Hayotdagi muammolar ildizi doimo ilmsizlik boʻlgan. Chunki faqat yaxshi bilim, keng dunyoqarashga ega shaxslargina jamiyatni taraqqiy ettiradi. Shunday shaxslargina millat shaʼnini baland tuta oladi. Bugun bizni qiynayotgan masalalar ham aynan ilmsizlik, yanayam aniqrogʻi, taʼlimdagi kamchiliklarimiz bilan bogʻliq. Xoʻsh, nega bizda yuqori malakali kadrlar kam? Nima uchun yoshlarimiz oʻqishga emas, diplom olishga koʻproq qiziqadi? Umuman, bilimsiz, didsiz talabalar qanday paydo boʻlayapti kabi savollarga javob topish uchun pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev va filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Joʻraqulovni suhbatga chorladik.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Bizda qiziq bir ziddiyat bor. Ishsizlik koʻpgina yoshlarning muammosi. Doimiy ishga ega boʻlganlarning ham aksariyati oddiy ishchi hisoblanadi. Bu tomondan qarasangiz, korxona, tashkilot rahbarlari malakali kadrlar yoʻqligidan noliydi. Kadrlar bilan bogʻliq muammoga shaxsan guvoh boʻlganim uchun aytayapman. Buning sababi nimada?
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Biz doim ish oʻrinlari yoʻq deb bilardik. Savolingizdan maʼlum boʻlayaptiki, bor ish oʻrinlariga munosib kadrlar ham yetishmas ekan. Buning sababi yoshlardagi, balki butun millatdagi oʻzini hayotga tayyorlay bilmaslik illatidadir. Bolalar 11 yil maktabda oʻqiyotganida men nega oʻqiyapman, ertaga kim boʻlaman degan savolni oʻziga kamdan-kam beradi. Tasodifan toʻgʻri kelsa, kimdir qayergadir joylab qoʻysa, shunda davom ettiraman degan yondashuv bor. Jurnalistikani bitirib boradi-yu, tahririyatda ishlashga tayyor emas. Chunki yoshlarning katta qismi bilim emas, diplom olish uchungina oʻqiydi. Kun oʻtarga yurish, oʻzining oldiga aniq maqsad qoʻya olmaslik epidemiyasi yoyilib ketgan. Shuning uchun ham bir tomonda ishsizlar, boshqa yoqda kadr yetishmasligi...
Hatto xorijdagi yoshlarimiz koʻp hollarda malaka talab qilinmaydigan qora ishlarni bajarayapti. Lekin millat bolalari qora ishchi boʻlib qolmasligi kerak. Bundan chiqib ketishning birgina yoʻli bor: har bir odam oʻzining saviyasini yuksaltirsa, oʻtirgan joyida ish topadi. Kerak boʻlsa boshqalar uchun ish oʻrni yaratadi. Yoshlarimiz yalqovlikka barham berib, oʻz ustida ishlashi, intellektual salohiyatini koʻtarishi shart deb oʻylayman.
Uzoq Joʻraqulov:
– Boboravshan, siz aytganday ish oʻrinlari koʻp deb oʻylamayman. Oʻzim eshitgan-bilgan baʼzi zavodlarga ishga kirish uchun falon soʻm soʻrashadi. Bilasizmi, xorijda ishlab yurganlar bilan koʻp gurunglashaman. Ular orasida oʻttiz yildan beri xorijda yurgan tengdoshlarim bor. Yoshim ellik yetti-da! Ular bilan dildan suhbatlashib amin boʻlganmanki, umrining eng gullagan davrini uydan uzoqda qora mehnatda oʻtkazib, bunday yurishdan bezib qolgan. Lekin uy taʼmirlash, bolalarini oʻqitishga oʻxshagan katta ehtiyojlar sabab majbur yuribdi. Agar yaxshi ish oʻrinlari yetarlicha yaratilsa, yurtdoshlarimiz mustaqil taʼlim olib ham oʻrganadi.
Yuqoridagi fikrga kelsak, toʻgʻri, yaxshi mutaxassislar koʻp emas. Lekin bilimi, saviyasi yaxshi mutaxassislarni ham baʼzi korxonalarda quchoq ochib kutib olishmaydi-da! Afsuski, tanish-bilishchilik kuchli. Bu barcha sohada bor. Buni endi ochiq aytmasak va bunga qarshi turmasak boʻlmaydi.
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Hatto farroshlarni pora evaziga ishga qabul qilmoqchi boʻlganlar qoʻlga tushgani haqida rasmiy xabarlar berildi-ku!
Uzoq Joʻraqulov:
– Toʻgʻri aytdingiz, Qozoqboy aka! Farroshki pora berib ishga kirayotgan holatda kadrlar yetishmaydi degan masala biroz bahsli. Ayni paytda masalaning taʼlimga boʻlgan munosabatimiz bilan bogʻliq jihati ham borligini inkor etmaymiz. Gap shundaki, oʻzbekni intellektual va boshqa jihatlardan orqaga tortayotgan jihat bizda oliy maʼlumot olish xoʻjakoʻrsinga aylanib boʻlgani. Oltmish-yetmish foiz talaba mutaxassis boʻlish niyatida emas. Oʻqiyapti degan gap uchun unversitetga hujjat topshiradi. Ularning xarajatini qoplash uchun esa ota xorijda qora mehnat qiladi, ona uyda mol boqadi. Bu ham muammoning katta omili. Yoshlar oʻz istagi bilan, shu sohada mutaxassis boʻlaman deb kelsa, oʻzgarish boʻladi. Ana shunday niyatdagi kam sonli yoshlarni ishga oladigan mard ham, ish ham yetarli emas. Inson qadr topmasa, uning intellektual darajasiga yarasha eʼtibor berilmasa, najotni tashqaridan izlashi tabiiy.
Yoshlarning koʻpi chetda oʻqib, oʻsha yerda ishlashni orzu qiladi. Lekin yana oʻsha gap: chet elda oʻqib ishlayapti degan gap uchun qiziqishadi. Shundan kattaroq maqsadni moʻljallaydigan yoshlar oz.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Nega yoshlar faqat diplom olish uchungina oʻqiydi? Bu illat qanday paydo boʻldi? Undan qanday qutulish mumkin?
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Yoshlar ongidagi bu tushunchani qanday yoʻqotish borasida taklif berish qiyin. Sabablarini bir qadar aytishga harakat qilishimiz mumkin. Gap shundaki, biz oʻzimiz uchun emas, atrofdagilar uchun yashaymiz. Ich-ichimizdan yaxshi boʻlishga emas, atrofdagilarga yaxshi koʻrinishga harakat qilamiz. Mehmon kelganda zoʻr dasturxon yozamiz, yigirma-oʻttiz kishi bilan oʻtkazsa boʻladigan toʻyni ming kishilik qilamiz. “Alpomish”ni eslang, Boysari Qalmoqqa yoʻl olganda har toʻxtagan joyida namoyish uchun yashil oʻtov yoptirib, toʻp ottirib ketadi. Shu ildiz bugun yomon koʻrinish oldi.
Bizning davrda yoshlar haddini, oʻzining darajasini bilib, oliy maktabga hujjat topshirishni ham oʻylab koʻrardi. Hozir esa omadim kelsa oʻqiyveraman deb hujjat topshiradi. Nima uchun oʻqishga kirishim kerak, bu orqali nimani amalga oshiraman degan savol qoʻyish yoʻq. Ota-onalar ham diplom olib qoʻy, bir kun kerak boʻlib qolar deydi. Sovet davrida odamning oʻquvi emas, hujjatga egaligi muhim edi, shu qarash bugun yana ham yoyilib ketayapti. Qizigʻi, uddali odam yaxshi yashashini koʻrib, bilib turishibdi.
Nima qilish kerak? Menimcha, millatning har bir vakilida oʻziga hurmat tuygʻusini shakllantirish lozim. Oilada oʻzimizcha odob deb atab, ota-onaga betgachopar boʻlmaydigan bola tarbiyalashga harakat qilamiz, lekin ulardagi shaxslikni sindirib boramiz. Biz tashqi effektlarga mahliyomiz, maktab direktori uchun oʻquvchining formasi muhimroq. Aslida oʻquvchining qobiliyatini, bilimini forma belgilamaydi. Lekin bizning pedagogikamiz shuning ustiga qurilgan, bilim berish, shaxs erkining ustiga emas. Imkon qadar talabga boʻysunuvchi, qolipga tushuvchi oʻquvchilar yaratishga uriniladi. Shu stereotiplardan qutulib, odamga betakror shaxs sifatida qarab, shunga yarasha muomala qilishim kerak degan qarash shakllanishi lozim. Umuman, maktabda oʻquvchiga, oliy maktabda talabaga, oilada bolaga, ishda xodimga nisbatan shunday munosabat shakllanishi zarur.
Uzoq Joʻraqulov:
– Maktabda kim boʻlasan deb soʻrashganda, doim oʻqituvchi boʻlaman deganman. Chunki muallimlarga havas qilganman. Sababi ularning faoliyati, yashash-turishi shu havasni uygʻotadigan boʻlgan.
Talab va taklif degan narsa ham bor. Bizda qaysi sohada kadrlarga ehtiyoj borligini bilish uchun aniq bir platforma yoʻq. Kasb tanlolmay yurgan yoshlar shunga qarab yoʻnalish olishi mumkin. Yuqorida oʻqituvchi boʻlishni orzu qilib moʻljal olganimni aytdim, boshqalar ham xuddi shunday kimgadir qarab moʻljal olgan, masalan, bir sinfdoshim “nachalnik” boʻlaman derdi.
Hozir oliy taʼlimni bitirib chiqayotganlarni ish bilan taʼminlash past darajada. Diplomini sandiqqa tashlab, boshqa ish qilib yurganlar qancha?
Faqat oʻzbeklarga xos emas bu vaziyat, boshqalarda ham shunday. Bir oʻris qoʻshnim boʻlardi, doim ichib, bir balo boʻlib yurardi, lekin juda oʻqimishli, adabiyotdan bemalol men bilan bahslasha olardi, uyida ham kitoblari koʻp edi. “Nega shu salohiyating bilan bunday yuribsan?” deganimda, “Oʻzimning intellektual darajamga yarasha qadr koʻrmadim” degan. Uning xulosasi juda qoyilmaqom emasdir, lekin inson tafakkurida shunday hodisa boʻladi. Faqat milliy emas, butun insoniyatga xos hodisa bu.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Baribir meni “Koʻpgina yoshlar nega shunday layoqatsiz boʻlib qoldi?” degan savol qiynayveradi...
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Hozirgina shu savolga javob berdik. Yana takrorlaydigan boʻlsak, buning sabablarini etnik kodlardan qarash kerak dedik. Keyin yana bir jihat, 1990-yillardagi talotoʻplar vaqtida butun mamlakatda qiyomat boshlanadiganday tala-tala avj oldi. Oʻzim ishlagan kolxozda 50 dan oshiq yuk, 4 ta yengil va 28 ta paxta teradigan mashina, 600 dan ortiq qoramol bor edi. Bir kuni borsam, hech narsa yoʻq. Qayerga ketdi desak, atrofdagilar bilmaymiz deydi. Oʻsha vaqtlarda oʻqiydigan, halollikni oʻylaydiganlar chetda qolib, kim koʻproq mol-dunyo yiqqan boʻlsa, shallaqi, uyatsiz boʻlsa, oʻshalar koʻproq amalga keldi. Bolalar shuni koʻrdi. Uzoqning ideali oʻqituvchilar boʻlgani kabi, ular intilgan odamlar yulgʻichlar edi. Shu davr, 1990-yillardan boshlangan avlod shafqatsiz realist boʻldi. Ular otamga oʻxshay deb ham orzu qilmaydi. Nevaralarim filolog emas, menejer boʻlaman deydi. Chunki ular yaxshi yashar ekan. Yaʼnikim, jamiyatdagi holat bolalar psixologiyasiga taʼsir qilgan. Ular oʻylayotgani oson narsalar, oʻqish esa eng ogʻir mehnat.
Talabalar kamida yetti-sakkiz million soʻm pul toʻlab oʻqimasdan yuradi. Nimaga borayapman, kun oʻtib ketayapti deb oʻylamaydi. Oʻylasa ham, endi qilolmaydi, qoʻldan boy bergan boʻladi.
Bugun moʻljal yoʻqolmadi, u oʻzgardi. Mana, Uzoqlar oʻqib yurgan davrda ham poraxoʻrlik avj olgan edi, koʻpchilik nimaga oʻqiyotganini bilmasdi. Lekin har tugul adabiy kechalarda zalga odam sigʻmay ketardi. Hozir Navoiy tirilib kelibdi, falonchi xonada hazrat bilan uchrashuv boʻlar ekan desa, besh-oltita bola keladi, xolos.
Uzoq Joʻraqulov:
– Biz aytayotgan illatlarning ildizi ancha chuqur. Buning uchun faqat shoʻro davrini, mustaqillikning maʼlum yillarini ayblab boʻlmaydi. Millatimiz boshiga qachon mustamlaka zulmi kela boshlagan boʻlsa, shundan boshlangan bular.
Qozoqboy aka aytganday, millatimiz ruhiyati oʻzgargan. Afgʻonistonga bordik. Biz ularni ezilgan, bechora deb bilardik. Chunki shunday oʻrgatishgan, koʻrsatishgan bizga. Lekin oʻsha yerdagi oʻzbeklar bilan gaplashib koʻrganimda ulardagi erkinlik, oʻzbeklik, menlik ruhi baland ekanini koʻrdim. Qodiriy eng kir va qora davr deb taʼriflagan vaqtda ham oʻzbekning millatlik ruhi baland boʻlgan.
Ildizlarni aniq belgilab olib, ruhiy ragʻbat beradigan narsalarni oʻylash kerak. Jadidlar ham shu masalalarni koʻp oʻylagan. Ular millat ulkan xato ustida yashayotganini anglagan va savollarga javob izlagan. Siz bilan biz gaplashayotgan savollar ular qoʻygan masalalar oldida ancha kichik.
Fitratning “Temur sagʻanasi” piyesasidagi sahnalarni olsak ham, u obrazni tiriltirib oʻsha davrlarda Turkiston, millat qanday boʻlganiga javob berishga harakat qilgan. Ular millat maydalashib, ruhi sinib borayotganini bilgan. Jadidlar oʻtmishdan shunchaki maqtanish uchun emas, balki millatning kimligini koʻrsatish maqsadida foydalangan. Oʻsha jadidlar davridagi ijtimoiy odam bugungi ijtimoiy odamdan ancha baland edi. Lekin ular shuni ham tanazzul deb bilgan. Koʻrayapsizmi, millat qanday boʻlgan! Oʻzbekning ori, shaxsiyati boʻlgan, bemalol yurgan, xohlagan joyda gapini oʻtkazgan, oʻzini koʻrsatolgan, lekin shu ham jadidlarni qoniqtirmagan. Bu millat shonli tarixni boshdan oʻtkazgan, shunday ruhga qaytish kerak deb hisoblagan.
Jadidlarning qoʻlida mablag‘, kuch boʻlmay turib, katta ishlar qilishgan. Oddiy misol, ular chiqargan darsliklarni oling, hozirgidek ega-kesim, falonchi qachon tugʻilgan degan narsalar emas, balki yoshlarning birinchi navbatda oʻzini anglashi, jamiyatda, dunyoda qanday yashashini koʻrsatolgan darsliklar boʻlgan.
Loqaydlik avj oldi. Yuqorida Qozoqboy aka aytganday Navoiy tirilib kelib uchrashuv boʻlayapti desa ham talabalar kirmaydi. Ularni ilmiy konferensiyalarga majburlab olib kelamiz. Ommaviy madaniyat, internet madaniyati degan narsalar avj olib, juda ogʻir bir ahvolga tushib qoldik.
Boborashan Gʻoziddinov:
– Milliy uygʻoqlik uchun nimalar zarur boʻladi?
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Millatning uygʻongan davri ham boʻldi. Til uchun kurash ketayotgan paytda Sirdaryoda oʻqituvchi boʻlib ishlardim. Shunda til himoyasi uchun Toshkentga kelar edik. Men-ku filolog oʻqituvchiman, aloqam bor. Lekin menga qoʻshilib podachi ham, kolxozchi ham – bir avtobus odam kelardik. Chunki oʻsha oshkoralik davrida odamga odam deb qarash boʻldi. Kishilar oʻzining odam ekanini, oʻzining gapi qayerdadir eshitilishini, u bilan hisoblashishlarini bilib qoldi va birdan uygʻondi. Lekin oʻshanda ham foyda izlovchilar bor edi. Oʻsha paytda odamlar uzoq viloyatlardan siyosiy partiyalar, harakatlar majlisiga ham kelardi. Menam oʻz soʻzimni aytishim, kimdir menga hisob berishi kerak degan tafakkur shakllangandi. Odamga hurmat bilan qaray boshlanishi bilan odam oʻzgaradi.
Uzoq Joʻraqulov:
– Abdulla Oripovning misralari bor:
“Men buyuk hikmatga oxir yuz burdim:
Siylangan joyida azizdir inson”.
Boborashan Gʻoziddinov:
– Oʻqituvchining obroʻsini koʻtarish maqsadida hozir yaxshi harakatlar bor. Shu oʻrinda biz uchun bahsli mavzulardan biri haqida soʻramoqchiman. Hozir maktab oʻqituvchisi oʻquvchiga qoʻl koʻtargani uchun omma oldiga chiqib uzr soʻrayapti. Sababini soʻrasangiz, oʻquvchining xarakteriga umuman chidab boʻlmaydi degan javobni eshitasiz. Bunday vaziyatda qanday yoʻl tutish kerak? Oʻqituvchi oʻquvchini urishi toʻgʻrimi?
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Shaxsni sindirmaslik kerak. Qanday holatda boʻlsa ham bolalarni urmaslik kerak. Ancha yillar oldin maktabda oʻqituvchilik qilganman. Oʻylasam, oʻqituvchi emas, “jallod” boʻlgan ekanman. Hamma oʻquvchidan adabiyotchi tayyorlamoqchi boʻlganman oʻzimcha, urib oʻqitardim. Ota-onalar ham indamasdi. Faqat bir safar militsiyada qanaqadir kattakon boʻlib ishlaydigan odamning bolasini urganim uchun meni qamab qoʻyishgan edi (kuladi). Maktabda yetti yil ishlagan boʻlsam, namunali dars oʻtadigan oʻqituvchi boʻlib tanilganman. Komissiya kelsa ham mening darsimga kiritilardi. Lekin oʻsha oʻquvchilarim orasidan birorta filolog shogird chiqmadi. Chunki men bu qattiqqoʻlligim bilan adabiyotga nafrat uygʻotganman. Bola oʻqituvchisini yaxshi koʻrsa, fanni oʻrganadi. Agar yomon koʻrsa, oʻqimaydi va shu bilan oʻzicha oʻqituvchini jazolaydi.
Uzoq Joʻraqulov:
– Kim qanday vaziyatda urgani ham rol oʻynaydi. Bir marta suvga tuflagan paytimda otam meni bir shapaloq urgan, keyin qaytib suvga tupurmaydigan boʻldim. Vaqt oʻtib bildimki, bu katta gunoh ekan. Oʻshanda otam shunchaki nasihat qilganda esimdan chiqib, yana tuflab yurgan boʻlardim balki. Hozir ham kimdir suvga behurmatlik qilsa, birdan otamning shapalogʻi esimga tushib, tanbeh beraman. Yaʼni, har qanday kaltak ham shaxsiyat sinishiga olib kelmaydi. Urayotgan odam urishga loyiq yoki gapi bilan amali bir odam boʻlishi kerak. Urib oʻqitishga loyiq oʻqituvchi bormi-yoʻqmi – gap shunda. Oʻqituvchi oʻzi amal qiladigan, ishonadigan gapni aytsa, bola ishonadi. Balki shu narsani mushohada qilib koʻrmas, lekin oʻquvchi chin dildan eshitib, shu narsani eslab qoladi. Har qanday voiz oʻzi amal qiladigan, ishonadigan gapni aytsagina gaplari odamlarga yuqadi. Xotinim ham oʻqituvchi, unga ham shuni maslahat beraman doim. Aytadiki, eng toʻpolonchi sinf oʻquvchilari ham uning darsida jim boʻlib, yomon qiligʻini toʻxtatib turar ekan, boʻlmasa ayolim urishmaydi, juda koʻngilchan.
Toshkentdagi maktablardan birida dars berardim. Yaxshi eslayman, 32 ta bola oʻqiydigan sinfda 28 ta bola “Oʻtkan kunlar”ni yod olib yuborgan edi. Boʻlmasa, men ularga oʻqi ham, yodla ham demaganman. Yettinchi yo sakkizinchi sinf oʻquvchilarim shu darajada qiziqqanidan Natan Mallayevning “Adabiyot tarixi” kitobini, yana besh tomlik “Adabiyot tarixi”ni oʻqib chiqishgan. Oʻquvchilarim insholarni ham bexato yozardi. Men ularga shunchaki samimiyat bilan dars oʻtardim, urmasdim, soʻkmasdim, lekin hurmat qilishardi. Bir marta oʻquvchilar qaysidir fandan past baho chiqqani uchun sinf jurnalini yoqib yuboribdi. Jurnalning ichida esa mening baholar qoʻyilgan roʻyxatim turardi. Oʻsha roʻyxatni olib qolib, menga keltirib berishdi, topib oldik deb. Ehtimol, xato qilgandirman, ammo oʻsha vaqtda menga ishonib oʻsha roʻyxatni olib kelib bergani uchun bu haqida hech kimga aytmaganman. Vaziyatdan kelib chiqib ularning aybini boshqalarga aytmaslikni ham tarbiya deb oʻylaganman.
Avvalo kasb oʻz egasini topsin ekan. Oʻqituvchi auditoriyaga kirishdan oldin bu ishlarimning ham savol-javobi bor deb oʻylashi kerak.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Universitetlardagi muammolar, kadrlar masalasi haqida gaplashdik. Maktabdagi taʼlim, muammolarimiz haqida soʻramoqchi edim...
Qozoqboy Yoʻldoshev:
– Pedagogik innovatsiya pastdan yuqoriga qarab oʻsmasa, hech qanday foyda boʻlmaydi degan qoida butun dunyoda bor. Talabalarga dars oʻtib turganimda, yuqoridan bittasi kelib, menga qanday dars oʻtishni oʻrgatadi. Qanday qilib u mening sohamni mendan yaxshiroq bilishi mumkin?
Bugun Yaponiya taʼlim tizimiga, ertaga Finlandiya yo boshqa davlatning taʼlim tizimiga taqlid qilamiz. Nega oʻzbekning oʻz taʼlim tizimi boʻlmasligi kerak? Biz shu tizimni yaratishimiz zarur.
Birovga bir narsani oʻrgatadigan odam erkin boʻlishi shart. Chunki har bir oʻqituvchining oʻz yoʻli boʻladi. Men dars bergan guruhga boshqasi kelib xuddi mendek dars berishi kerak emas, oʻz uslubida, imkoniyati doirasida dars bersin. Oilada ham bolalarga notoʻgʻri moʻljal beriladi. Har bir oʻzbek bolam oliy maʼlumotli boʻlishi kerak deb qaraydi. Lekin buning uchun nimadir qilish kerak degan masalaga eʼtibor bermaydi. Bolalar oʻrta maktabda faqatgina oliy maktabga kirish uchun oʻqiydi. Men bunga qoʻshilmayman. Maktab oʻquvchini oliy maktabga emas, avvalo hayotga tayyorlasin. Birinchi kundan boshlab oʻqituvchilar ham sizlar yaxshi oʻqisangiz, oliy maʼlumotli boʻlasiz deb uqtirishni boshlaydi. Oliy maktabda oʻqishni istamagan bola esa bu fanlar ham, oʻqish ham kerak emas deb tashlab qoʻyadi. Bir toifa esa men falon yoʻnalishda oʻqiyman deb boshqa fanlarni oʻqimay qoʻyadi. Men adabiyotni, Navoiyni oʻqimayman degan bolaga esa oʻqituvchilar goʻzal javob berolmaydi. Navoiyni bilmasang, qanday odam boʻlasan deyishi mumkin.
Mayli, oliy maʼlumotli boʻlish ham maqsad boʻlib turaversin. Lekin bolaga dunyoda zarur boʻlmagan birorta kasb yoʻqligini uqtirish darkor. Farroshning zarurligi yuristning zarurligidan birlamchiroqdir. Koʻchada plastik idish terib yuradiganlar ham, fermer ham kerak. Lekin bolaga sen qassob boʻlsang, faqat mollarning ichida boʻlmaysan, farrosh boʻlsang, faqat supurgini quchoqlab yurmaysan, sen odamsan, kimgadir ota yoki ona, er yoki xotin, kimgadir qoʻshni boʻlasan – shularning gapini tushunish, oʻz gapingni yetkazib berish uchun matematikadan ham, fizikadan ham, ona tili, adabiyotdan ham xabardor boʻlishing kerak, biz seni oliy maktabga emas, hayotga tayyorlashimiz zarur degan masala qoʻyilishi lozim.
Qandaydir sertifikatlar olish, chet eldan mutaxassislar chaqirib tajriba almashib oʻrganish kerakdir. Bundan ham muhimi, oʻzimizdagi oʻqituvchilarni saralash, yaxshilarini topish shart. Tekshiradiganlar darslarga kirishi, koʻrishi kerak. Hujjatini zoʻr qilib qoʻyib, oʻzi oʻquvchilar bilan ikki ogʻiz gaplasholmaydigan muallimlar bor. Oʻzi iqtidorli oʻqituvchilar qogʻozbozlikni uncha xushlamaydi ham. Shu sabab direktorning tavsiyasiga qarab oʻtirmay, yuqoridan boradiganlar darslarga kirishi kerak. Hozir shu darsga kirib tekshirish degan narsa kamayib, ehtimol, yoʻqolib ketgan. Jonli darsga kirsa, direktor alday olmaydi, odatda qogʻozbozlikni joyiga qoʻyadiganlar direktorning erkasi boʻladi, darsda esa kimning kimligi maʼlum boʻladi.
Xulosa shuki, hamma gap oʻqituvchilarning saviyasi va salohiyatida. Iqtidorli oʻqituvchilar qanchalik koʻp boʻlsa, taʼlim sohasi shuncha rivojlanadi.
Suhbatni Boboravshan GʻOZIDDINOV uyushtirdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Taʼlim shaxsni tarbiyalasin!” maqolasi