Insoniyatni yuksaltiruvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi tuygʻularning tarbiyasida adabiyotning oʻrni beqiyos. Shuning uchun ham aksarimizni adabiyot bilan ilk bor tanishtiradgan kishilar – oʻqituvchilar yelkasidagi masʼuliyat katta, deyish mumkin. Birgina uning mahorati va sevgisi bilan oʻquvchiga umuman yangi bir dunyo eshiklari ochiladi. Xoʻsh, ana shunday katta vazifani ortmoqlab borayotgan adabiyot oʻqituvchisining buguni qanday? Bozor iqtisodiyoti oʻzining qonun-qoidalarini yaratgan. U bilan hisoblashmagan zamondoshning umri unadi, yoʻli unmaydi! Bugun adabiyot oʻqituvchisi zamon bilan qanday kelishyapti? Uni qanday muammolar qiynayapti? Shu kabi savollar atrofida sobiq adabiyot fani oʻqituvchisi Oybek Mamataliyev bilan ochiq suhbatga kirishdik.

– Jamiyatimizdagi aksar sohalarda asosiy ishlar qolib, dekoratsiya uchun vaqt olishdek buzilmas anʼana shakllangan. Yoki ishga qabul qilishda tajriba va mahоrat qolib, xorijiy til sertifikati, uzoq yillik ish staji, ijtimoiy ahvol kabi talablar birlamchi omil sifatida koʻriladi. Bu vaziyatlar taʼlim sohasiga ham begona emas. Aytingchi, bugun adabiyot oʻqituvchilarini qanday muammolar qiynamoqda?

– Ijozatingiz bilan bu savolga batafsil javob bersam. Yutuqlarni boshqalar gapirib boʻlishgan. Ular gapirmasak ham oʻzimizniki boʻlib qolaveradi. Ammo xatolarimizga nazar solish bizni kuchaytiradi. Adabiyot oʻqituvchilari bir necha yildan beri ona tili va adabiyot fanining boʻlib oʻqitilishi haqidagi qarorni kutishadi. Chunki u qiyinlik darajasi yuqori fanlardan biri hisoblanadi. Ustiga ustak, milliy til va adabiyot davlatning asosiy belgilaridan biri boʻlgani uchun bu fanga davlat siyosati darajasida qaralishi shart. Ammo amalda ingliz va rus tili oʻqituvchilariga berilgan koʻplab ustunliklar, imtiyozlar ona tilimizni oʻrgatadigan pedagoglarda yoʻq. Qolaversa, bu fanlar sinfni ikkiga boʻlgan holda oʻqitiladi. Ona tilimiz esa 40–50 ta bolani bir xonaga toʻplab oʻtiladi. 30–40 ta oʻquvchi bilan sifatli dars oʻtish haqida gap boʻlishi ham mumkin emas. Soʻzlarim biroz keskinroq yangrayotgan boʻlishi mumkin. Lekin haqiqiy holat shunday. Ayniqsa, Toshkent shahrida bu yaqqol seziladi.

Imtiyozlar haqida gap ochilsa, jiddiy siljish bor deb aytolmayman. Avvallari ham chet tili fani muhimroq hisoblanardi va yaxshiroq ustama toʻlanardi. Hozir ham shunday. 2-3 yil ilgari har oy bir nechta oʻqituvchi yaxshi ishlayotgani uchun moddiy ragʻbat olardi. Endi esa u ham bekor qilinib, oʻrniga quruq rahmat qoldi. Milliy sertifikat imtihonlariga kam vaqt berilganligi uchun sanoqli pedagog sertifikat olishga ulgurdi. Lekin bu umumiy oʻsishni anglatmaydi.

Keyingi muammo bu ish joyi uchun tanlov yoki fan oʻqituvchisini baholaydigan mezon masalasi. Yaxshi bilasiz, universitetlarda ona tili va adabiyot fani mutaxassisligiga boshqalarga nisbatan ancha koʻp kvota ajratilgan. Shu boisdan bitta ish joyi uchun raqobatlashadigan universitet bitiruvchilari va ishsiz boʻlgan nomzodlar yetarlicha topiladi. Xoʻsh, koʻplab maktablar qanday yoʻl tutadi, deb oʻylaysiz? Bitirib kelgan kadrda katta ehtimol bilan tajriba ham, toifa ham boʻlmaydi. Talabalik vaqtidan ishlab kelganlar juda kam. Direktor goʻyoki yosh kadrni ishga olib, oʻzining mulkiga aylangan maktabni tajriba maydoniga aylantirib qoʻygisi kelmaydi. Chunki undan ham toifali pedagoglari nechtaligi soʻraladi. Eshik ortida esa sinfxonaga adabiyot ruhini singdirib yuboradigan yosh kadrlar qolib ketgan boʻlishi ham mumkin. Eng qoʻrqinchli variant – vakant haqida eʼlon berib, birinchi qoʻngʻiroq qilgan odamni ishga olish. Bunisi juda koʻp uchraydi. Vakant haqidagi eʼlon joylanganiga besh daqiqa boʻlmay, qoʻngʻiroq qilganingizda “kadr olib boʻldik” degan javobni eshitishingiz mumkin. Direktor besh daqiqada telefon orqali adabiyot fani masalasini hal qilib qoʻya qoladi. Hech qanday tanlov oʻtkazilmaydi. Shuning uchun ham ishga qabul qilish jarayonini biroz tartibga solish zarur. Eng yaxshi nomzod toifasi yoki tajribasi yoʻqligi, kimdandir testni kamroq ishlagani yoki biroz keyinroq qoʻngʻiroq qilgani tufayli maktab tashqarisida qolib, muhim fan sohadan uzoq kishiga topshirilishi kerak emas.

Adabiyot oʻqituvchisining bilimi asosiy va baʼzi oʻrinlarda yagona talabga aylanib qolgani ham bor gap. Alaloqibat, darslik va testlarni yodlab olgan repetitorlar adabiyotni his ettiradigan maktab oʻqituvchisidan afzal koʻrilmoqda. Bu biz uchun yomon signal. Oʻzim ham repetitorlik bilan shugʻullanib kelaman. Ammo atrofimdagi insonlar meni repetitor sifatida emas, oʻqituvchi sifatida qabul qilishini istayman. Chunki adabiyot oʻqituvchisining vazifasi yuksakroq. U jamiyatning hislarini, didini, qalbini tarbiyalaydi.  Bunday pedagogning salohiyatini testlar, sertifikatlar toʻla namoyon etib berolmaydi. Afsuski, bizning taʼlim shuni mezon qilib ushlab olgan.

8-9 yil muqaddam men ham adabiyot ustozi darslikni nuqta-verguligacha yoddan bilishi shart, deb hisoblardim. Chunki oʻzimiz barcha sinf darsliklarini “suv qilib ichib” oʻqishga kirgandik. Keyinchalik “diplomli boʻlib olsam boʻldi, organga ishga kirib olaman” deb reja qilgan va umidi puchga chiqqach ona tili va adabiyot fanidan dars soati olib, “maktabdan qoʻnim topgan” adabiyot ustozlari koʻpayib qolganiga guvoh boʻldik. Oʻsha paytdagi eng asosiy talab shu boʻlib qoldi. Navoiyni kalaka qiladigan, kitob koʻtargan odamga masxaraomuz ohangda “aqlli”, “botanik” deb nom qoʻyib oladigan, bitta ham sheʼr yod olmagan “begona”lar safi ancha kengaydi. Baʼzi direktorlar 2-3 ta nomzodni test ishlatib koʻrib ishga olishardi. Shunday tanlovlarda testni boshqalardan kam ishlagan adabiyotsevar, shoirtabiat kadrlarning yuziga eshik qattiq yopilib, “toʻtiqushlar” ishga olingan holatlarga shohid boʻlgach va 2-3 yil oʻquvchilar dunyosida yashagach, adabiyot oʻqituvchisi uchun darslikni oʻzlashtirish birinchi talab boʻlishi kerak emas, adabiyotni his etish va buni oʻquvchiga yuqtira olish asosiy mezon boʻlishi kerak, degan xulosaga keldim. Savolingizga uzoqdan olib kelib javob berishimning boisi shuki, taʼlimga nisbatan bunday notoʻgʻri yondashuv bugun ham koʻplab maktablarga ijodkor, adabiyotsevar, kitobxon muallim kirib borishiga toʻsiq boʻlmoqda.

– Bugun yana bir ogʻriqli tomonimiz – darsliklar. Buni ijtimoiy tarmoqlarda kunora trendga chiqayotgan yangi “qovunlar” sotib turibdi. Oʻqituvchi sifatida bugungi darsliklar haqida ham mulohazalaringizni bildirsangiz. Masalan, men oʻquvchiligimda 7-8-sinf darsiliklari edi, adashmasam, “Bahor qaytmaydi”, “Oʻtkan kunlar”dan berilgan parchalarni oʻqib, doskaga chiqib gapirib berishga uyalganman. Keyinchalik bu asarlarning toʻliq variantini oʻqiganimda vatanparvarlik, insoniylik balqib turgan sahnalari bor ekan-ku, shu parchalardan ham qoʻyishganda boʻlarkan-ku, degan eʼtirozlarim boʻlgan.

– Darslik tuzilayotganida bolaning yosh xususiyati, qiziqishlari inobatga olinishi shart. Demak, bugunning oʻquvchisini yaxshi oʻrgangan, u bilan doimiy muloqotda boʻlgan, sodda qilib aytganda, ayni paytda maktab havosidan nafas olib turgan insonlar darslik yaratish ustida bosh qotirsalar yaxshi boʻlar edi. Lekin bizda darslikni asosan oliygohlarda faoliyat yuritadigan olimlar tuzadi. Ular esa yaqin kunlarda maktab oʻquvchisiga dars bermagan. Tabiiyki, bolaning ehtiyojlaridan bexabar, asosan talabaning ongiga moslashgan. Butun respublika maktablarining adabiyot oʻqituvchilari oʻzlari oʻqitadigan darslikni tuzishda bamaslahat qatnasha olishmaydi. Buni ham adabiyot muallimlarini qiynayotgan muammolar roʻyxatiga qoʻshib qoʻysangiz boʻladi. Axir, bola nimani sevib oʻqishini u bilan har kuni gaplashadigan ustozlari yaxshiroq biladi.

Men har bir chorak va yil yakunida oʻquvchilar bilan darslikdagi eng yorqin asarlar boʻyicha soʻrovnoma oʻtkazaman. Savol oddiy: esingizda qolgan asarlarni yoddan ayting. Bolalar yodida qolgan asarlarni sanaydi. Kimdir 10 ta, kimdir 5 ta, yana kimdir 15 ta asarni eslaydi. Bular orasida 2-3 tasi barcha uchun birdek sevimli asar hisoblanadi. Said Ahmadning “Qochoq”, A.Qahhorning “Dahshat”, O‘.Hoshimovning “Urushning soʻnggi qurboni”, Odil Yoqubovning “Muzqaymoq” hikoyasi, Asqad Muxtorning “Chinor” romanidan olingan parcha, “Asrga tatigulik kun” romani kabilarni oʻquvchilar cheksiz hayajon bilan oʻqib chiqishgan. Toʻgʻri, oʻquvchiga xush kelmaydigan, u anglayolmaydigan, ammo adabiyotning sara asarlari ham koʻp. Lekin darslik – bu oʻquvchiga tegishli hudud. Agar bola qalbidan joy olmasa, uning ruhiyatiga hamohang kelmasa, manaman degan klassik asarga ham darslikda joy yoʻq, deb oʻylayman.

Masalan, Ernest Heminguey dunyo tan olgan adib. Uning “Chol va dengiz” qissasi dunyo adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Ammo 7-sinf uchun tuzilgan yangi darslikda bu asardan berilgan parchani koʻrib taʼbim xira boʻldi. Chunki bu qissani oʻquvchi hazm qila olmaydi. Asar syujeti bugungi oʻquvchi uchun haddan ziyod zerikarli va oddiy tuyuladi. Bugungi oʻquvchi oʻtkir syujetning shaydosi. Bolani adabiyotga oshno qilishda dastlab u bilan hisoblashishga majburmiz. “Chol va dengiz” maktabda dars bermaydigan mutaxassis tomonidan darslikka kiritilgani shundoq sezilib turibdi. Bir necha xatboshidan soʻng asar boʻyicha bitta savol berib ketilishi esa asar matnini oʻqiyotgan bolani chalgʻitadi. Izohlar sahifaning yon tomonida emas, tagida boʻlsa ancha qulayroq boʻlardi. Oʻquvchi mutolaa paytida chalgʻimasligi lozim.

Bundan tashqari, 7-sinf darsligida badiiy jihatdan oʻta boʻsh, havaskor adib darajasidagi 2-3 ta hikoya kiritilgan. Oʻquvchilar bu mavzulardan tezroq oʻtib ketishni intiqlik bilan kutishdi. Bu hikoyalarni oʻqib hech qanday taassurot uygʻonmagani, yuragi jiz etmagani haqida ochiq aytishdi. Darslikni varaqlab koʻrishingiz bilan bular qaysi asarlar ekanligini darhol tushunasiz. Zoʻrma-zoʻraki, sunʼiy hikoyalar. Abdulla Qahhor xuddi shu darajadagi hikoyalarni oʻz maqolalarida  ayovsiz “savalagan”. Bugun esa bunday xom-xatala narsalar darsligimizdan oʻrin egallayapti.

Baʼzi mualliflarning asarlari shunday kulgili tarzda almashtirilganki, beixtiyor darslik tuzuvchilarning maqsadini tushunolmay xunob boʻlasiz. Eski darslikda Asqad Muxtorning 2-3 ta sara sheʼrlari berilgan edi. Oʻquvchilar bu sheʼrlarni hayrat va hayajon bilan oʻqib yod olardi. Yangi darslikda esa bu misralar oʻrnini shoirning oʻrtamiyona sheʼrlari egallagan. Asqad Muxtor sheʼrlariga nisbatan oʻrtamiyona sifatini ishlatish, balki, odobdan emasdir. Biroq bu sheʼrlar shoirning haqiqiy darajasi emas. Men adabiyot fanidan har bir ijodkorning eng yuksak ijod namunalari oʻrin olishi kerak, deb oʻylayman. 6-sinf darsligida Odil Yoqubovning hamma uchun sevimli boʻlgan “Muzqaymoq” hikoyasi oʻrniga “Yaxshilik” hikoyasi kiritilibdi. “Muzqaymoq” hikoyasidan parcha keltirilib, davomini CR kodni skanerlash orqali oʻqish mumkinligiga izoh berilgan. “Muzqaymoq” hikoyasi ikkinchi planga tushgan. Ota-ona farzandidan telefonni olib qoʻyib, dars tayyorlashni buyurmoqda. Bolasi kitobni qoʻliga olib, oʻqishi kerak. Lekin kitobda Odil Yoqubovning eng yaxshi hikoyasi boʻlmish “Muzqaymoq” yoʻq.

9-sinf darsligidan Abdulla Oripovning joʻshqin sheʼrlari gʻoyib boʻlib, asosan katta yoshdagi kitobxonlarga moʻljallangan “Sohibqiron” dramasining oʻrin olishi oʻquvchilar ongida shoir siymosining xira tortishiga sabab boʻlib kelyapti. Abdulla Oripov ijodining choʻqqisi mazkur drama emasligi hammaga maʼlum. Qolaversa, Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidan berilgan parchalar haqida ham shuni aytish mumkin. Toʻgʻri, katta yoshdagi kitobxon uchun “Dunyoning ishlari” qissasidagi har bir hikoya qadrli. Ammo bola barcha asarning qaymogʻiga munosib. Hatto umuman oʻqimaydigan oʻquvchi ham darslikni ilk bor qoʻliga olgach, bir necha daqiqa varaqlab, titkilab koʻradi. Ana oʻsha daqiqalar bolani adabiyotga qiziqtirib olish uchun bizga berilgan muhlatdir. Agar bola kitobni ochishi bilan “Chol va dengiz” yoki “Ota” hikoyasini koʻrsa, u kitobni batamom yopib qoʻyishi tayin.

6-sinf darsligidagi Lengston Xyuzning “Rahmat sizga, xonim” hikoyasi ham omadsiz tanlov, deb ayta olaman. Menimcha, tarjima maromiga yetmagan boʻlsa kerak. Bu hikoyada badiiy til jozibasi yoʻq. Kitobda bunday ortiqcha asarlar koʻplab topiladi. Musa Jalilning oʻquvchilar qalbini zabt etgan sheʼrlari darslikdan olib tashlanishi esa oʻquvchining qadrli narsasini tortib olishdan boshqa narsa emas. Buyam mayli, “Oq kema”ning darslikdan chiqarib tashlanganiga nima deysiz?! “Susambil” ertagi 5-sinf adabiyotining bezagi edi. Menimcha, darsliklarda “teginib boʻlmaydigan” sheʼrlar, hikoyalar boʻlishi shart. Ularni barcha avlod vakillari oʻqishi kerak. Nega mening jiyanim “Oq kema” asaridan bahra olmasligi kerak? Millatning oʻzligi boʻlgan “Ravshan” dostoni nega adabiyot kitobidan yulib olindi? Menimcha, baʼzi asarlar adabiyot darsligida muqim qolishi shart.

Oʻquvchilik kezlarimizda har oʻquv yilining boshida yangi darsliklar olishimiz bilan adabiyot kitobini varaqlab koʻrardim. Deyarli har bir sahifada oʻzimga tanish boʻlgan sheʼr, ertak va hikoyalarni koʻrib hayratimni yashirolmasdim. U yerdagi baʼzi sheʼrlar 3-4 yil avval akalarim yodlab yurganida qulogʻimga singib qolgandi. Qaysidir ertakni esa allaqachon dadam yoki onamdan eshitgan boʻlardim. Boshqa bir hikoyani esa bobom gapirib bergan. Biz oʻqiyotgan asarlarni katta avlod ham oʻqigani uchun bemalol muhokama qilolardik. Bir qarashda arzimas tuyulgan bu jihat orqali avlodlar oʻrtasida umumiy ruh, hamohanglik paydo boʻlishi aniq. Ustiga-ustak bu omil mashhur sotsiolog Annet Laro tomonidan ilgari surilgan “Birgalikda rivojlanish” modeliga toʻla mos keladi. “Birgalikda rivojlanish” taʼlimdagi eng samarali model hisoblanib, u ota-ona va farzand oʻrtasidagi uygʻunlikka asoslanadi. Koʻryapsizmi, noyob asarlarni bir necha avlod oʻqishi va muhokama qilishi orqali qanday uygʻunlik hosil boʻlishini?!

7-sinfligimizda boshqa fan oʻqituvchisi adabiyot darsida bizni “tinchlantirib turish uchun” kirib qoldi. Doskaga Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasi deb yozdi va asarni shavq bilan soʻzlab berdi. Butun sinf hikoyani miriqib tingladik. Oʻqituvchimizning asar haqidagi xulosasi esa bir umrga xotiramga muhrlandi: “Yozuvchi asarni nomlaganida zim-ziyo qabriston dahshatlarini emas, Unsinning toʻrt devor orasidagi erksiz hayotini nazarda tutgan. Inson uchun haqiqiy dahshat – oddiy buyum kabi qadrsiz va erksiz yashashdir”. Ehtimol, bizning qalbimizda ayollarga nisbatan rahm-shafqat tuygʻusi oʻsha darsdan kurtak ota boshlagandir. Bu voqeadan ikkita xulosa chiqarish mumkin:

1. Oʻqituvchi oddiy metod bilan ham oʻquvchilarda asarga nisbatan qiziqish uygʻotib, ularning qalbini oʻzgartira oldi.

2. “Dahshat” hikoyasi ustozimiz oʻqigan darslikka ham, bizning darslikka ham kiritilgani bois u boshqa fan oʻqituvchisi boʻla turib oʻquvchilarni asar ichiga olib kira oldi.

Qisqasi, oʻzbek xalqining sevimli, yuksak asarlari barcha avlod darsligida boʻlsa bundan faqat yutamiz. Bu bilan yangiliklar kiritilmasin, demoqchi emasman. Yangiliklar ham kiritilsin, biroq “Oq kema” va “Urushning soʻnggi qurboni” oʻrniga emas. Bularni bizlar, farzandlarimiz, nabiralarimiz ham oʻqishi zarur. Bu orqali avlodlar bir-biriga ruhan bogʻlanib halqa hosil boʻladi. Xalq esa mustahkam halqalardan tashkil topadi.

Kezi kelganda bir narsani aytib qoʻyay: adabiyot kitoblaridagi tarjimayi hollar yaramaydi. Yangi darsliklarda shoirlarning tarjimayi hollari juda qisqarib ketgan. Lekin men yaramaydi, deganda asosan ularning yozilish uslubini koʻproq nazarda tutdim. Bolalikda akamlarning darsligida oʻqiganim ijodkorlarning tarjimayi hollari birinchi shaxs tilidan edi. Toʻgʻri, hamma ijodkordayam oʻzi yozgan tarjimayi hol topilavermaydi. Ammo borlarini jamlasak ham darsliklarimiz gul-gul yashnab ketardi. Menga Abdulla Oripovning, Erkin Vohidovning tarjimayi hollari qattiq taʼsir qilgan (U darsliklar hozir men uchun orzudagi darsliklar boʻlib qoldi). Agar mualliflarning oʻzi yozgan tarjimayi hollarni kiritsak, oʻquvchilar Bill Geyts va Stiv Jobslarning muvaffaqiyat haqidagi hikoyasini axtarib yurmasdi. Buyuklarning hikoyasi, sarguzashtlari bolalarni koʻproq maftun etadi.

Yana bir gap: darsliklar chop etilishi zinhor-bazinhor xususiy nashriyotlarga topshirilishi kerak emas. Biznesmenlarning darsliklarga “bakovul” boʻlishining oqibatlarini koʻrdik hammamiz. Hatto taʼlimdan yiroqroq ota-ona ham kitoblardan nuqson topib, internetda namoyish qildi. Darsliklar reklama joylanuvchi eʼlon taxtasidek koʻrina boshladi. 10-sinf oʻquvchilari yangi adabiyot darsligini koʻrmasdan 11-sinfga oʻtdi. Men yil boʻyi ularga mavzuni “havodan olib” oʻtdim. Faqat men gapiraman, ular eshitadi, oʻqib kelishi uchun darslik yoʻq.

– Insonlar robotga aylanib borayotgan bugungi kunda adabiyot oʻqituvchisining vazifasi va unga qoʻyiladigan talablar haqida gaplashsak. Siz bugunning haqiqiy adabiyot oʻqituvchisini qanday tasavvur qilasiz?

– Nazarimda, har qanday jamiyatga, avvalo, adabiyotni biladigan emas, his qiladigan oʻqituvchilar kerak. Haqiqiy adabiyot oʻqituvchisi deganda mening koʻz oldimda shunday ustoz gavdalanadi: U auditoriyaga kirib kelishi bilan mutlaqo boshqacha atmosfera paydo boʻladi. Oʻquvchilar undan “yana biror qiziqarli asarni gapirib bering”, deb soʻrashni kanda qilmaydi. Ular adabiy qahramonlarning ismini oʻziga laqab qilib olishi, hatto Robinzon Kruzoning sarguzashtlarini oʻz talqinida yozishi ham mumkin. Tortinchoq oʻquvchilar ham doska yonida, maktab sahnasida tez-tez koʻrina boshlaydi. Oʻquvchilarda yumor hissi kuchayadi. Fantaziyasi kengayib, kundalik va xotira daftarlar tuta boshlaydi. Umuman biron satr yozmagan oʻquvchi ota-onasi haqida nimadir qoralab qoladi. Mahoratli muallim tufayli ularning qalbi uygʻonadi. Oʻquvchilar sheʼr-u hikoyalar, ertaklar yozib qolishi shundan. Bir soʻz bilan aytganda, butun sinf adabiyot ruhi bilan yashay boshlaydi. Qaysidir adabiyot oʻqituvchisi kelgach, oʻquvchilar romantik boʻlib qoldimi, demak, yaxshi ustoz kelibdi, deb hisoblayvering. Mening doʻstlarim orasida shunday pedagoglar bor.