Sanʼatshunos Aleksey Ulko bilan suhbat
– Sizni koʻpqirrali ijodkor deb bilamiz: tilshunos, sanʼatshunos, yozuvchi, madaniyatshunos, munaqqid. Ilmiy va ijodiy qiziqishlaringiz doirasi keng va rang-barangligi eʼtirofga loyiq. Bir muddat oldin “Oʻzbek tili faqat oʻzbeklar uchunmi?” degan maqolangiz ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina bahs-u munozara uygʻotgan edi. Ruscha soʻzlasangiz-da, oʻzbek tilining jamiyatdagi oʻrni va istiqboli xususida kuyunib yozganingizdan sizga hurmatim ortgan edi oʻshanda. Maqolangizda davlat tilining maqomini oshirish boʻyicha taklif, mulohazalarni ilgari surgansiz. Jumladan, oʻzbek tilining hozirgi maqom-rutbasini baholash uchun lingvistik tadqiqotlar oʻtkazish lozimligini taʼkidlagansiz. Sizningcha, bunday tadqiqotlar qay shaklda oʻtkazilgani maʼqul?
– Avvalo, kamtarona izlanishlarimga yuqori baho berganingizdan mamnunligimni bildirsam. Maʼlumki, har qanday voqeahodisaning mohiyatiga yetish uchun birinchi navbatda uni teran tadqiq qilmoq talab etiladi. Tilning jamiyatdagi rolini belgilash boʻyicha ham turli usullar mavjud. Ular til taraqqiyotining qonuniyatlari va tendensiyalarini aniqlashga xizmat qiladi. Ilmiy maʼlumotlar til bobida muhim qarorlar qabul etishda ham asqatadi.
Mamlakatimiz misolida oladigan boʻlsak, aholining turli qatlamlari orasida keng tarqalgan oʻzbek, rus, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarga doir savollarga oydinlik kiritish lozim. Odamlar qay vaziyatda qay tildan foydalanadi? Oʻzga tillar qanchalik puxta oʻzlashtirilgan? Bu borada kim faolroq: mahalliy xalqmi yoki xorijliklar? Shu tariqa til vositalari va nutq uslublarini tanlashga taʼsir etuvchi turfa omillarni (yosh, jins, maʼlumot, kasb, mintaqa va hokazo) oʻrganish mumkin.
Hozir yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda faol. Xoʻsh, ular orasida qaysi alifbo koʻproq urfda: lotinmi yo kirill? Ular imloni tekshirish uchun soʻzlashuv va dialektal shakllarga murojaat qiladimi yoinki elektron lugʻatga? Bugun anchagina eskirayozgan SMS davridagi kabi harf va timsollarni (piktogrammalar) ishlatishga ehtiyoj bormi?
Kunlarning birida telefonimga Waxlowa ismli qizdan xabar keldi. Avvaliga “Xat muallifi Polshadanmikan?” deb oʻylab qoldim. Uning ismi nima ekan: Vakslova... Vasilya... Maʼlum boʻldiki, ayrim yoshlar yozma nutqda lotin alifbosidagi “sh” harfini inglizcha “w”ga almashtirarkan. Nomaʼlum qizning ismi Shahlo boʻlib, rus tilidagi “-sha” kichraytirish qoʻshimcha qoʻshilishi natijasida “Shahlosha” degan antiqa nom yasalibdi. Alhol, chni 4, o‘ni 6 raqami bilan ifodalash SMS orqali koʻp muloqot qilgan avlodning yozma nutqiga xos boʻlsa, bugun yana alomat qisqartmalar oʻylab topilmoqda. Oʻzbekiston aholisining salmoqli qismini oʻsmirlar va yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, jillaqursa, ular oʻzaro muloqot uchun tilning qaysi shaklini istifoda etishini bilish lozim. Zamon oʻzgarishlari Abdulla Qahhor takomilga yetkazgan til meʼyorlariga muvofiq kelmasligini aytib, quruq zorlanishdan esa naf yoʻq.
Ichki va tashqi omillar taʼsirida tilning lugʻat boyligi, grammatika va fonetikasidagi tarixiy oʻzgarishlar dinamikasini kuzatish ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Tarixiy” deganda men soʻnggi oʻnyilliklarni nazarda tutyapman. Istiqlol yillari oʻzbek tili qay darajada oʻzgardi? Turli hududlar, yosh guruhlari va ijtimoiy qatlamlar bir-birini qanchalik tushunmoqda? Deylik, chimboylik fermer poytaxtning M-1 mavzesida yashovchi oʻsmir bilan bemalol gurunglasha oladimi? Sirasini aytganda, til siyosatini ishlab chiqishda uning turgʻun hodisa emasligi, balki ijtimoiy jarayonlar taʼsirida mudom oʻzgarib turishini anglash lozim boʻladi.
Til siyosati nima? Bu – muayyan jamiyat yoki davlatda lisoniy xilma-xillikni tartibga solish va boshqarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Agar siz bu borada barkamol siyosat yuritmoqni istasangiz, tillarni etnik mansublik, millat, din, sinf, jins, yosh, daromad va taʼlim darajasi, oila tarkibi va boshqa ijtimoiy omillarga bogʻliq holda va eng muhimi, sotsiolingvistik asosda oʻrganishingiz kerak. Shu yoʻl bilangina mamlakatdagi turli guruhlarning haqiqiy ehtiyoj va manfaatlaridan voqif boʻlish, til siyosatining oqibatlarini bashorat qilish mumkin.
Har qanday mamlakat uchun lisoniy siyosatning ustuvor mezoni – davlat tili masalasidir. Kanadada ikkita, Shveysariyada toʻrtta, Janubiy Afrika Respublikasida oʻn bitta til rasmiy maqomga ega. Ammo Buyuk Britaniya va AQShda qonunan belgilangan davlat tili yoʻq. Vaholanki, ingliz zaboni bu yurtlarda nechogʻli muhim oʻrin tutishi kundek ravshan. Men doimo Oʻzbekistonda yagona davlat tili – oʻzbek tili boʻlishi kerak deb hisoblaganman. Boisi rus, tojik, qoraqalpoq, hatto ingliz tilida soʻzlashuvchilarga uni istifoda etish, qolaversa, taʼlim olish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan.
Toʻgʻri, bu umumiy manzara, jamiyatda esa goh oshkora, goh yashirin ziddiyatlar boʻlishi tabiiy. Yodingizda boʻlsa, 1990-yillari Oʻzbekistonda rus tilini oʻqitish va qoʻllashni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shunga qaramay, bu tilga boʻlgan ehtiyoj ancha yuqori boʻlib qolayotir. Boyagi islohotdan esa etnik ruslar va shaharning qoʻshtilli ziyolilar elitasi emas, aholining kambagʻal va omi qatlami jabr koʻrdi. Aynan shu guruhga mansub yurtdoshlarimiz Rossiyada kezi kelganda ogʻir va nobop sharoitlarda mehnat qilib daromad topayotgani sir emas. Musofir yurtda “ikkinchi sort” deya kamsitilishning asosiy sabablaridan biri til bilmaslikdir.
Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bugun mamlakatimizda rus tilidagi telekoʻrsatuv, veb-sayt va ijtimoiy tarmoq kanallari hamma uchun birdek ochiq, lekin, afsuski, ayrim axborot kanallari auditoriya ong-u shuurini zaharlaydigan, tajovuzkorlik va yolgʻonga yoʻgʻrilgan “yovvoyi targʻibot” bilan shugʻullanmoqda. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda rus tili qamroviga daxl qilmaslik ehtimoliy ziddiyatlarning oldini olib, hududlarda ushbu til mavqeining mustahkamlanishiga xizmat qildi. Ammo rus tilidagi milliy mediakontentni tayyorlashga eʼtiborsizlik qilganimiz (bir necha gazeta va internet sayti yetarli emas), boz ustiga, Shimoldan kelgan propaganda oqovasining yoʻli toʻsilmagani yana bir karra mustamlaka asoratlarini yuzaga chiqardi. Buning noxush oqibatlari bilan uzoq vaqt kurashmasak edi...
– Ilmiy izlanishlaringiz asosan postkolonial davr sanʼatiga bagʻishlangan. Suhbatlardan birida “Sanʼat va barcha madaniyat sohalari murakkab kolonial, postkolonial va dekolonial uchburchak ichida yashaydi”, degan edingiz. Chindan ham, har qanday sanʼat turini shu formulaga solish mumkin. Postkolonial tafakkurdan xalos boʻlish, yaʼni mustabid zamon qoliplarini sindirib, erkin fikr-qarashlarni ilgari surish adabiyot-u sanʼatni har jihatdan yuksaltiradi. Biroq inkor etilmas haqiqat shuki, turfa cheklov va tazyiqlarga qaramay, tobelik zamonida ham durdona asarlar yaratilgan-ku! Bu sirada oʻzbek teatr va kino sanʼatining sovet davridagi yutuqlarini eʼtirof etmaslik insofdan emas. Garchi mustaqillikka erishganimizdan keyin ijodiy erkinlik keng quloch yozgan esa-da, avvalgi film va spektakllar hamon etalon boʻlib qolayotganini inkor etamizmi? Ikki tuzum oʻrtasidagi murakkab ziddiyatlarni tadqiq etuvchi, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov taʼbiri bilan aytganda, “jungjanglar va manqurtlar munosabatlarini oʻrganuvchi ilmiy yoʻnalish” – postkolonial nazariya bu holni qanday izohlaydi?
– Sovet va postsovet davrlari sanʼatini bir-biriga muqoyasa etib, sifat borasida xulosa chiqarish, menimcha, bahstalab masala. Chunki siyosiy va madaniy jarayonlar har doim ham zamonga mutanosib kelavermaydi. Dunyo tan olgan Kandinskiy, Malevich, El Lisiskiy, Rodchenko kabi avangard rassomlar, Eyzenshteyn, Meyerxold, Nemirovich-Danchenko singari teatr hamda kino ijodkorlari va yana talay shoir-yozuvchi, faylasuflar ilk sovet davrida taʼlim oldi va ijodiy barkamollikka erishdi. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelib, oʻz madaniy islohotlarini amalga oshirdi, albatta. Ammo sanʼat sohasidagi qudratli islohotchilik harakati shoʻro tuzumi oʻrnatilishidan ancha muqaddam boshlangan edi. Ilm-u ijoddagi inqilobiy islohotlar esa keyinroq sovet rejimi tomonidan barbod etildi.
Markaziy Osiyodagi maʼrifatparvarlik harakati namoyandalari – jadidlar boshiga ham shunday musibat yogʻiladi. 1920-yillarga kelib, aksar jadidlar islohotning oʻziga xos variantini taklif qilgan sovet hukumati bilan murosaga borgandek edi. Ularning ayrimlari hatto qisqa muddatda koʻzga koʻringan siyosiy arbobga aylanadi. Biroq jadidlar, baayni rus modernist rassomlari kabi, tezda sovet hukumati nazaridan qoladi. Alaloqibat qattol tuzum ularni jisman mahv etadi.
Sobiq imperiya xarobalarida unib chiqqan modernistik sanʼatning baravj rivojini bolsheviklar hukumatining xizmati deb baholash qanchalik toʻgʻri? Boshqa tomondan, sovet hokimiyatini yakkash chorizmning mustamlaka siyosatidan-da shafqatsizroq usullarni qoʻllagan tuzum oʻlaroq qabul qilish nechogʻli haqiqatga mos? Ehtimol, uning musbat-u manfiy qutblari boʻlganiga eʼtibor qaratish kerakdir?
Sovet Ittifoqi nainki mustamlakachi imperiya, balki sotsialistik loyiha ham edi. Binobarin, bu davlat ilk bosqichda yangi shaxs va yangi jamiyatni yaratishga astoydil harakat qildi. Ittifoq davrida sanʼat davlat senzurasi va targʻibotiga boʻysungani maʼlum, ammo shu bilan birga sanʼatkorlarni tarbiyalash va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun durust shart-sharoit hozirlangan edi.
Darhaqiqat, mustamlaka yillari durdona asarlar yaratildi, biroq bu tuzum temir qolip-u poʻlat andazalarni-da “ijod” etdi.
Murakkablik va mubhamliklarga qaramay, Markaziy Osiyoda sovet davlati hukmronligi mustamlakachilik paradigmasiga toʻliq mos keladi deb hisoblayman. Qolaversa, koloniallik asoratlari boshqaruv usuli va munosabatlar tizimi sifatida qizil imperiya parchalanganidan soʻng ham mintaqadan butkul yoʻqolmadi. Sirasi, mustamlakachilik asli murakkab tushuncha boʻlib, sovet davrining siyqa qarashlari asosida unga sodda toʻn kiygizilgan, xolos.
Zamonaviy dunyoda kolonializm haqida soʻz borar ekan, uning turli koʻrinishlarini hisobga olish kerak. Xonasi kelganda Hongkong oʻlkasi haqida ikki ogʻiz toʻxtalsam. Buyuk Britaniya imperiyasi 1841-yilda Hongkongni bosib oladi. Inglizlar Xitoy bilan bitimga muvofiq 1997-yilgacha bu diyorda oʻz hukmfarmoligini saqlab qoladi. Britaniya boshqaruvi davrida Hongkong Osiyoning eng gullab-yashnagan va erkin mintaqalaridan biriga, dunyoning yirik savdo-moliya markaziga aylanadi. Hongkongliklar Xitoy aholisiga qaraganda koʻproq huquq va erkinliklarga ega edi. Shu bilan birga, oʻlka madaniy-lisoniy oʻziga xosligini ham saqlab qoladi.
1997-yilda Hongkong “Yagona davlat – ikki tizim” tamoyili ostida, 2047-yilga qadar muxtoriyat sharti bilan Xitoyga qaytariladi. Biroq Chin oʻlkasi oʻshandan buyon gʻirrom oʻyin qilib kelmoqda. Hongkongda demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga daxl etuvchi choralar qoʻllayapti, mafkura va qadriyatlarni zoʻrlik yoʻli bilan singdirishga urinyapti...
Mustamlakachilikning bir shaklidan boshqasiga oʻtish Hongkong ahli hayot tarziga qanday taʼsir koʻrsatdi? Haq-huquq va erkinliklar masalasini qoʻyaturing, oʻlkaning ikki davrdagi iqtisodiyotini taqqoslab koʻraylik. 1997-yilda Hongkongning yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga taqsimlaganda 28.103 dollarni tashkil etgan edi. Bu Xitoydan (3.617 dollar) bir necha baravar, hatto Buyuk Britaniyadan (24.331 dollar) yuqori koʻrsatkich. 2019-yilda esa YaIM 48.517 dollarga yetdi. Bu Xitoyning qolgan qismidan yuqori (16.804 dollar), Buyuk Britaniyadan esa (49.725 dollar) pastroq natija.
Demak, hongkongliklar ingliz mustamlakachiligidan koʻra sotsialistik tuzum istibdodidan koʻproq aziyat chekyapti. Qolaversa, oʻlka aholisi erkinligi, madaniyati, oʻzligi va huquqlarini ham yoʻqotish xavfiga roʻbaro‘ kelgan. Bu misol mustamlakachilik vaqt oʻtishi bilan oʻzgaradigan va turfa omillar bilan bogʻliq murakkab hodisa ekanini tasdiqlaydi.
Sovet davridagi oʻzbek sanʼati masalasiga qaytsak.
Zamonaviy falsafaning spekulyativ realizm yoʻnalishi asoschilaridan biri Grem Harman “Immaterializm. Obyektlar va ijtimoiy nazariya” degan kitobida durdona asarlar asosan muayyan davr ibtidosida yaratilishining sabablarini quyidagicha izohlaydi: “Har bir davrning muqaddimasida biz yangi va oʻzgacha voqelikka duch kelamiz. Yangi obyektlar yoki usullar mavjud hayot shakllari yoki nizom-tartibotga muvofiq kelmaydi va shu bois ziddiyatlar kelib chiqadi. Bu jarayonda boʻy koʻrsatgan ijodiy salohiyatni sanʼat, fan yoki siyosat durdonalari shaklida roʻyobga chiqarish mumkin. Biroq vaqt oʻtishi bilan yangi obyektlar eski hodisalarga aylanib, jamiyatga singib-qoʻshilib ketadi, pirovardida shiddati va ohorini yoʻqotadi. Soʻng yaratuvchilik faoliyati va ijodiy quvvat susayadi. Shu bois davrlar intihosida aksar hollar takror va turgʻunlik kayfiyati hukm suradi”.
Olim oʻz fikrini dalillash uchun tarixning turli davrlaridan misollar keltiradi. Xususan, qadimgi yunon teatrining paydo boʻlishi va rivojlanishi, Uygʻonish davridagi nasroniylik va majusiylik, Maʼrifatparvarlik zamonidagi milliy davlatlar va mustamlakalar, XIX–XX asrlarda kapitalizm va ishchilar sinfi oʻrtasidagi keskin ziddiyatlarni tahlil qiladi.
Bu qonuniyat oʻzbek kinematografiyasining 1920–1960-yillardagi shakllanish bosqichiga ham taalluqlidir. Sovet mafkurasi bamisoli kinoijodkorlarning estetik, ijtimoiy va konseptual izlanishlarini “qadoqlovchi” uskuna vazifasini oʻtadi. Oʻzbek kinosida izlanishlar davom etsa-da, kelajakda bu sanʼat qanday koʻrinish kasb etishi mavhum edi. Natija esa maʼlum: milliy kinematografiyamizning choʻqqisi deb baholanuvchi “oʻzbek poetik kinosi” vujudga keldi. Minglab kinoixlosmandlar hanuzgacha “Nafosat” va “Sevishganlar” filmlarini shirin sogʻinch ila tomosha qiladi. Holbuki, italyan kinosi taʼsirida yaratilgan bu filmlar, birinchidan, rus madaniyati negizida shakllangan sovet shahar madaniyatining gʻalabasini koʻrsatdi; ikkinchidan, davr xotimasiga kelib, kinodagi izlanishlar turgʻun tus olganini namoyon etdi.
Fikrimcha, oʻshandan buyon oʻzbek kinosi qoliplarni sindira olmay halak: hind kinosining hajv va melodramasi nafasi ufurib turgan, sunʼiy ideallarga toʻla filmlar, Hollivudning rus va qozoq nusxalariga taqlidan olingan kartinalar; buyuk tarixiy siymolarga qoʻlbola libos kiydirilgan polotnolar... Taassufki, kino sanʼatining yangi ifoda tilini izlash, janr ufqlarini kengaytirish, stereotiplarni parchalashga intilish koʻrinmayotir. Bilʼaks, kino maktabi turgʻun mezonlar, daqqi qoliplardan xalos boʻla olmayotir. Shunday ekan, bir marta koʻriboq unutiladigan, ikki tomchi suvdek oʻxshash kinoyaratiqlar koʻpayib ketganidan ajablanmasak ham boʻladi.
– Suhbatimiz oʻzani kino mavzusiga burildi. Ommabop va qudratli sanʼat turi boʻlmish kinematografiya qizil imperiya tanazzulidan soʻng Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun madaniy muhitga yangi nafas olib kiruvchi, ham mafkuraviy, ham tijoriy siyosatni amalga oshiruvchi asosiy vositaga aylangani sir emas. Sobiq tuzum davrida Markazdan idora etilgan ekran sanʼati yosh mustaqil davlatlarda alohida sanoatga aylana bordi. Oʻzbekistonda ham davlat kinostudiyalaridan tashqari xususiy shirkatlarga keng yoʻl ochildi. Natijada, film deganlari shu qadar bodrab ketdiki, taniqli aktyorlardan biri hindlarning kunda-kunora film ishlab chiqaruvchi Bollivudiga qiyosan “Toshkent Osiyovudga aylandi” degan edi kinoya bilan. Gap aylanib sizning zamonaviy Oʻzbekiston kinosida postkoloniallik muammosi, ezoterik va eksperimental filmlarga oid tadqiqotlaringizga borib taqalmoqda...
– Kinosanʼatimiz mustamlaka asoratlaridan butunlay xalos boʻlgan demoqqa andak ikkilanadi odam. Gap hanuz sovet merosi milliy film uslubiga taʼsir etayotgani yoinki rejissorlarimiz rus kinosini tanqidiy baholashga jazm qilolmayotganida emas. Toʻgʻri, bizda tijoriy yoʻnalish favqulodda ommalashdi, biroq kinematografiyamiz taraqqiyoti va rang-barangligiga monelik qiluvchi muammolar hamon kun tartibida. Ular mamlakatning taʼsir koʻlami, jamiyatning oʻyin-kulgi, koʻngil yozish ehtiyoji va qay yoʻsinda boʻlmasin xalqaro muhitga moslashish istagi bilan bogʻliq. Mavzuga chuqurroq kirsak, ijtimoiy buyurtma, turli cheklovlar, ekzotizm singari boshqa jiddiy xavflar ham qilich yalangʻochlab turganiga amin boʻlamiz.
Ijtimoiy buyurtma deganlari mafkura quyushqonida filmlar yaratish, chuqur falsafiy va muammoli mavzulardan imkon qadar qochish, badiiy eksperimentni ochiqchasiga rad etish zaruratidek boʻlib tuyuladi. Bu hol “shirpotreb” deb atalgan filmlarning urchishiga olib keladi. Keyingi yillarda suratga olingan kinokartinalarni koʻrib, milliy kinoda havasaki melodrama va komediyalar hukmronligi boshlandimi, degan xayolga borasiz. Ularning aksarida jamiyatda ayollarning roli, ijtimoiy tengsizlikning sabab-oqibatlari borasida almisoqdan qolgan qarashlar targʻib qilinayotgani-chi!..
Davlat organlarining ijodiy erkinlikni cheklashga urinishi har doim ham jiddiy muammo boʻlib kelgan. Gohida mansabdorlar “jamoat tartibi uchun nomaqbul yoki xavfli” deb hisoblaydigan sahna yoki dialog ham taqiqqa uchrashi mumkin. Taniqli rejissor Ali Hamroyev “Samarqandda qovun tarovati” badiiy filmi yuzasidan bildirilgan taklif, tuzatishlarning biryoqlamaligidan xunob boʻlib yurdi. Yoki yaqinda oʻtkazilgan bolalar animatsiya festivalida filmlarning qay birini namoyish etish borasida maslahatgoʻylar paydo boʻlib qoldi deng. Ijod ahli oʻz lavozimini suiisteʼmol qilishga moyil mansabdorlar bilan talashib-tortishishiga ham toʻgʻri kelarkan-da!
Sovet hokimiyati yillar davomida sanʼat ahli boshida tegirmon toshi yurgizib kelgani maʼlum. Ayrim kinoasarlar senzuraga uchragan, taqiqlangan. Shoʻro zamonida chalasavod yoki tamagir bir amaldor sanʼatkorning taqdiri borasida hukm chiqarishi, uni mukofotlashi yoki jazolashi mumkin edi. Mustabid tuzum amaliyoti hozir yoʻqolganmi? Taniqli kinorejissor Zulfiqor Musoqov bir intervyusida bunday sharoitda rejissor va kinodramaturglar oʻz-oʻzini senzura qilish yoʻliga oʻtishi, qoʻrquv va ehtiyotkorlik kuchayishi haqida kuyunib gapirgan edi.
Qiziq-da, nega ayrim rejissorlar murakkab, bahsli mavzularga qoʻl urmay, hamon eski qoliplarda film olmoqda? Nega yosh kinoijodkorlar dadil tajribaga qoʻl urishdan choʻchib turibdi? Ilk qadamdanoq tijoriy kinoning yakrang syujetlariga ergashish sababi nima? Quyidagi epizod va kadrlarni topilma deb boʻladimi: Registon ustidan samolyot uchib oʻtmoqda; Ichanqalʼada rango-rang libosdagi qizlar raqs tushayotir; qadoq qoʻllar darz ketgan tandirga olov yoqadi; poytaxtlik yoshlar “Talgo” tezyurar poyezdida Samarqandga sayohatga otlanadi; badqovoq ona qizini qishloqlik yigitga turmushga bermoqchi emas; qiz qadimiy shahar xarobalariga qarab, ota-bobolari haqida xayol suradi; oshpaz bugʻi chiqib turgan qozondan issiqqina osh suzadi... Bularning bari oʻz-oʻzini ekzotik oʻlka deb taqdim etishdan boshqa narsa emas. Aksar kinoijodkorlar xorijlik mehmonlar izzati deya, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni shunday zoʻraki usulda koʻrsatishdan xijolat chekmayotir.
Nazarimda, nafaqat kinoda, jamiyatning boshqa jabhalarida ham mustamlakachilik stereotiplari ongga chuqur singib ketgani seziladi. Anʼanalarning muqaddaslashtirilishi – alohida katta mavzu...
Mustamlakachilik birinchi navbatda qadriyatlar, qarashlar va eʼtiqodda aks etishini unutmaslik lozim. Demak, shoʻrocha oʻroq-bolgʻani Humo qushiga, “proletar taʼlimoti”ni maʼnaviyat gʻoyasiga almashtirish bilangina murod hosil boʻlmaydi.
– Jamiyat, ijtimoiy ong va sanʼat bir joyda toʻxtab turmaydi. Muayyan anʼanalar poydor boʻlgan makonda yangi qarashlar, modernistik tafakkur yuzaga kelishi ayon. Ayniqsa, bugun odamzodning dunyoqarashi kun sayin oʻzgarib borayotir. Zamonaviy sanʼat shakl-u shamoyili, uslub va ifoda vositalarida ham muttasil yangilanish! Uzoqqa borish shart emas, soʻnggi yillarda qoʻshni mamlakatlar sanʼatida evrilishlar yuz berayotgani, novatorlikka intilish kuchayganini kuzatish mumkin. Ikki yil burun poytaxtimiz MDH, Boltiqboʻyi va Gruziya mamlakatlarining teatr forumiga mezbonlik qildi. Tadbirning ilk kuni qozoq bovurlarimiz namoyish etgan “Qulager” nomli spektakl koʻpchilikni hayratga soldi. Syujet afsonaga asoslangan, lekin rejissorning talqini mutlaqo oʻzgacha, aktyorlar mahorati, organikasiga ham qoyil qolasiz. Kamina birgina spektakldan misol keltirdim, xolos. Siz Samarqandda muqim yashasangiz-da, koʻp dunyo kezasiz, qoʻshni davlatlarda oʻtgan anjumanlarda ham maʼruza qilgansiz. Nainki Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo madaniy dunyosi, zamonaviy konseptual sanʼati bilan yaxshi tanishsiz. Mintaqa sanʼatidagi yangilanishlarni qanday baholaysiz? Anʼanaviylik va modernizm oʻrtasida ziddiyat mavjudmi? Ehtimol, nekbin xulosa qilishga shoshayotgandirman...
– Markaziy Osiyo sanʼatida qiziqarli va ziddiyatli holatni koʻrish mumkin. Qirgʻizistonlik meʼmor doʻstim Ulan Japarov qayd etganidek, “Markaziy Osiyoda siyosiy birlik yoʻqdir, lekin barqaror ijodiy hamjamiyat mavjud”. Ijodiy hamjamiyatlar borligiga qaramay, sanʼat bobida mintaqalararo aloqalar u qadar mustahkam emas. Bishkek va Olmaota oʻrtasida madaniy robitalar saqlanib qolgan boʻlsa, Toshkent ijodiy muhiti alohida rivojlanmoqda. Dushanbeda bir necha oʻn yilliklardan soʻng yana turgʻunlik. Ashxobod haqida esa, afsuski, maʼlumot koʻp emas.
Eʼtibor bering, men “Qirgʻiziston” yoki “Turkmaniston” emas, “Bishkek”, “Ashxobod” deb gapiryapman. Nega? Boisi, sanʼat boʻyicha hukumat darajasida ishlab chiqilgan dasturlar hududlarning oʻzida amaliyotga joriy qilinadi, yaʼni mintaqamizda markazlashuv kuchli. Hozir Qozogʻistonda Olmaota shahri “madaniy markaz” maqomini yangi poytaxt Ostonadan olib qoʻyishga intilmoqda. Keyingi yillarda bizda ham Samarqand, Namangan singari yirik viloyatlarga alohida eʼtibor qaratildi, ammo ularning rivojlanishi ham markazlashgan holda kechmoqda. Yurtimizda madaniyat va sanʼat yanada ravnaq topishi uchun mahalliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash zarur. Bu borada koʻp yillardan buyon Chimkentda oʻtkazib kelinayotgan “Qizil traktor” loyihasi yoki Konibodom shahri teatrini rivojlantirish loyihasini yodga olish mumkin.
Nazarimda, bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarida ijod ahli qadriyatlar, milliy oʻzlikka haddan ziyod bogʻlanib qolishdan choʻchib turibdi. Sababi, milliylikning moʻrtligi ularni xavotirga solmoqda. Shu bois anʼanalarni zamonaviy uslubda talqin qilish, qadriyatlar va globallashuv fenomenini baqamti rivojlantirishga eʼtibor kuchaygan. Siz boya eslagan “Qulager” spektakli 1938-yilda qatagʻonga uchragan shoir Ilyos Jansugʻurov pyesasi asosida sahnalashtirilgan boʻlib, qozoq xalqi qahramoni Aqan Serining jasorati haqida hikoya qiladi. Eʼtirofingizga men ham qoʻshilaman, bu spektakl zamonaviy texnik vositalar, tovush, harakat va soʻz uygʻunligida musiqiy-plastik tomosha, yaxlit badiiy obraz yaratishning goʻzal namunasidir.
Qozogʻiston zamonaviy sanʼat katta “eksport” salohiyatiga ega ekani, uni nazorat qilish emas, balki qoʻllab-quvvatlash zarurligini erta anglab yetdi. Albatta, bu mamlakatda ham oʻziga xos shaklda senzura mavjud, lekin uning “chirogʻi” asosan ijodkorlar davlat hokimiyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri eʼtiroz bildirganida yonadi. Aksar hollarda hukumat ijod ahli xohish-irodasini sindirmaslikka harakat qiladi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatib, izlanishlar olib borishga imkon yaratadi.
Olmaota meriyasi koʻp yillardan bog‘, vokzal, piyodalar hududi va boshqa jamoat maskanlarida “ArtBatFest” nomli festival oʻtkazib keladi. Bu shaharda, shuningdek, xususiy tijorat va zamonaviy sanʼat oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. “Aspan”, “Yesentay” singari galereyalar faoliyatini biznes va zamonaviy sanʼatning vobastaligi ifodasi deb atash mumkin.
Bishkekdagi ahvol Toshkent va Olmaotadan farq qiladi. Qirgʻiziston daromadi kamroq mamlakat, ammo liberallik masalasida ancha ildam. Davlat, oʻz gʻaznasida katta mablag‘ yoʻqligi sababmikan, zamonaviy sanʼatkorlar faoliyatiga deyarli aralashmaydi. Bishkekda kamtarona xarajat bilan ham qiziqarli loyihalarni amalga oshirayotgan ijodkorlar topiladi. Yigirma yildan buyon 1-aprel sanasida oʻtkazib kelinayotgan rassomlar tanlovi bunga yorqin misol boʻla oladi. Qolaversa, zamonaviy sanʼat boʻyicha yirik formatdagi loyihalar ham talaygina, ularga maʼrifatparvar tojirlar homiylik qiladi. Bundan tashqari, Bishkekda koʻplab rasmiy va norasmiy ijodiy guruhlar, uyushmalar mavjud. Umuman olganda, tez-tez yuz beruvchi ichki nizolarga qaramay, ijodkorlarning birdamligi va erkin muhitda ijod qilishi eʼtiborga molik.
Anʼanaviylik va modernizm oʻrtasida ixtilof qachon toʻxtabdi deysiz! Umuman, anʼanaviylik ajdodlar merosiga hurmat, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qadriyatlar va meʼyorlarni asrabavaylashni anglatadi. Modernizm esa eskirgan gʻoya va shakllarni rad etish, voqelikni ifodalash va bilishning yangi usullarini izlash, anʼanaviy qarash va dogmalarga nisbatan tanqidiy yondashuvni oʻz ichiga oladi. Bu jihatdan, anʼanaviylik va modernizmni qarama-qarshi yoʻnalishlar deb qabul qilish mumkin. Ammo bunday yondashuv juda sodda boʻlib, ikkita xususiyatni nazardan chetda qoldiradi.
Birinchidan, madaniyat va sanʼatdagi anʼana ham, modernizm ham nisbatan yangi tushunchalar hisoblanadi. Ikkinchidan, XX asrning boshlarida vujudga kelgan modernizm ruhidagi koʻplab oqimlar nafaqat yangilikni ifodalaydi, balki sanʼatda inqilob qilib, butun tizimni isloh etishni yoqlaydi. Yaʼni bu harakat shaklni oʻzgartirishnigina emas, balki taraqqiyotga gʻov boʻlayotgan oʻtmishni yoʻq qilish, anʼanalarning turgʻun taʼsiriga barham berishni bosh maqsad deb biladi. Demak, futurizm, kubizm, abstraksionizm singari oqimlar va turli ijtimoiy-inqilobiy harakatlar faqat madaniyat va sanʼat emas, butun jamiyatga birdek daxldordir. Ammo guvohi boʻlyapmizki, insoniyat jamiyatini adolat tamoyili asosida isloh etish, zulm va tengsizlik illatini yoʻq qilish kutilganidan ancha murakkab yumush ekan...
Pirovardida modernistik sanʼat umumiy tarixiy kontekstda munosib oʻrin topdi. Vinsent Van Gog, Kazimir Malevich va Jekson Pollokning goʻzal kartinalari oʻz davrida qanchalik hayrat uygʻotgan boʻlmasin, endi ular allaqachon tarix mahsuli, XIX–XX asr klassikasi oʻlaroq moziyga muhrlangan. Xulosa shuki, har qanday anʼana aslida beqaror boʻlib chiqadi; boshqa tomondan, har bir inqilobiy zamonaviylik ertami-kechmi tarixga aylanadi.
– Buyuk faylasuf Hegel taʼbiri bilan aytganda, “Sanʼatsiz hayot – vahshiylikdir”. Darhaqiqat, dunyoni bani odamning ruhiyati, ong-u shuuriga taʼsir etuvchi, qalbida ezgulik, goʻzallik hislarini uygʻotuvchi sanʼat asarlarisiz tasavvur qilib boʻlmas. Biroq bugun chinakam sanʼatni qadrlovchilar tobora kamayib borayotir; estetik ehtiyoj, muzey yo teatrga bormoq moddiyat, tirikchilik, kundalik turmush tashvishlari ila andarmon avomning xayoliga ham kelmaydi. Omma sanʼat deb qabul qilayotgan xashaki tomoshalar, pichratqi ehtiros-u shahvoniy mayllarni qoʻzgʻovchi har turfa shoular esa shusiz ham gʻarib maʼnaviyatni yanada qashshoqlashtiryapti. Agar ahvol shu taxlit davom etsa, faylasuf ogoh etgan “vahshiylik” bilan yuzlashib qolmaymizmi? Sanʼatning istiqbolini qanday tasavvur qilasiz oʻzi: u faqat xoslar mulki boʻlib qoladimi yo kun kelib ommaning ham basirat koʻzi ochilarmikan?
– Koʻpchilik sanʼat faqat muzey va teatrlarda yashaydi, uning jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga daxli yoʻq deb oʻylaydi. Zamonaviy sanʼat bunday yanglish nuqtai nazar bilan aslo murosa qilmaydi.
Aslida, sanʼat va hunarmandchilik oʻrtasidagi bahs-munozara necha asrlardan buyon davom etmoqda. Oʻrta asrlarda Ovrupo cherkovi bugun biz yuksak cholgʻu deb biladigan organni “shayton matohi” deb atagan, diniy his-tuygʻuni faqat xor qoʻshiqchiligi ifodalashga qodir deb hisoblagan.
Sovet davrida xalq amaliy sanʼati nafis ijod maktablarida oʻqitiladigan mumtoz sanʼatdan ajratilgani ham durust ish boʻlmadi. Fikrimni bir misol bilan asoslasam. Buyuk musavvir Pablo Pikasso Afrikadagi marosim haykallaridan favqulodda ilhomlangan. Yaʼni xalq amaliy sanʼati uning ijodi va kubizm taraqqiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan.
1970-yilda britaniyalik Tim Rays va Endryu Lloyd Vebber “Iso Masih – superyulduz” (“Jesus Christ Superstar”) degan rok-opera yozadi. Diniy guruhlar bunga keskin eʼtiroz bildiradi. 1999-yilga kelibgina Vatikan operani rasman tan oladi va Rimda Iso Masih tavalludining 2000 yilligiga bagʻishlangan marosimda ijro etilishiga ruxsat beradi. Avvalboshda taqiq va taʼqibga uchragan asar vaqtlar oʻtib musiqa tarixidagi eng mashhur operalardan biriga aylandi, insonlarning dinga boʻlgan muhabbatini yuksaltirishga xizmat qildi.
Bizning davrimizda sanʼatdagi chegaralar yanada kengayib bormoqda. Yuz yil muqaddam fargʻonalik rassom Aleksandr Volkovning chopon va sallali erkaklarni kubistik tarzda tasvirlagani favqulodda yangilik deb baholangan edi. Hayrat hissi tobora qahatlashayotgan hozirgi zamonda u rasmlar bamisoli devordagi dekorativ dogʻdek qabul qilinsa ham hech ajablanmayman.
“Sanʼatni oʻldiradi” deya, badiiyat olamida paydo boʻluvchi yangi shakl, texnologiya va yondashuvlardan ihotalanish toʻgʻri emas. Insoniyat necha asrki bu xavfdan qoʻrqib keladi. Fotografiya ixtiro qilinganida tasviriy sanʼatning umri tugadi degan ovoza tarqaldi. Grammofon plastinkasi – jonli musiqaning, koʻchma videokamera kinoteatrlarning bozorini kasod qiladi degan xavotir oʻrtaga chiqdi. Bugun esa adib-u musavvirlar vaqti kelib ijod sohasi sunʼiy intellekt izmiga oʻtib ketishidan tashvishda. Qoʻrquv hissi tasavvur mahdudligidan kelib chiqadi deb bilaman. Biron bir yangilik mukammal boʻlishi mumkin emas. Sanʼatdagi yangi yoʻnalishlar ham takomil kasb etmogʻi uchun necha-necha sinov va tajribalar chigʻirigʻidan oʻtmogʻi lozim.
Bugungi vaziyatda davlat turli eksperimentlar uchun ijodiy muhit yaratishi, ijodkorlarning erkin tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi va ularni munosib ragʻbatlantirish choralarini koʻrishi kerak. Mamlakatimizda erkin ijodiy muhit shakllanar ekan, sanʼatimiz ham mustabid tuzum koʻlankasidan xalos boʻla boradi.
Shohrux ABDURASULOV
suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Basirat koʻzi ochilsa” suhbati