Odam (Ato) zamonidan bugungi kungacha biror
podshohning sipohi turknikidek muyassar boʻlmagan.
“Toʻrt ulus tarixi”dan
Hozir ham Oʻzbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatar tizimlarida starshina, proporshik, serjant, matros, ofitser, leytenant, kapitan, mayor, podpolkovnik, polkovnik, general, okrug kabi sobiq sovet armiyasidan meros harbiy unvon, atamalar qoʻllanadi va bugun ham ular harbiy lugʻatimizning asosiy qismini tashkil etadi. Biz esa ajdodlarimiz asrlar davomida Ovroʻosiyo yerlarida hukmronlik qilgan, imperiyalar qurgan, oʻrta asrlarda ularning harbiy salohiyati dunyo miqyosida eng ilgʻor boʻlgan, deb gʻururlanamiz. Ammo ana shu milliy tariximizga bugungi Qurolli kuchlarning mutlaqo aloqasi yoʻqday.
Milliy oʻrdumiz qizil armiya vorisimi?
Bu savolga tasdiq javobi berishga majburmiz. Chunki bugungi oʻrdumiz (biz “oʻrdu” soʻzini “armiya” maʼnosida qoʻllaymiz) na shaklan va na mohiyatan oʻtmishdagi tarixiy harbiy anʼanalarga intiladi, goʻyoki yuz yillik jarlik milliy tariximizni ikkiga boʻlib qoʻygandek, ajdodlarimiz harb ishi bilan umuman shugʻullanmagandek.
Afsuski, insoniyat tarixi urushlar tarixi hamdir. Sharqda ham, Gʻarbda ham barcha imperiyalar qon evaziga qurilgan. Qurol tutishdan ikki maqsad koʻzlanadi: urush va mudofaa. Mudofaa nuqtai nazaridan harb ishi bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan.
Rasmiy hujjatlarga koʻra, Oʻzbekiston Qurolli kuchlari tarixi mustaqillikdan keyin boshlanadi va 1992-yilning 14-yanvar sanasi uning tugʻilgan kuni hisoblanadi. Nafaqat Oʻzbekiston, koʻpchilik sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan respublikalarda ham ahvol shunday, faqat Ozarboyjon oʻz qurolli kuchlarini 1918-yili tashkil etilgan deb hisoblaydi.
Boshqa bir turkiy mamlakat – Turkiya esa oʻz Qurolli kuchlari (Türk Silahlı Kuvvetleri) tarixini rasman eramizning 209-yili, yaʼni Xunlar imperiyasi asoschisi va birinchi hukmdori Mete Xon (Mode shanyuy)ning taxtga oʻtirishi sanasidan boshlaydi. Xunlar imperiyasi, Turk xoqonliklari, saljuqiylar, usmonli davlati davrlari bugungi Turk silahli quvvatlari tarixining bosqichlari hisoblanadi. Qurolli kuchlarning bunday ulugʻvor tarixga ega boʻlishi askarlarda jangovar ruh, vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish uchun muhim. Tarixdan bilamizki, Chingizxon, Amir Temur kabi jahongirlar oz kishi bilan katta qoʻshinlarni magʻlub etganlarida ularning lashkari ichidagi jangovar ruh muhim rol oʻynagan. Bobur ham oʻzidan bir necha barobar koʻp qoʻshinga ega Ibrohim Loʻdiy yoki Rana Sangaa kabi raqiblarini magʻlub etganda oʻrdusida jangovar ruh baland boʻlganligini qayd etgan. Xususan, Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da Panipat janggida Loʻdiyning 180 ming otliq askari va 1500 fili boʻlganligini, Boburning “askarlari savdogarlar va yaxshi-yomon bilan qoʻshganda 12 ming kishidangina iborat boʻlib, bular ichida jangga qatnasha oladigan qismi faqat 6-7 ming kishigina edi”, deb yozadi. Albatta, bu raqamlarda mubolagʻa yoki noaniqliklar boʻlishi mumkin, lekin raqibiga nisbatan Bobur lashkari kamsonli boʻlgani tarixiy haqiqat.
Aslida, bugungi Oʻzbekiston Qurolli kuchlari ham oʻz tarixini, Turk Silahli quvvatlari kabi, xunlar davridan boshlashi, chingiziylar, temuriylar, boburiylar, shayboniylar va keyingi davrlarda mavjud boʻlgan harbiy anʼanalarni meros oʻlaroq qabul qilishi mumkin.
Tarixdan bilamizki, “turk” ismi oʻtmishda deyarli “jangchi”, “harbiy” soʻzlarining maʼnodoshi kabi yangrar, koʻpchilik er kishilar uchun harb ishi kasb, turmush tarziga aylangan, shu bois turk tillarida harbiy soʻz va atamalar ham koʻp boʻlgan. Xoʻsh, ana shu tarix, harbiy soʻz va atamalar bugungi qurolli kuchlar uchun ham meros, xomashyo boʻlib xizmat qilishi mumkinmi?
Bu borada ham turk qardoshlarimizdan oʻrnak olsa arziydi. Hozirgi kunda turkiy davlatlar ichida eng zamonaviy, eng yirik oʻrduga ega mamlakat bu Turkiyadir. Qolaversa, Turk oʻrdusi NATO (Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti) tarkibida ham nufuziga koʻra AQSHdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Ammo bu Turk oʻrdusida qadim turkiy atamalarning qoʻllanilishiga, oʻzini xunlardan to Usmonli davlatigacha boʻlgan turk harbiy tarixi davomchisi deb bilishga monelik qilmaydi. Yaʼni, bugungi turk oʻrdusi oʻzida eng qadimiylik va eng zamonaviylikni mujassam eta bilgan. Turk va ozarboyjon qardoshlarimiz bugungi kunda “armiya” oʻrnida “oʻrdu” soʻzini qoʻllaydi, nega bizda “armiya” soʻzidan hali ham voz kechilmagan? Yoki tilimizda shunga munosib bir soʻz yoʻqmi?
Aslida, “oʻrdu” soʻzi bizga yaqinroq, desak notoʻgʻri boʻlmaydi, Navoiy, Bobur asarlari va boshqa manbalarda ham bu soʻzni koʻp uchratamiz. “Devonu lugʻotit-turk”da: “ordu – shoh turadigan shahar, oʻrda”, deb izohlangan. Yaʼni, “oʻrdu” va “oʻrda” bir soʻz. Ammo har doim yurish, urushda boʻlgan turk xoqonlarining qarorgohi ham koʻchib yurganligi uchun “oʻrdu”, “oʻrda” soʻzlari koʻproq “harbiy lager” maʼnosini kasb etgan. “Boburnoma”dan oʻqiymiz: “Bizning oʻrdu bila mirzolarning oʻrdusining orasi bir sharʼiy boʻlgʻay edi”. Koʻrinib turibdiki, bu yerda “oʻrdu” – bir joyda muqim turgan shahar maʼnosida emas, “harbiy lager”, “armiya” soʻzining deyarli maʼnodoshi sifatida ishlatilyapti. “Oʻrdu” “Boburnoma”da eng koʻp qoʻllangan soʻzlardan biridir. Hindistondagi musulmon qatlam soʻzlashadigan til ham keyinchalik oʻrduga, boburiylar davlatiga daxldor til sifatida “oʻrdu tili” nomini oldi.
Shu oʻrinda maʼno jihatidan “armiya”ga yaqin baʼzi soʻzlar xususida ham biroz toʻxtalib oʻtsak. Adabiyotlarda “lashkar / sipoh / cherik / qoʻshin tortib... keldi”, qabilidagi iboralarni koʻp koʻrganmiz. Oʻtmishda forscha “lashkar” va “sipoh” soʻzlari keng qoʻllanilgan, ammo bu soʻz ruscha “voysko” atamasiga koʻproq toʻgʻri keladi. Shu maʼnodagi eng qadimiy turkiy soʻzlardan biri – “cherik”dir. XI asr shoiri Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig”da shunday yozadi:
“Qayusi cherikdǝ qilich baldu yer,
Qayu jan yulugʻlar yatib jan berir”.
(Mazmuni: “ayrimlari lashkarda (urush paytida. A.H.) qilich va boltadan zarba yeydi, baʼzilari jon fido qiladi, yotib jon beradi”). Mazkur baytda jang maydonidagi lashkar koʻzda tutilgan, “Devonu lugʻotit-turk”da ham: “chӭrik – urush safi”, deb izohlangan. Manbalarda “cherik” soʻzi “lashkar” (“voysko”), baʼzan “alohida askar” maʼnolarida keladi. Bu soʻz moʻgʻul tiliga ham oʻtgan va hozir ham “cherik” (“sereg”) moʻgʻul tilida “askar”, “harbiy” maʼnolarida ishlatilar ekan. Usmonli davridagi “yenıçerı” (“yanicheri” – “yangi cherik”, yaʼni “yosh askar”) atamasida ham “cherik” soʻzi “askar” maʼnosida ishtirok etgan.
“Qoʻshin” soʻzi hozir ham tilimizda faol isteʼmolda. “Chegara qoʻshinlari”, “piyoda qoʻshinlar”, “qorovul qoʻshinlari” va hokazo deymiz, yaʼni bu soʻz muayyan harbiy qism (ruscha: “voysko”) maʼnosida harbiy lugʻatimizdan mustahkam oʻrin olgan. Ammo Chingizxon davrida “qoʻshin” biroz boshqacharoq maʼno bildirgan. Bu soʻzning asli – moʻgʻulcha “pona” maʼnosidagi “xoshun” boʻlib, Chingizxon davrida dushman lashkarini yorib oʻtish uchun maxsus uchburchak pona, oʻtkir tig‘ shaklida tizilgan, tez harakat qiladigan otliq harbiy qismga nisbatan “xoshun” deyilgan.
Qadimda “qoʻshin”, “lashkar” maʼnosida yana bir turkiy soʻz boʻlgan. Kul tigin, Bilga xoqon va boshqa toshbitiklarda darj etilgan bu soʻz – “so‘” (“sü”) boʻlib, “Devonu lugʻotit-turk”da: “سُو so‘ – askar”, deb izohlangan. “Devon”da keltirilgan: “So‘ kӭldi jӭr japa...” – yaʼni, “yer yuzini qoplab (yopib) lashkar keldi...” misolidan “so‘” – ham “alohida askar”, ham “lashkar” maʼnosida ishlatilgani anglashiladi. Bilga xoqon toshbitigidagi: “їlki sü tašїqmiš ẹrti” (“oldindagi ilgʻor harbiy qism qoʻshindan oldinga ajralib chiqdi”), jumlasida “so‘” – “qoʻshin” (“voysko”) maʼnosida kelgan.
Xullas, “armiya” soʻzi “cherik”, “lashkar”, “sipoh”, “qoʻshin”ga nisbatan biroz kengroq maʼnoga ega, koʻpgina mamlakatlarda davlat rahbari ham “bosh qoʻmondon” sifatida armiyaga doxil hisoblanadi, shu nuqtai nazardan, “armiya”ga “oʻrdu” soʻzi koʻproq muvofiq keladi. Qolaversa, turk va ozarboyjon qardoshlarimiz tomonidan bu soʻz muvaffaqiyatli istifoda etilayotgan ekan, ularga yaqinlashish, umumturkiy merosga vorislik maʼnosida ham bu soʻzni qoʻllash muhim va shu sababdan ushbu maqolada biz “oʻrdu” soʻzini “armiya” oʻrnida qoʻllamoqdamiz.
“So‘”ning ikkinchi umri
“So‘”ning Kul tigin, Bilga xoqon kabi VII asr yodgorliklarida darj etilgani bu soʻzning juda qadimiyligidan dalolat beradi. XI asr yodgorligi – Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida ham “so‘”ni koʻp uchratamiz. Xususan, “lashkarboshi” maʼnosida “Qutadgʻu bilig”da “sү bashchыsы”, “sү bashlar”, “isfahsalar” (“sipohsolor”) soʻzlari qoʻllanilgan. XIV asr shoiri Qutb Xorazmiy zamonida ham bu soʻz faol isteʼmolda boʻlgan. Mana, Qutbning “Xusrav va Shirin” dostonidan “so‘”ga bir misol: “Hazimat boldi Rum sultani soʻsi” (“Rum sultonining lashkari qochdi”).
“So‘” soʻzi bugun ham Turk oʻrdusida “ofiser” maʼnosidagi “subay” (“su+bay”) atamasida yashab kelmoqda. Bu atamaning ikkinchi boʻlagi: “bay” – tilimizdagi “bek”, “bey” soʻzidir. Yaʼni, “subay”ning lugʻaviy maʼnosi: “so‘ begi – askarlarning boshligʻi”, demakdir. “Subay” (so‘ begi) “Qutadgʻu bilig”da zikr etilgan “sү bashchыsы” kalimasining usmonli turkcha koʻrinishi, deyish mumkin.
Ayni paytda, Turk qurolli kuchlarida “subay”dan boshqa atamalar ham yasalgan: 1. Astsubaylar (yaʼni, ost soʻbeylar) – kursantlar; 2. Subaylar – kichik ofitserlar tarkibi; 3. Üstsubaylar (yaʼni, ust soʻbeylar) – katta ofitserlar tarkibi. Koʻrinib turibdiki, turk qardoshlarimiz mingyilliklarni bosib oʻtgan “so‘” soʻzini bu oʻta eski soʻz, ovroʻpocha “ofitser” soʻziga munosib emas demagan, balki unga yangicha maʼno yuklab, qayta hayot baxsh etgan.
Koʻpgina mamlakatlarda kuch ishlatar va boshqa hukumat tizimlarida doimiy xizmat qiluvchi rasmiy xodimlarga nisbatan “ofitser” (L>fr. Officier) deyiladi. Mustaqillikdan keyin Oʻzbekistonda “ofitser” maʼnosida “zobit” soʻzi qoʻllanila boshladi. Asli arabcha “zobit” (“ضَابِطٌ”) – “ofitser, idora etuvchi, zabt etuvchi” kabi maʼnolarga ega, “zobita” esa – “tartib, qoida, tizim”, ayni paytda, arab tilida “zobita” – “politsiya” hamdir. Yaʼni, “zobit”ning lugʻaviy maʼnosi ovroʻpocha “ofitser”ga toʻla mos keladi. Navoiy ham bu soʻzni “sipahdor zobit”, yaʼni “boshqaruvchi”, “qoʻshin boshligʻi” maʼnosida qoʻllagan. Aslida, “zobit” mustaqillikdan oldin ham tilimizda “ofitser”ning maʼnodoshi sifatida ishlatilgan, 1981-yili chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham bu soʻz “ofitser” deb izohlangan va ushbu misol keltirilgan: “Buni menga bir turk zobiti oʻrgatgan edi. A.Qahhor, Sarob”. Qolaversa, Ozarboyjon qardoshlarimiz ham “ofitser” oʻrnida “zobit”ni qoʻllaydi. “Zobit” haqida batafsilroq toʻxtalishimiz boisi – soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rasmiy hujjatlarida “zobit” emas, “ofitser” koʻproq koʻzga tashlanyapti, yana “zobit”dan kechib “ofitser”ga qaytilayotganday. Bu esa hali ham ayni borada bir toʻxtamga kelinmaganidan darak beradi.
Serjantmi yo chovush?
Bugungi Oʻzbekiston kuch ishlatar tizimlarida eng quyi komandirlar tarkibi – serjantlar tarkibi boʻlib, kichik serjant, serjant va katta serjant darajalariga boʻlinadi. Vaholanki, Turk va Ozarboyjon qurolli kuchlarida “serjant” oʻrnida sof turkcha “chovush” (“çavuş”) ishlatiladi. Bu qadim turkiy soʻzga bobomiz Mahmud Qoshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk”da shunday izoh beradi: “chawush – jangda saflarni tuzatuvchi, dam olish vaqtida askarni zulm qilishdan saqlovchi boshli”. “Chovush” soʻzini Navoiy asarlarida ham uchratamiz. “Saddi Iskandariy”dan bir bayt:
“Rikobingda chovush oʻlub Jabrail,
Bu maʼnigʻa meʼroj shomi dalil”.
“Navoiy asarlari lugʻati”da: “chovush – 1. Hudaychi (arzga kelgan kishilarni shohga roʻpara qiluvchi va kuzatuvchi amaldor); 2. Eshik ogʻosi; 3. Xizmatkor, navkar”, deb izohlangan. Qardoshlarimiz hamon asrab kelayotgan bu soʻzni biz negadir unutganmiz. Aslida, fransuzcha “serjant” (“sergent”) ham “chovush” singari “kichik harbiy xizmatchi” maʼnosini bildiradi (“être au service de...” – “... xizmatda boʻlish”. Oʻylaymizki, biz ham fransuzcha “serjant” oʻrnida qardoshlarimiz singari sof turkcha “chovush”ni qoʻllasak, tilimizni bir chet soʻzdan tozalash bilan birga bobolarimiz Qoshgʻariy va Navoiylarning hurmatlarini ham bajo keltirgan boʻlarmidik. “Serjantlar tarkibi” emas, “chovushlar tarkibi” desak toʻgʻriroq boʻladi.
Eski atamalar va yangi maʼnolar
Atoqli olim Boʻriboy Ahmedov oʻzining “Sohibqiron Temur” kitobida yozadi: “Temur va Temuriylar qoʻshini jangovar tuzilishi jihatdan Oʻgʻuzxon va Chingizxon qoʻshiniga oʻxshash edi. U otliq va piyoda qismlardan iborat boʻlib, oʻnlik, yuzlik, minglik va tumanlarga boʻlingan. Lashkar faqat harbiy yurishlar oldidan toʻplangan”.
Mazkur iqtibosda Oʻgʻuzxon nomi ham tilga olingan. Oʻgʻuzxonni kimdir mif, kimdir tarixiy shaxs deb biladi. Gap bu yerda Oʻgʻuzxon haqda emas, balki koʻpgina harbiy anʼanalar ildizi olis oʻtmishga borib taqalishi haqida. Ammo oʻrta asrlarda mavjud boʻlgan aksariyat harbiy tartib-qoidalar tamal toshi Chingizxon tomonidan qoʻyilganligini eʼtirof etish kerak.
Barcha koʻchmanchi imperiyalarda boʻlgani kabi Chingizxon davrida ham aholi va oʻrdu (armiya) bitta tushuncha edi. Tinchlik paytida aholi chorva yoki roʻzgʻor ishlari bilan shugʻullanib, urush paytida cherikka aylangan. Chingizxon oʻziga boʻysungan urug‘ va qabilalar, uluslarning urush paytida tezda yasolda oʻz oʻrinlarini egallashlari uchun ularni oʻnlik, yuzlik, minglik va tumanlarga boʻlib chiqqan (moʻgʻulcha: aravt – oʻnlik, arvan sereg – oʻn cherik; zuut – yuzlik; myangat – minglik; tүmt –tuman, oʻn ming).
Oʻnlik (arvan) – rus armiyasidagi “vzvod”ga muvofiq keladi, oʻnlik tarkibiga cherikka oʻn navkar bera oladigan bir oila yoki qarindoshlardan iborat bir necha oila toʻpi kirgan. Tinchlik paytida ular oʻz yumushlari, chorvasi bilan mashgʻul boʻlishgan, urush paytida oʻnboshi (arvan) boshchiligida yasoldagi oʻz oʻrnini egallagan.
Oʻnta oʻnlik bir yuzlikka (zuut) birlashgan va ularga boshliq – bir yuzboshi (zuun, zuutыn noyon) tayinlangan. Oʻz navbatida oʻn yuzlik bir minglikka (myangat) birlashgan va ularga bir mingboshi (myangan, myangatыn noyon) tayinlangan. Mingliklar esa tumanlarga birlashgan. Bu atamalar Chigʻatoy ulusi va Juchi ulusi (Oltin Oʻrda)da oʻnboshi, yuzboshi, mingboshi, tumanboshi yoki tumanbegi shakllarini oladi. Chingizxon oʻrnatgan bu tartibga temuriylar, boburiylar va boshqalar ham amal qildilar.
Temur oʻrdusida ham oʻnboshi (aylboshi), yuzboshi (qoʻshinboshi), ming boshi (amiri hazora), tumanbegi (tuman ogʻa), beklarbegi, amirul-umaro va boshqa harbiy lavozimlar boʻlganligi maʼlum. Bu atamalarning hammasi hozirgi kunda tilimizdagi arxaik soʻzlarga aylangan. Ularga tarixiy asarlarda duch kelamiz, xolos.
Ammo Turk qurolli kuchlarida bu atamalarning baʼzilari hamon yashab kelmoqda. Xususan, “oʻnboshi” (“onbaşı”) harbiy rutbasi hozir ham Turk qurolli kuchlarida mavjud boʻlib, bizdagi “kichik serjant” yoki koʻpgina ovroʻpo mamlakatlaridagi “kapral” unvoniga toʻgʻri keladi.
“Yuzboshi” (“yüzbaşı”) – hozirgi Turk oʻrdusida “kapitan” (fr. “capitaine”) oʻrnida ishlatiladi. Oʻzbekiston qurolli kuchlarida kichik ofitserlar tarkibi: “leytenant”, “katta leytenant” va “kapitan” rutbalarini oʻz ichiga oladi. Agar asli fransuzcha boʻlgan mazkur harbiy atamalarning lugʻaviy maʼnosiga eʼtibor qilsak, hech qanday murakkablik yoʻq. Aytaylik, fransuzcha: “capitaine” – lotincha “caput”, yaʼni “bosh” soʻzidan yasalgan boʻlib, “boshliq” degan maʼno bildiradi. “Leytenant” (“lieutenant”) esa – fransuzcha: “lieu” – “oʻrin”, “tenant” – “oluvchi, egallovchi” soʻzlaridan yasalgan va “oʻrinbosar, noib” demakdir. Yaʼni, kapitan bu – boshliq, leytenant esa uning oʻrinbosari, noibi. “Leytenant” deganda biz “oʻrinbosar” soʻzini boshqa tilda aytamiz, xolos. Turk qurolli kuchlarida “leytenant” rutbasi uchun ham sof turkcha atamalar qabul qilingan:
1. Asteğmen – kichik oʻrinbosar – kichik leytenant;
2. Teğmen – oʻrinbosar – leytenant;
3. Üsteğmen – katta oʻrinbosar – katta leytenant;
4. Yüzbaşı – yuzboshi – kapitan.
“Temur tuzuklari” Temur oʻrdusidagi harbiy rutbalar haqida maʼlumot beruvchi muhim manbadir. Xususan, “Amirlik va hukmdorlik tuzugi”da Temur 313 xos navkariga amirlik mansabi berib, ularning har biriga oʻrinbosar tayinlaganligi aytiladi va nima sababdan noib tayinlanishiga tushuntirish ham beriladi: “Agar amirlardan birortasi vafot etsa, u holda oʻrinbosar uning oʻrniga oʻtiradi va uni “amirlikka nomzod” (muntazir ul-amorat) deb ataydilar”.
Shuningdek, bugungi Turk qurolli kuchlarida “mingboshi” (“binbaşı”) rutbasi ham mavjud boʻlib, u ovroʻpo mamlakatlaridagi “mayor” ( “major”) unvoni oʻrnida ishlatiladi. Turk qurolli kuchlaridagi bu sof turkcha unvonlar, ayni paytda, NATOda oʻz kodlariga ega.
Abduvohid HAYIT