(Ikkinchi maqola)

Moʻgʻulchami, turkchami?

XIII asrda nomaʼlum muallif tomonidan yozilgan “Moʻgʻullarning sirli tarixi” yodgorligi – Chingizxon, u asos solgan imperiya va moʻgʻul tarixi haqidagi muhim manbadir. Mazkur asar tilini oʻrgangan mutaxassislar unda juda koʻp turkiy soʻzlar borligini eʼtirof etgan. Rossiyalik tilshunos V.I.Rassadin: “Moʻgʻullarning sirli tarixi” tili hozirgi moʻgʻul tilidan koʻra qadimgi va oʻrta asrlardagi turklarning tiliga koʻproq yaqindir”, deb yozadi. Yaʼni, asarda qush, oʻtchigin, koʻch, meng, mung, buyruq kabi yuzlab turkiy soʻz va soʻz birikmalari uchraydi.

Misol uchun, keshiktenlar haqida asarda koʻp gapirilgan. Keshiklar yoki keshiktenlarga Chingizxon lashkar markazidagi asosiy kuch sifatida katta baho beradi. Keshikten deb xonni navbat bilan qoʻriqlaydigan shaxsiy soqchilarga nisbatan aytilgan. Aslida bu xizmat ham qadimgi turk anʼanalari asosida tashkil etilgan boʻlib, Turk xoqonliklari davrida bunday qoʻriqchilar guruhi – “boʻri” deb atalgan va ularning soni toʻqqiz ming nafargacha boʻlgan. “Moʻgʻullarning sirli tarixi”ga koʻra, keshikten xizmatiga asosan noʻyonlarning, oʻnboshi, yuzboshi, mingboshilarning oʻgʻillari, ularning yaqinlari olingan. Chingizxon keshiktenlarning sonini oʻn ming nafar, yaʼni bir tumanga yetkazadi, bu xizmat lashkar markazi, gʻulda xon qarorgohi bilan baqamti joylashgan oʻziga xos yoshlarni jangga tayyorlovchi harbiy maktab vazifasini ham oʻtagan.

Endi mazkur atama etimologiyasi haqida – “keshik” aslida qadimgi turkiydagi “navbat” maʼnosidagi “kezik” soʻzi boʻlib, “Devonu lugʻotit turk”da unga: “кӭзiк” – kez, kezag, ishdagi navbat: “сӭнiң кӭзiгiң кӭlдi” – sening navbating keldi”, deb izoh berilgan. Hozir “kezik” oʻrnida biz “post” (“smena”) kalimasini qoʻllaymiz. “Kezik”ni “navbat” maʼnosida hozir ham “kezi kelganda” (“navbati kelganda”) iborasida ishlatamiz. “Moʻgʻullarning sirli tarixi”dagi “kunduzgi qoʻriqchi” maʼnosidagi “turxaud” ham aslida turkcha “turmoq” feʼlidan yasalgan boʻlib, turkchasi “turqaq” boʻlgan.

Javongʻor, barongʻor, gʻul

Mazkur atamalarga tarix kitoblarida koʻp duch kelamiz. Oʻrta asrlarda har qanday lashkar dastlab ana shu uch katta qismga boʻlingan. Avvalo bu atamalar Chingizxon tomonidan joriy etilganini aytib oʻtish joiz. Xoʻsh, barongʻor, gʻul, javongʻor nima?

Dunyo tomonlari haqida oʻtmishda turlicha qarashlar boʻlgan. Tomonlar koʻpincha: old, yaʼni yuzlanish, topinish tomoni, orqa, oʻng va soʻl tomon deb belgilangan. Aksariyat turk qavmlari uchun qadimda (moʻgʻullarning ajdodlari uchun ham) kunchiqar – old tomon, kunbotar – orqa, janub – oʻng, shimol – soʻl tomon hisoblangan. Ammo qadimgi xitoyliklar, turklardan farqli oʻlaroq, kunchiqarni emas, janubni – old tomon hisoblagan. Shunga koʻra, xitoyliklar gʻarbni – oʻng, sharqni – chap tomon deb bilishgan. Keyinchalik bu qarash moʻgʻullarga ham oʻtgan, bu haqda akademik V.V.Bartold shunday yozadi: “Janubga topinish moʻgʻullar oʻrtasida kidanlar hukmronligi (X–XII asrlar) davrida tarqala boshladi. Chingizxon zamoniga kelib bu udum moʻgʻullarga boʻysungan barcha hududlarda rasmiy tus oldi”.

Shunday qilib, Chingizxon zamonida moʻgʻullar xitoyliklar kabi janubni old tomon deb bilishar va oʻtovlarini janubga qaratib qurishar edi. Shu boisdan ular uchun Sharq – soʻl tomon, yaʼni “zүүn”, Gʻarb esa – oʻng tomon, yaʼni “baruun” edi. “Javongʻor” va “barongʻor” ana shu “zuun” (Sharq) va “baruun” (Gʻarb) soʻzlariga moʻgʻulcha “qoʻl” maʼnosidagi “gar” soʻzini qoʻshish bilan yasalgan (zuun+gar = oʻng+qoʻl, baruun+gar = soʻl+qoʻl). Yaʼni, “Gʻarb-u Sharqdan bizni dushmanlar oʻrab olgan”, deb hisoblagan Chingizxon oʻziga tobe hudud, aholi va lashkarni gʻarbiy va sharqiy qanotlar: javongʻor va barongʻorga boʻlib chiqqan. “Gʻul” esa “markaz” degan maʼno bildirib, qoʻshin markazidan xon, uning yaqinlari, keshiktenlar, xullas, lashkarning asosiy qismi oʻrin olgan. Javongʻor va barongʻor tilimizga rus tili orqali kirgan “flang” (fr.: flanc) atamasiga muvofiq keladi. Bobolarimiz bu atamalar oʻrnida arabcha: “maymana” (barongʻor), “maysara” (javongʻor) va qalb (gʻul) soʻzlarini ham qoʻllashgan.

“Moʻgʻullarning sirli tarixi”da Chingizxon javongʻorga tumanboshi etib Muxalini, gʻulga Nayaani, barongʻorga Boorchuni tayinlagani aytiladi. Shuningdek, Muxaliga sharqiy hududlarni, Nayaaga markaziy, Boorchuga gʻarbiy hududlarni idora etish topshiriladi.

“Zuun”, “baruun”, “gar” soʻzlari yuz foyiz moʻgʻulcha deb qaraladi. Shunga qaramasdan, ularda ham qadimiy turkiy oʻzaklar bilan mushtaraklik borday. Masalan, akademik A.N.Kononov qadimgi turk tillarida “oʻng tomon” maʼnosida: “bäriyä”, “bäriyäqi”, “bäriyan” kabi soʻzlar qoʻllanilganini yozadi, bu esa moʻgʻulcha “oʻng” va “gʻarb” maʼnosidagi “baruun”ga juda oʻxshash (“Oʻng” soʻzi esa qadimda old tomonni bildirgan. Hozir ham “koʻz oʻngimda”, “narsani oʻngarib qoʻymoq”, “dasturxonning oʻngi” kabi iboralarda “oʻng” soʻzining eski – “old” maʼnosida ishlatamiz.) Tofalar turklari old tomonni – “burunyar”, orqa tomonni – “soŋyar” deyishar ekan. Tilimizdagi “soʻl” soʻzi aslida “orqa” maʼnosidagi ana shu “soŋ” soʻzidan hosil boʻlgan. Joʻgʻrofiy joylashuv, koʻchishlar oqibatida bu atamalar chalkashib, turli lahjalarda turli tomonlarga nisbatan ishlatila boshlagan. Tofalar turklarida zuŋyar, A.V.Kononovga koʻra, chap tomonni bildiradi. Endi qiyoslang: tofalar tilida: “zuŋyar” – “soʻl”, moʻgʻulchada esa – “zuun”, turk tillarida: “soʻl”, “soŋ”. Hozirgi moʻgʻul tilidagi “gar” (qoʻl) “Moʻgʻullarning sirli tarixi”da “qar” shaklida yozilgan va bu qadimiy turkiydagi “qoʻl” maʼnosidagi “qar” bilan bir xildir. Mana, Turfon bitiklaridan bir misol: “qar ičintä ig kirdi” – “qoʻlga ogʻriq kirdi” (“Devonu lugʻotit turk”da “qarї” – qoʻl uzunligidagi oʻlchov birligi.) Hozir tilimizda shu oʻzakdan yasalgan “qarich” soʻzi saqlanib qolgan.

“Ulus” moʻgʻulchami?

“Moʻgʻullarning sirli tarixi”da koʻp uchraydigan soʻzlardan biri – ulus. Asarda bu soʻz “elat”, “qabila”, “el” kabi maʼnolarda qoʻllangan. Javongʻor va barongʻorda har bir ulusning aniq oʻrni boʻlgan. Chingiziylar bu tartibga keyinchalik, hatto Bobur zamonida ham amal qilganlar. Bobur “Boburnoma”da 1502-yil voqealarini hikoya qilar ekan, Toshkentga “xon dodasi” (bobosi) – Gʻarbiy Moʻgʻuliston xoni Yunusxon xonadoniga borganda koʻrgan moʻgʻullarning urf-odatlari, xususan, koʻp tartib-qoidalar Chingizxon zamonida qanday boʻlsa, shundayligicha saqlanib qolganligini yozadi:

“Moʻgʻul orasida Chingizxonning tuzuki hologʻacha (haligacha. A.H.) Chingizxon yasab qoʻygandek-oʻqdur. Barongʻor barongʻorda, javongʻor javongʻorda, gʻul gʻulda, har kim ota-otasidin qolgʻan yerida-oʻq turar, barongʻor bila javongʻorda har kimning eʼtibori koʻpraktur, uch sarroq turarlar”, – yaʼni, Chingizxon yasolda (safda) qaysi urug‘, qabila, ulusni barongʻor va javongʻorning qaysi oʻrniga tayin etgan boʻlsa, ularning avlodlari, oradan uch asr oʻtgan boʻlsa-da, hali hamon ota-bobolari turgan oʻrinda turar ekanlar. Ularning ichida eʼtiborliroqlari barongʻor va javongʻorning uchroq, chekkaroq qismidan joy olgan ekan.

1981-yili chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “ulus” soʻzi moʻgʻulcha (!) deb izohlangan. Moʻgʻulistonlik tarixchi sendmaa Enxchimeg “Boburnoma”da moʻgʻulcha soʻzlar” (“Монголизмы в “Бабур-наме”) maqolasida “ulus” soʻzini ham moʻgʻulchadan turkchaga oʻzlashgan soʻzlar qatorida sanab oʻtadi.

Ammo “ulus” soʻzini tadqiq etgan aksariyat tilshunoslar bu soʻz, aksincha, turkiydan moʻgʻulchaga oʻtganligini isbotlab berishgan. Этимологический словарь тюркских языков” (ЭСТЯ) lugʻatida bu borada, jumladan, shunday deyiladi: “Ulus soʻzining kelib chiqishi turkcha degan qarash mutlaqo ishonarli, qolaversa, bu soʻzning qadimgi turkiydagi “ulush” shakli bilan birga qirgʻiz, qozoq, qoraqalpoq tillarida “ulu” oʻzagiga “-t” qoʻshish bilan “ulut” soʻzi ham yasaladi”.

Darhaqiqat, “ulus”ning qadimiy koʻrinishi “ulush” boʻlib, “Devonu lugʻotit turk”da: “qishloq (chigilcha); Balasogʻun va argʻulilarda “shahar” demakdir”, deb izohlanadi. “Qadimgi turk tillari lugʻati” (“Древнетюркский словарь”)da ham “ulus”ning qadimiy shakli “uluš” boʻlganligi va “qishloq” (“селение”) maʼnosini bildirgani aytiladi: xususan, uluš balїq – qishloq va shahar; uluš bodun – xalq va hokazo. Bu soʻz qadimgi turkiy yodgorliklarda koʻp uchraydi.

Tuman, tumanbegi, tumanboshi

 Onon daryosi boʻyida 1206-yili boʻlib oʻtgan qurultoyda Temuchinga Chingizxon nomi beriladi. “Moʻgʻullarning sirli tarixi”da, shuningdek, mazkur qurultoyda Chingizxon 95 nafar noʻyonga “mingan”, yani “mingboshi” unvonini berganligi aytiladi. Ammo bu paytda hali Chingizxon oʻrdusida “tuman”, yaʼni oʻn ming lashkarni oʻz ichiga olgan boʻlinma yoʻq edi. Maʼlumki, Chingizxon lashkari qatʼiy oʻnlik tartibida qurilgan, yaʼni eng kichik boʻlinma oʻnlik, oʻnta oʻnlik – yuzlik, oʻnta yuzlik – bir minglikka birlashib, imperiya va oʻrdu kengaya borgach, oʻnta minglik – bir tumanga birlashgan. Aytaylik, javongʻor va barongʻorning har biri bir necha tumanlardan iborat boʻlib ularni tuman noʻyonlari, yaʼni tumanboshilar boshqargan.

Moʻgʻulistonlik tarixchi Sendmaa Enxchimeg maqolasida “tuman”ni ham turkiydagi moʻgʻulcha soʻz (mongolizm) sifatida sanab oʻtgan. Aslida buning aksi boʻlib, bu qadim turkiy soʻz “Devonu lugʻotit turk”da ham: “tumän – har narsaning koʻpi; tuman ming – ming-ming, yaʼni bir million”, deb izohlangan.

Chingizxon davrida “tuman” koʻproq harbiy boʻyoqqa ega boʻlgan boʻlsa, Chigʻatoy va Juchi uluslarida bu soʻz, shuningdek, lashkarga oʻn ming navkar bera oladigan hudud maʼnosida maʼmuriy-hududiy atama sifatida ham ishlatilgan. Juchi ulusida hududlar tumanlarga boʻlinib, tumanboshilar tayinlangan. Bunday tumanboshilar Oltin Oʻrdaga tobe Rus knyazliklarida ham boʻlib, bu soʻz: “Oʻrdadan tayinlangan amaldor” maʼnosida – “темник” shaklida rus tiliga oʻtgan.

Bobur “Boburnoma”da Kobul viloyatini taʼriflar ekan “tuman” soʻziga shunday izoh beradi: “(Kobul) Viloyati oʻn toʻrt tumandur. Samarqand va Buxoro va yana bu navohida viloyatchalarnikim, bir ulug‘ viloyat tahtida (yaʼni, ostida yoki tarkibida. A.H.) boʻlgʻay, tuman derlar. Va Andijon va Koshgʻar va ul orada oʻrchin va Hindistonda pargana derlar”. Demak, Kobul, Samarqand, Buxoroda bir katta viloyat tarkibida boʻlgan, ammo viloyatdan kichik maʼmuriy-hududiy birlikka nisbatan – tuman, Andijon va Koshgʻarda – oʻrchin, Hindistonda – pargana deyilgan ekan.

Umuman, chingiziylar, temuriylar va keyingi davrlarda ham mavjud boʻlgan tumanboshi, tuman ogʻa, tumanbegi lavozimlari hozirgi harbiy unvonlarga muqoyasa etilsa, generalga toʻgʻri keladi. “Tuman” atamasi hozir ham Turk qurolli kuchlarida “tümen” shaklida “diviziya”, “batalon” maʼnolarida qoʻllaniladi. Masalan: “Motorize Piyade Tümeni” (“motorli piyoda diviziyasi”), “Zırhlı Tümen” (“tank diviziyasi”) va hokazo. Shuningdek, Turk oʻrdusida “tumanboshi” ham saqlanib qolgan deyish mumkin, yaʼni “tümen” (“diviziya”) qoʻmondonining harbiy unvoni – “tümgeneral” (“tuman generali”) boʻlib, bu qizil armiyaning “general-mayor” unvoniga toʻgʻri keladi (Turk oʻrdusidagi  generallar tarkibi: 1. mareşal – marshal; 2. Orgeneral (yaʼni, oʻrdu generali) – armiya generali; 3. korgeneral – general-leytenant; 4. tümgeneral (yaʼni, tuman generali) – general-mayor; 5. tuğgeneral – brigada generali).

Moʻgʻul tarixchisi Sendmaa Enxchimeg oʻzining “Boburnoma”da moʻgʻulcha soʻzlar” maqolasida tarxon, oʻron, toʻlgʻama kabi soʻzlarni ham moʻgʻulchadan turkchaga oʻtgan soʻzlar qatorida sanab, behuda ularni moʻgʻulcha oʻzaklar bilan bogʻlashga harakat qiladi.

Tarxon – qadimgi turkiy obidalarda “tarqan”, “tarxan”, “alp tarxan” shakllarida uchraydi. XI asrda yaratilgan “Devonu lugʻotit turk”da esa bu soʻzga shunday izoh berilgan: “tarxan – bek maʼnosida. Islomiyatdan oldin qoʻllanilgan ism (argʻuchadir)” (Rossiyalik turkshunos olima Anna Diboga koʻra, “tarkan” soʻzi turk tillariga tahorlar orqali hind-ovroʻpo tillaridan oʻzlashgan).

“Oʻron” haqida biz ilgari ham “Parol soʻzi “Boburnoma”da bor” nomli maqolada toʻxtalgan edik. “Oʻron” – bu urush paytida navkarlar bir-birlarini tanishlari uchun ishlatiladigan maxfiy soʻz, hozirgi tilda aytganda, paroldir. “Boburnoma”da chindan ham moʻgʻullarning tumanbegisi Ayyub Bekchik tumanidan ikki moʻgʻul oʻzaro “oʻronlashgani” aytiladi. Sendmaa Enxchimeg: “Oʻron – bu “olgʻa, chaqiriq” (uragshaa, uria) maʼnolariga ega moʻgʻulcha soʻz...”, deb yozadi. “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida “oʻran” soʻzi deyarli barcha turk lahjalarida borligi, bu soʻz “qichqirmoq” maʼnosidagi turkcha “oʻr” oʻzagidan yasalgan, degan fikr bildiriladi. Qadimda barcha turk qabilalarida oʻz oʻronlari boʻlgan.

“Древнетюркский словарь”da ham: “oʻron – harbiy laqab, parol”, maʼnosidagi turkiy soʻz deb izohlanib, XIII asr turk obidasi “Oʻgʻuznoma”dan ushbu misol keltiriladi: “kök böri bolsung‘їl uran – “koʻk boʻri” oʻron boʻlsin”.

Toʻlgʻama – gʻanim lashkarini ikki tomondan aylanib oʻtib, qoʻqqisdan dushmanning orqa tomonidan hujum qilish harbiy sanʼati. Sendmaa Enxchimeg moʻgʻulcha deb taxmin etgan “toʻlgʻama” atamasi ham – “aylantir”, “bura” maʼnosidagi qadimgi turkiy “tol” oʻzagidan yasalgan. “Devonu lugʻotit turk”da mazkur oʻzakdan yasalgan “tolgʻadi”, “tolgʻashdi”, “tolgʻaq” soʻzlari izohlangan.

Umuman, moʻgʻul tili XIII asrdan boshlab alohida til sifatida shakllana boshlagan. Ilk moʻgʻul yozuvi – uygʻurjin bichig ham uygʻur va sugʻd yozuvlari asosida Chingizxon buyrugʻi bilan uygʻur kotibi Tatatunga tomonidan yaratilgan. “Toʻrt ulus tarixi”da moʻgʻul tili ilgari turk tillariga yaqin boʻlganligi aytiladi. Abulgʻozi Bahodirxon esa “Shajarayi turk”da hatto “moʻgʻul” soʻzining oʻzi turkcha “mung” (qaygʻu) soʻzidan deb yozadi.

Alqissa, Chingizxon va undan keyin mavjud boʻlgan harbiy anʼana va atamalarga tashqaridan kirib kelgan deb yotsirab qarash toʻgʻri emas, zero bu anʼana va atamalar aslida qadimgi turkiy ildizlarga borib taqaladi. 

Abduvohid HAYIT

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!