...Iqlimning oʻzgarishidanmi, oʻsha kezlarda negadir qish juda qattiq kelardi. Qor shu qadar koʻp yogʻardiki, tomdan kurab tushirilgan qorlar hovli va tor koʻchalarimizni toʻldirib yuborardi, tomni kurab, qor uyumlari ustiga bemalol sakrab tushaverardik.
Shunday chirsillagan qish kezlarida dadam issiq sandalda oʻtirib, “Oʻtkan kunlar”ni yozardi...
Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” asaridan
XX asr tongida, dunyo jahon urushiga hozirlanayotgan, zamin qitʼalari xomtalosh boʻlayotgan bir qaltis pallada muazzam Toshkentning Eshonguzar mahallasida Qodir bobo va Josiyat bibi xonadonida oʻn toʻrtinchi farzand boʻlib dunyoga kelgan Abdulla Qodiriy yosh yigitlik pallasidayoq mashhur adib boʻlib tanildi.
Yozuvchi jahon adabiy tafakkuri yangilanayotgan bir paytda soʻz maydoniga kirib keldi va oʻz soʻzini, oʻzbekning soʻzini ayta oldi: dunyoda oltinchi romanchilik maktabiga asos soldi. Uning “Oʻtkan kunlar” romani eʼlon qilinib, oʻquvchilar orasida mashhur boʻlgan paytda, yozuvchi hali oʻttiz yoshga ham kirmagan navqiron yigit edi. Mislsiz tugʻma isteʼdodi bilan birga Olloh ato qilgan vazmin tabiati va eng muhim fazilati – yurt va millatga katta muhabbati uni oʻzbekning birinchi romannavisi darajasiga koʻtardi. Adib oʻzini avvalo shu elning bir farzandi, oilaning koʻmakchisi, shermard bir oʻgʻlon deb biladi. U hayot duch qilajak har qanday yumushdan bosh burmaydi: duradgorlik, gʻisht terish, suvoqchilik, savdogarga kotiblik, bogʻbonlik kabi kasblarning ham mohir ustasi boʻlib ulgʻayadi. Shu sababli ham mehmon oyogʻi uzilmaydigan, serfayz xonadoni doim toʻq va farovon edi.
Romanning tugʻilishiga bevosita guvoh boʻlgan adibning oʻgʻli Habibulla Qodiriy shunday eslaydi: “Besh-olti yosh paytlarim. Qish, roʻza edi. Otam esa erta-yu kech sandalga qadalib “Oʻtkan kunlar”ni yozardi. Kechqurun nisholda sotuvchi amaki koʻcha boshiga keldi. Men esa juda nisholda yegim kelgani uchun oyimga “Pul bering, nisholda opkelay” dedim. Oyim “Pul yoʻq” dedi. “Pulsiz ham berar” degan xayol bilan piyolani koʻtarib, nisholdachining oldiga bordim. “Puli qani?” dedi amaki. “Yoʻq” dedim. Amaki piyolamni quruq qaytarib berdi. Koʻpchilikning oldida izza boʻlib, yigʻlab uyga qaytdim va oyimni koyib berdim. “Nisholda bermadi. Adam ham nisholda sotsa boʻlmaydimi, hadeb yozaveradimi?” dedim alam bilan”.
Bu parchada adibning hayoti va ijodi naqadar baqamti, uygʻun ekanini koʻrish mumkin.
Qodiriy hali hech qanday tajriba va namunaga ega boʻlmagan milliy adabiyot zaminida roman yaratdi. U bu ishni bajarishda voqealar oʻylab topish, prototiplarni kashf etish, hayot haqiqatidan badiiy haqiqatga aylantirishda juda noziklik, muayyan shaxslar va xalqning nafsoniyatiga ehtiyotlik bilan yondashish, bir soʻz bilan aytganda, Xudo roziligini birinchi oʻringa qoʻyib ish koʻrgani shubhasiz. Abdulla Qodiriy oʻz asarini vujudidagi oʻzbekning qoni bilan, ruhidagi oʻzbekona sof milliy tuygʻu bilan yaratdi. Shu bois asar avvalo xalqimizga, soʻng ana shu milliy qudrati sabab oʻzga xalqlarga ham manzur boʻldi. “Oʻtkan kunlar”ni oʻqigan har qaysi millat vakili asar markazida eng avval inson qalbini, taqdirini koʻrdi.
Qodiriy “Oʻtkan kunlar”dagi hayotni oʻzbek boʻlib yashab oʻtdi, oʻzbek boʻlib yozdi, qahramonlari ham qon-tani bilan, butun hayoti bilan oʻzbek boʻlib dunyoga keldi.
Asar oʻz davridan buyon oʻnlab tillarga tarjima qilingan boʻlsa, tobora qimmati oshib borayotir. Qodiriyning bu romanidan keyin qanchadan-qancha romanlar chiqmadi, yuzlab nomlar maydonga keldi. Biroq toʻngʻich romanimiz hanuz dunyoviy darajasini, umumbashariy qudratini birinchilikda tutib kelayapti. Dunyo adabiyotida har qanday roman bilan bellasha oladigan bu asar xalqning ruhini ommaviy tarzda uygʻota olgani bilan qadrlidir.
* * *
Atoqli rus olimi Yevgeniy Bertels shunday deydi: “Eron, turk, arab yozuvchilarining ham koʻpgina romanlari bor. Lekin ularniki uslub jihatdan ingliz, fransuz, nemis romanchilik maktablaridan unchalik farq qilmaydi. Ularda taqlidchilik bor. Abdulla Qodiriy ham koʻpgina romanchilik maktablaridan isteʼfodalangan, ularni chuqur oʻrgangan boʻlishi mumkin. Ammo unda taqlid koʻrinmaydi. Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan oʻziga xos uslubda yozilgan oʻzbek romanlaridir. Abdulla Qodiriy – ulug‘ romanchi!”.
Romanning xalqchilligi, shirador tili, ochilmagan qoʻriqdek dunyo uchun sirli tuyulgan Markaziy Osiyo xalqlarining keyingi asrlardagi hayotining haqqoniy tasviri yozuvchini qisqa muddatda mashhur qilib yubordi. Asar 1920–1930-yillarda nihoyatda qoloqlashib qolgan jamiyat kishilarini ham befarq qoldirmadi: dastlab jurnalda sonma-son bosilgan romanning davomini oʻquvchilar intiq boʻlib kutardi. Vaholanki, hamma birdek savodli emas edi. Choyxonalarda, guzarlarda, turli marosim yigʻinlarida savodi bor kishi hurmat-izzat bilan davra toʻriga oʻtkazilar va u kishi “Oʻtkan kunlar”ni oʻqir edi. Qolganlar esa tinglovchi boʻlardi.
Roman 1970-yillargacha rus, ukrain, litva, tatar, ozarboyjon, qozoq, tojik, qoraqalpoq, turkman, uygʻur, nemis tillariga oʻgirilgan. Roman nemischada “Toshkentlik oshiq-maʼshuqlar” nomi bilan chop qilingan.
Muallifga sobiq shoʻro mamlakatlarining turli shaharlaridan minglab xatlar kelgan. Shunday xatlarning biridan olingan ushbu parchani oʻqib koʻrsak.
“Mana, qoʻlimda “Oʻtkan kunlar”ning soʻnggi sahifalari... Uni ikki kun oʻqidim. Tasvirlanmish voqealarning ishtirokchisiga aylandim.
Abdulla Qodiriy! Bilasizmi, kitobingizning sevimli qahramonlari bilan judolashish men uchun naqadar ogʻir! Voqea oʻtmishdir, shunday esa-da u mening yuragimda sira-sira unutilmas taassurot qoldirdi va ishontirib aytamanki, bu taassurot hamma kitobxonlarda ham birdaydir...” deya boshlangan kattagina maktub 1961-yilning 20-avgustida Ukrainaning Lvov shahri Slavaskiy koʻchasi 6/6-uyda yashovchi Lyudmila Nepomnyashaya ismli ayoldan Qodiriyning uyiga kelgan. Lyudmila ham Qodiriyning koʻplab muxlislari kabi uning qatl etilib ketganidan bexabar boʻlgan.
“Oʻtkan kunlar” xalq ichida shu qadar tez yoyilib, singib ketadiki, yozuvchi hayotligidayoq roʻy bergan ushbu voqealar fikrimizga isbotdir:
Chorsu bozorida Qodiriy oʻgʻli bilan kitob sotuvchisidan arab alifbosidagi “Oʻtkan kunlar”ni sotib oladi. Sahhof kitobni yigirma soʻm deydi, Qodiriy esa oʻn soʻmga bering deydi. Sahhof chol koʻnmaydi.
– Yoʻq, boʻlmaydi, uka, – deydi chol yoqtirmaganday, kitobni olib joyiga qoʻyarkan. – Bilasizmi, bu kitobni “Oʻtkan kunlar” deydilar. Otabek, Kumushbibilarni eshitganmisiz? Oʻqisangiz yigirma emas, qirq soʻm ham berasiz. Kami yoʻq. Pulingiz yoningizda ketadi...
Chol Qodiriyning oʻzini tanimaydi ham.
* * *
Toshkentlik Mansur Afzalov hikoya qiladi:
– 1936-yilda men uy qurmoqchi boʻlib, qoʻqonlik bir keksa ustani ishga taklif qildim. Usta menga dedi: “Yumushingizga boraman, mulla, ammo bir shart bilan: menga Otabek degan kitobni oʻqib bersangiz...”. Men rozi boʻldim. Usta qiziq tabiatli kishi edi. Yaxshi koʻrgan kishisini “Keling, Otabek” deb chaqirardi.
* * *
Bir kechqurun Qodiriyni izlab mahsidoʻz kosib yigit uning uyiga keladi. Va Qodiriyga mahsi sovgʻa qilib ketadi. Yozuvchi kosibdan bu iltifot sababini soʻraganida u “Kecha toʻkma(choyxona)da sizning romaningizni oʻqib miriqdik. Shuning rahmatiga koʻpaylashib shu mahsini opkeldik” deydi.
* * *
Abdulla Qodiriy matbuotda juda faol qatnashgan, ayniqsa, felyeton janrida barakali ijod qilgan. Uch yuzdan ortiq felyeton va maqolasi mavjud! Shu bois “Felyetonlar qiroli” degan laqab ham olgan. Ammo uning publitsistikadagi tili romanlarida sira sezilmaydiki, buni atoqli qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov shunday baholagan:
“Abdulla Qodiriy (Julqunboy) yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 1920-yillarda goʻyo tekis sahroda toʻsatdan Pomir togʻi vujudga kelganday paydo boʻldi. Qodiriy asarlarini Qurmongʻozi yoki Chaykovskiy kuylarini tinglaganday dam olib, miriqib, gasht qilib oʻqiysan kishi... Garchi Julqunboy 1920-yillar boshida matbuotda gazetchi, publitsist boʻlib tanilgan boʻlsa ham, uning romanlarida gazetchilik, jurnalchilik tili sira iz qoldirmagan. Uning tili ravon, shirali, musiqiy, menimcha hamma Oʻrta Osiyo xalqlariga ham tarjimonsiz tushunarli. Masalan, biz qozoqlar ham Julqunboy asarlarini tarjimasiz ham bemalol tushunaveramiz”.
* * *
Taniqli tojik yozuvchisi Jalol Ikromiy shunday eslaydi:
“Men 1930-yillar boshida Toshkentdagi tojik bilim yurtida oʻqir, bir qozoq kursdoshim bilan bir yotoqda turardim. Shunda ilk bor “Oʻtkan kunlar”ni oʻqidim. Uni kecha-kunduz berilib oʻqirkanman, qozoq doʻstim “Bu kitobni muncha berilib oʻqiyverasan?” deb bir necha bor ajablanib soʻradi. “Toʻxta, sen ham oʻqiysan” deb kitobdan bosh koʻtarmadim. Nihoyat romanni tugatib doʻstimga oʻqishga tavsiya qildim. U avvaliga kitobni tilar-tilamas oʻqiy boshladi, soʻng menga oʻxshab berilib ketdi. Bir kun yotoqda dars qilib oʻtirardim, doʻstim esa “Oʻtkan kunlar”ning oxirgi sahifalarini oʻqirdi. Birdan u sakrab oʻrnidan turdi va borib pechkaning ogʻzini ochib kitobni lovullab yonayotgan oʻtga tashladi. Men hayratlanib “Hay, senga nima boʻldi?” dedim. U esa menga qaramay turib, “Kumush oʻldi!” dedi-da, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Chala kuygan kitobni pechkadan olib arang oʻchirdim”.
* * *
Ulug‘ adib Oybek Qodiriy haqida ushbu soʻzlarni keltiradi:
“Abdulla Qodiriy men texnikumda oʻqiydigan paytlardayoq (1925-yillar) mashhur yozuvchi, hammamiz qoʻldan qoʻymay oʻqiydigan oʻzbek adabiyotidagi birinchi ulkan va goʻzal romanning avtori edi.
Uning prozasi birinchi navbatda gʻoyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi. Qodiriyning tilidan u xalqning boy va ajoyib tilini gʻoyatda yaxshi bilganligi yaqqol seziladi. Uning romanlari ana shunday goʻzal til bilan yozilgan. U tugʻma epik yozuvchi, keng koʻlamdagi master, yuksak maʼnodagi realist sanʼatkor edi. U aqliy mehnat kishilariga har mahal ham nasib boʻlavermaydigan darajada jismoniy mehnatga oʻch kishi edi”.
Oybekning bu eʼtirofi oʻzbek adabiyoti tarixida katta burilish yasagan “Oʻtkan kunlar”ning ahamiyati bilan bir paytda keyingi avlodning zabardast vakillari – Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Muxtor Avezov, Jalol Ikromiy, Chingiz Aytmatov, Mirkarim Osim kabi yetuk adiblarning maydonga kelishiga, yaʼni adabiyotimiz va qardosh xalqlar adabiyotida yangi bir davrni boshlab berganiga ishora hamdir.
Misrlik mashhur adib Joʻrji Zaydonni oʻziga ustoz sanagan Qodiriy oʻz romani haqida shunday deydi: “Ulug‘ oktyabr inqilobigacha bizning xalq turmushdan yiroq afsonalarnigina oʻqib kifoyalanar edi. Shu afsonalar oʻrnini bosarli biron kattaroq realistik asar yaratishga niyat qilgan edim. “Oʻtkan kunlar” romanim oʻzbek oilasiga chuqur singib kirdi, kitobxonlarni anavi afsonalarni oʻqishdan xalos etayozdi”.
Qodiriy bu soʻzlari bilan ulkan vazifaga bel bogʻlayotganini teran anglaganini tushunish mumkin. Va bu burchni zoʻr ishtiyoq va mahorat bilan ado etoldi.
Markaziy Osiyo, sobiq shoʻro mamlakatlari xalqlarining barchasiga birdek manzur boʻlgan, barhayot bog‘ kabi yashnab turgan “Oʻtkan kunlar” shu xalqlarning maʼnaviy yuksalishida ham katta rol oʻynadiki, bu ham boʻlsa bir kitobning kuch-qudratini anglatadi.
Shodmonqul SALOM
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Mangulikka oʻtgan kunlar” maqolasi