Diniy mavzudagi adabiyotlar koʻp nusxada nashr etila boshlanganidan soʻng shu sohaga oid soʻz va iboralar turlicha yozilib, qoʻshimchalar turlicha qoʻllana boshlandiki, ularni bir xil usulda yozish va qoʻllash masalasida hamon bir toʻxtamga kelinmadi. Yakuniy xulosaga kelinib, amalda qoʻllanilayotganlari ham bir oz andisha uygʻotadi. Xususan, -lar qoʻshimchasi ham ilm va ijod ahli oʻrtasida koʻplab bahs-u munozaralarga sabab boʻlmoqda. Bir toifa hurmatli shaxslar otiga -lar qoʻshimchasini qoʻshib aytishsa, boshqa toifa buni inkor etib, -lar koʻplik qoʻshimchasi ekanini iddao etadi va: “otamlar”, deganda “uning otasi koʻpmi?” degan savol paydo boʻlib qoladi”, deydi.
Mamlakatimizning peshqadam axborot agentligi OʻzA va yetakchi nashrlari “Tafakkur” jurnali, “Xalq soʻzi” gazetasida -lar qoʻshimchasi faqat koʻplik maʼnosida qoʻllanadi. Biroq diniy nashrlarda -lar qoʻshimchasi koʻplik bilan birga shaxsga hurmat ifodasi maʼnosida ham qoʻllanmoqda. Masalan, “Paygʻambar sollalllohu alayhi vasallam aytdilar”, “Shayx hazratlari keldilar” va shunga oʻxshash.
Nega bunday boʻlayotganini bilish uchun tilimizda ushbu qoʻshimcha qanday vazifalarni bajarishiga eʼtibor qaratmogʻimiz lozim. Jumladan, 2015-yil nashr etilgan “Oʻzbek tilidan maʼruzalar toʻplami”da bunday yozilgan:
-lar qoʻshimchasining uslubiy vazifalari
Agar qoʻshimcha oʻz vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. Masalan, kitoblar soʻzida -lar qoʻshimchasi grammatik koʻplikni ifodalamoqda. Bu esa uning vazifasi, yaʼni morfologik vazifasi sanaladi. Agar qoʻshimcha oʻz vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qoʻshimchasi hurmat maʼnosini ifodalamoqda. Bu uning oʻz vazifasi emas (yuqorida taʼkidlaganimizdek, -lar qoʻshimchasining vazifasi grammatik koʻplikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Otlarning koʻplik shakli koʻplik maʼnosidan tashqari hurmat, umumlashtirish, kuchaytirish (koʻzim – koʻzlarim, labi – lablari) maʼnolarini ham ifodalashi mumkin:
1. Hurmat maʼnosi. -lar qoʻshimchasi qarindoshlik munosabatini bildiruvchi shaxs otlari (dada, ona, oyi, amma, xola, togʻa, aka, opa kabi soʻzlar)ga qoʻshilganda 1 va 2-shaxs egalik qoʻshimchalaridan oldin kelsa grammatik koʻplik, keyin kelsa hurmat maʼnosini ifodalaydi.
Qiyoslang:
Akalarim keldilar – grammatik koʻplik – 1-shaxsda;
Akamlar keldilar – hurmat – 1-shaxsda;
Akalaring keldilar – grammatik koʻplik – 2-shaxsda;
Akanglar keldilar – hurmat – 2-shaxsda;
Uchinchi shaxsda esa -lar qoʻshimchasi oʻz maʼnosiga qarab koʻplik yoki hurmatni bildiradi. Qiyoslang: Dadamning akalari keldilar. Bu yerda hurmat yoki koʻplik maʼnosi ifodalangan.
2. Oʻzi qoʻshilayotgan otning maʼnosini kuchaytirish. -lar qoʻshimchasi faqat birlik sonda qoʻllaniladigan inson aʼzolari yoki mavhum otlarga qoʻshilganda maʼnoni kuchaytiradi: Sizlarga qarab zavqlarim (zavq – mavhum ot) toshib ketdi. Boshlarim (bosh – inson aʼzosi nomi) ogʻrib ketdi.
Solishtiring: koʻzlarimga ishonmayman (Oʻtkan kunlar). Bu jumladagi koʻzlarimga soʻzini birlik shaklga – koʻzimga shakliga almashtirib koʻring. Ikkinchi holat bilan birinchi holat bir xil maʼnoni – birlik maʼnosini (bir kishining koʻzini) ifodalasa ham, lekin bu ikki holat taʼsirchanlik, ifodalilik belgisiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Birinchisida yuqoridagi belgilar bor, ikkinchi holatda esa yoʻq. Baʼzan tasviriylik, ifodalilikni kuchaytiradi: koʻz yoshini artdi – koʻz yoshlarini artdi.
3. Umumlashtirish, jamlash maʼnosini bildirsa atoqli otlar turdosh otlarga aylanadi va kichik harf bilan yoziladi: Oʻrtangan shirinlarning fojialari, yor vaslini biyobonlardan izlagan majnunlarning sarguzashtlari xayolimda jonlandi.
4. -lar qoʻshimchasi oʻzlik olmoshiga qoʻshilganda kesatish, mazax yoki hurmat maʼnosini bildiradi. Oʻzlari ham kelibdilar-da – kesatish. Majlisni raisning oʻzlari olib bordilar – hurmat.
5. Donalab sanalmaydigan narsa va hodisalarni bildiruvchi otlar birlik shaklda kelsa ham, aslida, jamlikni bildiradi. Masalan, “Koʻchaga qum toʻkilgan” yoki “Ariq toʻla suv, ichgani tashna bolam”. Bunday soʻzlar koʻplik shaklini olganda koʻpincha narsa va hodisaning xilma-xil ekanini bildiradi. Suvlar (gazli suv, mineral suv kabi); bozordagi unlar. Doʻkonlarda nonlar va ichimliklar sotilmoqda. Tumanimiz markazida yogʻlar ishlab chiqarilmoqda.
6. -lar qoʻshimchasi atoqli otlarga qoʻshilganda birgalikda ekanlik maʼnosini bildiradi: Musobaqada Olimlar (koʻp olimlar emas, Olim va uning oʻrtoqlari) gʻolib boʻlishdi. Yozda Buxorolarni (koʻp Buxoroni emas, Buxoro va uning atroflarini yoki Buxoroning turli nuqtalarini) aylanib keldim.
7. -lar qoʻshimchasi payt va masofani bildiruvchi soʻzlarga qoʻshilganda chama, taxmin maʼnosini bildiradi. Soat beshlarda boraman. Bodom fevralning oxirlarida gullaydi. Metrogacha ikki yuz metrlar yurasiz (Nargiza Erkaboyeva. Oʻzbek tilidan maʼruzalar toʻplami. Toshkent, “Akademnashr” 2015, 149-151 betlar).
Ushbu taʼrifdan ayon boʻladiki, -lar qoʻshimchasining vazifasi baʼzilar oʻylagandek, ikki xil: hurmat va koʻplik emas, yetti xil ekan.
Endi oʻsha asosiy bahsga sabab boʻlayotgan ikki masalaga kelsak, agar qoʻshimcha oʻz vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. Masalan, kitoblar soʻzida -lar qoʻshimchasi grammatik koʻplikni ifodalamoqda. Bu esa uning morfologik vazifasi sanaladi. Agar qoʻshimcha oʻz vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qoʻshimchasi hurmat maʼnosini ifodalamoqda. Bu uning oʻz vazifasi emas (yuqorida taʼkidlaganimizdek, -lar qoʻshimchasining vazifasi grammatik koʻplikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Demak, yetakchi ommaviy axborot vositalari -lar qoʻshimchasining grammatik koʻplikni hosil qilish vazifasini olganlar, diniy nashrlar esa uning morfolik vazifasi bilan birga uslubiy vazifasini ham olgan.
Shu nuqtai nazardan, shaxsning ismiga -lar qoʻshimchasini qoʻshmasa ham, qoʻshib yozsa ham xato boʻlmaydi. Faqat bu borada bir toʻxtamga kelib olinmogʻi zarur. Bizning fikrimizcha, diniy soha xodimlari va diniy nashrlar ushbu qoʻshimchaning ikki vazifasidan ham faol foydalanishda davom etgani tuzuk. Negaki, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning ismlariga -larni qoʻshib aytmaslik sira ham yarashmaydi. Shuningdek, Paygʻambar alayhissalomning merosxoʻrlari boʻlgan zotlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabilar va zamonamiz olimlarining ham ismiga -larni qoʻshib aytmasa odam goʻyoki ularga hurmatsizlik qilayotgandek xijolat tortadi.
Aslini olganda, bu yaqin yillarda paydo boʻlgan muammo emas, shu yillarda koʻzga chalinib qoldi xolos. Chunonchi, Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Amir Qosim Anvor quddisa sirruhu haqida yozganlarida “Yigitliklarida shayx Sadriddin Ardabiliy quddisa sirruhugʻa murid boʻldilar va sufiya odob va tariyqin andin takmil qilib shayx ishorati bila Xurosongʻa keldilar”, degan boʻlsalar; boshqa oʻrinda “Mavlono Kotibiy – oʻz zamonining benaziri erdi. Har nav’ sheʼrgʻaki, mayl koʻrguzdi, anga maoniyi gʻariba koʻp yuzlandi, bataxsis, qasoidda balki ixtiroʻlar ham qildi va koʻp yaxshi keldi”, deganlar.
Buni qarangki, bir asarning oʻzida -lar qoʻshimchasi hurmat-ehtirom maʼnosida ham qoʻllanyapti, ham qoʻllanmayapti.
Bundan ayon boʻladiki, ushbu qoʻshimchani qanday qoʻllash masalasida bir toʻxtamga kelib olishimiz talab qilinayotgan ekan, xolos.
Tilimizga oid bu kabi muammolar juda ham koʻp. Maqolaning hajmi kattarib ketmasin degan andishada bitta qoʻshimcha bilan kifoyalanib qoʻya qoldik. Ammo ishonchimiz komilki, bu yurtimizdagi nufuzli dinshunos, tilshunos, atamashunos olimlarimiz va OAV vakillari ishtirokida bir anjuman oʻtkazib muhokama qilishga arziydigan mavzu.
Damin JUMAQUL
Foto by: Abdumannon MUHAMMAD