Barcha fikrlar va barcha bilimlar yagona oliy maqsad – buyuk Vatanimizni barcha choralar bilan mustahkamlashga yoʻnaltirilishi lozim.
Fayzulla XOʻJAYEV
Dunyoda murakkab taqdirni boshidan kechirganlar kammi? Lekin Fayzulla Xoʻjayev degan nomda bir banda koʻtara olmaydigan chigallik, bir ruh koʻtara olmaydigan notinchlik mujassam. Rosti, bu noyobdan-noyob shaxsiyat haqida bilganlarimizdan koʻra bilmaganlarimiz koʻp.
Insoniy dardlar ham yuqumli kasallik kabi bir kishidan ikkinchisiga oʻtadi. Toʻrt yil burun Fayzulla Xoʻjayevning yagona qizidan tugʻilgan nevarasi – Rudolf Viktorovich Barxet bilan tanishib, suhbatlashganimdan beri uning dardi kaminaga yuqqandek. Fayzulla Xoʻjayev haqida oʻylaganim sari Rudolf akaning dardli-hasratli suhbatlari quloq ostida jaranglayveradi.
Kim oʻz tarixini yashiradi? Men 25 yoshimgacha, yaʼni 1965-yilgacha ona tarafdan kimning nevarasi ekanimni bilmaganman. Onam oʻtmishini oʻz oʻgʻlidan ham yashirib yashadi. “Men-ku shuncha jabr koʻrdim, bolam Oʻzbekistonning otilgan rahbari nevarasi ekanini bilmasin” degan-da. Onam ish soʻrab, qaramogʻida ojiza volidasi borligini aytib, Lavrentiy Beriyaga koʻp xatlar yozgan. Yurtiga qaytishga birinchi imkon tugʻilgan 1945-yiliyoq onasi va meni olib Toshkentga qaytgan.
“Qaydasiz, Fayzullo bobo?” U bobo boʻlib ulgurmasidan, bor-yoʻgʻi 42 yoshida qatl etildi. Qizi Viloyatxon endi oʻn oltiga qadam qoʻygan edi. Yillar oʻtib shoir Muhammad Yusuf “Fayzullo bobo” deb sheʼr yozdi. Chunki u xalqning bobosiga aylanib ulgurgan edi-da:
Qadim Buxoroga laylaklar keldi.
Oʻzingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,
Oʻzingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Shu sheʼrda “Qoʻymadik joyiga eʼzozingizni” degan ogʻir satr ham bor. Eʼzozlamaganimiz bir sari, u oʻlib ham malomatlardan qutulmadi: oqlandi, qoralandi, yana oqlandi, yana qoralandi... Har bir zamon undan oʻzicha fazilat, oʻzicha illat qidirdi; qizigʻi, topdi ham. Bu jarayon toʻxtagani yoʻq. Hali-beri toʻxtaydiganga oʻxshamaydi ham.
Quvonch koʻrmay oʻtgan umr. Ming afsuski, onam nisbatan erta, 66 yoshida olamdan oʻtdi. U haqda koʻp yozishim mumkin. Yozsam ham faqat va faqat gʻamini, sitamini tasvirlashim kerak. Chunki uning hayotida quvonchli kunlar ozdan ham oz edi...
Hozir yoshlarimizning koʻpchiligi shoʻro davri haqida aniq-tiniq tasavvurga ega emas. Umrining yarmi oʻsha davrda oʻtgan biz tengilar uchun bu gʻalati tuyuladi. Gʻalati tuyulmasin, tarixning charxpalagi aylanib yotibdi, axir. Shuning uchun Fayzulla Xoʻjayevning qisqa tarjimai holini qistirib oʻtmasak boʻlmas.
Qisqa tarjimai hol. 1896-yil 1-iyulda Buxoro shahrida davlatmand savdogar Ubaydullaxoʻja oilasida tugʻildi. Otasi “Amir Olimxongina undan boyroq edi” deya taʼriflangan. Madrasada ikki yil tahsil koʻrdi. 1907–12-yillari Moskvada xususiy maktabda oʻqidi. Buxoroga qaytib, 1912-yildan “Yosh buxoroliklar” partiyasi, 1913-yildan shu partiya Markaziy Qoʻmitasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritadi. Otasidan qolgan boylik hisobiga yangi usul maktablar ochadi, partiyani moddiy jihatdan qoʻllabquvvatlaydi. 1913-yildan jadidchilik harakatiga qoʻshiladi. Abdurauf Fitrat bilan maslakdosh edi. Ular avval Buxoroda (amir saqlab qolinadigan) konstitutsiyaviy monarxiya, soʻngra demokratik respublika tuzish uchun kurashdi.
1917-yili Buxoro shahrida erkinlik talabida norozilik namoyishi tashkil etadi. Namoyish amir tomonidan bostirilganidan soʻng qochib, toʻgʻridan-toʻgʻri chor Rusiyasiga boʻysunadigan Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) va Toshkentda ishladi. 1918-yil martida Turkiston Sovet Respublikasi Xalq Komissarlari Soveti raisi Fyodor Kolesov boshchiligidagi qizil armiya boʻlinmalari Turkiston muxtoriyatini bostirganidan keyin Buxoro amirligiga hujum boshladi. Unda qizillar tarafida turib qatnashdi. Kolesov qoʻshini magʻlubiyatga uchradi. “Oʻzining Qoʻqon gʻalabasi bilan mast boʻlgan Kolesov amir Buxorosini ham shunday yengillik bilan tugatishni oʻyladi. Lekin haqiqat bunga qarshi boʻlib chiqdi” (Xoʻjyaev F. Buxoro inqilobining tarixiga materiallar. Toshkent, “Fan”, 1997. 123-bet).
Amir hukumati jadidlar va “Yosh buxoroliklar”ga qarshi shafqatsiz qatagʻon oʻtkazdi, taxminan uch ming kishi qatl etildi. Omon qolganlar Samarqand va Toshkentga qochdi. F.Xoʻjayevga ham oʻlim jazosi belgilangan edi. Moskvaga joʻnayotganida ataman Aleksandr Dutov tarafdorlari tomonidan qamoqqa olindi. Ataman ham uni oʻlimga hukm etdi. Bir vaqtlar otasi bilan savdo-sodiq borasida hamkorlik qilgan bir tatar boyi uni qutqaradi. Shundan keyin Moskvada ishladi. Bu voqealar “Yosh buxoroliklar”ni sovet hukumati bilan yaqinlashishga undadi. 1920-yil yanvarda Toshkentda Fayzulla Xoʻjayev rahbarligida “Yosh buxoroliklar” partiyasi Turkiston Markaziy byurosi tashkil etildi. Oʻsha yilning aprelidan “Uchqun” gazetasiga muharrirlik qildi.
1920-yil 2-sentyabrda Frunze boshchiligidagi qizil askarlar hujumi ortidan Buxoroga keldi. Shahar vayronaga aylantirildi. Amir qochib ketdi. 14-sentyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) Xalq Nozirlar Shoʻrosi tuzildi va unga rais etib saylandi. Yangi respublika Sovet Rossiyasi tarkibida boʻlsa-da, Eron, Turkiya, Afgʻoniston, Xitoy, Ozarboyjon, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Markaziy Osiyoning turli hududlaridan talabalarni Germaniyada oʻqitish tashabbuskorlaridan biri boʻldi. “F.Xoʻjayevning respublika iqtisodiy va siyosiy rivojlanishida mustaqil ish tutishga qilgan harakatlari adashishlar va xatolar sifatida baholangan” (Karimov R. Fayzulla Xoʻjayev – atoqli jamoat va davlat arbobi. / Fayzulla Xoʻjayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar. Toshkent, “Fan”, 1997. 8-bet).
1924-yil 27-oktyabrda Buxoroda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (OʻzSSR) eʼlon qilindi. U OʻzSSR Inqilobiy qoʻmitasi – Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi etib saylandi. 1925-yil fevraldan 1937-yil iyunga qadar esa OʻzSSR Xalq Komissarlar Soveti raisi lavozimida ishladi.
1937-yil 9-iyulda Moskvada qamoqqa olindi. Unga quyidagi ayblar qoʻyildi: 1) sovetlarga qarshi “Oʻng troskiychi blok”ka qoʻshilgan; 2) “Milliy ittihod” tashkilotiga rahbarlik qilgan; 3) “bosmachilik” harakati va qoʻrboshilarni qoʻllab-quvvatlagan; 4) Fitrat, Choʻlpon, Qodiriy va boshqa oʻzbek ziyolilariga gʻamxoʻrlik qilgan.
1938-yilning 1–13-mart kunlari troskiychilar ustidan sud olib borildi. Mahkama 21 kishidan 14 nafarini, jumladan, F.Xoʻjayevni ham otuvga hukm qildi. Bu unga nisbatan chiqarilgan uchinchi oʻlim hukmi edi (Naimov N. Men yashashni istayman. Roman-xronika. Buxoro, 1994. 4-bet). Hukm Moskva atrofidagi Butovo qatlgohida 1938-yil 15-mart kuni ijro etildi. Keyinchalik qotil ham aniqlandi – mahkumlarni yertoʻlada Vasiliy Bloxin degan jallod otgan.
Bir oʻq bilan ikki quyon. Men oʻzbekchani Oʻzbekistonga kelib oʻrgandim. Onam bibim bilan tojik tilida gaplashar edi. Men baʼzi soʻzlarni tushunar edim, xolos. Oʻzbekchamizda “bir oʻq bilan ikki quyonni urmoq” degan ibora uchraydi. Har gal shuni eshitsam, rosti gap, oʻkirib-oʻkirib yigʻlagim keladi.
Bobom qamalgach, onasi, xotini va qizi ham Toshturmaga tashlanadi. Otilganidan keyin bu haqda rasmiy xabar bosilgan gazetani ular joylashtirilgan hujraga eshik ostidan tiqishadi. Oʻgʻlining oʻlimidan xabar topganidan soʻng ona bir necha kun ichburug‘ va quso-qus boʻlib, omonatini topshiradi. Vrach sifatida aytamanki, katta bibim qoʻynida yashirincha zahar saqlagan va uni ichgan. Bir oʻq bilan ikki quyonni oʻldirishadi-da. Oʻgʻilga otilgan oʻq onaning ham yuragiga qadaladi.
Oʻzbekistonning birinchi rahbari. F.Xoʻjayev avval BXSR, keyin OʻzSSRning ilk rahbari boʻlgan. Qayd etish joizki, u davrda hukumat boshligʻi respublikaning birinchi rahbari hisoblangan. “Yoʻldosh Oxunboboyev Oʻzbekiston SSRning birinchi prezidenti” deb yozilishi xato. Y.Oxunboboyev OʻzSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasiga raislik qilgan (1925–38). Keyinchalik bu lavozim OʻzSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi deb nomlangan, u mazkur vazifada 1938–43-yillarda ishlagan. Darvoqe, Gʻafur Gʻulom u haqda “Prezident” degan maqola yozgan – shu koʻplarni adashtirsa kerak.
Gʻamboda onam. Lavozimdan boʻshatilgach, keyingi ishi masalasini hal qilish bahonasi bilan bobomni Moskvaga chaqirishadi. Odatiga koʻra, oxirgi gal ham Moskvaga yakka-yu yagona farzandi Viloyatni birga olib ketgan ekan. Vaziyatning oʻta qaltisligini his qilganidan uni tez Toshkentga qaytishga undaydi. Respublika hukumati rahbari shaxsiy vagonida borgan 16 yoshli qiz umumiy vagonning uchinchi qavatida yotib, Vatanga qaytadi. F.Xoʻjayev Moskvada qamoqqa olinishi bilan Toshkentdagi oila aʼzolari – onasi, xotini va qizi ham hibs etiladi.
...1945-yilning noyabrida Toshkentga keldik. Onam sudlanmagan boʻlsa ham, katta shaharlarda yashashi taqiqlangan edi. Toshkentdan ish topolmaydi. F.Xoʻjayevning Rayhon bibidan tugʻilgan Robiya degan opasi Bekobodda kolxozda ishlar edi. Onam Bekobodda non korxonasiga hisobchi boʻlib ishga joylashadi. Bu orada “xalq dushmani”ning oila aʼzolari yana qamalar emish, degan gap tarqaladi. Onam men bilan onasini olib, Qirgʻizistonning Issiqkoʻlidagi Baliqchi qishlogʻiga ketadi. Hisobchi boʻlib ishga kiradi. Bu yerda onam ikkinchi bor turmush qurdi. 1948 va 1950-yilda ukalarim tugʻildi.
1957–65-yillari Frunze (hozirgi Bishkek) yaqinidagi Alouddin qishlogʻida yashaydilar. 1965-yili F.Xoʻjayev oqlanganidan xabar topgan onam Toshkentga keladi.
Mustabid tuzumda mustaqil boshqaruvga intilish. U qatʼiy pozitsiya va oʻz siyosiy qarashlariga ega rahbar edi. Professor Goga Hidoyatovning dalolat qilishicha, F.Xoʻjayev 1922-yili Moskvadagi yigʻilishlardan birida Stalinga “SSSRni – katta turmaga, Moskvani – xavfli joyga aylantirdingizlar; u yerda kelgindilarni yo oʻldirishadi, yo qamashadi” deb dangal aytgan. Professor Qahramon Rajabovning yozishicha, “VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosi va Oʻzbekiston KP MKga nisbatan muxolifat mavqeida turgan “Oʻn sakkizlar guruhi”ga (1925-yil, noyabr) xayrixoh boʻlgan. “Quloq”larni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan. Oʻzbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi deb hisoblagan. Zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor boʻlgan” (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 12 jildlik. 9-jild. Toshkent, 2005. 531-bet). Jadidlar tarixini hech kimga ishonmay, oʻzi yozgan. “Buxoro inqilobining tarixiga materiallar” (1926) risolasi “Boburnoma”ni eslatadi: u ham voqealar markazida turgan shaxsning oʻzi tarafidan bitilgan. Respublika rahbarining bu risolasi mahalliy matbuotda tanqidga uchradi: “Totalitar rejim tobora barqarorlashib borayotgan bir sharoitda hukumat doiralari tomonidan “jadidchilikni ulugʻlash – bolshevizmni yerga urish” deb qabul qilindi” (Alimova D. Fayzulla Xoʻjayev va jadidchilik. F.Xoʻjayev asarlari asosida. / Fayzulla Xoʻjayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar. Toshkent, “Fan”, 1997. 39-bet).
Sandal. Bola xotiramga muhrlanib qolgan hodisalardan birini aytay. Hozirgi Bosh universal magazin orqasidagi Chaqar koʻchasida yashovchi qarindoshimiznikiga bordik. Mezbon bizni sandal atrofiga oʻtqazdi. Men umrimda bunday moʻjizani koʻrmagan edim. Necha kundan beri suyaklarimdan oʻtib ketgan sovuqdan keyin badanim shunday rohat qildiki, yoshim oʻttiz beshga toʻlganidan keyin oʻsha iliqlik meni Vatanga bir umrga chorlagandir.
Puxta reja. Baʼzi tarixchilar Stalin uning 1920-yillardagi dadil-dangal harakatlarini eslab qolgan deb hisoblaydi. Bizningcha, qatagʻon siyosati “xalqlar dohiysi”ning yillar mobaynida pishitgan tizimli rejasi mahsuli edi.
Lenin davlatda burjua mutaxassislaridan foydalanish gʻoyasini ilgari surgan va bu amalga oshirilgan ham. 1936-yili Stalin SSSRda sotsializm qurilganini eʼlon qildi va yangilangan Konstitutsiya kuchga kirdi. Mamlakatda muxolif toifa qolmadi, boylar sinf sifatida tugatildi. Endigi navbat burjua vakillaridan qutulish edi. Asosan ziyolilar qatagʻon qilinganining bosh sababi shu. Davlat ulardan foydalangancha foydalandi, mahv etish vaqti kelgan edi.
Malomat ustiga malomat. Yana bir jadid – Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev uning amakivachchasi edi. BXSR moliya noziri (1920), davlat nazorati noziri (1921), Markaziy Ijroiya Qoʻmita raisi (1921–22) lavozimlarida ishlagan. Dushanbe shahrida rus garnizoni rahbari bilan oʻrtalarida nizo kelib chiqadi. Rus komandirini otib qoʻyib, Afgʻonistonga qochib oʻtadi. Bu F.Xoʻjayev uchun katta malomat edi. Oʻgay onadan tugʻilgan ukasi Ibodulla akasining qoʻriqlash xizmati boshligʻi edi. Koʻp ichaverganidan boʻshatilib, ishsiz qoladi. 1936-yili akasi yashab turgan uyning kiraverishida oʻzini otadi. Bu malomat ustiga malomat boʻldi.
Ikki “xalq dushmani”ning nevarasi. Bir “xalq dushmani”ning nevarasi boʻlmoq yukini koʻtarishning oʻzi qanchalar ogʻir ekanini boshidan oʻtkazgangina biladi. Ikki “xalq dushmani”ning nevarasi boʻlmoq yukini koʻtarish nima ekanini yer yuzida faqat men bilsam kerak. Ota tarafdan bobom – Ioatan Barxet 1934-yili qamoqqa olinib, Perm oʻlkasiga joʻnatilgan. Qutulib chiqqanidan keyin 1937-yili qayta qamoqqa olinib, Sverdlovsk shahriga yuboriladi. 1938-yilning 9-fevralida gardaniga “nemis josusi” degan ayb qoʻyilib, “uchlik” hukmi bilan otib tashlanadi. 34 kundan keyin esa Moskvada ona tarafdan bobom qatl etiladi.
“Xalq dushmani”ning oila aʼzolari Stavropol oʻlkasidan surgun qilinib, Ust-Kamenogorskka kelib qoladi. Boʻlgʻusi otam topograf boʻlib ishlaydi. 1938-yili onam ham volidasi bilan shu yoqqa badargʻa qilinadi. 1939-yili toʻy boʻladi. Oʻshanda otam 22, onam 18 yoshda boʻlgan. Men 1940-yili tugʻilganman.
Mehrsizdan mehr kutib. Oʻzkompartiyaning 1937-yil 17-iyunda boʻlib oʻtgan VII syezdida F.Xoʻjayev lavozimlaridan boʻshatilib, VKP(b) safidan oʻchiriladi. U shundan keyin bir necha bora Stalinga qoʻngʻiroq qilib, gaplasha olmaydi. Oxiri Moskvaga borishga majbur boʻladi. Poytaxtning Qozon vokzaliga yetishi bilan shaxsiy vagoni boshi berk yerga kiritiladi. Shaxsiy qoʻriqchilar qoʻyilmaydi. U Tverskaya koʻchasidagi “Natsional” mehmonxonasiga olib boriladi. Bir necha hafta oʻtadi hamki, Stalin qabuliga kira olmaydi.
Kamina ustozim, atoqli sharqshunos Najmiddin Komilovga bagʻishlangan sheʼrimda “Mehrsiz kimsadan mehrlar kutib” degan satr bitgan ekanman. Negadir shu esga tushdi.
Kechikkan oqlov. 1956-yil KPSSning XX syezdida Stalin qattiq qoralandi. Oʻsha yiliyoq OʻzKP(b) birinchi kotibi boʻlgan Akmal Ikromov oqlandi. Otasining oqlovini surishtirish, Vatanga qaytish huquqini qoʻlga kiritish uchun Viloyat ham 1957-yil iyulda Toshkentga keladi. Biror natijaga erisha olmaydi, taqiq bekor qilinmaydi. F.Xoʻjayev “badavlat kishining farzandi” hisoblanib, oqlanishi 9 yil ortga suriladi. Ana sizga malomat-u mana sizga mazammat!..
Nihoyat, 1965-yil 6-martda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi F.Xoʻjayevni aybsiz deb topdi. 1970-yili uning asarlari uch jildda chop etildi. Oʻzbekistonda tavalludining 100 yilligi nishonlandi (1996). Hayoti va faoliyati haqida tadqiqotlar eʼlon qilindi. U haqda Asqad Muxtorning “Buxoroning jinkoʻchalari” qissasi, Komil Yashinning “Inqilob tongi” dramasi, Nusrat Naimovning “Men yashashni istayman” roman-xronikasi va boshqa badiiy asarlar yaratildi.
Ogʻriqlar. Shoʻro davlati har qanaqasiga Buxoroni bosib olar va oʻziga mos kishini rahbar qilib qoʻyar edi, albatta. Taqdir buni F.Xoʻjayev peshonasiga yozdi. Lekin Buxoro xalqi bu bosqinni undan koʻrdi. Vaholanki, chor hukumati Buxoroni qaram qilishda koʻp qon toʻkmagan, shahri sharifning faxri boʻlmish Minorai kalon XII asrdan buyon koʻkrak kerib turar edi. Oʻpirilib ketgan Minorai kalonni koʻrgan har qanday kishining koʻnglida yangi tuzilgan hukumatga nafrat hissi joʻsh urishi tabiiy.
BXSRga rahbarlik qilgan toʻrt yil mobaynida F.Xoʻjayev bu nafratni sezmasligi, his etmasligi mumkin emas edi. Yana bilmadim, OʻzSSRning poytaxti Samarqandga koʻchirilishining tagʻin bir sababi aynan shudir.
Qariganda Vatanni almashtirib boʻlarkanmi?! 4-sinfda oʻqib yurganimda “Geografiya” darsligida “SSSRning ikki nuqtasi borki, jannatga oʻxshaydi. Biri – Ozarboyjondagi Lenkoran, ikkinchisi – Oʻzbekistondagi Fargʻona” degan soʻzlarni oʻqib, qattiq taʼsirlangan, onamning vataniga borib yashagim kelgan. Bu orzum qariyb chorak asr oʻtganidan keyin, 35 yoshimda, 1975-yil martida amalga oshdi: butunlayiga Toshkentga – onamning oldiga keldim. Respublikamizdagi birinchi urolog professor Odil Muxtorov boshqargan klinikada naqd 45 yil ishladim. Xizmat yuzasidan mamlakatimizning barcha hududlarida boʻldim.
Baʼzilar familiyamni surishtirib, otam nemis boʻlganini bilganidan keyin mendan “Nega Germaniyaga ketmagansiz? Axir, sizga oʻxshagan qoʻligul urologlar u yerda juda katta maosh oladi-ku?!” deyishadi. Ularga soddagina qilib, “Qariganda Vatanni almashtirib boʻlarkanmi?!” deb javob beraman. Ketsam, bobomning ruhi rozi boʻlmas...
Troskiy va “troskiychilik”. Unga sovetlarga qarshi “Oʻng troskiychi blok”ka qoʻshilgan, degan ayb taqalgan edi. Lev Bronshteyn – Troskiy 1917-yil 7-noyabrdagi toʻntarishning tashabbuskori va rahbarlaridan biri, qizil armiya asoschilaridan boʻlgan. Lenindan soʻng davlatga yetakchi boʻlish uchun Stalin bilan kurashib yengilgan (1924). Keyin Stalin uni yoʻqotish payiga tushgan. Qarashlari “mayda burjuacha ogʻish” deb baholangan. 1927-yili Troskiy 75 nafar faol tarafdori bilan birga partiyadan oʻchirilgan. Oʻzi Olmaotaga surgun qilingan. 1929-yili xorijga chiqarib yuborilgan. Turkiya, Fransiya, Norvegiya, Meksika kabi mamlakatlarda yashagan. Stalinni “Oktyabr gʻoyalarining xoini” deb atagan. 1940-yili Mexiko shahrida NKVDga agent boʻlib yollangan ispan Ramon Merkoder tomonidan oʻldirilgan.
Stalin uchun oʻziga yoqmagan rahbarlarni “troskiychilik”da ayblash oson va arzon yoʻl edi. Alam qiladigan yeri shundaki, “troskiychi” boʻlmagan F.Xoʻjayev Troskiydan ikki yil oldin otib tashlanadi.
Novvot. Fayzulla bobom oilasida Muslima degan asrandi qiz voyaga yetgan. Ust-Kamenogorsk viloyatida surgunda boʻlganimizda undan har zamonda kichkinagina posilka olar edik. Ikki-uch dona anor, bir kilo shakar deganday. Anor boʻlaklab qoʻshnilarga tarqatilardi. Malika bibim shakarni qaynatib-qaynatib, novvot pishirar edi. Bibim uchun novvot Vatan timsoli boʻlganini Oʻzbekistonga koʻchib kelganimdan keyin angladim.
Koʻzlardagi ogʻir mung. 1971–76-yillarda hozirgi OʻzMUning jurnalistika fakultetida yuridik fanlar doktori, professor (keyinchalik akademik) Otaboy Eshonov uchrashuvga kelib, F.Xoʻjayev haqida maʼruza qilgan edi. Ikki jihat yodimda qolgan: 1) olim uning aksilshoʻro gʻoyalarga berilmagani, sof markschi-leninchi boʻlganini isbotlagan edi; 2) 20-yillarda yurtimizga kelgan kommunistparast jurnalist Anna Luiza Strong (1885 – 1970) Fayzulla Xoʻjayev bilan uchrashib, u haqda ocherk yozgan, xotimada “F.Xoʻjayevning koʻzlarida shunday bir ogʻir mung bor ediki!..” deb qayd etgan ekan.
Keyinroq bildimki, Anna Luiza Strong F.Xoʻjayevning harakatchan, kuch-quvvatga toʻlib-toshgan islohotchi, yorqin tafakkur egasi, Amir Temur yurishlari, Buxoro va Samarqand kechmishi haqida soatlab soʻzlab berishi mumkin boʻlgan tarix bilimdoni ekani, millionerning oʻgʻli boʻlaturib, ishchi-dehqon davlatini qurishga jon-jahdi bilan kirishganini ham yozgan. Men ham qachon uning suratiga qarasam, koʻzlaridagi kishini beixtiyor ogʻir bir holga solib qoʻyadigan oʻsha ogʻir mungni tuyaman.
Istiqlol davri taqiqlari. Mustaqillik ham F.Xoʻjayevni quchoq ochib kutib olmadi. Shoʻro Oʻzbekistoni ravnaqiga hissa qoʻshgan shaxslarga “Baribir mustamlaka tuzumiga, kommunistik mafkuraga xizmat qilgan-ku” deb qaraldi. Bunday siyosatning tayogʻi birinchi galda F.Xoʻjayevning boshiga tushdi. Ayrim tahlilchilar bu xil munosabatda Oʻzbekistonning ilgarigi rahbarlari obroʻyini koʻtarib yubormaslik maqsadi ham yotganini aytishadi. Boʻlsa bordir.
1930-yili Buxoro pedagogika instituti tashkil etilib, 1931-yili unga F.Xoʻjayev nomi berilgan. 1937-yildan bu nom Sergo Orjonikidzega almashtirilgan. 1990-yildan F.Xoʻjayev nomi qayta tiklandi. Biroq 1992-yil yanvarida Toshkentda talabalar namoyishi yuz berganidan keyin mintaqalarimizdagi koʻp institutlar, jumladan, BuxDPI ham universitetga aylantirildi. Uning nomi yana tushib qoldi.
Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻlidagi bir bekatiga uning nomini berish rejasi eʼlon qilingan edi. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”da ham Toshkentdagi metro bekati uning nomi bilan atalishi qayd etilgan (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. J. 9. 531-bet). Biroq amalda bunday boʻlmadi: avval aytildi, soʻngra qaytildi.
“Apolitiklik”dan – “politiklik”ka. Rus tilida yunonchadan oʻtgan “apolitik” degan soʻz bor. Bu – “politik”, yaʼni “siyosatchi”ning aksi. U siyosatga befarq, ijtimoiy-siyosiy hayot bilan qiziqmaydigan yoki ongli ravishda buni oʻzi uchun begona, nomuhim bilib, unga aralashishdan voz kechgan kishini bildiradi. Kasb taqozosiga koʻra, shifokorlar “apolitik” boʻlishi kerak. Zotan, ular urushda asir tushgan dushman askarlarini ham, oʻta ogʻir jinoyat bilan qamalganlarni ham... sidqidildan davolashi shart. Oʻrtada Hippokrat qasami bor-da.
Rudolf aka bir umr tibbiyot bilan shugʻullangan. Lekin oʻqigan kitoblari, maqolalari, asosiy qiziqish dunyosi – siyosat. Umumiy maʼnoda tushunmang: uni sovet davlatining aynan Fayzulla bobosi davri bilan bogʻliq siyosati qiziqtiradi. Stalin va uning atrofidagilar bilan bogʻliq masalalarni oʻsha voqealar ishtirokchisi, guvohi yanglig‘ biladi. Suhbatlarini eshitib, oʻqigan kitob-u gazeta-jurnallarini, kerakli kitoblar orasiga tartib bilan, mavzusiga qarab joylab qoʻygan qirqimlarni koʻrib hayratga tushasiz. Rosti, shu davr boʻyicha katta tadqiqotlar olib borayotgan mutaxassislarning hammasi ham bu qadar boy va batartib maʼlumotlar bazasiga ega boʻlmasligi mumkin. Afsus, u yozishga chogʻlanmagan. Haqiqatni bilish, bobosi fojiasining mohiyatiga yetmoq uchun yiqqan, oʻqigan bularni.
Ziddiyatlar. Falsafa “Hayot ziddiyatlar kurashi va birligidan iborat” deb oʻqitadi. Ziddiyat har shaxsda bor. Lekin... F.Xoʻjayevga Yaratgan bor-yoʻgʻi 42 yillik umri davomida shunday kelishtirib boʻlmas ziddiyatlarni buyurdiki, asti qoʻyaverasiz!
Oq bilan qora rang – ikki qutb. Ikkisini aralashtirsangiz, oqning oqligi, qoraning qoraligi qolmaydi: oq qorayadi, qora oqaradi. F.Xoʻjayev shaxsida ham oq bilan qora aralashgan edi. Bir marta ham emas, bir necha karradan! U avval-boshda jadid edi. Jadid sifatida avval Buxoro, keyin Oʻzbekiston rahbari boʻldi. Ne tongki, uning rahbarligi davrida (1929) Munavvarqori Abdurashidxonovdek zot otildi. Boylarni quloq sifatida tugatish kampaniyasining boshida ham u turdi.
Surgun ustiga surgun. 1941-yil 22-iyunida urush boshlanganidan soʻng shoʻro nemislari mehnat lagerlariga joylashtiriladi. Ularning konslagerdan farqi yoʻq edi. Otam sovuqdan-sovuq Vyatskdagi lagerga tushadi. Har kuni 15–20 kishi vafot etgan. Shuni bilamanki, 1953-yilgacha shoʻro nemislari pasportga ega boʻlmagan, demakki, bu lagerlardan boshqa yerga ketish imkoniga ham. Onam volidasi va men bilan Ust-Kamenogorskda qolgan. Lekin bizni ham u yerdan kichkinagina Kutixa qoʻrgʻoniga joʻnatishdi. 1945-yilning noyabrigacha oʻsha yerda boʻlganmiz. Umumiy barakda bir necha oila yashar edik. Qish qattiq kelardi. Qor tomgacha koʻtarilar edi. Jon saqlash uchun kartoshka ekardik, karam tuzlardik. Bibim, boyning qizi emasmi, umrida qoʻlini sovuq suvga urmagan ayol edi. Onam ham uni, ham meni boqar edi.
Oxiri Vatanga qaytishga ruxsat boʻldi. Chor hukumati davridan qolgan eski vagonlarda qaytdik. Tamburlargacha odamga toʻla edi. Sovuq vagonlar, fayzsiz vokzallarni eslayman.
Xoʻjalar yurti. Xoʻjalar – sahobalar hamda sarkarda Qutayba bilan kelgan diniy ulamolar avlodi, degan talqin toʻgʻri boʻlsa, ular Buxoroda eng koʻp edi. Naqshbandiya tariqatining dastlabki nomi ham “xojagon”, yaʼni “xoʻjalar” boʻlgan. Lekin... Buxorodan “Poʻlatxoʻjayev”, “Azizxoʻjayev” kabi familiyalarni izlab ovora boʻlmang. Kimdir ismi, ota ismi yoki familiyasiga “-xoʻja”ni qoʻshib olgan boʻlsa, mustaqillik yillarida boʻlgan. Buxoro ahli ismi yo familiyasida “xoʻja” soʻzi borlar F.Xoʻjayev otilganidan keyin uning “dum”i sifatida koʻp jabr koʻrganini hozirgacha gapiradi.
Oʻzbek tili qachon davlat tili boʻlgan? Hammamiz bu savolni eshitib-eshitmay, 1989-yilning 21-oktyabr sanasini aytamiz, albatta. Holbuki, BXSRning 1921-yil 11-martida qabul qilingan “Til haqida” dekretida turk (oʻzbek) tili respublikaning davlat tili sifatida eʼlon qilingan edi. Yaʼni 1924-yili bu millatga “oʻzbek” va milliy respublikaga “Oʻzbekiston” deb nom berilishi tasodifiy emas edi.
Milliy chegaralanish: birlashishdan boʻlinish sari. F.Xoʻjayev jadid sifatida Markaziy Osiyoda yagona, katta va kuchli mustaqil davlat barpo etilishini orzulamagan deysizmi? Unda nega BXSR hisobidan Germaniyaga joʻnatilgan talabalar orasida uning rahbarligidagi jumhuriyatdan tashqari boshqa hududlar yoshlari ham bor edi?
Qoʻqon, Xiva xonliklari va Buxoro amirligi – oʻzbek davlatlari edi. Qoʻqonni – ming, Xivani – qoʻngʻirot, Buxoroni mangʻit urugʻi vakillari boshqargan. Oʻzbeklar bilan tojiklar hamma vaqt bir davlat tarkibida boʻlib kelgan. F.Xoʻjayev ularni boʻlib tashlash emas, aksincha, birlashtirish yoʻlini tutdi. 1924-yili bu orzusiga qisman erishdi ham: TojASSR aynan OʻzSSR tarkibiga kiritildi. Ammo hodisalar oqimi boshqa oʻzanga burilib ketdi. Bu endi alohida maqola mavzusidir...
Rivoyatlar, ertaklar. Qatl va qoʻrqitish asosida qurilgan hech bir davlatning kelajagi boʻlmaydi. Bashariyat tarixini oʻqigan har qanday aqlli odam anglab yetadiki, aksar imperiyalar ikki yuz yildan ziyod hukm surmagan. F.Xoʻjayev ham bir kun kelib Oʻzbekiston mustaqil davlat boʻlishini tasavvur etmagan deb boʻladimi? Lekin shoʻro davlati oyoqqa turib, gullab-yashnab kelayotgan bir davrda respublikani ajratib olishning imkoni yoʻqligini ham bilgan, albatta. Binobarin, Oʻzbekistonni shu imperiya tarkibida rivojlantirish dardidan boshqa dardi yoʻq edi. Oʻzbekistonning ravnaq topishi Stalin boshliq davlatning ravnaq topishiga qoʻshilgan munosib hissa edi. Nadomatlar boʻlsinki, imperiya oʻz sadoqatli farzandining boʻgʻziga pichoq tortdi.
Onamdan ayro 19 yil. 16 yoshimgacha onam va oʻgay otam bilan Issiqkoʻlda yashadim. 1956-yil martida oʻzimning otam meni Rossiyaning Kirov viloyatiga olib ketdi. Oʻsha yerda maktabni bitirib, 1958-yili Perm tibbiyot institutiga kirdim, uni 1964-yili tugatdim. Lager kasalxonasida faoliyat yuritdim. Toʻrt yildan keyin Moskva viloyatining Serpuxov shahrida urolog va jarroh boʻlib ishladim. Otam 2010-yili vafot etdi. Otam-onam yoʻllari 1945-yildan ayro tushgan edi. Ikkalasi ham juda chiroyli insonlar edi.
Doston qahramoni. Taniqli shoira Sharifa Salimova “Qabohat saltanati yoxud qor qoʻynida lolalar” degan sheʼriy roman yozib, qatagʻonga uchragan ayollar timsollarini yaratdi. Shulardan biri – Viloyat Fayzullayevna. Unga bagʻishlangan fasl roman ichra bir dostondek oʻqiladi. Unda mana bunday satrlar bor:
Fayzulla Xoʻjayev – samo qalbli zot,
Turkiston – koʻksidan oqqan daryosi.
Tunlar mijja qoqmas, yurt yuki – ogʻir,
Kunni ham charchatib qoʻyar xayoli.
Aybsiz aybdor. Fayzulla Xoʻjayevda avvaldan buyuk Turkiston davlatini qurish gʻoyasi boʻlgan. Turkistonda eng katta nufusga ega xalq esa oʻzbeklar edi. Ammo Moskvaning zugʻumi bilan Markaziy Osiyo beshga boʻlib tashlandi. Milliy chegaralanish tamoman Moskvaning hukmi, Stalinning topshirigʻi bilan amalga oshirildi. Ayrim soxta siyosatchilarning bunda kimnidir, ayniqsa, F.Xoʻjayevni aybdor hisoblashiga asos yoʻq.
“Bejazo” qolmagan uy. “Xalq dushmani” tugʻilib oʻsgan hovli qoʻlma-qoʻl... 1925-yili poytaxt Samarqandga koʻchirilganidan keyin bu yerdan bosmaxona, qizlar hunar maktabi, texnikum, maktab, bilim yurti va yotoqxona sifatida foydalanilgan. 1980-yilda imorat oʻta taʼmirtalab holga kelib qolgan. 1996-yili F.Xoʻjayev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan UNESKO yordamida tarixiy hovli taʼmirlandi. Biroq tuppa-tuzuk ishlab turgan “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” 2013-yili “Buxorolik boy savdogar uy-muzeyi” yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Negadir Fayzulla Xoʻjayev nomi yoqmay qoldi. Shukrki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentyabrdagi 543-qarori asosida “Buxorolik boy savdogar uy-muzeyi” yodgorlik majmuasi “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” deb qayta nomlandi.
Tuganmas taʼnalar. Tarix – taqdir. Bittagina yoʻl bor: uni boricha qabul qilish kerak. Shoʻro davri ham, qanday boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz oʻtmishimiz, begonaniki emas. U davr kishilari, rahbarlari haqida ham bor haqiqatni boricha, begʻaraz aytishga majburmiz. Ammo Fayzulla Xoʻjayev shaxsi hali-hanuz bunga muyassar boʻlganicha yoʻq.
Uning yurtga din tarqatgan ajdodlarning avlodi, yaʼni xoʻja boʻlaturib, islomga qarshi kurashganini yozishadi. Dahriyona kommunistik siyosat rahbarlaridan biri sifatida boshqacha yoʻl tuta olarmidi?!
Millionerning oʻgʻli boʻlaturib, boy-badavlat kishilarni sinfiy dushman sifatida yoʻqotishga hissa qoʻshganini ayb qilib betiga chaplashadi. Axir, ishchi-dehqon partiyasi rahnamolaridan biri sifatida shundan boshqacha siyosat yuritishi mumkinmidi?!
F.Xoʻjayev otasidan qolgan boyliklarni markaziy davlatga topshirdi. Goʻyoki, shular evaziga mansabini sotib olgan...
Ana endi har qanday odam uning oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻrsin!
Kenja Xoʻjayevlar. Onam keyinroq ikki oʻgʻlining familiyasini Xoʻjayev deya oʻzgartirdi... Umri iztiroblar ichida oʻtgan onam 1987-yil 2-yanvarda olamdan oʻtdi. Yunusoboddagi Sultonqul qabristoniga qoʻydik.
Buxoro oltinlari. Frunze toʻplari ming yildan beri qilt etmay turgan Minorai kalonni oʻpirib tashlagani aks etgan fotosuratni koʻrganmisiz? Shu tarixiy fotodan har qanday yurtdoshimizning yuragi minorday ilma-teshik boʻladi. Sharif shahar koʻchalarining umumahvolini shundan qiyos qilavering. Qayd etganimizdek, vayronaga aylangan shahar xalqi Fayzulla Xoʻjayevni yaxshi qabul qilmadi. Bundan tashqari, Yevropa davlatlari yangi Sovet davlatini yakkalab qoʻyish uchun embargo oʻrnatadi, yaʼni u bilan savdo-sotiq qilmaslik, mabodo savdo qilinsa ham, faqat oltin hisobida amalga oshirish yoʻlini tutadi. Rossiyada esa oltin yoʻq edi. Akademik O.Eshonovning hikoya qilishicha, oʻshanda Feliks Dzerjinskiy Leninga Buxoroda tilla koʻpligini aytadi. Shundan keyin Buxoroni bosib olish tezlashtiriladi. Buxoro inqilobi bosqinchi davlatga zudlik bilan 18 vagon oltinni qoʻlga kiritish uchun kerak boʻlgan edi.
Tragediya. Ulug‘ adabiyotshunos Vissarion Belinskiy dramani lirika va eposdan ustun bilib, tragediyani uning eng yuksak choʻqqisi deb ataydi. Toʻqima timsollar, soxta fojialar asosida bitilgan romanlarni oʻqishga qiynalaman. Shunday kezlarda koʻngildan “Qani endi bir sohibi isteʼdod Fayzulla Xoʻjayev hayotining biz sanagan, sanab ulgurmagan fojiaviy sahnalari asosida bir buyuk tragediya yaratsa!..” degan fikr kechadi. Zero, xalqimiz orasida Fayzulla Xoʻjayev kabi chigaldan-chigal qismat, notinchdan-notinch ruh egasini topish amrimahol.
P.S. “Sizningcha, Fayzulla Xoʻjayev qanday yoʻl tutishi kerak edi?” deb soʻrayman bandaga xos ojizlik bilan. “Moskvada qamoqqa olinguniga qadar xorijga qochib ketib, jonini saqlashi lozim edi”, deydi Rudolf aka.
Yoʻq! U amir Olimxon emas, axir! Asloaslo bunday qila olmas edi!..
Sultonmurod OLIM
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Chigal qismat, notinch ruh” essesi