Rahima ayani mahallada hamma yaxshi taniydi, nomini hurmat bilan tilga oladi. Aya oddiy oʻzbek ayoli. U biror olamshumul kashfiyot qilgani yo qahramonlik qilgani yoʻq. Faqat uch qizni oq yuvib, oq tarab oʻstirdi. Oʻsha zamonlarda qiz bolani oʻqitish uyat deb hisoblagan qishloqdoshlarining taʼnalariga eʼtibor qilmay, uch qizini shaharda oʻqitdi. Qavm-qarindosh, qayinboʻyinlari bilan talashib-tortishib, baʼzilari bilan yuzkoʻrmas boʻlib ketishgacha borib, qiz bola ham ilm olishga, oliy maʼlumotli boʻlishga haqqi bor degan qarashni shakllantirdi. Yolgʻiz kelinini ham oʻqitib, nevaralarini oʻzi boqdi. Oʻqigan qizning nafaqat oilasiga, balki jamiyatga ham foydasi tegishini isbotladi. Bugun uning qizlariga hamma havas qiladi, qizlarim, nabiralarim shularga oʻxshasin deydi.
Rahima ayaning turmush oʻrtogʻi qirq toʻrt yoshida bexosdan olamdan oʻtib qoldi va u toʻrt farzandi bilan beva qoldi. Soppa-sog‘ yurgan odamning bir kechada boshim ogʻriyapti degancha boshini koʻtarolmay qolgani unga armon boʻldi, bu yaqin atrofda biror duxtir yoki kasalxona boʻlmagani, eriga birinchi yordam koʻrsatilmagani tufayli qirq yoshida chirqirab qolaverdi. Balki shuning taʼsirimi, toʻngʻichi Nargizani duxtirlikka oʻqitaman deya bel bogʻladi. Otasi vafot etgach, qattiqqoʻl amakilari qizlarni sovchi kelishi bilan uzatib yubormoqchi boʻlishdi. Shunda bor kuchi bilan qarshilik qilgan onaizor qoʻshni qishloqqa akalarinikiga koʻchib ketib yashashgacha bordi, ammo shashtidan qaytmadi. Qarshiliklarga qaramay ayaning uch qizi: Nargiza, Raʼno va Nilufar birin-ketin talaba boʻldi. Katta qizi Nargiza maktabni oltin medalga bitirib, Samarqand tibbiyot institutiga imtihonsiz qabul qilindi. Aya kunduzi kasalxonada sanitar boʻlib ishlab, kechasi chopon tikib sotib qizlarining yoʻlkirasi, yeb-ichishini amallab turdi. U qiyinchiliklar ham ortda qoldi. Hozir qizlarning biri qoʻli yengil shifokor, boshqasi ingliz tili oʻqituvchisi, kenjasi doktoranturada oʻqiyapti. Bir paytlar ona-bolalarni qoralagan, davralarga qoʻshmay qoʻygan, oʻqigan qizlarni endi er olarmidi deganlar tilini tishlab qoldi. Ayniqsa, shifokor qizi Nargizaga ishi tushmagan, eshigini taqillatib bormagan qishloqdoshi boʻlmasa kerak, barining duosini oladi. Eng muhimi, qiz bola ham oʻqishi kerak ekan degan qarash paydo boʻldi. Gapirganlarning oʻzi hozir nabiralarini Raʼno muallimga ingliz tilini oʻrganishga berishayapti, qishloqda oʻqigan qizlarning soni yildan yilga oshib borayapti...
Bizda qiz bolaga oliy maʼlumot kerakmi, qiz bola oʻqib shahar olib berarmidi, shuncha oʻqitganing bilan uzatib yuborsang rohatini boshqalar koʻradi degan qarash haliyam uchrab turadi. Yurtimizda shunday tumanlar borki, butun boshli maktabdan bitiruvchilar orasida talaygina qizlar oliy oʻquv yurtiga kirish u yoqda tursin, hatto hujjat topshirmagan boʻladi. Bitiruvchi sinf qizlarining koʻpchiligi allaqachon unashtirilgan va tezroq maktabni bitirib uzatilishi haqida oʻylaydi. Afsuski, kelajagi, oliy maʼlumot olib hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishi, sevgan kasbi boʻlishini orzu ham qilmaydi. Hayot faqat yaltir-yultur sarpolar bilan uzatilish, tillo-yu tangalarga botib toʻyma-toʻy, marosimma-marosim togʻora koʻtarib yurishdan iboratdek goʻyo. Erta uzatilayotgan oʻsha qizlarning onalaridan biriga nega buncha erta uzatayapsiz, qoʻlida hunari yoʻq, biror kasbning boshini tutmagan, ertaga hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin, hech boʻlmaganda oʻqisa bolalarini savodli qilib tarbiyalaydi-ku desam, oʻqitishga pulimiz yoʻq deydi. Lekin qizi uchun yiqqan sarpo-yu tilla taqinchoqlar, oldi-berdilarini hisoblasangiz, bir emas uch-toʻrtta qizni oʻqitishga yetadigan pul safrlangan. Hayron qolasan, bu latta-puttalarni qachongacha kiyadi, yotib yeyishga tog‘ ham chidamaydi-ku yoki bir umr uning taʼminotini boʻyningizga olasizmi? Vaholanki, onaning oʻzi bir yilda bir shifokor koʻrigiga bormaydi, salomatligiga yetarlicha eʼtibor bermaydi. Biror marta tuman oshib bir joyga sayohat qilgani yoʻq, ammo qizi, kuyovi, quda-andasi uchun bor-budini sarflaydi. Mayli, lekin shu qizlar hayotga, oila qurishga, ona boʻlishga har tomonlama tayyor deb oʻylaysizmi? Afsuski yoʻq!
Mastura Valieva, psixolog:
«Qabulimga oilasi buzilayotgan kelinlarni olib kelishadi. Gaplashib koʻrsangiz yoshgina kelin, ammo hamma narsadan toʻygan, depressiya holatida. Tarixini surishtirsam koʻpchiligi juda erta turmushga chiqqan, maktabni bitiriboq uzatilgan. Hali oila nima, turmush nima, ayollik, kelinlik, onalik vazifalari, masʼuliyati nimalardan iboratligini bilmaydi. Qanday vaziyatda qanday ish tutish, muomala, koʻngilni olishga noʻnoq. Axir u hali ota-onasi bagʻrida oʻynab yurgan erkin qush edi, maktabni bitirganidanoq darrov begona uy, begona muhitga uzatvorishgan, hali dugonalari oʻynab-kulib yurishganda u har bir qadami tahlil qilinadigan boshqa mamlakatga tushib qoldi. Bunday paytda yangi xonadondagilar uni toʻgʻri tushunib, sekinlik bilan yoʻl-yoʻriq koʻrsatishsa-ku xoʻp-xoʻp, lekin har bir harakatidan mukammallik talab qilaverishsa yosh niholga darz ketadi, ruhiy bosim kuchayib, baʼzi yosh kelinlarimiz depressiyaga tushib qolishlari hech gap emas. Shunday mijozlarimiz bilan ishlash jarayonida koʻproq oʻzini rivojlantirishi, yoqtirgan mashgʻuloti bilan shugʻullanishi, qaysidir hunarni oʻrganishi uchun imkon berib, shu bilan birga yangi doʻst, uni tinglaydigan yangi davraga yaqinlashtiramiz va natija tezda yaxshi tomonga oʻzgaradi. Qizimizda oʻziga ishonch, hayotga qiziqish paydo boʻladi va yashirin qobiliyatlari ochilib, koʻzlari porlay boshlaydi. Yuziga qizillik yuguradi. Ota-onalarga maslahatim: qizlaringizni oʻqitib bir kasbning egasi boʻlishini taʼminlang, toʻgʻri, hamma ham yaxshi oʻqishga qobiliyatli boʻlmasligi mumkin, lekin hunar oʻrgatishingiz mumkin-ku? Tikuvchlikmi, dizaynerlikmi, oshpazlikmi yoki yana qancha hunarlar bor. Qizingizning pulga ehtiyoji boʻlmas, lekin hech boʻlmasa oʻzi yaxshi koʻrgan mashgʻuloti, oʻzi uchun qiziq boʻlgan mavzusi boʻladi. Ertaga bunday ayollar turmush oʻrtogʻi uchun ham qiziqarli ayol, farzandlari uchun qiziqarli ona boʻladi.
Bir necha yil oldin bir ziyoli ona huzurimga keldi. «Oʻgʻlimni bir amallab bitta qizdan sovutishim kerak, u qiz bozorda savdo qiladi, oʻgʻlimga mos emas» dedi. Chunki oʻgʻli nufuzli uiversitetda oʻqigan, magistraturani xorijda oʻqib kelgan, intellekti baland, kelajagi porloq mutaxassis. Qiz esa hech qayerda oʻqimagan, bozorda koʻrib qolib yoqtiribdi. Yigitning oilasi oʻqimishli, ziyoli oila, ular uchun ikki xil: oʻqigan va oʻqimagan odam bor. Xuddi yaxshi va yomon degandek. «Opa, balki yaxshi qizdir, kelsa tarbiyalab olarsiz» desam, «gaplashib koʻrdim, tarbiyalay olishimga koʻzim yetmaydi, umuman unga bizning muhit begona» dedi. Onani ham tushunishga harakat qilaman, «Men oilamizning, avlodlarimizning kelajagini oʻqimagan bir qizga ishonolmayman» deydi. Yolgʻiz oʻgʻlini va davomchilarini fahm-farosati, intellekti baland boʻlgan, har tomonlama mukammal qizga ishonib topshirmoqchi. Uzoq urinishlaridan keyin ona asl haqiqatni oʻgʻliga uqtira olibdi va boshqa – oʻzi orzu qilgandek qizga uylantiribdi. Hozir oilaning ikki bolasi bor, baxtli hayot kechirishadi, keyin oʻgʻli ham onasiga toʻgʻri tanlov uchun rahmat debdi».
2018-yilning boshida Jahon banki taʼlim va gender masalalariga bagʻishlangan qiziqarli hisobotlardan birini eʼlon qildi, u «Boy berilgan imkoniyatlar: qizlarni oʻqitmaganlik uchun toʻlanadigan katta tovon» («Missed Opportunities: The High Cost of Not Educating Girls») deb ataladi.
Hisobotda qiziqarli faktlar keltiriladi:
· Global miqyosda har oʻn qiz bolaning toʻqqiz nafari boshlangʻich taʼlim, toʻrtdan uchtasi esa oʻrta taʼlim (taxminan 9 yil) oladi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning uchdan ikki qismi boshlangʻich maktabda oʻqiydi, faqat har uch qizdan biri oʻrta maktabning quyi bosqichini (tugallanmagan oʻrta taʼlim) tugatadi.
· Oʻrta maktabni tugatayotgan qizlarning tayyorgarligi yaxshi, koʻpincha boshqalardan sogʻlom boʻladi, hayotda muvaffaqiyatga erishadi, bolalari kasallikka kam chalinadi, oʻlim kam xavf tugʻdiradi, aksariyati baxtli turmush kechiradi. Bundan tashqari, oʻrta maʼlumot olgan qizlarning katta yoshlilar sifatida mehnat bozorida qatnashish ehtimoli katta, baland ijtimoiy maqomga ega boʻladi, shuningdek, uy muhitida va jamiyatda qarorlar qabul qila oladi.
· Ish haqi va hayot darajasi: agar dunyoda har bir qiz oʻn ikki yillik sifatli taʼlim olganida edi, jahonda ayollar umr boʻyi oladigan maosh hozirgi 15 trillion AQSh dollaridan 30 trillion dollarga yetar edi. Boshlangʻich taʼlim olgan ayollar umuman maʼlumoti yoʻq ayollarga nisbatan 14–20 foiz koʻproq pul topadi, oʻrta maʼlumotlilari esa deyarli ikki barobar ortiq maosh oladi.
· Erta nikoh va erta tugʻish: qizlarning umumiy oʻrta taʼlim olishi erta nikohga (18 yoshgacha nikohdan oʻtish) barham berishi mumkin va ayollarning erta tugʻish xavfini (18 yoshgacha birinchi farzandli boʻlish) 75 foiz kamaytiradi.
· Qaror qabul qilish: qiz bolalar uchun umumiy oʻrta taʼlim oilada qaror qabul qilishga qodir ayollar ulushini 10 foiz koʻpaytirishga koʻmaklashishi mumkin.
· Ijtimoiy kapital va muassasalar: qizlar uchun umumiy oʻrta taʼlim ularning ijtimoiy hayotga aralashuvini kuchaytiradi, oʻzlariga zarur boʻlgan ishonchli doʻstlar orttirish imkonini beradi.
· Oliy taʼlim olgan ayollar foizining oshishi esa mamlakatning iqtisodiy ahvolidan tortib yashash tarzi, umumiy savodxonlik yaxshilanishi va rivojlanishga juda katta taʼsir koʻrsatadi.
Markaziy Osiyoda ahvol qanday?
Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyoda qizlarning taʼlimdan mahrum etilishining aniq sabablari va tahlilini qamrab olmasa-da, shu mavzudagi boshqa bir qancha tadqiqotlar qizlarni taʼlim olishdan mahrum etishning oʻta xavfli tamoyili mavjudligini koʻrsatmoqda. Masalan, UNISEF va BMTning Tojikiston va Qirgʻizistonda oʻtkazgan tadqiqotlariga koʻra qiz bolalarni boshlangʻich taʼlim bilan qamrab olish deyarli 100 foiz (95–98 foiz) boʻlgani holda oʻrta maktabni 65–75 foiz qizlar bitirib chiqadi, ayrim uzoq qishloqlarda esa bu koʻrsatkich 50 foizdan ham kam.
· Aksariyat erkaklar ish izlab boshqa mamlakatlarga ketayotgani sababli aholining qolayotgan qismi, ayniqsa qizlar mutlaqo savodsiz, tayyorlanmagan holda, mehnat bozorida hech qanday koʻnikmasiz qolib ketmoqda. Bu ham yetmaganday, erta oila qurgani uchun koʻp farzand tugʻib, ularni tarbiyalash va qornini toʻydirishga qurbi yetmayapti. Bu butun boshli avlodlar rivojlanishi uchun qulay sharoit yoʻqligi sabab ularning marginallashuvi va qashshoqligiga olib kelmoqda.
· Masalan, BMTning «Taʼlim indeksi»ga (taʼlimning oʻrta va kutilayotgan yillarini baholash) koʻra Tojikiston 187 ta mamlakat orasida taʼlim koʻrsatkichlari boʻyicha 133-oʻrinni egallaydi, bu Mustaqil davlatlar hamdoʻstiligidagi eng past koʻrsatkichdir (Qirgʻiziston 125-oʻrinda, Turkmaniston 103-oʻrinda, Oʻzbekiston 116-oʻrinda, Qozogʻiston 70-oʻrinda ekan).
· Oʻqish sohasida oʻgʻil bolalar bilan qizlar oʻrtasidagi gender tafovuti ortib borayotgani alohida tashvish uygʻotadi. Tojikistonda boshlangʻich va oʻrta taʼlim olish majburiyligiga qaramay, kambagʻal oilalarning farzandlari, ayniqsa qizlar koʻpincha 9 yillik oʻqishni bitirmasdan burun maktabga bormay qoʻyadi. UNESKO maʼlumotlarida aytilishicha, tafovutlar 5-sinfdan boshlab sezila boshlaydi, oʻsha paytda qizlarning taxminan 10 foizi maktabga bormay qoʻyadi, oʻgʻil bolalarning ushbu koʻrsatkichi esa 2 foizga teng boʻladi. Garchi bu har joyda har xil boʻlsa-da, ayni tafovut oʻrta maktabning yuqori bosqichida (16 yoshdan boshlab) ortib oradi, qizlarning 48 foizi va oʻgʻil bolalarning 30 foizi maktabga qatnamay qoʻyadi.
Oʻzbekistonda qizlarning oliy taʼlim olishiga yetarli sharoit bormi?
Albatta, qizlarimizning har tomonlama yetuk, ilmli, dunyoqarashi keng boʻlib voyaga yetishi uchun hamma sharoit bor. Ularning oliy maʼlumot olishi uchun bir qancha qaror va farmonlar qabul qilingan. Oʻzbekiston prezidentining 2021-yil 5-martdagi «Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorining ijrosini taʼminlash, shuningdek, ayollarga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida oliy taʼlim muassasalariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish tartibini takomillashtirish hamda ehtiyojmand oilalarni qoʻllash maqsadida hukumatning qarori va shu qaror asosida nizom ishlab chiqildi va joriy etildi. Natijada 2000 nafar qiz alohida grant asosida institut va universitetlarga qabul qilindi, yana 1800 nafariga oʻqish puli toʻlab berildi. Oqibatda 2021-yilda oʻqishga kirgan talabalarning 60 foizini qizlar tashkil etdi (2016-yilda bu koʻrsatkich 38 foiz boʻlgan). Shuningdek, ayni paytda ayollarimizning ulushi past boʻlgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida qizlarning ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizga yetkaziladi. Buning uchun har yili qizlarning talaba boʻlishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yoʻnalishlari uchun ajratiladi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab oliy oʻquv yurtlari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan qizlarga taʼlim kontraktini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
Taʼlim tizimida qizlar uchun yana bir qator imkoniyatlar:
– yangi oʻquv yilidan boshlab magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt puli toʻliq byudjetdan qoplab beriladi (23 ming qizga 200 milliard soʻm);
– har yili 60 nafar qiz nufuzli xorijiy universitetlarga oʻqishga yuboriladi;
– har bir viloyatda kambagʻal oila vakillari, otasiz yo onasiz 150 nafar qizning (jami 2100 nafar) taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlab beriladi;
– yosh bolasi bor talaba-ayollarga masofaviy oʻqishga sharoit yaratiladi;
– doktoranturada ayollar uchun har yili kamida 300 ta oʻrin ajratiladi.
Jadvaldan ham koʻrinib turibdiki, yildan yilga oʻqiydigan qizlarning foizi oshib borgan.
Ilm olish moʻmin va moʻminaga farzdir
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Odina Muhammad Sodiqning Liviya va Misrda ilm olib qaytgan qoriya, ustoz sifatida islomda qizlarning ilm olishi toʻgʻrisida bergan intervyusidan lavha:
– Qiz bolalar taʼlimi xususida gapiradigan boʻlsak, ularni albatta oʻqitish shart. Chunki oʻgʻil bolalar kabi ular ham Allohning bandasi, jamiyatdagi bir shaxs. Ular jamiyatning ajralmas qismi, shuning uchun ham taʼlim olishga haqli. Shariatda ayollarning ham burch va masʼuliyati bor. Buning uchun ular javobgar hisoblanadi. Har bir insonning oʻrganishga, atrofdagilar bilan muloqotga kirishish uchun ilmga ehtiyoji bor. Shariat – ilm dini hisoblanadi. Shuning uchun ham ilk nozil boʻlgan oyati karima «iqro» soʻzi bilan boshlanadi, yaʼni «oʻqi» deyilgan.
Oʻz hayotimizdan misol keltiradigan boʻlsak, jumladan, padari buzrukvorimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari biz – qizlariga hech qachon ilm olishdan koʻra roʻzgʻor ishlari bilan band boʻlish kerakligini targʻib qilmas, har narsaning avvalida ilm turishini taʼkidlar edi. Oʻqishimizga katta eʼtibor qaratib, bizdan buni qattiq talab ham qilardi. Qachon ilm bilan mashgʻulligimizni bilsa, xursand boʻlar edi. Biz ham uni xursand qilishni niyat qilsak, ilmda yaxshi natijalarga erishish orqali koʻngliga yoʻl topardik. Otamizning ayollar ilmiga boʻlgan ragʻbatini ularga beradigan taʼrifidan sezar edik. Biror ayol uchun maqtov keltirmoqchi boʻlsa, «U oʻqigan, ilmli ayol» der edi. Agar qaysidir ayoldan noroziligini ifodalamoqchi boʻlsa «Ha, oʻqimagan-da» der edi. U kishining nazdidagi oʻlchov – oʻqish edi. Kimdir bir pora Qurʼonni oʻrganib, oʻzining farz amallarini mukammal bilsa, besh vaqt namozini, roʻza ahkomlarini oʻrganib olgan boʻlsa, u katta neʼmatni qoʻlga kiritibdi der edi. Nafaqat diniy, dunyoviy bilimlarni oʻrganish ham ayollar uchun joizligini aytar edi. Oʻz ishining ustasi boʻlgan, til bilgan bilimli ayollar haqida maqtov bilan gapirar edi. Allohni tanigan insonlar, din qaygʻusida boʻladigan olimlar albatta qizlarini oʻqitishga katta eʼtibor berishgan.
Sayyora Soyipova, Avstriyaning Krems universiteti 2-bosqich talabasi:
– Oilada uchta opa-singilmiz. Onamning kasbi – oʻqituvchi. Bolaligimizdan hammamizning ilm olishimizga ota-onam jiddiy eʼtibor berishgan. Qaysi sohadan ketishimiz, qaysi kasb egasi boʻlishimizni oʻzimizga qoʻyib berishgan, chunki otam odam kasb tanlashda adashmasligi, yuragiga quloq solishi shart, ertaga oʻzing sevmagan ishni bajarishing seni baxtsiz qilmasligi kerak degan. Men turizm sohasini tanlaganman, hozir shu mutaxassislik boʻyicha tahsil olayapman. Inson kasbini sevsagina oʻz ishining ustasi boʻla oladi va oʻziga ham, boshqalarga ham kerak boʻladi. Ikkita xorijiy tilda gaplasha olaman, lekin mening soham uchun besh-oltita tilni bilish zarar qilmaydi. Shuning uchun yangi oʻquv yilidan boshlab yana ikkita xorijiy tilni oʻrganmoqchiman. Magistraturani xorijda oʻqib kelmoqchiman. Mening rejalarimni ota-onam qoʻllab-quvvatlaydi. Bilasiz, bizning oʻzbekchilikda qiz bola maktabni bitirdimi, sovchi kela boshlaydi. Xudoga shukur, ota-onam mening oʻqishimni, ilmli boʻlishimni istashgani uchun sovchilarga rad javobini bervorishadi. Qizigʻi, sovchilarning orasida «Uzatavering, oʻqishini oʻzimiz hal qilamiz, qiynalmaydi, gaplashamiz...» deydiganlari ham chiqib qoladi. Shunda onam hayron boʻlib, «Gaplashib hal qilsa oʻqishga kirishdan maqsad nima, oʻqib yaxshi mutaxassis boʻlishi uchun hamma darslarga toʻliq qatnashishi, oʻz vaqtida oʻzlashtirishi kerak-ku» desa kuladiganlari ham topiladi. Bizda baʼzi universitetlarda hali ham oilali talabalarning oʻqishga nomiga kelib ketishi, semestrlarning «gaplashilishi» oddiy hol shekilli-da.
Xulosa oʻrnida
Buyuk insonning ortida buyuk ayol turadi deyishadi. Dunyo taniydigan insonlarni katta kashfiyotlarga, ulug‘ ishlarga ilhomlantiradigan, qoʻllaydigan onalari boʻlganini tarixdan yaxshi bilamiz.
Imom Buxoriy hazratlarining yoshligida koʻzi koʻrmay qolganda onasi juda qattiq iztirobga tushadi va yigʻlab-yigʻlab, chin dildan xudoga iltijo qilib, bolasining koʻzi ochilishini soʻraydi. Uzoq toat-ibodatdan soʻng tushida Ibrohim alayhissalomni koʻradi va u kishi «oʻgʻlingning koʻzi ochiladi» degan xushxabarni yetkazadi. Ona uyqudan turib qarasa oʻgʻli yana koʻra boshlaydi. Otasidan erta yetim qolgan Imom Buxoriy hazratlari doimo aqlli, zukko, taqvodor onasi bilan birga boʻladi. Hajga ham onasi va akalari bilan birga borib, oʻsha yerda qolib, ilm bilan shugʻullanadi.
Dmitriy Mendeleyev oiladagi 17-farzand boʻlib dunyoga keladi. U tugʻilgach, otasi koʻzdan qolib depressiyaga tushib qolgan va roʻzgʻor tashvishi-yu farzandlar tarbiyasi onasi Mariya Dmitriyevaning zimmasiga oʻtadi. Kenjatoy Dmitriy doim onasi bilan birga yuradi. Oʻqimishli, ziyoli Mariya oʻgʻliga toʻrt yoshida oʻqishni oʻrgatadi va keyingi kashfiyotlari, ilm bilan shugʻullanishi uchun ham juda katta turtki beradi. Mendeleyev nimaiki qilsa onasini xursand qilish uchun qilayotganini aytgan.
Stiv Jobsning onasi – Klara Jobs oʻsmir yoshdagi Stivga «Sen hech kimga oʻxshamagan noyob qobiliyatli, alohida odamsan, senga ishonaman, hali katta ishlarni qilasan» deya motivatsiya bergan. Stiv uyning garajida oʻz ishini boshlaganida onasi telefon qoʻngʻiroqlariga javob berib administratorlik qilib yordam bergan. Qaysidir faylasufning «Bizga buyuk onalarni bering, sizga buyuk daholarni beramiz» degan aforizmi juda mashhur. Darhaqiqat, millatni yuksaltirmoqchi boʻlsak, boʻlajak onalarni, qizlarimizni bilimli, tafakkuri keng qilib tarbiyalashimiz shart.
Shahnoza ROFIYEVA
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.
“Oʻqigan va oʻqimagan” maqolasi