Yozgi taʼtil boshlanganidan soʻng muallimlar yengil nafas olib, bolalar ham maktabdan ozod boʻlganidan quvongandir, ehtimol. Joriy oʻquv yili davomida oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasidagi mojarolar avvalgi yillardan koʻra koʻproq koʻzga tashlandi.

Afsuski, taʼlim maskanlarida ustoz-shogirdlik oʻrtasidagi mehr rishtasi oʻrniga oʻzaro adovat, hurmatsizlik, nafrat kuchayib borayotgandek. Oyina.uz buning sabablarini surishtirish, maqbul yechimlarini izlab topish maqsadida vaziyatning ichidan biladigan mutaxassislarni savolga tutdi.

Isroil Tillaboyev,

Respublika taʼlim markazi direktori oʻrinbosari:

– XXI asr bolalarini boshqarish qiyinlashib ketdimi? Ikki-uch yil oldin noxush xabarlarni kam eshitayotgan edik. Menimcha, avval ham boʻlgan-u, lekin telefonga olishga ulgurmay qolganmikanmiz, deb oʻylayman. Oʻtgan oʻquv yilida esa oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasidagi konfliktlar shu qadar koʻp boʻldiki, surishtirsangiz har birining oʻz tarixi bor, oxir oqibat jamoatchilik ham qaysi tomonning tarafini olishni bilmay qoldi. Masalan, Surxondaryodagi ingliz tili oʻqituvchisining oʻquvchini urgani rosa ijtimoiy tarmoqda qattiq qoralandi, vahshiylik degan tamgʻa bosildi. Keyingi videolardan angladikki, oʻzi bolaning tarbiyasi ogʻir boʻlib, ustozni quyushqondan chiqishga atayin majbur qilishgacha borgan.

Jizzakilik, betgachoparlik, xudbinlik, manmanlik, kalondimogʻlik va, umuman olganda, tarbiyasizlik hozirgi oʻquvchilarda nega lop etib yuzaga chiqmoqda, buning salbiy oqibati qanday, nima qilmoq kerak? Aytilaverib uvadasi chiqib ketgan boʻlsa ham, bir xaqiqatni yana takrorlashdan charchamayman: bularning bari oilada tarbiya notoʻgʻri berilgani va yoki umuman berilmaganidan kelib chiqyapti. Oilada ota-onaning soʻzi oʻtmasligi, bolaning kelajakda yo oʻqimishli boʻlishga, yo biror kasbni egallashga motiv berilmagani, nursiz kelajak, maqsadsiz yashashga tashlab qoʻyilgani... Tan olamanki, oʻqituvchilarning baʼzisida tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar bilan ishlash metodikasi, pedagogik qobiliyati yoʻqligi ham sabab, chunki baʼzi toʻpolonchi bolalar qaysidir fanda jim oʻtiradi, qaysidir fanda oʻyin koʻrsatadi.

Salbiy oqibatlari esa judayam katta, pedagoglarning obroʻsini tushirishi bir tarafi boʻlsa, oʻqituvchini oʻqituvchilikdan bezdirishi, hattoki ishdan boʻshashiga ham majbur qilishi yana bir jihati. Bunday bolalar sinfidagi oʻquvchilar tarbiyasiga, oʻzlashtirishiga ham taʼsir oʻtkazadi. Ishkalchi oʻgʻil-qizlarni toʻgʻri yoʻlga solishning qatʼiy choralari koʻrilmasa, bu holat yuqumli kasallik kabi gazak olib ketayotgandek tasavvur uygʻotib, yuragimni gʻulgʻula bosmoqda.

Oʻquvchilar taʼlimida yutayotgandirmiz, lekin tarbiyasini boy berib borayotgandekmiz, nazarimda. Avvalo, ota-ona masʼulligini oshirish kerak, xulqi yomon oʻquvchilarning ota-onasining ish joyida mazkur masalani koʻrib chiqishga rasmiy talabnomalar kiritish zarur. Oʻquvchining maktab nizomiga rioya qilmagani uchun ota-onasini moddiy javobgarlikka tortish mexanizmini yoʻlga qoʻyish lozim. Shunday tartib joriy qilish kerakki, oʻqituvchi asabini buzmasin, faqatgina taʼlim bilan shugʻullansin. Oʻquvchi sinfdagi boshqa oʻquvchilar va oʻqituvchisiga xalaqit beruvchi harakatlari uchun muqarrar jazo kutib turganini his qilsin.

Oʻqituvchining shaʼni, obroʻsi va asabini davlat himoyasiga olishi zarur. Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiyadek tartibni qattiq ushlay olmasak, bugun maktab direktoriga suv sepishga jurʼat qilgan oʻquvchi ertaga bir chelak mazgʻava agʻdarishdan ham qaytmaydi.

 

Husan Karvonli,

“Maʼrifat”-“Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri:

– Maktabdagi noxush holatlarning urchib borayotganida oʻqituvchining oʻzi, ota-onalar, oʻquvchilarning ham aybi bor. Eng asosiy aybdor esa davlat, jamiyat.

Agar oʻqituvchining maoshi kamida ming dollar boʻlganida maktabni tashlab ketgan kuchli muallimlar, erkak pedagoglar taʼlimga qaytardi. Kuchli oʻqituvchi darsini qoyillatib oʻtsa, hech bir oʻquvchi yo ota-ona unga qoʻl koʻtarish tugul, gap ham qaytarolmasdi.

Maktabning, ustozning obroʻsini tiklash kerak. Buning uchun birinchi navbatda maktablarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratish amaliyotidan voz kechish kerak!

Bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi maktab imijini belgilashda asosiy koʻrsatkich boʻlishi mumkin. Qachonki, oʻquvchilar chindan maktabda olgan bilimi bilan oʻqishga kirsa. Hozir esa bu masalada repetitorlik sohasining ulushi koʻproq. Xohlagan maktabga borib koʻring, hozir 10, ayniqsa, 11-sinfda davomat qogʻozda 100, amalda esa juda-juda kamligini koʻrasiz. Bolalar maktabda sirtdan oʻqiyapti...

 

Nigora Rashidova,

Sergeli tumani 300-DIUM direktorining maʼnaviyat-maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari:

– Toʻgʻri, hozirgi kunda oʻquvchilarning oʻqituvchilarga nisbatan hurmatsizligi koʻpayib bormoqda. Bunga asosiy sabab oiladagi tarbiya deb oʻylayman. Agar ota-ona muallimga nojoʻya munosabatda boʻlsa, farzand ham xuddi shuni takrorlaydi. Shu bois avval kattalarni tarbiyalash zarur. “Ustoz otangdan ulug‘” degan hikmatli soʻzni oilada koʻproq ishlatish kerak.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga koʻproq eʼtibor qaratildi. Maktab esa oʻqituvchi va direktor zimmasida qoldi. Tozalik, taʼmirlash ishlari, paxta terish, koʻchalarni tozalash bilan ovora boʻldi ular. Taʼlim sifati tushib ketdi. Pedagog maktabni taʼmirlash uchun ota-onalardan pul yigʻishga majbur boʻldi. Ana shu narsa oʻqituvchini obroʻsizlantirdi.

Shukrki, 2017 yildan boshlab bunga chek qoʻyildi. Oʻqituvchining maqomi oshirilishiga doir bir qancha qarorlar, loyihalar ishlab chiqildi. Endi pedagoglar faqat oʻz ustida ishlashi, malakasini oshirishi va oʻquvchilarga sifatli taʼlim berishi kerak.

 

Gulchehra Murodova,

Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 10-DIUMning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi:

– Universitetning 5-kursida oʻqirdim. Orada dars boʻlmagani bois kursdoshlarimiz bilan kinoteatrga kirdik. Film tugab, tashqariga chiqqanimizda uzoqroqda ketayotgan maktabimiz direktori va yoshi ulug‘ hamqishlogʻimizni koʻrib qoldim. Zudlik bilan oʻzimni dugonamning panasiga oldim. “Oʻrtoq, meni yashir. Direktorimiz koʻrib qolmasin”, dedim unga. “Koʻrsa nima boʻladi?” dedi dugonam. “Axir meni darsga kirmay, kinoma-kino yurgan ekan, deb oʻylamaydimi?” deb xijolatdan oʻlib-tirilgandim. Hozir shunday zalvor va salobatga ega ustozlar yoʻq, deb oʻylaysizmi? Bor, albatta. Lekin ularning safi tobora kamayib borayotgani achinarli hol. Har qanday oʻquvchi ham bunday oʻqituvchiga gap qaytarish tugul, yuziga tik boqishga jurʼat etolmaydi.

Biryoqlama mulohaza yuritmoqchi emasman. Kimnidir aybdor qilishdan osoni yoʻq. Maqsad muayyan muammoni bartaraf etish boʻlsa, eng avvalo, oʻsha masalaning ildizini – asl sababini topish va muolajani oʻsha yerdan boshlash zarur. Oʻqituvchi-oʻquvchi oʻrtasidagi barcha ziddiyatlarni ham bir xil sabab bilan izohlab boʻlmaydi. Ularning har biri – alohida hodisa. Shu bois tashxisi va chora-tadbirlari ham oʻziga xos boʻlishi tabiiy. Koʻpincha voqelikka nisbatan umumiy munosabatlar bildirilyapti va, shuning uchun ham, hammasi qorishib ketyapti. Yoppasiga oʻqituvchini yoki oʻquvchini ayblash mumkin emas.

Toʻgʻri, bugungi bolalar besh-oʻn yil avvalgilardan keskin farq qiladi. Lekin bu tafovut faqat oʻquvchiga tegishli emas. Xuddi shunday oʻzgarish oʻqituvchida ham kuzatiladi. U ham besh-oʻn yil avvalgi kasbdoshidan farqlanadi. Nazarimda, har bir inson, avvalo, oʻzini tarbiya qilishi darkor. Albatta, bunda faqat odob-axloqni nazarda tutmayotganim tushunarli boʻlsa kerak. Ehtimol, mazkur vaziyatda “tarbiyat” soʻzi koʻproq muvofiq kelar. Darhol hazrat Navoiyning mashhur bayti yodingizga tushdimi? Balli! “Tarbiyat qilmoq”ni “har jihatdan kamol toptirmoq” maʼnosida qabul qilish oʻrinli.

Yuzaga qalqib chiqayotgan muammolar – aysbergning koʻzga koʻrinib turgan kichik bir qismi. Suv tubidagi katta qismi esa nazardan chetda qolmoqda. Shukrki, ayni kunlarda davlatimiz rahbari yoshlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Maqsadga erishish uchun esa bir kishining bongi yetarli emas. Hamma va har bir kishi bu borada oʻzini masʼul deb hisoblamas ekan, marra tobora uzoqlashib boraveradi.

Azamat Qulliyev,

Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik liseyi tarix fani oʻqituvchisi:

– Maktablarimizda odob-axloq masalasi ancha oqsayotganini oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar ham isbotlab turibdi. Shunday voqealarning yakuni bilan qiziqsangiz, “tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi”, “tegishli tartibda chora koʻrildi” kabi xulosalar beriladi. Savol tugʻiladi: muammolarni qachongacha qogʻozda hal qilamiz? Masalaning ildizi bilan qachon qiziqamiz, yana takrorlanmasligi uchun qanday choralar ishlab chiqamiz?

Ahvol boʻyicha shaxsiy mulohazalarim: birinchi sabab – aholining katta qismi doimiy ish oʻrniga ega emasligi. Oqibatda oila boquvchilari – er-xotin pul keladigan manbalar ortidan quvishga, erkaklar xorijga ketishga, qolganlari mavsumiy yumushlar bilan shugʻullanishga, ayollar esa hatto mardikorlik bilan shugʻullanishga majbur boʻladi. Ish vaqti chegaralanmagan, mehnat xavfsizligi kafolatlanmagan sharoitda uzzukun ter toʻkib charchagan er-xotin bola tarbiyasiga vaqt ajrata olmasligi aniq. Farzandlar ota-onasining ahvolidan toʻgʻri xulosa chiqarsa xoʻp-xoʻp. Xulosa chiqarmasa-chi?

Ikkinchi sabab – ish haqining pastligi. Keyingi yillarda oʻqituvchilarning oyligi oshirildi deyishingiz mumkin, lekin bu hali yetarli emas. Koʻpgina maktablarni tushdan keyin borib koʻring, oʻqituvchi ish vaqtim soat toʻrtgacha deb majburan oʻtirgan boʻlishi mumkin, lekin oʻquvchini uchratmaysiz. “Fan toʻgaraklari muntazam ishlayapti”, deb intervyu beradigan direktorlarimiz uyalishsa boʻlardi.

Islohotlar yaqin istiqbolda doimiy ish oʻrinlari koʻpayishiga, ish haqlari miqdori doimiy oshib borishiga umid beradi, lekin ungacha qanday qilib maktab oʻquvchisining tarbiyasini qattiqroq nazoratga olsak boʻladi?

Taklifim – psixologiya yoʻnalishida oʻqiyotgan isteʼdodli talabalarni maktab taʼlimiga yoʻnaltirish, umuman, bu fanning oliy taʼlimda oʻqitish uslubini qayta koʻrib chiqish. Maktablarda psixolog-ruhshunos shtatlari sonini koʻpaytirish va oyligini oshirish (iloji boʻlsa, oʻquv, madaniy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlar oyligi miqdoricha). Birinchi sinfdan bitiruvchi sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar ruhiyatini chuqur oʻrgangan holda tavsiyalar ishlab chiqish va bu tavsiyalarni oʻqituvchi, rahbariyat, ota-onaga yetkazish.

Biz jurnallarga ota-onasining kasbi degan joyga “ishchi”, “vaqtincha ishsiz”, “uy bekasi” deb yozadigan oʻquvchilar darsdan keyingi qoʻshimcha pulli mashgʻulotlarga qatnashgisi kelsa-da, deyarli qatnasholmaydi. Sababi aniq – mablag‘ yoʻq. Bu esa juda koʻp oʻgʻil-qizlarimizning darsdan keyin bekor qolishga sabab boʻladi. Bekorchi kallaga esa turli xil boʻlmagʻur xayollar kelishi tabiiy.

Maktablarda darsdan keyin DTM fanlari doirasida mashgʻulot oʻtuvchi tajribali oʻqituvchilar uchun oylik toʻlanadigan shtatlar joriy etish (iloji boʻlsa, fanlarning har biri uchun ikkitadan), imkoniyati bor maktablarda sport toʻgaragi oʻqituvchisi shtatini ochish, zamonaviy kasblar haqida dastlabki tushunchalar beruvchi markazlar tashkil qilish kerak. Iqtisodchilar qoʻliga kalkulyator olib, “Sening taklifing davlatga qanchaga tushishini bilasanmi?!” deya oʻshqirishi mumkin. Lekin men butun boshli maktab jamoasi uchun emas, kelajak avlodimiz boʻlgan bola tarbiyasi bilan shugʻullanadigan insonlar uchun pul soʻradim.

Mening taklifim ertaga amalga oshib, hamma bolalar darsdan keyin maktabga, fan toʻgaraklariga chopib bormasligi aniq. Lekin ishonavering, hozir qandaydir chora koʻrmasak, TV, ijtimoiy tarmoqlarda haftada hech boʻlmaganda bir marta yurtimizning qaysidir joyidagi masʼul xodimning yuqorida aytilganday “tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi”, “tegishli tartibda chora koʻrildi” kabi xulosalarini koʻraveramiz. Koʻchada “razbor” qilayotgan oʻquvchi qizlarimizga, oʻqituvchisini, moʻysafid, oʻzidan yoshi katta insonlarni masxara qilib videoga olayotgan oʻsmirlarga, oliy taʼlimni amal-taqal bitirib, bola bilan umuman ishlash qobiliyati yoʻq “oʻqituvchi”larning maktablarda bemalol ishlayotganiga guvoh boʻlib yuraveramiz. Bizga qaysi maʼqul?

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz