“Toʻy” atamasi turkiy soʻz boʻlib, “toy” yoki “qurultoy” shaklida moʻgʻullar va chigʻatoy xonlari davrida ham keng qoʻllanilgan. Aksariyat maʼlumotlarda esa “toʻy” – qadim zamonlardan beri katta jamoa, yuqori martabali zodagonlar, katta hajmdagi yigʻin, cheklanmagan miqdordagi ziyofat va dabdaba bilan uzviy bogʻliq boʻlgan odatligi keltirilgan.


Oʻzbek xalqi uchun, oilaviy marosimlar va urf-odatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aslida toʻy va marosimlar xalqimizni birlashtiruvchi urf-odatlarimizdan biri sanaladi. 


Toʻylardagi  ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozliklar meʼyoridan oshib ketayotganligi iqtisodiy zararni keltirib chiqarayotgan boʻlsa, oʻzbek millatiga xos boʻlmagan, milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimizga zid boʻlgan hatti-xarakatlar maʼnaviy meʼyorlarimizga ham taʼsir koʻrsatayotgani ayni haqiqatdir.


Aslida toʻy va marosimlarni oʻtkazish tarixiga nazar soladigan boʻlsak, ortiqcha dabdababozlik maʼnaviyatimiz va madaniyatimiz uchun illat ekanligiga guvoh boʻlamiz. Shariatda ham marosimlarda chegaradan chiqishning zarari borligi koʻrsatib oʻtilgan. Jumladan, harom-harish narsalarni tanovul qilish va gunoh ishlarni amalga oshirish, marosimga riyokorlik, kibr, manmanlik va isrofni aralashtirish, ortiqcha sarf-xarajat qilib oʻziga ham, oʻzgalarga ham zarar yetkazish marosim savobini yoʻq qiladi. 


Ulamolarimiz marosimlar haqida kelgan shaʼriy qoidalarni batafsil oʻrganib va tahlil qilib, qaysi marosimlar shariatda borligini belgilab berishgan. Masalan, “Al-Insof” nomli kitobda “Odamlarni chorlab, marosim qilib beriladigan taomlar oʻntadir” deyilgan.
Keltirilgan marosimlardan ikkitasiga alohida toʻxtalib oʻtsak:

Valiyma – kelin tushirish (nikoh toʻyi) marosimi. Nikoh toʻyini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtiradi. Bu xanafiy mazhabi boʻyicha sunnat amaldir. Ushbu toʻy orqali nikoh eʼlon qilinadi. Toʻyga hozir boʻlganlardan yangi oila, kelin-kuyov haqiga duolar olinadi.

Aziyra – xatna (sunnat toʻy) munosabati bilan oʻtkaziladigan marosim. Oʻgʻil bolalarni xatna qildirish sunnatdir. Oʻgʻil bolalarni xatna qildirish munosabati bilan kamtarona dasturxon yozilib, uning haqqiga duo olish niyati bilan oʻtkaziladi. Marosim egasi ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻymasligi alohida koʻrsatib oʻtilgan.


Bugungi kunga kelib toʻy va marosimlarda kimoʻzarga bellashish, ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozlik va madaniyatsizlik ummoniga gʻarq boʻlish holatlari kundan-kunga koʻpaymoqda. Oziq-ovqatlar, turli xil noz neʼmatlarni isrof qilish barobarida, quda-andalar oʻrtasida “oldi-berdi” avjiga chiqmoqda. Aslida yuqorida zikr etganimizdek, nikoh toʻyini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtirishi, toʻyga hozir boʻlganlar yangi oila, kelin va kuyov haqiga duo qilishlari kerak. 


Yana bir achinarli tomoni, boʻlajak kuyov uchun qilinayotgan sarpolar, mebellarni koʻrib oʻylab qolasan, kishi. Shunda haqli savol tugʻiladi, boʻlajak  kuyovlardagi izzat-nafs, gʻurur qayda qoldi? Oʻzbek yigitlari qiz tomonni ehsoniga, muruvvatiga shunchalar zormi? Yoki kuyov joʻralar qiz tomondan joʻnatilgan taomlarni hazm qiladigan darajaga borib qoldimi? Bu holni toʻqlikka shoʻxlik deb atasak ham xato boʻladi. Bu holni oʻta madaniyatsizlik, bilimsizlik va shariat qonunlarini tushunmaslik, deb baholash mumkin.


Yaqinda sinfdosh dugonam qizini uzatdi. Oddiy oila, qishloqda istiqomat qiladi. Toʻgʻrisi shaharda yashab, ish, tashvish deb, qishloq toʻylarida ishtirok etmaganimga ham ancha boʻlgandi. 1990-1998-yillarning nikoh toʻylari tasavvurimda qolib ketgan ekan. Ikkita sandiq, koʻrpa-toʻshak, yangi oila uchun idish-tovoq, iloji yetsa bir dona kiyim javoni. (Buniyam mahalla-koʻy, qarindosh-urug‘, qoʻni-qoʻshni birgalikda amalga oshirishar edi).

Vohaning eng chekka qishlogʻidagi dabdababozlikdan boshingiz “aylanadi”. “Kuyov sarpo” (kostyum shim, sport kiyimlari, poyafzal, koʻylaklar, roʻmolchadan tortib, ich kiyimgacha xarid qilinar ekan), yotoq mebeli va pardalar, gilam va koʻrpa-toʻshaklar, kuyovning oʻrtoqlari uchun 10 xildan ortiq taomni oʻz ichiga olgan “9 tovoq”, qaynona va qaynsingil uchun tilla taqinchoq, qarindoshlar uchun sovgʻa-salomlar, sarpolar, quda chaqiriq, qiz chaqiriq va hokazolar.


Toʻydan soʻng oʻrtogʻimdan qancha sarf-xarajat ketganligini soʻradim. 70-80 million deb aytdi. Eng ogʻriqli tomoni qarz va kredit olib, toʻy qilishibdi. Oʻzimizni ham baholi qudrat yiqqanimiz bor edi, deydi. Oʻsha yigʻilgan pulga soddaroq qilib toʻy qilsanglar boʻlarkan, dedim. Unda orzu-havasimiz qayerda qolardi, dedi. Orzu-havas natijasi oʻlaroq kelinning akasi va ukasi xorijga mardikorlikka ishga ketishdi. Qarzni qaytarish, kreditlarni yopish kerak. Eng qizigʻi, kuyov bola ham qaynogʻalari bilan birga ketibdi. Demak, kuyov tomonda ham “orzu-havas” moʻl boʻlgan.


Oilaning iqtisodiy oʻlchovini inobatga olmaslik, daromad va xarajatning uygʻunligiga eʼtibor qaratmaslik, koʻr-koʻrona qarzni boʻyniga olish – bu madaniyatsizlik va bilimsizlikdan, maʼnaviy ojizlikdan boshqa narsa emas. Yana bir haqiqatni ochiq-oydin aytishimiz kerakki, bu “orzu-havas” ni boshida ayollar turibdi.


Toʻy va marosimlarning asl mohiyati qolib, soxta obro‘ orqasidan quvib, manmanlikka berilish, “men sendan kammi?” qabilida ish tutish, buning oqibatida qarzga botish hollari koʻpaygandan koʻpayib bormoqda. Bu nafaqat oilalarning iqtisodiy inqiroziga, balki maʼnaviy muhitiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oqibatda, yosh kelin-kuyovlar yangi turmushni qarz bilan boshlab, yillar davomida qarzdan qutulish uchun ruhiy bosim asosida hayotini davom ettirishadi. Bu oiladagi sogʻlom maʼnaviy muhitga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Bu holat jamiyatdagi ogʻriqli va nosogʻlom muhitning barqarorligini taʼminlabgina qolmasdan, ijtimoiy munosabatlarda ham muammolarni keltirib chiqarmoqda.


Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, toʻylarning 70-80 foizida 300-500 kishi qatnashadi, xarajatlar esa 50-100 mln soʻmga yetadi. Bu esa aksariyat oilalarni moliyaviy qiyinchilikka, 45-50 foiz holatda esa qarz koʻtarishga olib kelmoqda. Amalda maʼnaviy mezonlarimiz zavoli boʻlgan manmanlik, dabdababozlik, kibr, oʻzgalarga taqlid qilish, kimoʻzarga toʻy qilish, “birrovchi”larni qatorlashtirib olib kelish kabi salbiy holatlar urchib bormoqda.


Joriy yilning yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda turli darajadagi toʻy va marakalarga yillik hisobda oʻrtacha 2,38 milliard dollar sarflanayotgani maʼlum boʻldi. Bu mablagʻni milliy iqtisodiyotimizdan kelib chiqib tahlil etadigan boʻlsak, ayrim sohalardagi yillik davlat sarflariga tengligini koʻramiz.


Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senati kengashining  2019-yil 14-sentyabrdagi qoʻshma qarori bilan  “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlangan. Ushbu Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega.

Qoʻshma qaror va Nizomga muvofiq, joylarda toʻy-hashamlarni 200-250 kishidan koʻp boʻlmagan, sanʼatkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yoʻl qoʻymagan holda oʻtkazish belgilangan. Maʼrakalarning ham isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda oʻtkazilishi qatʼiy koʻrsatib oʻtilgan.


Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-aprelda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida ishlab chiqiladigan yigirmadan ortiq muhim hujjat orasida aynan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼrakalar va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha qaror loyihasini mavjudligi ham bejizga emas.

Mamlakatimizda toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish tizimini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy  hujjatlarning asl mohiyatini xalqimizga yetkazish uchun “Maʼnaviy-profilaktik” tadbirlarni amalga oshirib borish lozimligini davrning oʻzi taqozo etmoqda.


Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixchamlashtirish, xalqimiz orasida ixchamlik, oddiylik va maromiylikka asoslangan toʻy va maʼrakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda dabdabadan xoli oʻtkazishni targʻib etish, maʼnaviyatimizga zid boʻlgan, oʻzligimizni kemiruvchi illatlarga qarshi ayovsiz kurashish maqsadida butun mamlakatimiz boʻylab “Dolzarb 90 kun” mavsumi eʼlon qilindi.


Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi tomonidan “Maromiylik” dasturi ishlab chiqildi va harakatga qaratildi.
Mazkur dasturni amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad, toʻy va marosimlarni ixcham, oddiy, isrofgarchiliksiz, qadriyatlarimizga mos va xos ravishda meʼyorida oʻtkazish yaʼni maromiylikka asoslangan holda kundalik hayotimizga kiritishdan iboratdir. Dastur doirasida “Ixchamlik – bu madaniyat” gʻoyasini aholi orasida keng koʻlamda targʻib etish nazarda tutilgan.


Bugungi kunda milliy qadriyatlarimizga va anʼanalarimizga zid boʻlgan, ortiqcha sarf-xarajatlarni, dabdababozliklarni oʻz ichiga olgan toʻy va marosimlarni ixchamlashtirishga, “urf”ga aylanayotgan manmanlik, oʻz-oʻzini  koʻz-koʻz qilish, bir kunlik toʻy va marosim uchun qarz balosiga giriftor boʻlish kabi salbiy illatlarga qarshi  kurashish uchun har birimiz masʼulmiz. Shu bilan bir qatorda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini taʼminlash vazifamiz va burchimiz ekanligini  ham unutmasligimiz kerak.
 
                                 
 

 Pardaxol  NORQOBILOVA,
                  Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
bosh mutaxassisi,  
                 “Ayol maʼrifati” jamoatchilik kengashi aʼzosi.