Kelajak, ayniqsa bolalarning kelajagi haqida qaygʻurish bugun har qachongidan dolzarbroq boʻlib qoldi. Bolalarimiz biz koʻrmagan yangi dunyoda ulgʻaymoqda. Zamon shiddatiga boqib, shuningdek, farzandlarimizning raʼyiga qarab, ularga mobil telefon va noutbuk olib berayapmiz. Chunki ularda kitob oʻqish, musiqa tinglash, kino yoki multfilm koʻrish oddiy hol, hatto tortinmasdan tabiiy ham deymiz. Yoshlar bu hayot tarziga allaqachon koʻnikdi. Nafaqat bizda, balki dunyoning istalgan davlatida XXI asr bolalari hayotini zamonaviy texnologiyalardan ayro tasavvur etolmaydi. Buning yomon tomoni yoʻqday. Faqat...

Axborot asrida yoshlarda milliy ruhni saqlab qolish, ularni milliy urf-odatlar va qadriyatlar doirasida kamolga yetkazish oʻta muhim vazifaga aylanib qoldi. Yer yuzidagi barcha elat-u millatlar mazkur masalada jiddiy bosh qotirmoqda. Koʻpgina xalqlar mazkur muammoga yechim sifatida milliy kontentlar yaratishni ilgari surmoqda.

Milliy kontent nima?

Milliy kontent yoshlarning ajdodlari tarixi va qadriyatlarini chuqurroq anglashi, milliy iftixor tuygʻusini oʻziga singdirishi, anʼanalarga hurmat ruhida tarbiya topishidir. U yangi gʻoyalar va ijodiy yondashuvlarning milliy oʻzanda kechishini taʼminlovchi asos boʻlib xizmat qiladi. Eng muhimi, axborot hujumlariga qarshi maʼnaviy immunitetni shakllantiradi. Shu bois unga davlat siyosatining muhim yoʻnalishi sifatida qaraladi. Usiz ijtimoiy barqarorlik va madaniy taraqqiyotga erishib boʻlmaydi.

Global makonda axborot oqimining tezlashuvi turli madaniyatlarning aralashib ketish xavfini yuzaga keltirayapti. Milliy kontent esa oʻzlikni saqlashga yordam berish bilan birga har bir millatning oʻziga xos fikrlash tarzini namoyon etadi. Vatanida bunday imkoniyatga ega boʻlmagan yoki boridan qoniqmagan yoshlar xorij madaniyati taʼsiriga tushib qolishi ehtimoli yuqori. Bu milliy qadriyatlarning sekin-asta yoʻqolishiga, pirovardida millatning tanazzuliga olib keladi.

 Masalan, bugun mahalladagi har toʻrt kuchukning uchtasi Simba. Bu “Qirol sher” multfilmi rejissyori va Amerika davlatining kuchi. Karis kino ijodkorlarining “Jumong” nomli tarixiy seriali telekanallarimizda namoyish etilganda odamlar bolasiga Jumong deb ism qoʻya boshladi, Norgul momo nevarasiga Esmeralda deb ot qoʻydi, turk serialidan keyin Nihon ismli qizlar koʻpaydi...

Mana, nima uchun bugun milliy kontentni yaratish va tarqatish dolzarb? Taassufki, jadal axborotlashuv, yuksak texnologiyalar rivoji bu jarayonni tezlashtirmoqda. Toʻgʻri, taraqqiyotning bunday yutuqlariga faqat biryoqlama qarash adolatsizlik boʻlardi. Bu omillar, ayniqsa internet milliy kontentni, uning qanotida milliy qadriyatlarimizni global auditoriyaga yetkazishga zoʻr imkoniyat. Tobora virtuallashib borayotgan dunyoda milliy kontentlar global raqobatda ishtirok eta boshlasa, har bir millat oʻz ovoziga ega boʻladi.

Milliy kontent taʼlim-tarbiyaning eng samarali vositasi hisoblanadi. Yosh avlod uchun moʻljallangan darsliklar, multfilmlar, kitoblar va onlayn platformalar milliy ruhda yaratilsa taʼsiri ortadi. Bu bolalarda milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishi bilan birga global dunyoda oʻz oʻrnini topishga tayyorlaydi. Mohiyatan milliy kontent insonni oʻz ildizlariga bogʻlaydi va shaxs sifatida shakllantiradi.

Bugungi kunda raqamli platformalar milliy kontentni tarqatishda asosiy vositaga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlar, videoxostinglar va bloglar orqali kontent juda tez ommalashayotir. U qalam ahli, oʻqituvchilar uchun ham katta imkoniyat. Ular ijodini nafaqat mahalliy, balki xalqaro auditoriyaga ham taqdim etishiga sharoit yaratadi. Agar milliy kontentning sifati yuqori boʻlmasa, global maydondagi raqobatda millat oʻz oʻrnini yoʻqotib qoʻyishi mumkin. Sifat va mazmun uygʻunligi, texnologik imkoniyatlardan unumli foydalanish milliy kontentni jozibador qilib taqdim etish yoʻlidir.

Unutmaslik kerakki, kino, musiqa, dizayn va oʻyinlar industriyasi milliy kontent asosida rivojlanadi. Biz sevib tomosha qiladigan “Avatar”, “Titanik” filmlari, “Qirol sher” kabi animatsion filmlarning har biri umumiy hisobda milliardlab dollar yoki bizning yillik paxta eksportimizdan bir necha barobar koʻp foyda keltirgan. Bu sohalar yangi ish oʻrinlarini yaratadi va iqtisodiyotga katta daromad keltiradi. Milliy brendlarni shakllantirishga yordam beradi. Xorijiy sayyohlarni jalb etadi.

Global makonda milliy kontent madaniy diplomatiya vositasi desak yanglishmaymiz. U orqali millat oʻz madaniyatini dunyoga tanitadi va mamlakat imijini shakllantiradi. Masalan, filmlar, musiqa va adabiyotda millatning ruhi namoyon va bu boshqa xalqlarda ham qiziqish uygʻotadi. Milliy kontent kuchli boʻlsa, madaniy aloqalar mustahkamlanib, xalqaro hamkorlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni, u tashqi siyosatda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oʻzbek milliy kontentida nima gaplar?

Oʻzbek milliy kontenti kun sayin rang-barang kitoblar, kinolar, musiqa, telekoʻrsatuvlar, internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar bilan boyib bormoqda. Bir paytlari odamlar koʻzi toʻrt boʻlib kutib oʻtiradigan “Otalar soʻzi” telenovellasining oʻnlab analoglari, kamsonli teleradiokanallarning oʻnlab raqobatchilari paydo boʻldi, kitobxonlik katta jarayonga aylanib ketdi.

Son oqibatida sifat degan gap bor. Tizimdagi raqobat sifatga olib boradi. Bizda milliy kontent rivojlanib borayotgan boʻlsa ham u zamon talablaridan biroz ortda qolayotganini taʼkidlash lozim. Masalan, moliyaviy resurslar yetishmasligi, texnik imkoniyatlar cheklangani, baʼzan yuqori malakali mutaxassislar tanqisligi kuzatilmoqda. Natijada yoshlar orasida oʻzimiznikidan koʻra oʻzgalarnikiga qiziqish ortib borayotir.

Oʻzbek milliy kontentining asosiy yutuqlari milliylikni saqlagan holda zamonaviylashish, raqamli maydonga chiqish va madaniy merosni targʻib qilish yoʻlidagi harakatlardir. Hali xalqaro darajada raqobatga kuchimiz yetmasa ham, intilishlar, ayniqsa sifat va marketing kuchaytirilsa, Janubiy Koreya yoki Turkiya kabi madaniy diplomatiyada katta oʻrin egallashimiz mumkin.

Yoshlar orasida milliy kontentga qiziqishni oshirish ham dolzarb masalalardan biri. Aynan yoshlar axborotni eng koʻp isteʼmol qiluvchi qatlam boʻlib, agar ular milliy kontentga qiziqsa, uning tabiiy rivoji taʼminlanadi va kelgusi avlodlarga ham uzatiladi. Buning uchun kontent zamonaviy va qiziqarli boʻlishi, yangicha format va innovatsion yondashuvlar talab qilinadi. Masalan, qisqa videolar, podkastlar va interaktiv loyihalar orqali ham yoshlarni jalb qilish mumkin. Milliy gʻoyalar zamonaviy uslubda taqdim etilsa samaraliroq qabul qilinadi va milliy madaniyatning davomiyligi taʼminlanadi.

Farzandlarimizni milliy oʻzligimiz mezonlariga zid kontentlarning salbiy taʼsiridan va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axborotdan himoya qilish, shuningdek, ularni taʼlimga keng jalb etish, kasbga yoʻnaltirish hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2025-yil 15-mayda Oʻzbekiston Prezidentining “Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 183-qarori qabul qilindi. Bu qaror bilan respublikada bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar, jumladan, audiovizual va sanʼat asarlari, noshirlik va raqamli mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ommalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan ham milliy kontent katta ahamiyatga ega. Chunki yoshlar tarbiyasida tashqi axborotning taʼsiri katta. Aynan biz kurashayotgan xavfli axborot va mafkuraviy taʼsirlarning katta ulushi internet orqali kirib kelayapti. Milliy kontent esa bu taʼsirga qarshi turish imkonini beradi. Milliy qadriyatlarga asoslangan kontent jamiyatni birlashtiradi va hamjihatlikni kuchaytiradi. Globallashuv sharoitida milliy manfaatlarni himoya qilish juda muhim vazifa boʻlgani uchun milliy kontentni qoʻllash strategik ahamiyatga ega.

Bolalar uchun moʻljallangan tarbiyaviy, maʼrifiy kontentlar yaratish bilan bir qatorda, xorijiy kontentlarning bolalar ongi va dunyoqarashiga salbiy taʼsiri kam boʻlgan eng sara namunalarini oʻzbekchaga tarjima qilish hamda ommaviy namoyish etish ham yordam beradi.

Yurtimizda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etilgan boʻlib, u farzandlarimizni milliy oʻzlik mezonlariga zid taʼsirdan himoya qilish, taʼlimga keng jalb etish, kasbga yoʻnaltirish hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.

Xorijiy tajriba qanday?

Koʻp davlatlarda bu masalaga oʻziga xos yondashilganini koʻramiz: bolalar kontentiga (animatsiya, qahramonlar, oʻyinlar) iqtisodiyotning muhim drayveri va milliy madaniyatni dunyoga targʻib qiluvchi “yumshoq kuch”ning asosiy vositasi sifatida qaraladi. Milliy kontent nafaqat ichki bozorda, global bozorda ham sotilishi shart.

Finlandiyadagi Kulttuuripolku (madaniy yoʻl) dasturi 3–18 yoshli bolalar uchun yaratilgan milliy kontent sohasi boʻlib, taʼlimni sinfxonadan tashqariga olib chiqishga moʻljallangan. Ushbu tizim bolalarni ilk yoshdan madaniyat, sanʼat va milliy meros bilan tanishtiradi. Har bir yosh bosqichiga mos ravishda muzey, teatr, kutubxona va tarixiy joylarga tashriflarni rejalashtiradi va shu orqali bolalar milliylik talablarini oʻrganadi. Dasturning eng muhim jihati – sanʼat, tabiat va tarixning integratsiyasi. Masalan, oʻquvchilar tabiat qoʻynida rasm chizishi, tarixiy obidalarni oʻrganishi va ijodiy loyihalarga aylantirishi mumkin. Bu yondashuv bolalarda faqat bilim emas, estetik did, ekologik ong va madaniy tushunchani ham shakllantiradi.

Kulttuuripolku tizimi maktablar, muzeylar, rassomlar va boshqa ijodkorlar hamkorligida bolalarga real hayotdagi ijodiy muhitni his qilish, turli kasblar bilan tanishish va oʻz qobiliyatini kashf etish imkonini beradi. Bu kabi dasturlar Finlandiyani milliy iftixor va madaniy oʻzlikni shakllantirish boʻyicha Yevropada yetakchi mamlakatga aylantirdi.

Janubiy Koreyadagi 4–15 yoshli bolalarga moʻljallangan Korean Identity Education (Koreya milliy oʻzlik taʼlimi) dasturi ham milliy oʻzlikni barvaqt shakllantirishga qaratilgan. Bu tizim bolalarga karis tili, anʼanalari va qadriyatlarini tabiiy va qiziqarli usullar orqali oʻrgatadi. Dasturning asosiy xususiyati – oʻyin orqali til va madaniyatni oʻrgatish boʻlib, oʻyinlar, qoʻshiqlar, milliy ertaklar va sahnalashtirilgan mashgʻulotlar orqali bolalarni til muhitiga kiritadi va ularning nutq koʻnikmalarini mustahkamlaydi. Janubiy Koreya ushbu taʼlim modeli orqali globallashuv sharoitida ham oʻz tili va madaniyatini samarali himoya qilayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etilmoqda.

Estoniyadagi Eesti Keel ja Kultuur (Eston tili va madaniyati) dasturi 5-17 yoshli oʻquvchilarga moʻljallangan boʻlib, u ham milliy oʻzlikni mustahkamlashda tilni asosiy vosita sifatida targʻib qiladi. Ushbu yondashuvga koʻra taʼlim tizimida eston tili barcha bilim va qadriyatlarni yetkazuvchi markaziy vositadir. Shu orqali yosh avlodda milliy ong va madaniy merosga hurmat shakllanadi. Dasturning asosiy gʻoyasi – til atrofida madaniyatni shakllantirish boʻlib, o‘quvchilar adabiyot, tarix, sanʼat va hatto zamonaviy media orqali eston tilini chuqur oʻzlashtiradi. Bu jarayonda milliy qahramonlar, folklor va anʼanalar muhim oʻrin tutadi. Natijada til va madaniyat uygʻun holda rivojlanadi.

Yaponiyadagi bolalarga yoʻnaltirilgan Dento Bunka (anʼanaviy madaniyat) taʼlim yoʻnalishi maktab dasturining muhim qismi hisoblanadi. Bolalar kichik yoshidan milliy anʼanalar, urf-odatlar va madaniy meros bilan tanishtiriladi. Dasturning oʻziga xos jihati shuki, anʼanaviy madaniyat majburiy fan sifatida oʻqitiladi, darslar doirasida oʻquvchilar choy marosimi, gul tuzish sanʼati va xattotlik kabi amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etadi.

AQShda davlat kontent ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashmaydi, biroq u sogʻlom rivojlanishi uchun qatʼiy qoidalar va sharoit yaratadi. Bu tizimni Federal aloqa komissiyasi (FCC) tartibga solib turadi. “Bolalar televideniyesi toʻgʻrisida”gi qonun (Childrenʼs Television Act of 1990) barcha telekanallardan haftasiga kamida uch soat taʼlim va maʼrifiy (educational and informational, E/I) bolalar dasturlarini namoyish etishni talab qiladi.

1996-yildan boshlab toʻliq joriy qilingan qoidalar tijorat telekanallarini ham bolalarning taʼlimiy ehtiyojini qondirishga undaydi va ularga ijtimoiy masʼuliyat yuklaydi. Davlat bolalar kontentini ishlab chiqaruvchi notijorat tashkilotlarga jiddiy soliq imtiyozlarini taqdim etadi. Bu esa yirik xususiy fondlar va korporatsiyalardan homiylik mablagʻlarini jalb qilishga imkon beradi.

Fransiya madaniy oʻziga xoslikni globallashuv taʼsiridan asrashni davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi deb biladi. Bu davlatda bolalar kontenti himoyaning birinchi qalqoni sifatida koʻriladi. “Lʼexception culturelle” (madaniy istisno) Fransiya madaniy siyosatining asosiy tamoyili boʻlib, u milliy madaniyatni, xususan, kino, televideniye va musiqani global taʼsirdan himoya qilishga qaratilgan. Bu yurt odamlarida milliy madaniyat va til bozor qonunlaridan ustun turuvchi xazina degan qarash ustuvor boʻlib, agar davlat aralashmasa, Hollivud mahsuloti milliy kontentni “yutib yuborishiga” ishonadilar.

 Fransuz telekanallarida efir vaqtining maʼlum bir foizini (masalan, 40 foiz) fransuz va Yevropa mahsulotlari tashkil etishi shart. Bu milliy ishlab chiqaruvchilar uchun kafolatlangan bozor. Yevropa ittifoqining audiovizual xizmatlar toʻgʻrisidagi direktivasiga asosan telekanallar va striming platformalari uchun efir kvotalari mavjud. “France Télévisions” “France 3” va “France 5” kanallarida bolalar uchun maxsus dastur bloklariga ega (masalan, “Okoo”) va u milliy animatsion studiyalar uchun muhim hamkor va buyurtmachi hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi kerakmi?

Soʻnggi yillarda raqamli gigant kompaniyalar va jahondagi bir nechta davlatning hukumatlari oʻrtasidagi ziddiyatlar kuchayib borayapti. Bunga bolalarning psixologik, hatto jismoniy sogʻligʻiga ijtimoiy tarmoqlarnig zararli taʼsiri ortib borayotgani sabab boʻlmoqda. Bu qarama-qarshiliklar koʻpincha bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash va bloklashlarga olib kelayapti. Masalaning muhim jihati shundaki, bugungi milliy kontentlarning katta qismi ana shu ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatiladi, virtual auditoriyaning katta qismi ham shu tizimda, uni cheklash qanchalik toʻgʻri?

Turkiya parlamenti 15 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonunni maʼqulladi. U ijtimoiy tarmoqlarga yoshni tekshirish tizimlarini joriy etish, ota-onalar nazorati vositalarini taqdim etish majburiyatini yuklaydi hamda kompaniyalardan zararli kontentga tezlik bilan chora koʻrishni talab qiladi.

2026-yil yanvar oyi boshida Malayziya va Indoneziyada “Grok” chat-botiga kirish vaqtincha bloklandi va amerikalik tadbirkor Ilon Maskning “X” platformasi “odamlarning roziligisiz uyatsiz, ochiqdan-ochiq jinsiy xususiyatga ega, odobsiz, oʻta haqoratli va soxta tasvirlarni yaratish”ga imkon bergani haqida ogohlantirildi.

Yevropa komissiyasi ham Ilon Maskning “xAI” kompaniyasiga tegishli “Grok” chat-botiga nisbatan sunʼiy intellekt yordamida yalangʻoch ayollar va bolalar tasvirini yaratish bilan bogʻliq tekshiruv boshladi. “Yevropada biron bir kompaniya bizning asosiy huquqlarimizni buzib pul ishlamaydi”, – deydi Yevropa komissiyasi vakili. Oʻz navbatida, komissiya raisi Ursula fon der Layen YeI ayollar va bolalarni raqamli yoʻl bilan yechintirish kabi aql bovar qilmas harakatlarga toqat qilmasligini va internet-korporatsiyalarning bundan pul ishlashiga yoʻl qoʻymasligini taʼkidladi.

2024-yilda Janubiy Koreyada dipfeyk texnologiyalari yordamida yaratilgan pornografiyani tomosha qilish yoki yaratish uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi. Buyuk Britaniyada nafaqat 16 yoshdan kichik shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash, balki “Grok” sunʼiy intellekti tufayli “X” platformasini bloklash ham qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Fransiya Milliy assambleyasi (parlamentning quyi palatasi) 15 yoshga toʻlmagan oʻsmirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlash toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi. Shundan soʻng prezident Emmanuel Makron oʻzining “X” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida shunday deb yozdi: “...Farzandlarimizning ongi sotilmaydi. Na Amerika platformalariga, na Xitoy tarmoqlariga. ...1-sentyabrga qadar bolalarimiz va oʻsmirlarimiz nihoyat himoyada boʻladi. Buni men taʼminlayman”.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda yosh cheklovi bor. Bu mexanizm oddiy boʻlib, roʻyxatdan oʻtishda foydalanuvchi tugʻilgan sanasini koʻrsatadi. Shundan soʻng unga roʻyxatdan oʻtish rad etilishi yoki faqat bolalar kontentiga kirishiga ruxsat berilishi mumkin. Masalan, “Google” va uning kontentni yoshga qarab tasniflash mexanizmi, xususan, “YouTube” shu prinsip asosida ishlaydi. Koʻpgina yirik servislar ulardan 13 yoshgacha foydalanishni taqiqlaydi. “Facebook”da ham bu yoshgacha akkaunt yaratish mumkin emas, “Instagram”da ham 13 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun maxsus xavfsizlik sozlamalari va ota-ona nazorati mavjud. “TikTok”dan 13 yoshdan boshlab foydalanish mumkin, ammo 13 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus bolalar rejimi bor, 13–17 yoshli foydalanuvchilar uchun esa funksiyalar ancha cheklangan.

Avstraliya 16 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni qonuniy cheklagan birinchi davlat boʻldi. Qonunning kuchga kirishi munosabati bilan Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze oʻsmirlarni ekranlardan tashqarida koʻproq vaqt oʻtkazishga – sport, musiqa, kitob oʻqish va yaqinlari bilan jonli muloqot qilishga chaqirdi. Qonunchilikka koʻra ijtimoiy tarmoqlar voyaga yetmaganlarning kirishini istisno etuvchi mexanizmlarni joriy etishga majbur. Talablarni bajarmagan kompaniyalarga 49,5 mln dollargacha (taxminan 33 mln AQSh dollari) jarima solinadi. Shu bilan birga, hukumat prinsipial ravishda murosali variantdan voz kechdi: hatto ota-onalari rozi boʻlsa ham bolalarga 16 yoshga yetgunga qadar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish huquqi berilmaydi.

“Reuters” agentligining xabariga koʻra, “Instagram”, “TikTok” va “YouTube” kabi eng mashhur internet-platformalar avstraliyalik milliondan ortiq bolaning akkauntini oʻchirishga majbur boʻladi. Yangi qonunni yirik texnologik kompaniyalar va soʻz erkinligi himoyachilari keskin tanqid qilgan boʻlsa-da, koʻplab ota-onalar va bolalar huquqini himoya qiluvchilar uni qizgʻin quvvatlamoqda. Avstraliya parlamenti texnologik korporatsiyalar bosimi va sud jarayonlariga qaramay, qabul qilingan qarordan voz kechilmasligini, yangi qonun Avstraliya ota-onalarining pozitsiyasini aks ettirishini taʼkidlayapti.

Avstraliya tajribasiga boshqa davlatlar ham qiziqmoqda. Daniya va Norvegiyada shunga oʻxshash tashabbuslar muhokama qilina boshladi. Singapur va Braziliya ham vaziyatni diqqat bilan kuzatayapti. Yevropa komissiyasi Ispaniya, Italiya, Daniya va Gretsiya yoshni tekshirish uchun ariza namunasini birgalikda sinab koʻrayotganini maʼlum qildi. “TikTok” kompaniyasi esa 13 yoshgacha boʻlgan bolalarning akkauntlarini oʻchirish mexanizmini takomillashtirish maqsadida foydalanuvchilarning yoshini aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishini eʼlon qildi.

Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. “Paraselsning mashhur iborasiga koʻra hamma narsa zahar, hamma narsa dori. Qancha dozada va qancha tez-tez qabul qilishga bogʻliq. Oddiy misol: dunyoda juda koʻp odamlar sanchilgan-kesilgan jarohatlardan jabr koʻrdi, lekin hech kimning xayoliga pichoq, bolta, teshani sotuvdan olib tashlash kelmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda akkauntga ega boʻlishdan mahrum etilgan zamonaviy raqamli avlod – xuddi profilaktik chora sifatida avtomobilni boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchidek gap”, – deyiladi “SB Nevs” nomli belarus nashrida.

Germaniyadagi Ulm universiteti Molekular psixologiya boʻlimining sobiq rahbari Kristian Montag tabaqalashtirilgan yondashuv zarurligi haqida ogohlantiradi. U shunday deydi: “Hozircha “ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik” degan tan olingan tibbiy tashxis mavjud emas. Geroin qaramligi bilan haqiqiy oʻxshashlikni isbotlovchi keng qamrovli vizual tadqiqotlar ham yoʻq. Geroin narkotik moddasi bilan solishtirish bu muammo haqida jiddiy oʻylashdan koʻra koʻproq axloqiy vahima tugʻdiradi”. Uning fikricha, zararli xulqni onlayn kontentni isteʼmol qilishdan haqiqatan ham farqlaydigan aniq va oʻziga xos mezonlar kerak.

Xitoyda hukumat voyaga yetmaganlar uchun “tungi rejim” joriy qilgan va bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda va oʻyinlarda oʻtkazadigan vaqtini qatʼiy cheklagan (masalan, yoshiga qarab kuniga 40 daqiqadan 2 soatgacha). Shuningdek, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar va onlayn oʻyinlarga nisbatan ancha qatʼiy cheklovlar mavjud. Deylik, “TikTok”ning xitoycha versiyasi boʻlmish “Douyin” bolalar uchun kunlik vaqt chekloviga ega.

Umuman olganda, jahondagi ayrim ekspertlar ijtimoiy tarmoqlarning oʻsmirlar uchun tengdoshlar bilan aloqada boʻlish, yangi gʻoyalarni oʻrganish, ijodiy koʻnikmalarni rivojlantirish kabi ijobiy jihatlarini ham taʼkidlashadi. Ular taqiqlar bu imkoniyatni yoʻqqa chiqarishi mumkinligidan ogohlantiradi va qatʼiy oilaviy yondashuv hamda individual nazorat muhimroq deb hisoblashadi. Shuningdek, koʻplab ekspertlar yoshni aniq tasdiqlashning texnik murakkabliklariga eʼtibor qaratadi. Hozirgi kunda hech bir tizim yuz foiz aniqlik bilan foydalanuvchining yoshini tasdiqlay olmaydi. Bu esa taqiqni aylanib oʻtishga imkoniyat yaratishi va bolalarning shaxsiy maʼlumotlari xavfsizligiga tahdid tugʻdirishi mumkin.

Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash jahon miqyosida ijtimoiy tarmoqlar va bolalarning raqamli farovonligi borasidagi katta munozaralarga sabab boʻlgan jiddiy qadam boʻldi. Bunday qarorlar murakkab maʼnaviy, huquqiy va texnik savollarni keltirib chiqarmoqda.

Milliy kontent istiqboli

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham milliy kontent jozibador mahsulotlar bilan toʻlib bormoqda. Misol uchun, milliy animatsiya sohasida milliy musiqa asboblari (doira, doʻmbira, chang) va xalq qoʻshiqlarining zamonaviy talqinidan foydalanish quloqqa yoqimli va shu orqali ham bolalarning milliy madaniyatga qiziqishini oshirish mumkin. Buning maʼrifiy ahamiyati shundaki, musiqa va qoʻshiqlar orqali oʻzbek xalqining qadriyatlari, urf-odatlari, tarixiy qahramonlari haqida maʼlumot berish mumkin. Milliy animatorlar musiqa yaratishda bolalarning oʻziga xos fikr va istaklarini oʻrganish uchun soʻrovlar oʻtkazishi maqsadga muvofiq.

Bugun Oʻzbekiston mustaqillikning 35-yilini qarshi olmoqda. Aholining 60 foizdan ziyodi 30 yoshdan kichik. Bu demografik kuch aniq maqsadlarga, vatanparvarlik tarbiyasiga yoʻnaltirilmasa, strategik xavfga aylanadi. Yiliga 500–700 ming nafar mehnat migranti xorij mafkuraviy muhitida shakllanayapti. “YouTube”, “TikTok”, “Telegram” tarmoqlari koʻpgina yoshlar uchun “birinchi tarbiyachi”ga aylangan. “Oʻzbekistonlik” degan davlat identiteti etnik, diniy va hududiy oʻzliklar orasida hozircha ustuvor mavqeni mustahkam egallamagan.

Mustaqillikning dastlabki yillarida joriy etilgan milliy mafkuraviy dasturlar toʻliq maromiga yetmagani va bu boʻshliqni kim toʻldirayotgani savol boʻlib qolmoqda. Bu borada milliy kontent tizimining oldida juda katta masʼuliyat va vazifalar turibdi. Xullas, milliy kontentimiz Oʻzbekiston realligiga moslashgan, xorijiy tajribalarning yutuqlariga tayangan, milliy qadriyatlar va anʼanalarga uygʻun, natijalari aniq va samarali kontent boʻlishi lozim.

Abduxoliq TASHANOV,

falsafa fanlari doktori,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti xodimi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Har bir xalqning oʻz ovozi boʻlsin” maqolasi