Yaqinda noshir, adabiyotshunos doʻstimiz Sanjar Nazar feysbuk sahifasida “qoʻramta” soʻzini eslatib qoʻydi. Sanjar “qoʻramtani qoʻzgʻab qoʻydi”yu, lekin uning “tafti” hali ketmadi (hazil). Baʼzi shevalarda “qoʻramtani qoʻzgʻash” degan ibora bor. Unutila boshlagan, sovigan janjal yoki bahs-munozarani qaytadan qoʻzgʻash maʼnosida aytiladi. Ammo “qoʻramta”ning oʻzi nima?
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “qoʻramta” soʻziga shunday izoh berilgan: “qoʻramta – (tarixiy) kamon oʻqlari solib, osib yuriladigan maxsus xalta” (II tom. 1981. 639). “Этимологический словарь тюркских языков” (ЭСТЯ) lugʻatida ham “qoʻramta”ga berilgan izoh shunday. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli kabi baxshilar aytgan dostonlarda ham “qoʻramta” shu maʼnoda ishlatilgan.
“Devonu lugʻotit-turk”da bu jihozning nomi “qoʻramta” emas, “qurman”, Ergash Fozilovning XIV asr Xorazm yodgorliklari lugʻatida “qurban” shaklida berilgan. Mahmud Koshgʻariy “qurman” soʻzi yasalishini: “belga kamar bogʻla soʻzidan olingan” (I tom, T.: 1960. 416), deb tushuntiradi. Bu izohni “qoʻramta”ga ham tatbiq etish mumkin. Darhaqiqat, qadimgi turkiyda “qoʻr” soʻzi “belbog‘”, “aylana”, “oʻtovni aylantirib bogʻlanadigan tasma” kabi maʼnolarni bildirgan. Oʻq-yoy solinadigan xalta – qurman yoki qoʻramtaning ham bel va yelkaga bogʻlanadigan bogʻlari boʻlgani uchun shunday atalgan. Hozirgi tilimizdagi “qurshov”, “qurshamoq” feʼli ham shu oʻzakdan. Ammo “oʻq-yoy xaltasi” maʼnosidagi “qoʻramta”ning “qoʻramtani qoʻzgʻash” iborasiga aloqasi bormi?
“Moʻgʻullarning sirli tarixi” asarida mazkur jihoz qurman yoki qoʻramta emas, “qoʻr” (“qor”) deb ataladi. Asarning 189-paragrafida Nayman xoni Tayangxon aytadi: “Shimol tomonda notavon, bechora moʻgʻulchalar bor emish. Ular goʻyoki oʻzlarining QOʻRlari bilan Oʻngxonni qoʻrqitishibdi”. Shundan soʻng Tayangxon moʻgʻullarga qarshi urushni rejalaydi. Buning xabarini Chingizxonga: “Nayman xoni Tayangxon kelib sening QOʻRINGNI TORTIB OLMOQCHI” (“Naїman-u Tayang-qan QOR čїnu abura iramüi”), deb yetkazishadi. Bu xabarga Chingizxonning ukasi Bilgutay noʻyon shunday munosabat bildiradi: “Agar tirik holimda mendan QOʻRNI TORTIB OLISHSA, yashashning nima keragi bor? Navkar uchun jangda oʻlib, qoʻr va oʻq-yoyi uning suyaklari bilan yonma-yon qoʻyilishi sharaf emasmi?” Koʻrinib turibdiki, bu matnda “qoʻr” soʻzi ramziy maʼnoda: “Oʻngxonni qoʻr bilan qoʻrqitibdi” deganda, Oʻngxonning Chingizxondan magʻlub boʻlib qochishi, “qoʻrni tortib olish” iborasida “bosib olib, qulga aylantirish, qurolsizlantirish” maʼnolari koʻzda tutilgan. Turli davrlarda: qurman, qurban, qoʻr, sadoq (sagʻdaq), qoʻramsaq, qoʻrluq, qoʻramta va hokazo nomlar bilan atalgan bu jihoz koʻchma maʼnoda kuch-qudrat, shaʼn, gʻurur ramzi ham hisoblangan.
Keyinchalik bu jihoz isteʼmoldan chiqsa-da, bizningcha, uning nomi va unga bogʻliq ramzlar xalq xotirasida saqlanib qolgan. Maʼlumki, turkiyda “qoʻr” (“qur”)ga shakldosh (omonim) boshqa oʻzak-soʻzlar ham bor. Aytaylik, boshqa bir “qoʻr”dan: “qoʻrimoq”, “qoʻriqchi”, “qoʻrgʻon”, “qoʻra” kabi soʻzlar hosil boʻlgan boʻlsa; “qoʻr” deganda yana “choʻg‘”, “chala uchgan choʻg‘”, “qalb qoʻri” kabi maʼnolarni ham anglaymiz. Bizningcha, “qoʻramta” shakli dastlab sadoq maʼnosida qoʻllangan boʻlsa, keyinchalik bu soʻz boshqa maʼnodagi “qoʻr” oʻzaklariga ham koʻchgan.
Aytaylik, qozoq tilida ham mavjud boʻlgan “qoʻramta” soʻziga qozogʻistonlik tilshunos Qaydar Abduali (Qaydar Әbduәli) shunday izoh keltiradi: “qor qalin yogʻib, qish uzoq choʻzilgan yili, odatda, uyur-uyur boʻlib yuradigan arxarlar qoʻralanib, birlashib bir tabunga aylanadi, buni ovchilar qoʻramta deb ataydi”. Boshqa bir qozoq adibi “qoʻramta”ni “yigʻilish”, “qurultoy” maʼnosida qoʻllaydi.
Baʼzi oʻzbek shevalarida esa “qoʻramta” – “chala oʻchgan choʻg‘”, “qurum” maʼnolarida tushuniladi. Ammo “qoʻramta aynan nima?” degan savolga men bilan suhbatdosh boʻlganlar bir xil javob qilishmadi: kimdir qoʻramta deganda chala uchgan choʻgʻni, kimdir qurumni (qurumta), kimdir choʻg‘ betidagi kulni tushunar ekan. Qoʻramta haqidagi bunday mavhum tasavvur ilgari u boshqa maʼno bildirgan, degan farazga olib keladi. Qashqadaryolik yozuvchi Neʼmat Arslon hikoyasida bu soʻzni “chala oʻchgan choʻg‘” maʼnosida qoʻllagan: “Har kun qoʻramtaga koʻmib yoki qaynatib, ishi shoshilinch paytda qovurib yeydigan tuxumini oʻylarkan, folga borish kerak, degan fikri qatʼiylashdi”.
Oʻzbek xalq dostonlarida “qoʻramtaga qoʻl soldi” iborasi “urushga hozirlandi” maʼnosiga ega. “Qoʻramtani qoʻzgʻash” deganda esa oʻchayotgan choʻgʻni qayta alangalatish, koʻchma maʼnoda eski janjalni qayta qoʻzgʻash tushuniladi. Eʼtibor qilinsa, yuqorida keltirilgan barcha iboralarda qoʻramta urush, janjal bilan bogʻliq ravishda qoʻllanilgan. Shu bois ular oʻrtasida umumiylik borday tuyuladi.
Abduvohid HAYIT