Keyinchalik oʻzbek adabiyotining eng mashhur namoyandalaridan biri boʻlib tanilgan Abdulla Qahhor “Sarob” romanini yoza boshlaganida endigina yigirma uch yoshga toʻlgan isteʼdodli va sergʻayrat yigitcha edi. U Oktabr toʻntarishidan soʻng tashkil etilgan yangicha tipdagi boshlangʻich va oʻrta taʼlim oʻquv yurtlarida turli siyosiy va mafkuraviy maslakdagi muallimlardan tahsil oldi. Oʻn olti yoshida oʻta siyosiy ruhdagi va jangari tashkilot boʻlmish komsomolda masʼul lavozimda xizmat qildi. Oʻrta maʼlumoti ham tamom boʻlmagan bu oʻsmir respublikaning eng nufuzli siyosiy va adabiy nashrlarida avval muxbir, keyinroq tahririyatlarda masʼul vazifalarda ishladi. Shu yillardanoq siyosiy va adabiy jarayonda faol ishtirok etdi, mafkuraviy kurashlarda pishib, yaxshigina tajriba orttirdi.
Shular boisidan uning birinchi yirik asari boʻlmish “Sarob” romanida oʻsha davr oʻzbek jamiyatida mavjud boʻlgan ijtimoiy hodisalarning badiiy inʼikosidan tashqari, oʻzbek adabiy tilining ham eng muhim xususiyatlari boʻrtib koʻrinishi tabiiy bir holdir.
1933-1934-yillarda mazkur romanning ilk varianti “Oʻzbek shoʻro adabiyoti” jurnalida toʻliq bosilib chiqadi. Uni kitobxonlar juda katta qiziqish bilan kutib oladi. Jurnalning har bir yangi soni intiqlik bilan kutilgani haqida maʼlumotlar bor. Romanga qiziqish shunchalik boʻlgan ediki, 1936-yilda uning epizodik qahramonlaridan biri boʻlgan Sarimsoq hayotiga tegishli qismlari “Sarimsoqnoma” nomi bilan “romandan parcha” sifatida alohida nashr qilinadi. Holbuki, roman toʻqimasiga begonaroq mavzudan hikoya qiladigan bu oʻrinlar asarning keyingi nashrlarida butunlay qisqarib ketgan.
Biroq romanning alohida kitob holida chop qilinishi birmuncha choʻziladi. Buning sabablari haqida koʻp gapirish mumkin, albatta. Lekin eng muhim sababi oʻsha davr siyosati bilan bogʻliq ekanini taʼkidlab oʻtishning oʻzi kifoya qiladi.
Roman jurnalda eʼlon qilinganidan salkam ikki yil oʻtgach, 1936 yilning 13 dekabr kuni kitob holida chop qilish uchun terishga beriladi. Lekin uni rasman nashr qilish uchun faqatgina 1937 yilning 23 dekabrida ruxsat etiladi. Yaʼni u kitobxonlar qoʻliga 1938 yilda yetib boradi.
Romanning ilk nashri 1938-yili chop etilgan boʻlsa ham, uning 1930–1933-yillari yozib tugatilganini qahhorshunoslar Ozod Sharafiddinov, Rahmon Qoʻchqor, Otabek Joʻraboyev bir ovozdan tasdiqlashadi. Binobarin, uning ilk nashrida oʻsha davr oʻzbek adabiy tilining barcha muhim jihatlari alohida boʻrtib koʻrinib turadi deya taʼriflasak, haqlimiz.
Maʼlumki, oʻzbek adabiy tili va xalqning jonli tili yigirmanchi asrning boshlarida bir-biridan juda keskin farq qilar edi. Oʻsha davr matbuotini adabiy til rivoji nuqtayi nazaridan tekshirgan kishi buni darrov anglaydi. Shuningdek, oʻsha davr matbuotini kuzatishda davom etsak, oʻzbek adabiy tili juda qisqa muddatda nihoyatda katta va oʻta shiddatli oʻzgarishlarni boshidan kechirganiga guvoh boʻlamiz. Yaʼni, yangidan shakllanib kelayotgan adabiy tilimiz oʻzaro bir-birini inkor qiladigan, ichki tabiati zid, mohiyatan bir-birovidan keskin farqli boʻlgan ikki jihatga ega va bu jihatlar orasida koʻzga koʻrinmas bir kurash davom etar edi.
Birinchisi mumtoz adabiyotimiz anʼanalariga suyangan va allaqachon shakllanib ulgurgan adabiy til boʻlib, u arabiy va forsiy soʻzlar, iboralar, gap qurilishi bilan xarakterlanadi. Unda dabdababozlik, jumlalarning chiyratma qurilishi, avom xalq uchun tushunilishi qiyin boʻlgan til mantigʻi hukmron edi. Ikkinchi jihat esa asr boshlaridan Markaziy Osiyoga jadal kirib kela boshlagan Qozon va Qirim tatar tilli gazeta va jurnallar taʼsirida mahalliy yozarlarimizning umumturkiy lahjaga moyilligi oʻlaroq yuzaga chiqqan edi. Qayd etish lozimki, bu har ikki jihat ham bir vaqtning oʻzida xalq jonli tilidan uzoqligi bilan xarakterlanadi.
Navoiy zamonlaridan buyon davom etib kelayotgan anʼanaviy adabiy tilning matbuotda oʻz oʻrnini yangi tamoyillarga boʻshatib berishi qiyin kechayotgan edi. Oʻsha davr Rossiya imperiyasidagi nisbatan ilgʻor taʼlim usullariga asoslangan Qozon va Ufa shaharlaridagi madrasalarni bitirib kelgan, shuningdek, islom diyorlarining eng maʼrifatli maskani boʻlgan Istanbulda tahsil olgan ziyoli muharrirlar boshqarayotgan yangi matbuotning tili esa muharrirlarining moyilligiga qarab, baʼzan Qozon, baʼzan Qirim tatar tiliga, baʼzan Rum turkchasiga tortib ketar edi. Xalq jonli tilidan uzoqlik masalasi oʻsha davr matbuotida darrov kun tartibiga chiqmadi.
Oʻzbek adabiy tilining oʻsha zamondagi taraqqiyot imkoniyatlarini yaxshiroq tasavvur qilish uchun oʻsha davr ijtimoiy hayotida yuz berayotgan voqealarga eʼtibor qaratishimizga toʻgʻri keladi. Chunki bu voqealar bevosita til taraqqiyotiga taʼsir koʻrsata boshlagan edi.
Tarixdan maʼlumki, Birinchi jahon urushida rus imperiyasiga asir tushgan turk zobitlarining katta qismi Markaziy Osiyoga surgun qilingan va ular kun koʻrish maqsadida bizning oʻlkalardagi maktab va madrasalarda dars bera boshlagan edi. Katta hayotiy tajribaga va zamonaviy bilim hamda dunyoqarashga ega boʻlgan usmonli turk muallimlari qoʻlida saboq olgan yoshlar, shuningdek, koʻp masalalarda usmonli turk muallimlari bilan hammaslak boʻlgan mahalliy ziyolilarning yozishmalarida ham turk lahjasi ustuvor maqomga kelib qolgan edi. Natijada joriy adabiy til va xalq jonli soʻzlashuv tili orasidagi farqlar kuchayib ketadi.
Asrning yigirmanchi-oʻttizinchi yillariga kelib bunday vaziyat birmuncha oʻzgara boshladi. Matbuot juda kuchli targʻibot quroli ekanini yaxshi tushungan shoʻro mafkurachilari uning xalqqa taʼsir kuchini yanada oshirish uchun adabiy tilni xalq jonli tiliga yaqinlashtirish zarurligini tushunib turardi. Oʻrta bir turk tilining yuzaga kelishidan xavfsiragan mustamlakachi maʼmuriyat turkiy millatning birlashishiga zimdan qarshi turardi. Buning uchun mahalliy millatlarning oʻz adabiy tili paydo boʻlishi uchun barcha sharoit yaratildi. Ayniqsa, yosh adiblar mana shu ishga safarbar qilindi.
Shuningdek, shoʻro tizimiga baʼzan zimdan, baʼzan ochiqdan ochiq qarshi boʻlgan, avvalgi tashkiliy va mafkuraviy ahamiyatini, taʼsir kuchini yoʻqotgan boʻlsa-da, hamon oʻz gʻoyalaridan qaytmagan jadid yozarmanlar ham xalqqa taʼsir koʻrsatish uchun matbuotni rivojlantirishga urinar edi. Ular bu yoʻldagi bir toʻsiq sifatida adabiy tilning xalq jonli soʻzlashuv tilidan uzoqlashib ketganini koʻrardi. Ijtimoiy hayotdagi qarama-qarshi maqsadlarni koʻzlagan mazkur ikki intilishning muayyan vaziyatda bir-biriga mos kelgani natijasida adabiy tilning xalq jonli tiliga yaqinlashishi tamoyili qisqa muddat ichida ustuvor maqomga koʻtarildi.
Abdulla Qahhorning “Sarob” romani ayni shu keyingi tamoyil eng kuchli taraqqiyot bosqichiga chiqqan bir pallada yozilgani va eʼlon etilgani bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur romanning dastlabki nashrini kuzatadigan boʻlsak, unda jonli soʻzlashuv tilining adabiy tilga juda katta taʼsir oʻtkazayotganini, uni oʻzgarishga majbur qilayotganini koʻramiz.
Jamiyatdagi har qanday oʻzgarish tilda albatta oʻz aksini topadi. Bu hol adabiy tilning yangi soʻz va jumlalar bilan boyib borishini hamda ishlatilib turgan soʻzlarning yangi maʼno nozikliklari kasb etishini, tilning morfologik va sintaktik qurilishidagi takomillashuvni aniqlashni taqozo etadi. Bu qonuniyatni yosh Abdulla Qahhor ham juda yaxshi tushungan. Uning ilk romani bir tarafdan arabizm va forsizmdan chetlashga intilishi bilan, ikkinchi tarafdan tatar va rum turkchasiga xos boʻlgan singarmonizmdan qochishga urinishi bilan ajralib turadi. U yaratgan matn xalq jonli soʻzlashuv tiliga juda yaqindir.
Misollarga murojaat qilsak. Romanning ilk nashrida fikr soʻzining fkir tarzida jonli talaffuzga moslab yozilganini koʻramiz . Bugungi adabiy tilimizda ikkala tarzida yoziladigan va talaffuz qilinadigan yana bir soʻz esa talaffuzga mos boʻlmasa-da, soʻzning lugʻaviy shakliga qoʻshimcha qoʻshilishi tarzida ikkila deb bitilgan. Bugun biz yevropalik deb yozadigan va talaffuz qiladigan soʻzimiz esa yavropali tarzida oʻsha zamon soʻzlashuv uslubiga xos holatda keltirilgan. Bugungi imlo qoidalarimizga binoan “i” harfi orttirib yoziladigan bilan, biroq, kitob, tilasa, yigit, bijib, shirin, chiroq, sira, hikoya kabi soʻzlar esa blan, braq, ktab, tlasa, ygit, bjib, shrin, sra, hkaya tarzida berilgan. Bu kabi soʻzlar imlosi asarning 1957-yilgi nashrida bugungi adabiy tilimizga moslab oʻzgartirilgan.
1957-yilgi nashrni qaraydigan boʻlsak, tahrir asarning birinchi sahifasidan boshlanganini koʻramiz. Abdulla Qahhor bu tahrirda nafaqat tasvirning tiniqligiga erishishni maqsad qilgan, shuningdek, u asar matnidagi soʻzlarning joriy adabiy tilga mosligini taʼminlashga ham intilgan edi.
Misollarga murojaat qilaylik. Asarning ilk sahifasi 1937-yilgi nashrida shunday boshlanadi: “U eshik oldigʻa yuragi betlamayrak keldi; eshikning tutqichidan ushlab asta tortishi...”. Asarning 1957-yilgi nashrida esa mazkur jumla tahrirga tortiladi. Ilk “U” soʻzi “Qiz” soʻzi bilan almashtiriladi. Bu bilan muallif harakat egasining qiz bola ekanini avvaldan bildirib qoʻyadi. Va bunday tahrir toʻgʻri ham edi. Deylik shu jumla shu holida rus tiliga tarjima qilinadigan boʻlsa, tarjimon “U”ni “Она” deb yozishga majbur boʻlar va buning natijasida muallif koʻzda tutgan qahramonning kim ekanini darrov bildirmay turishga intilish effekti yoʻqolar edi. Qolaversa, bunday yashirib turish usulining matnda badiiy yuk tashishi masalasi ham juda eʼtirozlidir. Chunki besh-oʻn satrdan keyinoq “U”ning qiz bola ekani bilinib qoladi.
1957-yilgi nashrda mazkur jumla quyidagicha koʻrinish olgan: “Qiz eshik oldiga yuragi betlamayroq keldi; eshikning tutqichidan ushlab asta tortishi...”. Eʼtibor qilsak, yozuvchi betlamayrak soʻzini ham bugungi adabiy tilimizga, ham jonli soʻzlashuv tiliga mos boʻlgan shaklga keltirib, betlamayroq tarzida tahrir qilgan.
1967-yildagi nashrda shuningdek “tutqich” soʻzi “qabza” soʻzi bilan almashtirilgan. Bu tahrir ham juda oʻrinli. Chunki tutqich soʻzi umumiy maʼnoli boʻlib, u aynan eshik tutqichiga nisbatangina ishlatilmaydi. “Qabza” soʻzi esa jonli soʻzlashuv tilida kam ishlatilganiga qaramasdan, ayni eshikka tegishliligi bilan ahamiyatli. Shuningdek, birinchi va ikkinchi nashrda ham mazkur jumlada “eshik” soʻzi ikki marta ishlatilgan edi. Maʼnoni yetkazish jihatidan toʻgʻri boʻlgan bu holat, badiiyat nuqtayi nazaridan olganda, bir soʻzning qayta-qayta ishlatilishi sababli kamchilik sanaladi. Uchinchi nashrda Abdulla Qahhor shu kamchilikni tuzatadi: “Qiz eshik oldiga yuragi betlamayroq keldi; uning qabzasidan ushlab asta tortishi...”.
Ikkinchi xatboshidagi “parishonxotir turgan qizgʻa” jumlasidagi “-gʻa” qoʻshimchasi ikkinchi nashrda “-ga” deb tuzatiladi. Parishonxotir turish va parishon turish oʻrtasidagi holatlarda ham maʼno kuchayishi deyarli yoʻq darajada, chunki bu yerda asosiy eʼtibor qizning maʼlum bir turishida boʻlib, parishonxotir deyilganda qizning xotirasidagi biron fikr keyinroq, hech boʻlmasa, qayd etilishi lozim edi. Biroq asarda bunday holatni kuzatmaymiz. Shu bois Abdulla Qahhorning jumlani “parishon turgan qizga” deb tuzatishi har jihatdan oʻzini oqlaydi. Bu yerda jumla ozgina qisqargan, lekin bu qisqarish tasvirga ham, maʼnoga ham salbiy taʼsir qilmagan.
Asarning birinchi nashridagi shu xatboshida qiya eshikni zichlab yopgan qiz yigitning ortidan “oʻylanib” qarab qoladi. Qahhor bundagi “oʻylanib” soʻzini ham olib tashlaydi: chunki qarab qolishning ichida oʻylanib maʼnosi ham bor, buni takrorlash shartmas.
Keyingi xatboshida Munisxonning chaqirganini eshitgan Saidiyning holatini adib shunday tasvirlaydi: “Yigit bu tovushning qayoqdan kelganligini bilolmay alanglab orqasiga qaradi. Qiz savolini yana takrorlamakchi boʻlgan edi, u xuddi undan biron xizmat kutganday qoʻlidagʻi qogʻozlarini tolstovkasining choʻntagiga solib”, qizga javob qaytaradi. Bu anchayin batafsil tasvir boʻlsa ham birmuncha noaniqliklar bor. Xususan, Abdulla Qahhor asarning boshidan oxirigacha Saidiyning Munisxonga munosabatini bir koʻrishda muhabbat deb taʼkidlab turgani seziladi. Mazkur jumlada esa ayni shu tushunchaga xiloflik mavjud. Yaʼni, ayni holatda Saidiyning “bu tovushning qayoqdan kelganligini bilolmay alanglab” qarashi yuqorida aytilgan maʼnoga zid kelib turibdi. Mabodo bu, Abdulla Qahhor koʻrsatishga intilganiday, bir qarashda muhabbat boʻlganida edi, Saidiy shunday bir chaqiriqni ich-ichidan kutib turgan boʻlar va natijada u alanglamasdan, darhol ortga oʻgirilgan boʻlardi. Shuni hisobga olgan adib keyingi nashrlarda jumlani butunlay qayta ishlaydi, oʻquvchining xayolini chalgʻitishi mumkin boʻlgan ortiqcha tafsilotlar qisqarib ketadi: “Yigit orqasiga qaradi va xuddi undan biron xizmat kutganday qoʻlidagi qogʻozlarini tolstovkasining choʻntagiga solib”, qizga javob qaytaradi.
Dastlabki nashrda shu holat tasvirida qizning savoliga javoban Saidiy “Men... – dedi va negadir qizardi” deb qayd etiladi. Keyingi nashrlardan Abdulla Qahhor “va negadir qizardi” degan sifatni olib tashlaydi. Bu yerdagi “qizarish” holati oʻquvchining xayolini chalgʻitishi mumkin edi. Chunki endigina qoʻliga kitob olib oʻqishni boshlagan kitobxon hali Saidiyning Munisxonga muhabbatidan xabardor emasdi. Shu ehtimolni hisobga olgan adib jumlani qisqartadi va obyektivlashtiradi.
Maʼlumki, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlari oʻzbek adabiy tilining boyib borishi va taraqqiyoti davri hisoblanadi. Tilshunos va til tarixchisi boʻlgan olimlarimizning yakdil fikriga muvofiq bu davrda oʻzbek adabiy tili tizimida gazeta-publitsistika tili va uslubi shakllandi. Gazeta-publitsistika uslubi va davr adabiyotining taʼsirida rus tili hisobiga tilimiz leksikasi birmuncha boyidi. Ayniqsa, oʻtgan asrning yigirmanchi yillari oxirida oʻzbek milliy tili meʼyorlarini yaratish borasida boshlangan ishlar adabiy tilimizda anʼanaviy ravishda qoʻllanib kelgan arab, fors, turk va tatar tillariga xos xususiyatlarning kamayib ketishiga sabab boʻldi.
Xususan, milliy tilni yaratish va shakllantirish sohasida shoʻro siyosati sababli boshlangan kurashlar oqibatida bugungi oʻzbek adabiy tili uslublari toʻla shakllandi va ularning hajmi ancha kengaydi deya eʼtirof etsak-da, ayni vaqtda umumturkiy lisoniy maydondan chetga chiqib qolganimizni ham eʼtirof etishimiz darkor.
Musulmon NAMOZ
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 1-son.
“Til va tahrir” maqolasi