Yuriy Nikulin bir kuni erta tongda ishga ketayotgan edi. U dahshatli fojiaga guvoh boʻldi – piyodalar oʻtish joyida yosh ayol va uning olti yoshli oʻgʻlini mashina urib yubordi. Ona olamdan oʻtdi. Moʻjiza yuz berib bola zarar koʻrmadi. Shunchaki, toʻqnashuv chogʻida uning qoʻli onasining kaftidan tortib olingan edi.

Yuriy Vladimirovichning birinchi qilgan ishi: bola qonga botgan onasini koʻrmasligi uchun oʻzining kostyumini yechib, u bilan ayolning tanasini yopdi.

Politsiya tezda yetib keldi, voqea joyini oʻrab oldi, tez yordam mashinasi, oʻt oʻchiruvchilar, katta tomoshabinlar olomoni toʻplandi. Ular hayrat va oʻkinch bilan nima boʻlganini muhokama qilishardi, – yoʻl chetida oʻtirgan, yigʻlayotgan bolagina eʼtiborsiz qoldi.

“Bu qanday sodir boʻldi?” deb oʻyladi Nikulin, olomon ichidan chiqdi (politsiya taniqli aktyorni koʻrib toʻxtatmadi, faqat salomlashdi) va bolaning yoniga oʻtirdi. Qoʻlidan kelganicha tasalli aytdi, asalari tasviri tushirilgan qizil galstugini berib, keyin uyiga, buvisinikiga ham taksida olib ketdi.

Shu kuni Nikulinning Yaponiya delegatsiyasi bilan yuqori darajadagi uchrashuvi bor edi. Yuriy Vladimirovich tabiiyki kechikdi. U deyarli bir yarim soat kechikdi va hatto ofisga kostyumsiz (kostyum protokol tadbirlari uchun maxsus chet eldan sotib olingan), galstuksiz, yenglari tirsagigacha shimarilgan oq koʻylakda kirdi. Tokio delegatsiyasi rahbari Ito Kobayashi va uning hamkasblari Nikulinning tashqi koʻrinishi hamda kechikishini haqorat, osiyolik mehmonlarning diplomatik protokolini buzish, deb baholashdi, sirkni qoʻpollik bilan tark etishdi.

Besh yil oʻtgach, Kobayashi sirk direktori Nikulinning haqiqiy kechikish sababini, yaʼni oʻsha halokat sodir boʻlgan bulvardagi voqeani bilib qoldi.

Shunda Kobayashi tomonidan Nikulin uchun kompaniyaga tegishli samolyot joʻnatilib, Yaponiya poytaxtiga taklif qilindi. Yuriy Vladimirovich taklif qilingan kabinetda yetmish sakkiz nafar yapon kostyumsiz, galstuksiz, oq koʻylaklarining yengi tirsagigacha shimarilgan holda egilib, taʼzim qilib kutib olishdi.

Bahriddin ASROR tarjimasi.