Xalq aytadiki, “Naqlda aql bor – aqlda naql”. Bu naqllar oqil koʻrinish, aql oʻrgatish gʻarazida toʻqilmadi, bilʼaks, “...izhor etib ket” degan daʼvatga javob tarzida koʻngildan toʻkildi.

Abror hayrati

Oʻqish, uqishning manzillari yigʻilib yagona Kitobga eltadi. Kimki shu kitobga yetsa, hikmat xazinasiga yoʻliqadi. Xazina tilsimi Alouddin topgan “sim-sim” kabi bittagina SOʻZga ochiladi. Bu kitob oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi, birov tortib ololmaydi. Har kim kitobdagi kalit soʻzga ega chiqsa, soʻz unga koʻzdek koʻngil oltinlari, dur-u javohirlarini hadya etadi. Soʻz egasi koʻnikmalardan hayrat topadi. Bu hayrat – ABROR hayrati boʻlib, soyaning soyasida qolishdan saqlaydi. ASL magʻzini, mohiyatni koʻrsatadi. Soʻz sohibi “Yosin” surasining 8-9-oyatida zikr etilgan, Aflotunning “Gʻor” naqlida aytilgan: boʻynidan iyagigacha boʻgʻov urilib, kekkayib qolgan, oldi, orti toʻsilib, hech narsani koʻra olmaydigan soyalar saltanati qavmidan boʻlmaydi...

Oq-u qora bir yoʻlda

Bozor, mozor uyqash soʻzlargina emas. Bozor-u mozor – bu hayotga bir timsol. Bozor boʻlgan joy mozorga, mozor oʻrni bozorga evrilaveradi... Charxning bu aylanishida oq-u qora, issig‘-u sovuq, kun-u tun, yoz-u qish, ezgulig-u yovuzlik kabi ola haqiqat, hikmat kelaveradi. Tilimizdagi OLA degan soʻzga koʻp ham eʼtibor bermaymiz. Qarshimizda turgan togʻni koʻrmaslik tog‘ yoʻq degani emas. Bizning qalb koʻzimiz koʻzoynaktalab boʻlganiga ishoratdir. Bu soʻz mifologiyamiz, marosimlarimiz, urf-odat, irimlarimiz, folklorimizda manaman deb turibdi. Momolarimiz balo-qazodan asraydi deb oq, qora iplarni eshib, olabogʻich qilib boʻynimizga tumor osadi. Koʻzmunchoq ham ola tusli. Goʻroʻgʻlini Olabiya emizib ulgʻaytadi. Goʻroʻgʻlining Gʻirkoʻkni enazotim deb suyishi shundan. Bugun dunyoga yapon, koreys, xitoylar In-Yan deb anglatayotgan tushuncha timsolini biz turklar qadimdan ola ataymiz. Bir-biriga eshilgan, uygʻunlashgan nimaiki bor, yaxlit hodisa ekanligini ola rang ifodalaydi. Har jabhada ibrat, saboq, hukm bor. Faqat Kitobini topa olgan, SOʻZga ega chiqqan kishigina bu hikmatni uqadi.

Mozorda ola haqiqat sukut saqlaydi. Bozorda ola haqiqat qaynaydi. Shunchaki qaynaydiki, oq-u qora eshilib, ranglar quyqalashib oqadi. Bozor ahlini oʻzida eshib oqizadi. Bir dam toʻxtagan KIShIgina OQ-u QORAni ajrata oladi.

Soʻfiy muridlari bilan bozorda edi.

Bozor havosi, shovqini hammani mast qilib tebratar, kimning nima deyayotganini ajratish qiyin, bozor ahlining oldi-sotdisini eshitib, anglash mushkul edi. Molim yomon deydigan kishi topilmas, olarmanga oltov kam, berarmanga beshov koʻp... tortishuv avjiga chiqqan “daha” vaqti edi.

Saratonning quyoshi qizdirar, bozor qozonday qaynar, bir obkash tongda togʻdan olib tushgan muzni suviga solib, quvragan tomoqqa malham, deb suvini maqtab rasta oralar, kunning tigʻida chelakdagi muz-u obkashning ne mashaqqatlar bilan qilgan mehnati uning koʻz oʻngida erib borar edi. Obkash eriyotgan muzni koʻrib, bu yoʻlda chekkan mashaqqatlarini oʻylab, emranib xalqqa murojat qilardi: “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Suvdan oling! Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin...”

Soʻfiy qulogʻiga bozor shovqinidan ajralib AZONdek shu soʻzlar quyildi.

Butun vujudini qamradi, oʻzidan ketdi. Muridlar hushidan ketib yiqilgan pirga issiq havo taʼsir etdi, deb xayol qilishdi, yelpishdi, yuziga suv urishdi, soyali-salqin joyga olishdi. Soʻfiy koʻzini ochdi. Muridlar soʻrashdi:

– Oftob urdimi, havo yetmadimi?

Soʻfiy aytdi:

– Eshityapsizmi, “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin”, deyapti U! Eshitmayapsizmi?

Soʻfiy BOZORdan izlaganini topgan edi...

Uygʻonishga chorlov

Bosqinchi elni gʻorat qildi. Gʻolib askarlar yurtni uch kun taladi. Podsho soʻradi:

– Nima gap?

– El norozi, – deyishdi.

Podsho buyurdi:

– Yana uch kun talash!

– Endi ne soʻz? – deb surishtirdi podsho.

– El yigʻlayapti, – dedi mulozimlar.

– Yana uch kun talash! – deya qahr qildi tojdor. Muddat oʻtgach:

– Endi ahvol qanday? – deb surishtirdi.

– El qoʻshiq aytyapti, – dedilar. Podsho talon-torojni toʻxtatdi...

Kuygan ham, suygan ham qoʻshiq aytadi.

Quduqqa aytilgan sir qamish boʻlib undi. Qamish nay boʻldi. Nay “Iskandarning shoxi bor” deb qoʻshiq kuyladi...

Qoʻshiq – mazlumning qalqoni...

Qoʻshiq – qish mavsumi.

Qish – yigʻinish, kuch toʻplash davri.

Qoʻshiq uyquga uyqash.

Uyqu oʻlimdir!

Uyqudan soʻng uygʻonish fasli.

 “...shoxi bor” degan hayqiriq, uygʻonishga chorlov.

Tiriklar uygʻonadi...

Orzuning qoʻsh qutbi

Bobom choʻpon edi. Avval otasining, keyin kolxozning, soʻng sovxozning qoʻylarini boqdi. Kam soʻzlardi. Gap kovlasam... “Senam davlatning odamisan-da, bu davlating bir dona qand berdi, endi qoʻy qilib olyapti” degan edi. Momom “hisobini topmagan chol” deb koyib qolardi. Bobom indamasdi, oʻziga-oʻzi “Bir qora choygun boʻlsa, olsang-da, gʻorga kirib ketsang” deganini eslayman...

Rahmatli Anvar qori (Tursunov) bilan laboranturada (institutning laborant lavozimini yumor qilib toʻqilgan nomi) birga ishlaganmiz. Qori aytardi: “Kichkina hujrang boʻlsa, mahsi tikib oʻtirsang, hech kim tergamasa...”

Eshitganim: Eynshteyn oʻtin yoruvchiga havas qilgan ekan.

Oʻqiganim:

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻizoyoq yoʻl,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon

Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.

Qismat mayin ichdim – achchiq va taxir,

Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.

Dunyoda odamzod yashamas, axir,

Faqat irodasin sinamoq uchun.

Parchagina bulut.

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻizoyoq yoʻl,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon

Qayta olsam edi qoshingga butkul.

(Abdulla Oripov)

Saboq: Orzusiz odam boʻlmaydi. Orzu hamisha biz bilan birga, bizni yashashga undaydi. Orzuning qutblari bor. Biriga intilamiz, boshqasiga qayta olmaymiz.

Kishi intiluvchi orzu ZAMONda undan oldinda, MAKONda ancha yuqorida turadi. Qayta bilmas ikkinchi qutb xiyla quyida miltillaydi...

Orzu qutblariga yetishning eng qulay, oson yoʻli xayoldir. Har kimning koʻnglida bir qoʻshlik yeri boʻladi. Kishi bu yerga orzu urugʻlarini qadab, undirib, hosillar yigʻaveradi.

Orzuga xayolda yetish qanchalar lazzatli boʻlsa, shu qadar alamli ham. Ana shu makonda orzu qutblarining chegarasi aniq boʻy koʻrsatadi. Aniqlashadi. Chegara chizigʻi aynan kishi orzu qilayotgan damda u egallab turgan mavqe va imkon ustidan oʻtadi.

Kishini toliqtirib, hatto yanchib tashlaydigan kuch – orzu yetib joylashgan makon-u vaqtning U egallagan imkoniyatdan uzoq-uzoqlarga ketib, sarobday oʻziga imlashidir. Shunda kishiga tayanch boʻlgan INONCh yeri qumga evriladi, tushkunlik izidan suv quyib, ishonchga qoʻshib kishini ham joyidan qulatadi.

Shunda kishi Eynshteynning oʻtin yoruvchiga havasmand boʻlganiday orzusi va amali aniq odamga intilib: “Nega men “oʻtin” yormayman?” deb nadomat chekadi.

Ana shunda koʻngilning tub-tubida yasab olgan “gʻor”iga, “hujra”siga qaytishni istayveradi. “Qayta olsam edi qoshingga butkul” deb iztirobda oʻrtanadi.

Kishi orzular qutblari aro “Bir qoʻshlik yerida...” yashaydi. Asl manzilga qaytguncha mehmon...

Oʻchmas bitik

Pirni kimdir Yassaviy edi, deb naql qiladi. Boshqasi Naqshband, yana birov Xoja Ahrorga nisbat beradi.

Pir jon taslim qilayotgan dam muridlar yigʻilib soʻradi: “Pirim, endi hikmatlaringizni qayerdan topamiz?”

Pir sekin shivirladi: “Oʻzingizdan izlang...”

Mohiyat odami boqadi, anglaydi, soʻzlaydi.

Enasoʻz barcha hakimlar bisotida boʻladi. “Yassaviy, Naqshband, Xoja Ahror edi” deb turlanishi shundan.

Enasoʻz – qanotli tulpor. Aql tulporni jilovlasam, deydi. Qanotli tulpor qoziqqa kelmaydi. Aqlning qaychisi rahmni bilmaydi. Qanoti kesilgan tulpor – bu endi ot. Hukmbardor aql otni koʻzi tushgan qoziqqa bogʻlab poyloqchilik qilishni xush koʻradi.

Hikmat koʻngillardan koʻngilga oqadi. Bitik oʻchmaydi. Qoʻlyozma yonmaydi.

Qopqasiz quduq

Sartarosh shoh Iskandarga SIRni saqlashga vaʼda berdi, qasam ichdi, AHD qildi. Qasamli ahd kattalashdi, sartaroshning qorni yorilish, portlash darajasiga yetdi. Sartarosh kimsasiz sahrodan quduq topdi, ichidagi ahdni shivirlab yordi, darddan forig‘ boʻldi, yengillashib, odamlarga aralashdi. Ahd quduqda qamish boʻlib oʻsdi. Qamish oʻziga choʻponni mahliyo etdi. Choʻpon oʻzgacha IXLOS bilan nay yasadi, chaldi. Nay “Iskandarning shoxi bor” deb kuyladi. Ahdning siri sindi. Nay sadosi olamga yoyildi...

Har birimiz har qadamda Iskandar sartaroshining ahvoliga tushamiz. Farqimiz: SIRimiz badaliga berilgan vaʼda Iskandar qahri boʻlib qadamimizni oʻlchab yuradi. VAʼDAning javobgarlik kuchi, qadriga qarab sirning oʻchish muddati oʻz TOShIni oladi. Javobgarlik toshi, masʼuliyati Iskandar sartaroshidek QUDUQ topib toʻkilishga majbur qiladi, lekin hamisha quduq qopqasiz qolaveradi. Qamish oʻrniga oʻsgan “mish-mish”lar qilichi yuzimizni shuvut etadi. Ostonada ezilgan saqich bozoriga ega chiqamiz...

Sirning jilovini tutib, “saqichlar bozori”dan qutulishning eng xavfsiz yoʻli sartaroshning choʻponga evrilib, quduq qamishidan nay yoʻnib, chala bilmogʻidir...

Iskandar sartaroshining sir aytar qudugʻi – sanʼat “qudugʻi”, choʻpon – baxshi, shoir, rassom – bori sanʼat ahlidir. Tangridan boʻlak biror bir kimsaning tili aylanmagan ulkan – “Iskandarning shoxi bor” degan sirning sirini oʻchirgan til – kuy, sheʼr, jamiki sanʼat asaridir.

Har bir odam oʻz holicha bir mamlakat. Bu mamlakatning Iskandari, sartaroshi, choʻponi ham uning oʻzi. Kimda kim oʻz mamlakatidagi sir yutar qudugʻining YUKini sir ochar nayga jamlab ayta olsa, oʻz Iskandarining qatlidan omon qoladi. U bu OʻYINda mutlaq gʻolib boʻladi. Insonning – “Oʻzligingni angla” deb belgilagan marrasiga yaqinlashadi. NAY egasiga aylanadi...

“Suhbat”ning qazosi yoʻq

Hakimlar aytadi, odamlar qaytaradi. Aytish va qaytarishdan anʼana tugʻiladi. Deydilar: uch yuz oltmish eran bor, Tangri borliqni shu eranlar bilan boshqaradi. Uch yuz oltmishdan qirqi ajralib chiqadi – chiltan shulardir. Qirqdan yetti, yettidan uch, uchdan bir saralanadi. Bir – qutb sanaladi. Yetti iqlimda yetti qutb turadi. Yana qutblar qutbi boʻladi. Uning ruhi Qutb yulduzida, deyishadi. Xalq orasida ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan xalqona anʼanaviy bilimning qaymogʻi shu.

Xoslar aytadi, omma qaytaradi... bilimning qaynogʻi xoslar suhbatida boʻladi. Hazrat Boqirgʻoniy aytadi:

Suhbatliq oriflargʻa jonim berib,

Suhbatsiz nodonlardan qochgʻum kelur.

Xoja Bahouddin Naqshband taʼlimotining ustunlaridan birini “Suhbat dar anjuman” deya koʻrsatishi bejiz emas.

Naql qiladilarki, qutbi zamon Domla Kamol bobo bir koʻngil yetar hamsuhbati bilan koʻrishib, uzoq gapxona qurdi. Domla boboning yumushlariga qarashib turuvchi xodimi guvoh edi. Xodimning Kamol boboga hurmati haddan baland, sadoqati cheksiz edi. Domlaning issiq-sovugʻiga oʻzini masʼul sezar, xizmatidan huzur olar edi. Vaqt oʻtaverdi, xodim qarasaki, peshin boʻldi, Domlaga ishorat qildi. Javob boʻlmadi. Asr muddati keldi, aytdi. Domla suhbatni boʻlmadi. Shom vaqti yetganida xabar qildi. Domla xodimning bu ogohlantirishini ham eʼtiborsiz qoldirdi. Qazodan xavotir boʻlgan xodim yana bir bor eslatdi. Domla Kamol bobo xodimga ohista eslatdi: “Namozni qazo qilib oʻqisa boʻladi, bu suhbatning qazosi yoʻqdir”.

“Odamni, umuman, suhbatli va suhbatsizga ajratsa koʻp narsa oydinlashadi. Fikr odami va fikrsizni taniysiz”, deydi Ibrohim Haqqul.

Avliyolar suhbati kabi olimlar suhbatining ham fayzi boʻladi...

Magʻizli, qazosiz suhbatlar har kun tugʻilmaydi, kunida, koʻngillar koʻngilga rost boʻlgan damlarda dunyoga keladi... Anʼanalar yangilanadi, yangilari paydo boʻladi. Xalqona bilim avloddan avlodga oʻtadi, oʻzanlar qayta toʻlib bahorgi toshqinday oqadi...

Xizr suvi

Har zamonga bir zamon.

Bir zamonda DAM zamon bor. Dam zamonning bittadan Qoʻychiboy otasi...

Kimlardan KIMdir sezadi, koʻp ilgʻamaydi. Koʻp soʻraydi, Qoʻychiboy otani koʻrmay zamonlar oʻtaveradi...

Tushov tushovlanganga mos. Vaqt oqaveradi...

Qoʻychiboy ota tushovni, tushovlanganni ham taniydi. Koʻkdan IShORAT boʻlmasa qoyaday sukutda turadi. AMR kelsa qumday koʻchadi.

Zamona Qoʻychiboyiga hazrati Xizr uchradi. Soʻradi:

– Xizr hozir qayerda?

Qoʻychiboy ota yerga boqib, koʻzini yumib, sukutda qoldi. Aytdi:

– Kunchiqarda yoʻq, Kunbotarda yoʻq. Oqtovni, Qoratogʻni koʻryapman yoʻq. Yo sen Xizr! Yo men Xizr.

... Uchning biri – Xizr.

Yettining biri – Xizr.

Elning biri – Xizr.

Kun botadi, tun yopadi. Tong otadi, Kun yoqadi...

Kimlardan KIM – hazrati Xizrga orzumand boʻldi, yoʻliqdi, bosh barmogʻiga yopishdi, taniganday boʻldi, soʻradi:

– Menga tiriklik suvi bering!

Hazrati Xizr KIMning koʻksiga qoʻlini qoʻyib, dedi:

– Joning janonasida buloq bor, och! Xizrsan!

Kim soʻrayapti... izlayapti... uzoqlashyapti...

Buloq Qoʻychiboy otani topadi...

“Mullaka”lar

Yoʻqlama, imtihon deganlari bilan azaldan kelishmayman. Tabiatimga begona. Tamom-vassalom!

Bu amallarsiz oʻqitishning kemtikligiyam bor gap. Yoʻqlamani dekanatdagi “mullaka”lar talab qilishadi. Ishning yurishi shu, tushunaman. Koʻnikkanmiz...

Yil boshida talabalarga bir gapni albatta aytaman:

– Toshkentda Samarqanddarvoza degan mahalla bor, bilasizmi? Eski qabriston, yonida masjid turibdi. Qodiriyning oʻgʻli otasiga ramziy qabr tiklagan. Aytadilarki, Kumushbibi shu qabristonga dafn qilingan, Qodiriy savdoyi Zaynabga shu yerda duch kelgan...

Mahalla, qabriston, masjidga tegishli voqea, sanalar koʻp...

Boboxon aka degan hamkasbim boʻlardi (Yaratgan rahmatiga olgan boʻlsin). Asl samarqanddarvozalik, bobolari qalandarlarga pir oʻtgan – toʻralarning avlodi. Mahalla odamlari, qabriston, masjid hangomalarini shu odamdan eshitganman.

“Bir odam boʻlardi. Qabristonda, masjid atrofida, koʻcha-kuyda uchrab qolardi. Birovlar tentak, boshqalar kamsiq, kimdir xislatli, deb aytardi.

Masjidda uch-toʻrt chol gaplashib oʻtirsa shu odam kelibdi. “Sizlarga qoʻshilib ikki rakat namoz oʻqisam, ertaga oʻtib qolsam, xotintaloq mullalar bunga janoza joiz emas, namoz oʻqimagan, desa guvoh oʻtarsiz” deb chollarga qoʻshilib namoz oʻqibdi.

Ertasi shu odam chindan oʻtib qolibdi, shunda mulla “Bu jinni edi, janoza oʻqilmaydi!” debdi. Chollar bizga qoʻshilib namoz oʻqigan, guvohmiz, deyishibdi...”

“Mullaka” – svetofor. Shahar koʻchasidagi tartibni svetofor boshqaradi. Choʻlda, keng dala-dashtda bu xil jilov kerak emas. Erk kishining oʻzida...

Kishi erkka oshiq!

Har sohaning oʻz “mullaka”lari boʻladi...

Mullakaning koʻnglidagi “bir qoʻshlik yer”ga tom solib olgani, tomini zindonga aylantirgani yomon...

Daryo toshqin, suvlar shoshqin – oʻtolmayman,

Otim oriq, manzilimga yetolmayman...

Talabalarga “Sizga tarix aytdim. Tarixni naqlga aylantirdim. Bizning fanimiz mohiyati shunda”, deb gap boshlab, “bismillo”dan nariga oʻtaman...

Soʻz qaymogʻi

Bir chelak sutdan bir piyola qaymoq chiqadi.

Soʻzning magʻzi yigʻilib naqlda, naqlning qaymogʻi maqolda jamlanadi. Uch yuz oltmish eran yigʻilib bittadan hikmatli soʻz aytibdi, shundan maqol paydo boʻlibdi, deyilishi bekor emas. Har narsa borki, javhari yigʻilib quyma shakl olsa, el oʻrtasida saqlanadi, avloddan avlodga oʻtadi.

Voqea:

Abdinazar baxshi gurung qildi: eshon bilan mulla yoʻlning yoqasida, katta tutning tagida suhbatlashib oʻtirgan ekan.

Tulporning toyligi boʻlmas,

Nokasning boyligi boʻlmas,

It quturib tozi boʻlmas,

Qul quturib qozi boʻlmas,

deb bir joʻgi (loʻli) tilanib oʻtib ketaveribdi.

Bularning qulogʻiga joʻgining qoʻshigʻi yoqibdi. Yaqinidagi odamga “Boʻl tez, uni qaytarib kel” deyishibdi.

Joʻgiga:

– Qani, qoʻshigʻingni ayt qani, – deyishibdi. Shu baytni qaytarib aytibdi.

– Koʻproq ayt, – deyishsa, yana shu baytni qaytarib aytarmish. Uning bilgani shu toʻrt qator bayt ekan. Bular koʻproq eshitmoqchi boʻlishgan.

Hissa:

Loʻli ortiq bilganida, aytganida, shu bayt magʻzini boshqacha shaklda qaytargan boʻlarmidi?!

Qaymoqqa suv qoʻshilsa, shakli ayron, mazasi chuchmal boʻladi...

Har narsaning quyma shakli koʻngilga tushsa, aqlga yetib oʻzidan oʻzi maʼnolar tugʻadi.

Chinakam hikmat bulogʻining koʻzi ochiladi. Kashf qilingan SOʻZ maqomini oladi. Uyurda tulpor bitta boʻlganday, magʻizli soʻz ham qisqa boʻladi. Quyma baytning qadri, hikmati ham ana shunda.

Xonaqohning mushugi

Xonaqohda pir, murid va mushuk muqim edi.

Murid – oshpaz, mushuk pirning atrofida parvonadek aylanar, uxlar edi. Pir “vatan” sayrida uzoq boʻlardi...

Mushuk dasturxonga ijozatsiz yaqin kelmasdi.

Pir tamaddi vaqtlari:

– Yoʻlbars bu, yoʻlbars, – deb mushukni suyardi...

Oshpazning ovozi pirning sayrini buzdi, shovqin tashqarigacha chiqdi.

Mushuk hovlidagi yakkatut tepasida hurpayib turar, oshpaz tayoq bilan oʻdagʻaylab jonivorga harba qilar edi.

Pir surishtirdi:

– Ne boʻldi?

– Goʻsht oʻgʻirladi bu, goʻsht!

Pir oshpazga ishorat qildi. Oshpaz hovuridan tushdi. Pir mushukni yoniga chorlab, yalinchoq soʻradi:

– Yoʻlbarsim, ne jin urdi seni?

Mushuk tutdan tushib, bostirmaga oʻtdi. Bir vaqt koʻzlari yumuq, jish mushukbolani pirning oyoqlari tagiga olib kelib qoʻydi.

Pirning koʻzidan yoʻlbarsning jasorati, shiddati, gʻururi, vijdoni, oriyati yosh boʻlib oqdi. Hadik, mutelik, tobelikka evrildi, oʻgʻri mushuk boʻlib tiklandi. Pir shivirladi:

– Yoʻlbarsimizni biz oʻgʻri qilibmiz-ku?!

Xonoqoh mushugining soyasi kattalashdi, quyuqlashdi, pirni, hovlini, gʻubor oldi...

 Teshik chelak

Ayiq olmani xush koʻradi. Togʻda yovvoyi olma pishganda maymoqlar choʻqqi, bellar oshib, bitta-bitta olmaxoʻrlikka tushib keladi. Bir xillarining bolalari irgʻishlab ergashadi. Ana shunda ovchi ayiq ketib qolmasin, deb qoʻllagan hiyla ish beradi. Ovchi olmazorning har-har yeriga, tubi teshik chelaklarni (nafsning oʻpqonini!) qoʻyib ketgan boʻladi.

Ayiq aqlli hayvon, odamzodga taqlidda unga yetadigani yoʻq. Odamning chelakda narsa tashishini koʻrgan emasmi, chelak topganidan yayrab ketadi. Daraxtlarni silkitib olma qoqib, chelakka soladi. Chelagi toʻlib koʻtarsa, olmalar duv toʻkilib ketadi. Ayiq jumboqning tagigi yeta olmay hayron. Koʻtardi – chelak boʻm-boʻsh qoldi. Yana qayta boshdan chelakni toʻldirdi, koʻtardi – yana boʻm-boʻsh!..

Chelak – osh-u non edi, yeyildi, tana bir zum rohat koʻrdi, bari unutildi. Pul edi – qoʻlning kiri boʻldi. Mansab edi – izidan quvdi, yetmadi. Suyumli ayol edi – vafo topmadi. Barisi hech boʻldi, holatlar evrilaverdi...

Tagi teshik chelak ayiqni shunchalik rom qiladiki, hatto bolasining atrofida oʻralashishi ham malol keladi. Bolasini chetga surib, olma teradi, toʻlgan chelakni shodlanib koʻtaradi, olmalar duv etib toʻkiladi. Ayiqbola chelakka yopishadi, otasini tortqilaydi. Xunobi oshgan ayiq bolani toshga (SOYA sudraklagan TOSh) bostirib, yumushiga shoʻngʻiydi. Bolani unutadi. U tipirlaganicha tosh ostida qoladi. Nafs qutqusi, teshik chelak alami vaqtni yamlamay yutadi. Vaqt teshik chelakdan toʻkilib bitganini ayiq sezmaydi. Bir vaqt qarasaki, tosh tagidagi bolasi oʻlib qolibdi...

Ana shunda ayiq butun DARAni boshiga koʻtarib oʻkiradi, jonsiz bolasini boshi uzra koʻtarib, orzu umidlari loshini sudrab TOQqa – kelgan manziliga chiqib ketadi.

Teshik chelak hoy-u havas edi – toʻkildi-yitdi! Teshik chelakdan SOYaning loshi toʻkildi. Ayiq murodining loshini koʻtarib oʻkirganicha ketdi...

Ey sen ayiq! OʻZni holatlarning teshik chelagida oqizib, ISMini, ASLIni yoddan oʻchirgan soya! Ey sen Goʻroʻgʻlining Quyosh oʻgʻli ekanini unuttirgan, Asqartoqqa maqsadlari loshini sudrab qaytishiga mahkum qilgan qudrat YIT endi! HOLga evril, axir!..

Ot qachon qozigʻini topadi?

Oʻzbekning “Ot aylanib qozigʻini topadi” degan maqoli bor. Lekin bizning taʼlim-tarbiya otimiz qoziq topolmay uloqib yuribdi. Bir italyan Montessori, keyin koreys, endi fin uslubiyotiga boshini urib koʻrmoqda. Ammo kutilgan natija yoʻq.

Olimlarimiz ikki-uch yil oldin yaponlar “Bolani besh yoshgacha erkin tarbiya qiling demoqda” deb bong urib qolgan edi. Oʻshanda ham hech kimning xayoliga oʻzbekning “Bola – poshsho” degan gapi kelmadi. Anʼanaviy xalq pedagogikamiz asrlar davomida “Bolani besh yoshgacha podshoday avaylab tarbiyala, uning shaxsi sinib qolmasin” deb uqtirib kelganini unutdikmi?!

Bu tarbiya tizimining davomi bor. U yaponning tushiga ham kirmagan. Xalq “Bolani yetti yoshdan oʻn toʻrt yoshgacha qulday qattiq tut. Oʻn toʻrt yoshdan keyin doʻstday munosabatda boʻl!” deb uqtiradi.

Bu – anʼanaviy xalq pedagogikamiz. Taʼlim va tarbiyamizning – oʻzak umurtqasi. Yangilanish mana shu oʻzanda boʻlishi kerak.

Dunyo mamlakatlarining har qanday tajribasini shu oʻzanga moslab qabul qilishimiz shart. Aks holda tarbiyamizni goh u, goh bu chet taʼlimotga moslayverib soyaga aylanib qolishimiz hech gap emas.

Soya – soya-da, ShAXS emas.

Xalq pedagogikasida “Alla – bolaning milliy ohang kodlarini oʻzlashtirishiga, topishmoq – obrazli fikrlashiga, ertak – asl bilimning timsol va ramzlarini qabullashiga xizmat qiladi” deb aytib kelingan. Bolalar oʻyini esa avlodning jamiyatdagi oʻrnini belgilab olishiga vosita boʻlgan. Xalqda “oʻyin bolasi” degan atama bor. Bunaqa atamalar shunchaki paydo boʻlgan emas. Tarbiyada ana shu tizim va mazmun asos boʻlmogʻi shart. Eski toʻnning oʻlchamlarini XXI asr mezonlariga moslab qayta bichmasak boʻlmaydi. Ana shunda tarbiya otimiz oʻz qozigʻini topadi. Italyan, koreys, fin yaylovlarida uloqib yurmaydi.

Shomirza TURDIMOV

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Ming bir naql”dan bir shingil” maqolasi