Toshkent tumani «Eshonxoʻja ota» masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning arab tilini oʻrganayotgan 16 yoshli qizlarga tahdid ohangida aytgan gaplari audioyozuvi tarqalgan edi.
«Senga kim qoʻyibdi qaysi ustoz qaysi ustozdan kuchliligini? … Kecha roʻparamga kelganingda boshingni akvariumga tiqmoqchi edim, kecha jahlim chiqib kelgandim. Oʻzimni sal bosib oldim bugun. Soʻyib tashlayman seni, yuragingni sugʻirib, qoʻlingga olib beraman, tushundingmi?», degan u audioyozuvda.
Audio boʻyicha Musulmonlar idorasi Ichki nazorat komissiyasi yigʻilish oʻtkazib, xulosa taqdim qilgan.
«️Yigʻilishda bu holat imomlik maqomiga mutlaqo toʻgʻri kelmasligiga alohida urgʻu qaratildi. Ayniqsa, ichki meʼyoriy hujjatlarda belgilangan «fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish» va «oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrish» degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qoʻpol ravishda buzilishi, deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili oʻquv kurslarida dars berishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi», – deyiladi axborotda.
Maʼlum qilinishicha, Ichki nazorat komissiyasi Avazxoʻja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida xulosa qilgan.
Shuningdek, Bahromov maʼmuriy jazo sifatida 3 sutkaga qamalgan.