. Shu holatni hozir eslasam, togʻamning Hemingvayga quyib qoʻygandek oʻxshash boʻlganligini sezaman. Faqat qirtishlangan soqolini aytmaganda. Bu albatta birinchi uchrashuv emas, togʻamligini bilardim. Uning quchogʻiga otildim, harna-da, ota tomondan ham, ona tomondan ham bobo mehrini tuymagan bolaga, togʻa ham boʻlaveradi.
U meni dast koʻtarib bagʻriga bosdi, yuzimdan oʻpdi. Tagʻin men chizgan suratga mahliyo boʻldi. Bizning suhbatimizni eshitib, uydan ota-onam chiqib keldi. Ular hol soʻrashayotganda togʻam keltirgan “joʻxori qalamchalari”dan birini ukamga berishga shoshildim.
Dasturxon atrofida oʻtirganimizda togʻam ota-onamga men haqimda, aniqrogʻi, kelajakda rassom boʻlishim mumkinligi borasida gap ochdi. “Rassom” soʻzini tushunmasam-da, endi har hafta togʻam menga qogʻoz olib kelishini, faqat qogʻozga rasm chizishimni eshitib, rassom boʻlish yomonmasligini bilib oldim. U tagʻin tahririyatda qogʻoz koʻpligi-yu xohlagancha sarflash mumkinligini aytdi. Bu “tahririyat” deganlarini shu qadar yaxshi koʻrib ketdimki, oʻsha joyda otam ham ishlaganda edi deb biroz gʻashlandim.
Togʻam biz bilan xayrlashib, shimining oʻng balogʻini qistirgʻich bilan tishlatayotganda, velosiped egaridan oyoq oshirganda, pedalni vazmin-vazmin bosganda ukam ikkimiz u kichrayib-kichrayib, muyulishda gʻoyib boʻlguncha ortidan tikilib turdik.
U ketar oldidan menga bir tutam qogʻoz tutqazdi. Ha, bu zoʻr ish boʻldi. Qoʻlimdagi sargʻish qogʻozlar koʻzimga men kashf etadigan dunyoning xomashyosi boʻlib koʻrindi. Endi bu qogʻozlarda qalbimni qamrab olgan tasvirlarni ifodalashim mumkin edi. Deylik, uchar odam, qoʻli bor oʻrdak, ikki oyoqda yuradigan sigir, oyogʻi bor uy, xullas, nimani istasam va qanday boʻlishini xohlasam bas. Muhimi, endi hech kim bu qogʻozlar ustidan yurib oʻtolmaydi, oʻchirib tashlolmaydi!
Uydagilardan soʻrab bilib oldim, yetti marta uxlab tursam togʻam kelarkan. Otam baxillik qilmadi, bozordan rangli qalam koʻtarib keldi. Nazarimda atrofimdagilar menga mehr berishda kimoʻzarga bahslashardi. Ukam qalamlar uchini chiqarib berar, onam chizgan rasmlarimni olqishlardi. Orzularim ushala boshlagach, yangi orzu paydo boʻldi. Qaniydi, derdim xayolan, hech qachon chiroq oʻchmasa-da, orqa uyda uxlamasdan rasm chizsam. Buning imkoni yoʻq ekan… Mayli, yaxshiyam beminnat quyosh bor, beminnat moychiroq bor, shishasi qunt bilan artilsa, ancha ravshanlashadi.
Birinchi gal qogʻoz uch uxlab turganimda tugadi. Demak, shoshmashosharlik qilibman. Togʻam uchinchi marta qogʻoz olib kelganda buni ham izga tushirib oldim. Uning aytishicha, oʻsha qogʻoz serob boʻladigan tahririyatda togʻam harf terarkan. Men nodon buni dalada oʻt terishday tasavvur qilgandim, yoʻq, bu harflar kichik qoʻrgʻoshinlarga muhrlangan emish. Togʻam qarshisidagi dastgohda qaysi harf kerakligini tanlasa, temir qoʻllar oʻsha harfni olarkan-da, yuqoriga koʻtarib, ketma-ket qoʻyib ketaverarkan. Soʻng soʻzlar, undan keyin gaplar hosil boʻlarkan. Garchi bu dastgohni umrim bino boʻlib koʻrmagan boʻlsam-da, bu jarayon juda qiziq tuyuldi.
Tizzasida oʻtirib, ukam ikkimiz togʻamni maroq bilan tinglardik. U zangori ekrandagi Qunduz amakidek xotirjam soʻzlardi. Onam maktabdan koʻtarib kelgan dasturxondek gazeta oʻsha, togʻam taʼriflagan qoʻrgʻoshin harflarning mahsuli ekan. Tagʻin dasturxonga fotiha qilinar, tagʻin togʻam shimining oʻng balogʻini yelim qistirgʻich bilan tishlatar, tagʻin muyulishgacha uning ortidan qarab qolardik.
Darvoqe, togʻam qoʻshni qishloqda yashaydi. U ishga borish uchun tuman markazigacha yigirma chaqirim yurishi kerak. Bordi-yu, bizning qishloq bilan aylansa, yana besh chaqirim qoʻshiladi. Bundan keyinroq xabar topdim. Bir safar onam bilan ularnikiga mehmonga bordik. Ikki qishloq orasidagi Xoʻja ariqning loyqa suvi pishqirib oqardi, men shu bahona tasavvurimni boyitib oldim, ularni keyingi rasmlarimga kiritib oʻtdim.
Bizni kutib olgan imorat hashamatli emas, biroq fayzli edi. Togʻamning bizdan bir yosh katta oʻgʻli ukam ikkimizni oʻyinchoqlar, yangi oʻyinlar, uyidan bekitib olib chiqilgan shirinliklar bilan siyladi. Togʻam ishdan qaytganda bizni koʻrib sevinib ketdi, bagʻriga bosib, peshonamizdan oʻpdi. Yuzimga soqolini ishqalagandi, tikandek botdi. Ukam ularning mehmonxonasidan gʻaroyib boshkiyim koʻtarib chiqdi. Bu xuddi “Dengizchi Papay” degan multfilmdagi kepkaning oʻzginasi edi. Togʻam uni ukamga sovgʻa qildi.
Oʻsha kuni togʻamning dengiz flotida xizmat qilganini bilib oldik. Goʻyo meni taqdir tinimsiz siylardi. Shusiz ham gʻaroyibotga boy tahririyatda, qoʻrgʻoshin harflar ichida, harf teruvchi temir qoʻllar bilan til topishib olgan togʻamning flotda xizmat qilgani men uchun katta topilma edi. Oxiri koʻrinmaydigan ummon hamda ulkan kemalar haqida gapirsa, nigohlarida olis oʻtmish yiltillar, u oʻsha kemada chagʻalaylarga termular, vatan sogʻinchi, toʻlqinlar shovqini va cheksiz boʻshliq haqida gapirayotgandek tuyulardi. Ukamning sabri chidamaydi, “Miltigʻingiz ham boʻlganmi?” deydi chakkasini qashib. Togʻam ulkan gavdasini silkitib kuladi-da, “Ha, jiyan, boʻlgan, – deydi bosh barmogʻini maʼnilatib. – Zoʻri boʻlgan!”. Ukam yana savolga tutadi: “Oʻqi ham boʻlganmi?”, “Ha, oʻqi ham boʻlgan!”. Biroz oʻylanib qolgan ukam “Oʻqi qanaqa boʻlgan?” deydi ezmalanib. Togʻam kuladi, “Ey tinmas jiyan-e, oʻqi qoʻrgʻoshindan boʻlgan-da!”
Eʼtiroz bildiraman, “Togʻa, togʻa, harf qoʻrgʻoshindan boʻladi, oʻq emas!”. Bir lahza menga qarab oʻylanib qoladi, soʻng bir xoʻrsinib, “Oʻq ham qoʻrgʻoshindan boʻladi, jiyan” deydi.
Uyga qaytgach, tobimiz qochdi. Koʻrpa-toʻshak qilib yotishga toʻgʻri keldi. Buning asl sababini bolalar hech qachon kattalarga oshkor qilmaydi. Axir kun boʻyi oʻyin-kulgidan terga botib, muzday suv ichaverganini, togʻachalari muzqaymoq bilan siylaganini, ular ham ertani oʻylamay, qoʻliga tushganni ogʻziga tiqqanini aytib boʻlmaydi-ku!
Ukam dengizchilar boshkiyimi bilan qoʻshni bolalarning ogʻzini ochirib qoʻydi. Men ham yetti marta uxlab, qogʻozga erishishda, ularni suratga toʻldirishda davom etdim. Bilmayman, bu qachongacha choʻzildi, ammo tuman tahririyati “isteʼdodim”ni yaxshigina qurbonlikka tayyorlayotgan edi.
Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda zamonaviy kompyuterlar kirib kela boshladi. Qoʻl telefonlari ommalashdi. Bunday sivilizatsiya togʻamning ishini tortib oldi. Menga esa otam allaqachon rasm chizishdan foyda yoʻqligini uqtira boshlagandi. U qarshilik qilmagan taqdirda ham tushgacha maktab, keyin mol boqish yoki oʻt terib kelishning oʻziyoq holdan toydirardi. Moychiroq yorugʻida uyga vazifalarni tayyorlab boʻlgach, tarashaday qotib uxlardim.
Yillar juda tez oʻtdi. Hech narsaga ulgurib boʻlmas, oʻn sakkiz yoshida o‘lgan ukam uchun aza tutishga ham vaqt yoʻqdek edi. Ammo “tahririyat” soʻzini eshitsam, etim jimirlab ketar, hatto mening oʻrnim oʻsha yerda deb oʻylardim. Bunday lahzalarda mahbubasini uzoqdan koʻrib qolgan oshiqdek entikib-entikib nafas olardim. Kollejni bitirib, universitetga imtihon topshirdim. Bu koʻngilsiz voqeani eslashni istamayman. Xullas, maktabdagi aʼlochilik bu yerda ish bermadi.
Taqdir ekan, shaharda yashay boshladim, toʻgʻrirogʻi, qishloqqa qaytishga yuzim chidamay, kun koʻrardim. Gazeta tarqatuvchi boʻlib ishlardim. Vaqt oʻtgani sayin mashaqqatlar unutiladi. Biroq togʻamga gazeta olib borib, u umrini bagʻishlagan sohaga hissa qoʻshayotganimni aytganimda koʻzlari yoshlandi. Oʻsha paytlardagidek bagʻriga bosdi, endi qirtishlanmay qoʻygan oppoq soqoli yuzimni silab qoʻydi. Gazetani hidlab koʻrdi, soʻng varaqladi, nimalarnidir eslashga urindi. Tagʻin gavdasini silkitib-silkitib kulib, shuncha rivojlangan texnologiya bilan boʻgʻinni toʻgʻri koʻchirmayotganimizdan ranjidi.
Har sohadan bir shingil oʻrganib, poytaxtga yetib keldim. Bu yerda respublika darajasidagi gazetchilikning ilmini ola boshladim. Qishloqqa borib, togʻamga sarguzashtlarimni aytib berardim. Taqdirga tan berib, kosiblik qila boshlagan sobiq harf teruvchi har bir soʻzimni eʼtibor bilan tinglardi. Bir gal siyosiy sahifaning rukni “Buni hayot deydilar” boʻlib ketganini aytganimda, togʻam shunaqa kuldiki, yoʻtalaverib, qizarib ketdi. Ancha vaqtgacha “Ha, jiyan-a, voy jiyan-e, boplabsan-ku” deb qoʻlidagi bigizni ogʻzi ochilib yotgan boshmoqqa botirardi.
Oʻshanda togʻamning tovoni yorilib ketganiga koʻzim tushdi. Tarsillab-tarsillab yorilib ketgandi. Bir oyogʻini bogʻlab olgan. Bu haqida gaplashishni istamadi. Gapni rasm chizishim kerakligiga, bu isteʼdod hammaga ham berilavermasligiga burdi. Chizgan bir-ikkita rasmimni telefonning galereyasidan koʻrsatdim. U qalin shishali koʻzoynagini koʻylagining bariga artib, burnining ustiga qoʻndirib, biroz tikildi-da “Yaxshi, sen buni qoʻyma, bu koʻngilni tozalaydi” dedi. Togʻamning oʻgʻli – togʻachamdan otasining qand kasaliga chalinganini bilib oldim.
Poytaxtda tashvishlar koʻpaydi. Taqdir taqozosi bilan erta uylangandim, bir pasda bolalar ulgʻaya boshladi, har xil tadbirlardan boshim chiqmay qoldi. Rasm ishlash koʻngilga sigʻmasdi. Molbertdagi ikki oy oldin boʻyoq urilib, tugamay qolib ketgan kartina yana uch oy shu holida yotdi. Qishloqqa ham gohida olti oylab borishga fursat topilmas, toʻgʻrirogʻi, hafsala yoʻq edi. Ochigʻini aytsam, qishloq safarining turgan-bitgani azobdan iborat.
Har gal borganda biror qarindoshim o‘lgan boʻladi. Uning bolalik nigohimga muhrlangan surati koʻz oldimda jonlanadi. Menga doʻkondan nimadir olib bergani yoki qandaydir hikmatga boy hikoyasi. Soʻng qaytish oldidan togʻamning uyiga kiraman, oʻng oyogʻini borgan sari yuqoriga qarab kesib borayotganini koʻraman. Bu haqida ogʻiz ochishni xohlamaydi. Nogironlar aravachasida kosiblik ishini davom ettirayotgan sobiq harf teruvchi “Gazet chiqayaptimi? Olib keldingmi? Qani? O, zoʻr zamonlar keldi-da. Rangli rasmlar, jimjimador harflar. Eh, jiyan. Navoiy koʻchasidagi nashriyot ishlayaptimi? Oʻshanda ham ishlaganman, bizni yordamga chaqirgan…” deb, koʻproq hikoyalarimga quloq tutadi.
Uning oyogʻini yana kesishdi, kesmasa boʻlmayapti. Ha, hali yana kesishadi. Uning oyogʻi va rassomligim juda yoqimsiz tashbeh. Uning oyogʻi – mening rassomligim. Uning oyogʻi – mening rassomligim… Choʻchib uygʻonaman, bolalarning ustini yopaman. Olti oydirki, ijodxonamda tugallanmay qolib ketgan rasmga mungʻayib boqaman. Sham yonib turibdi, aksi derazaga tushgan, deraza ortida oqshom – bu rasm odamga umid beradi, biroq bu umid qand kasaliga chalingan, uning oyogʻi chirib ketayapti, kesmasa boʻlmayapti. Qonga oʻtib ketishi mumkin. Nogironlar aravachasida boʻlsa ham xiyla uzoqroq yashaydi.
Oxirgi marta koʻrgali borganimda togʻam meni eslolmadi. Dard yengibdi. Toʻshakda boladek iljayib yotardi. Hech kimdan norozi emasdi. Uning kesadigan oyogʻi qolmagan, bu safar shifokorlar ham boshqa kelmanglar deyishgan. Togʻachamning sochlari oqarib, koʻzlari kirtayib qolgan. Unga ham osonmas deyman ichimda, bir yil oldin onasini tuproqqa qoʻydi, uch yildirki, otasi toʻshak tortib yotibdi, xotini temir ekan, kelin boʻlib tushgandan buyon burnini jiyirmay kasal boqadi… Moʻminning imtihoni tugamaydi deganlaridek, mendan bir yosh katta shu bechora togʻachamning kosasi oqarmayapti. U otasiga tortdi, birovni ranjitmaydi, kulib turaveradi. Savlatdan ham Xudo bergan.
Hovliga chiqqach togʻacham bilan oʻsha, qayta-qayta aytilsa ham badga urmaydigan voqeani esladik. Mustaqillik yillarining boshlarida “Oʻzbekiston” nashriyoti harf teruvchilar yetishmagani bois viloyatlardan yordam soʻraydi. Oʻsha koʻmaklashuvchi guruhda togʻam ham boʻlgan, ishdan boʻyin tovlamasligi va shinavandaligi nashriyot boshliqlariga maʼqul kelib, mukofotga ham tavsiya qilgan. Viloyat hokimi mukofotni topshirib, togʻamning qoʻlini doʻstona siqib qoʻygan. Togʻam bu voqeadan soʻng oʻsha, hokim bilan koʻrishgan qoʻlini hokim darajasiga chiqarib, kimni koʻrsa “Hokim ushlagan qoʻlni ushlab qoʻying!” deb ishonch va samimiyat bilan taʼkidlagan. Bu voqeani nega yaxshi koʻrishimni bilasizmi? Bu hangoma “faloncha oʻzi sodda odam edi, hayot uni mugʻombir qilib qoʻydi” degan betayin hikmatni tomiri bilan sugʻurib tashlaydi. Insonning shakli oʻzgarishi mumkin, biroq ruhi dunyoga kelganida qanday boʻlsa, qaytayotganida ham xuddi shu holda boʻladi. Inchunin, ikki yelkasidagi biroz savob va gunohni aytmaganda, sobiq harf teruvchi ham shunaqasidan edi.
Qishlog‘idan chiqib ketgan odam borki, bemahal telefon boʻlsa, yuragini hovuchlab javob beradi. Bu safar ham hadigim haq boʻlib chiqdi. Yarim kechasi yoʻlga chiqdim. Tongda yetib bordim. Hovli toʻla odam, bu manzilda qanday baxtiyor damlarimiz oʻtmagan deysiz. Dengizchilar boshkiyimini kiyib olgan ukam, boʻyi uzun va ozgʻin togʻacham, ortiga yogʻoch quti mahkamlangan kulrang velosiped, savlati odamni esankiratib qoʻyadigan togʻam, kulib turgan yangam, katta qizi. U bizdan oʻn yoshlar katta edi, shu sabab u bilan oʻynab boʻlmasdi. Ammo shirinliklar bilan siylashni kanda qilmasdi… Tagʻin tobutni yelkaladik, qabristonga oshiqdik, tuproqqa topshirdik. Boshimiz xam boʻlib ortga qaytdik. Qabriston yigʻilish oʻtkazdi, oramizdan togʻamni tanlab olib qoldi. Xuddi bolaligimdagi, devlar haqidagi uydirmaga oʻxshaydi bu. Dev bir qishloqni bosib oladi-da, har gal qorni ochqaganda ularning orasida bittasini tanlab olib ketadi.
Eʼtiroz bildiraman, “Togʻa, togʻa, harf qoʻrgʻoshindan boʻladi, oʻq emas!”. Togʻam bir lahza menga qarab oʻylanib qoladi. Soʻng bir xoʻrsinib, “Oʻq ham qoʻrgʻoshindan boʻladi, jiyan” deydi… Alahsirab uygʻonaman, terlab ketibman. Bu tushni ikkinchi marta koʻrishim. Xuddi oʻshandagidek, togʻamning hovlisi, ukam boshiga dengizchilar boshkiyimini qoʻndirib, qoʻziqoringa oʻxshab qolgan. Togʻamning egnida chorxona koʻylak, butun yuzi, qoshlari, koʻzlari, burni, labi, hamma-hammasi tabassum qilib turibdi. Voh togʻam-a! Men tanigan dunyo harf teruvchi va qoʻrgʻoshin harflardan voz kechdi. Endi jami qoʻrgʻoshindan oʻq yasab, Gʻazo bolalarining ustiga yogʻdirmoqda.
Joyingiz jannatda boʻlsin, sobiq harf teruvchi. Omin!
Bek ALI
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.