Mening otim Ulugʻbek, hujjatdagi toʻliq ismim esa – Hamdamov Ulugʻbek Abduvahobovich.

Shu ismda elim bosib oʻtgan tarix mujassam: ham arab taʼsiri – Abduvahob, ham fors taʼsiri – Hamdam. Shu bilan birga, turkiy ekanligim otimdan maʼlum – Ulugʻbek. “Ov” va “vich” qoʻshimchalarida esa rusning izi.

Yoʻq, boshqa ellarga oid ismlardan voz kechish kerak demoqchi emasman, aslo! Jamiyatda inqilobiy oʻzgarishlar, radikalizm yoʻllarini yoqlamayman. Ular ham qoʻyilsin, lekin shu bilan birga, biz aslida kim ekanligimizni bildirib turadigan otlarni – turkona otlarni oʻgʻil-qizlarimizga koʻproq qoʻyaylik. Toki, muvozanat hosil boʻlsin! Ismimiz toʻliq aytilganda, xorijlik suhbatdoshimiz “arabmisiz?”, “forsmisiz?” deya soʻroqqa tutmasin. Yoki sizda boʻlmaganmi bunday hol?!..

Oʻrisning taʼsiri 130 yil boʻldi. Hanuz bor, albatta. Shuning uchun uning taʼsirida Marks, Melis, Artur... (garchi, Marks, Artur degan ismlar ruscha boʻlmasa-da, rus taʼsirida bizga kirib kelgan. Melis degani esa, Marks, Engels, Lenin, Stalin degan otlarning qisqartmasi) sanoqli otlargina oʻzbekistonlik Sharq farzandlariga qoʻyilgan. Agar taʼsir arabniki kabi uzoqroq davom etganda, hech shubha yoʻqki, Ivan, Natasha degan ismlar bilan qorakoʻz bolalar atrofimizda chopib yurardi.

Qator oʻtirgan talabalarga murojaat qilaman:

–  Oʻzingizni tanishtiring!

–  Sarvar, Bilol, Sunnat, Dildora, Nargiza, Sumayro, Imron, Sherzod, Muxlisa, Muslima va nihoyat, Oʻgʻiloy...

O‘ntadan keyin bitta turkona ot.

“Oʻgʻiloy” ismini oilada oʻgʻil ham tugʻilsin degan niyat bilan qoʻyishadi, odatda. Biz ham ota-bobolarimizning niyatiga ergashib, koʻproq shunday otlar qoʻyaylikki, natijada oʻgʻil-qizlarimiz turkona otlari bilan ham tugʻilsin, koʻcha-koʻyga, chet ellarga chiqqanda, ularning ismlaridan turkiylar ekani bilinib tursin!

Shu maʼnoda, ikki bolangiz boʻlsa, biriga turkiycha ot qoʻyib, boshqasiga oʻzingiz yoqtirgan boshqacha ism beravering, degim keladi. Mayli, u ism arabcha boʻlsin, forscha yoki juhudcha, lekin avvalo, millat sifatidagi oʻzakni saqlab qolishni unutmaylik. Bu esa, farzandlarimizga berayotgan otlarimizga ham bogʻliq.

Agar sizning millatingiz qirgʻiz, tojik, tatar yo qozoq boʻlsa, xuddi shuni oʻz elingiz manfaatidan kelib chiqib amalga oshiring. Maqsad – oʻzlik va rang-baranglikni saqlab qolish. Zero, Alloh oʻz bandalariga turli irq, millat, til va urf-odatlarga mansublikni berdi. Har bir inson alohida bir olam ekanligini uqtirish uchun boʻlsa kerak, uning tili va barmoqlarining uchiga alohidalik muhrini bosdi. Shundan mening barmogʻim izi siznikiga, sizniki unikiga, uniki esa menikiga oʻxshamaydi. Bas, shunday ekan, ana shu alohidalar uygʻunligidan goʻzal bir dunyo yaraladi. Koʻkdagi kamalak ham turli ranglar gammasidan iborat-ku! Ha, Yaratgan Egamiz tabiatning oʻzida bizga oʻrnak-namunalar koʻrsatib qoʻygan, faqat ularni topib oʻqib, soʻng uqib hayotimizga tadbiq eta olish-olmaslik koʻproq bizning oʻzimizga bogʻliq boʻlib qolmoqda...

(Shunday deyman-u, hozirgi globalizm davriga, unda millatlar, urf-odatlar, tillar, hamma-hammasi bir-biriga taʼsir qilib, aralashib ketayotganini koʻrib, mulohaza qilib, balki men dunyodan orqada qolib ketayotgandirman, taraqqiyotga, oʻzim tushunib-tushunmay olamshumul oʻzgarishlarga qarshi turib qolayotgandirman, yaxshisi, yoʻldan chekila-yu jim boʻlay, deb ham oʻylayman. Chunki dunyoda bir til, bir din va bir xil madaniyat hukmronlik qilsa, balki oʻzaro til topishish oson kechar hamda urushlar kamroq boʻlib, insoniyat baxtliroq yashar, – mulohaza yuritaman yana ichimda. Kim bilsin! Balki siz bilarsiz, zamondosh?..)

Boshqa tomondan esa, “oʻzi turkona otlar qancha qolgan?” deya oʻzimga oʻzim savol beraman. Juda oz. Judayam. Oʻtmishimiz naqadar achchiq bizning, naqadar achchiq!.. Balki shuning uchun kuy va qoʻshiqlarimiz ham shunchalar hazindir... Chunki “Ota” degan romanni yozganimda qani, barcha ismlar turkona boʻlsin-chi, deb bir tajriba oʻtkazib koʻrdim. Menga maʼqul keladigan otlar juda oz ekan. Arang topdim, deng. Balki men eslay olmagandirman. Balki birgalashib turkona otlarni eslarmiz. Keyin birgalashib kitobcha ham qilarmiz (Bir kitobcha boʻlgulik ot qolganmi oʻzi, deng!). Bu ham bir ojizona taklif-da. Qani, ketdik boʻlmasa, men yoʻlakay esimga kelganini aytaman, qolganini siz eslating:

1. Oʻtkir;

2. Oʻlmas;

3. Toʻlqin;

4. Erkin;

5. Yogʻdu;

6. Yorqin;

7. Sevinch;

8. Quvonch;

9. Quvondiq;

10. Otabek;

11. Oybek;

12. Ulugʻbek;

13.  Temir;

14.  Tilak;

15. Joʻra;

16. Elbek;

17. Tursun;

18. Turgʻun;

19. Tursunoy;

20. Turgʻunoy;

21. Oʻgʻiloy;

22. Oydin;

23. Botir;

24. Tesha;

25. Bolta;

26. Oʻroq;

27. Boʻri;

28. Qoʻchqor;

29. Tolmas;

30. Qoʻrqmas;

31. Chaqqon;

32. Dengiz;

33. Ochil;

34.Toʻlan;

35. Toʻliboy;

36. Qamchibek;

37. Kenjabek;

38. Bobo;

39. Yoʻlchi;

40. Oʻrinboy;

41. Bilgamish;

42. Alpomish;

43. …

Ulug‘bek HAMDAM,

filologiya fanlari nomzodi, professor