Samarqandda toʻrt nafar maktab bitiruvchisi toʻrtinchi qavatdagi derazadan tushib ketgan qizni qutqarib qoldi hamda ijtimoiy tarmoq yulduzlariga aylandi. Eʼtiborlisi, holat 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sodir boʻlgan. Qizaloq peshonasidan kichik jarohat olgan, ayni vaqtda oʻzini yaxshi his qilmoqda. Voqea haqida dastlab viloyat IIB xabar berdi va yoshlarga minnatdorchilik bildirdi.

IIBga koʻra voqea quyidagicha boʻlgan: 2023-yil 1-iyun kuni Samarqanddagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Sh.Boborahimov, M.Saidalimov, O.Oʻtkirov va J.Eshnazarov sayr qilib yurishganda koʻp qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani koʻrib qolgan. Oʻquvchilardan biri darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartira tomon yugurgan, qolganlari qizaloq osilib qolgan balkon ostida qoʻllarini choʻzib, tirik qutqaruv panjarasini yasashgan.Yigitlardan biri zinapoyadan yugurib chiqayotgan paytda, qizaloq pastga qulab tushgan. Yigitlar uni tutib olishgan.

Aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora boʻlgan paytda qizcha balkonga chiqib qolgan.

Samarqand viloyati IIB yuz bergan holatga befarq boʻlmagan yoshlarga minnatdorchilik bildirgani yozilgan xabar yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va tarmoq foydalanuvchilari jonkuyar yoshlarni maqtov, iliq soʻzlar, minnatdorchilik izohlari bilan siyladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yigitlarning harakati uchun mamnunligini bildirar ekan, viloyat masʼullari tomonidan bitiruvchilar bilan uchrashuv tashkil etilganini maʼlum qildi. Uchrashuvda Shohrux Boborahimov, Murod Saidalov, Ozod Oʻtkirov va Jasur Eshnazarov qilgan ezgu amali, mardligi alohida eʼtirof etilib, viloyat boshqarmasi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan.

Yoshlar ishlari agentligi ham yoshlarga minnatdorchilik bildirdi. Agentlik jamoasi 4ta noutbuk va oʻqishga kirishda qoʻshimcha darslar hamda xorijiy tillarni oʻrganishdagi xarajatlarini qoplab beradigan boʻldi.

“Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir!”, deya yozdi Agentlik rahbari Alisher Saʼdullayev.

Yigitlar Samarqand shahridagi 80-umumtaʼlim maktabining 11-sinf bitiruvchilari boʻlib, ular sanoqli soatlar ichida media, jurnalistlar eʼtibor markaziga tushdi, yangiliklarning asosiy qahramonlariga aylandi.

“Qizaloq tushib ketgan koʻp qavatli uyda oʻrtogʻimiz ham yashaydi. Oʻsha kuni maktabda imtihonlarni topshirib, uy yaqinida doʻstimizni kutib turgandik. Tasodifan yuqorida osilib turgan qizchaga koʻzimiz tushdi. Bir sinfdoshimiz qizaloqning yaqinlariga xabar berish uchun yugurdi. Biz, uch kishi boʻlib qizchani tutib olishga intildik. Pastdan turib qizchaga biroz sabr qil, qoʻyib yuborma, deb baqirdik. U bizni eshitdi, lekin kuchi yetmay pastga quladi. Pastki qavatdagi tunukaga urilib, havoda ikki metrcha uzoqlab ketdi. Oʻzimni orqaga olib qoʻlimni tutdim, doʻstlarim ham tezda yordamga oshiqishdi. Xudoga shukur, qizcha qoʻlimizga tushdi va omon qoldi”, – dedi Kun.uz nashriga intervyu bergan Shohrux Boborahimov.

Qizcha derazaga oʻrnatilgan temir toʻsiq orasida maʼlum muddat boshi bilan osilib qolgani bois bosh qismi biroz jarohat olgan. Yigitlar uni tutib olgach, tezlik bilan unga dastlabki tibbiy yordam koʻrsatilgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Qizaloqning onasi yigitlarga minnatdorchilik bildirarkan, ushbu holatni Allohning moʻjizasi, deb atadi.

Hudud24 nashri ham qahramonlar bilan bogʻlanib, voqea tafsilotlari va kelajak rejalari haqida soʻradi. “Bugun ertalabdan beri menga qoʻngʻiroq qilgan ming birinchi odam boʻlasiz, hech mubolagʻasiz. Ochigʻi, biz bunday shov-shuvni kutmagandik. Oʻzi voqeani hech kimga aytmagandik ham. Qizchaning onasi va qoʻshnilari guvoh boʻlishgan edi, ular boshqalarga aytishgan, shu bilan tarqab ketdi”, degan Shohrux Boborahimov jurnalist bilan suhbatda.

Maʼlum boʻlishicha, qutqarilgan qizaloqning ismi Shukrona va u 4 yoshda.

“Yaxshi ish qilganimizdan, hammasi yaxshilik bilan tugaganidan xursandmiz. Tengdoshlarimizga aytamanki, odamgarchilikni tark etishmasin. Masalan, biz ham balkonda osilib turgan qizchani koʻrib indamay ketishimiz yo qoʻrqib qochib qolishimiz mumkin edi. Lekin keyin biz qanday yashardik? Oʻsha paytda qoʻlimizdan kelgancha yordam berishga harakat qilganimiz yaxshi boʻldi. Agar doim hamma shunaqa qilsa, qochmasa, befarq boʻlmasa, harakat qilib koʻrsa, atrofimiz, hayotimiz naqadar boshqacha, toza va toʻgʻri boʻlishini angladik”, deydi yigitlardan biri Shohrux Boborahimov.

Ijtimoiy tarmoqda mazkur voqealar haqida yozilgan xabarlar ostida yigitlarga minnatdorchilik izhorlari toʻlib-toshdi. Ularning ayrimlarini keltirib oʻtamiz.

Shahnoza Ismoilova: “Ota-onasiga rahmat, shu qora koʻzlarni”.

Manzura Tojiyeva: “Voyaga yetkazib tarbiya bergan ota -onalariga rahmat shunday mehrli, qoʻlidan keladigan ishga jonini berishga tayyor boʻladigan farzandni tarbiyalagani uchun. Yashasin, yigitlar, sog‘ boʻlinglar”.

Baxtiyor Temirboyev: “Bizda hali oʻtyurak yigitlar bor, ofarin!”

Shoira Qosimova: “Yosh boʻlishsayam oʻzini yoʻqotib qoʻyishmabdi,ota onasiga rahmat. Bir oilani musibatdan qutqarishibdi. Olloh rozi boʻlsin hammasidan”.

Maftun Xolmatova: “Gap yoʻq yigitlarga, yigitlar endi sizlarni tutingan singlingiz bor, bu dunyoda u dunyoda sizlar uchun duo qiladigan, sizlarga yaxshilik tilaydigan hamda qiyin kunlarda qahramon akalarim bor deb umid bogʻlaydigan singlingiz bor. Qizaloq senga havasim kelyapti 4 akang bor endi 4 suyangan togʻing bor. Shu akalaring uchun ham yaxshi oʻqib, yaxshi inson boʻlib ulgʻaygin, balki kelajakda arxitektor boʻlarsan”.

Nigora Hamroyeva: “Mana sizga, halol boʻlsin mard yigitlar! “Osmondagi bolalar — 4!” Sog‘ boʻlishsin yigitlar!”

Asliddin Mavlonov: “Barakalla yigitlar! Har qalay baʼzi birovlarga oʻxshab syomka qilib tomosha qilib turmabsizlar. Ota-onangizga rahmat!”

Gulbahor Mirzaliyeva: “Juda munosib javob boʻlibdi, qolgan yoshlarga xam oʻrnak boʻladigan boʻldi.Ofarin yigitlar!”

Nazar Vohidov: “Bolalar oʻsha oilani baxtini saqlab qolishdi”.

Dilrabo Bahronova: “Xayriyatki yaxshi xabarlar ham bor!”

Bahor Karimova: “Odam internetni yoqishga ham “qoʻrqib” qolgan edi yana qandaydir koʻngilsizlik chiqib kelishidan. Kechadan beri bu bolalar qilgan ishni oʻqib qalbimda qandaydir taskin paydo boʻldi, demak hammasi hali tugamabdi insoniylik hali oʻlmabdi. Suhbatdagi eng yoqqan jumlalar; “Agar doim hamma shunaqa qilsa, qochmasa, befarq boʻlmasa, harakat qilib koʻrsa, atrofimiz, hayotimiz naqadar boshqacha, toza va toʻgʻri boʻlishini angladik”. Haqiqatda ham befarqlik qoʻrqoqlik koʻp muammolarimizning sababchisi”.

Ijtimoiy tarmoqda yuqoridagi mazmundagi minglab izohlar, postlar qoldirildi. Ularni hammasini bitta materialga sigʻdirish imkonsiz. Qisqa qilib aytganda, yigitlarning ushbu harakatini barcha birdek olqishladi, atrofdagi voqealarga befarq boʻlmaslik lozimligini yana bir bor angladi. Kunlik negativ xabarlardan charchagan media va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari pozitiv xabarni katta quvonch bilan qarshiladi.

Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.

Oyina.uz