Maqsad-u maslak

Men oʻzbek internet makonida ilk imorat qurganlardanman desam, oʻquvchilar maqtanchoqlikka yoʻymasinlar. 2000-yillarning avvalida koʻpchilik internet taraqqiyotini bu kunlardek tasavvur qilmas edi. Tarmoq narxi juda qimmatligi bois Oʻzbekistonda internetdan foydalanish kam sonli kishilargagina nasib qilgan zavqli mashgʻulot edi. Butunjahon “oʻrgimchak toʻri”, ayniqsa, ingliz, rus, ispan, olmon va fransuz tilli saytlar oʻz kontenti bilan dunyoni qoplab borardi. Bu paytda internetning qariyb 70 foizi ingliz tilidagi maʼlumotlardan tashkil topgan, tarmoqdan oʻzbekcha kontent izlash esa somon ichidan igna qidirish bilan barobar edi.

Mediamakondagi oʻzbekcha matnlarga boʻlgan talabni qondirish, tarmoqni ona tilimizdagi kontent bilan toʻldirish fikri oʻsha davrlarda tugʻilgan edi. 2001-yildan maʼlumotlarni elektronlashtirishga kirishdim. 2004-yili esa Ziyouz.com saytini ochdim. Bir yil ichida saytdagi sahifalar soni 1000 dan ortdi. Nufuzli qidiruv tizimlarida oʻzbek tilidagi maʼlumotlar izlanganda, sayt ilk qatorda koʻrsatiladigan boʻldi.

2005-yillarda runetda bir nechta elektron kutubxona faol boʻlib, rus tilidagi aksar adabiyotlarni topish mumkin edi. Onlayn kitob forumlaridagi muhokama, bahslarda kitobxonlar va mualliflar ishtirok etar, adabiy davralar qizigandan qizir edi. Bizda esa hali aksar ziyolilar internetga kirmas, lekin yosh kitobxonlar virtual olamda faol edi. Nazarimda, oʻsha vaziyatda Ziyouz.com onlayn kutubxonasi tashkil etilishi ayni muddao boʻldi.

Kitoblarni elektronlashtirish oson yumush emasdi. Nodir kitoblarni topish, ularni sahifama-sahifa skanerdan oʻtkazish, qayta ishlov berish, matnlashtirish, texnik xatolarni tuzatish uchun koʻp vaqt va mehnat talab qilinar edi. Lekin inson oʻzi sevgan ish bilan shugʻullansa, mehnatlari ortida katta maqsadlar yotganini his qilsa, barchasi oson kecharkan.

Maʼrifat manzili

Maʼlumki, til va adabiyot mudom mushtarak holda rivojlanadi, qoʻsh qanot boʻlib parvoz qiladi. Onlayn makonda mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namunalarini taqdim etish ham aksar ijodkorlarimizni mamnun qildi. Ammo bundan 15–20 yil avval internetni bosma adabiyot, anʼanaviy jurnalistikaning kushandasi deguvchilar ham koʻp edi. Asar namunalarining internetda eʼlon qilinishi ularning bosma nusxasi bozorini kasod qiladi deb hisoblaydigan noshirlar ham anchagina edi.

Yangi avlod mualliflari, zamon taraqqiyoti bilan hamnafas ziyolilar esa aksincha, internetdagi maʼrifatchilikni qoʻllab-quvvatlardi. Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron shaxsiy kutubxonasidagi 30 dan ziyod kitobni menga hadya qilar ekan, oʻzining barcha kitoblarini saytga joylashga ruxsat berganini unutib boʻladimi! Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov ham kaminaga qoʻngʻiroq qilib, hikoyalarini joylashga izn bergan, ayrim katta kitoblarini esa portalga keyinroq kiritgan maʼqul ekanini aytgan edi.

Dastavval saytda chop etilgan materiallarning necha kishi tomonidan oʻqilgani haqida statistika eʼlon qilinardi. Buni qarangki, ayrim uddaburonlar sahifaga kirishlar sonini sunʼiy oshirish yoʻllarini ham topishdi. “Falon muallifni buncha odam oʻqibdi, meni esa shuncha!” deb maqtanib ijtimoiy tarmoqlarda yozadigan, saytdagi statistikani adabiy mezon sifatida koʻradiganlar ham paydo boʻldi. Keyinchalik oʻquvchilar statistikasini olib tashladim.

Yaratganning marhamati bilan sidqidildan qilingan mehnatlar eʼtirof qozona boshladi. Ziyouz.uz portali 2012–2014-yillarda UZ milliy domeni  internet-festivalining “Fan va taʼlim sohasida eng yaxshi sayt” yoʻnalishida birinchi oʻrinni egalladi, 2013-yili oʻtkazilgan “Milliy internet tanlovi” – MIT.Uzʼda gʻolib boʻldi. Kamina portal muharriri sifatida AQSh, Germaniya, Turkiya, Qozogʻiston kabi davlatlarda boʻlib oʻtgan ilmiy-adabiy anjumanlarda Oʻzbekiston nomidan ishtirok etdim, maʼruzalar qildim.

Ana shunday ilmiy mashvaratlardan birida Yevrosiyo yozuvchilar uyushmasi raisi Yakup Oʻmeroʻgʻlu “Ziyouz – turkiy dunyo havas qilgulik adabiy manba. Hali bironta turkiy tilli davlatda bunday koʻlamdagi sayt yaratilmagan” deya portalimizga yuksak baho bergan edi. Bunday eʼtiroflar shunchaki hobbidan hayotiy maslakka aylangan mashgʻulotimga yanada masʼuliyat bilan yondashishga undadi.   

Maʼnolar maxzani

Maʼrifiy portalimizdan 15000 dan ortiq elektron kitob; ilm-fan, adabiyot va tarixga oid 5000 dan ortiq ilmiy-publitsistik material; jadidlar, sovetlar, qayta qurish davri matbuotidan 1500 maqola; 30000 dan ortiq aforizmlar, naqllar, ibratli hikoyatlar; oʻzbek xalq ertaklari (500), maqollari (10000), topishmoqlari; mumtoz va zamonaviy oʻzbek sheʼriyatidan 1000 ijodkorning 15000 sheʼri; oʻzbek nasridan 450 dan ortiq ijodkorning 3000 dan ortiq hikoya, qissa va romanlari; jahon sheʼriyati boʻyicha 120 millatga mansub 1300 ijodkor qalamiga mansub 15000 sheʼr; jahon nasridan 600 dan ziyod ijodkorning 1700 dan ortiq hikoya, qissa va romanlari; 600 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar oʻrin olgan.

Ziyouz.uz portalining ruscha versiyasiga Oʻzbekiston adabiyoti, tarixi va madaniyatiga oid 1500, inglizcha versiyasiga 200 ta maqola joylangan. Ayni kunlarda portalga kuniga 30 ming oʻquvchi kirmoqda.

Portal oʻzbek adabiyoti va madaniyatini jahonda targʻib qilish borasida ham bir qancha amaliy ishlarga hissa qoʻshdi. 2009-yili Ziyouz.uz tahririyati bilan hamkorlikda Xoja Ahmad Yassaviyning yangi topilgan hikmatlari hamda eski hikmatlari yigʻilib, turk tiliga tarjima qilindi va “Divan-i Hikmet” nomi ostida (doktor Hayati Bije tayyorlagan) Anqarada chop etildi. 520 sahifali ushbu kitob Turkiyada har yili qayta bosilmoqda. Shuningdek, saytimiz bilan hamkorlikda Najmiddin Kubro, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Yusuf Hamadoniy asarlari turk tiliga tarjima qilindi, bir qancha ilmiy ishlar yoqlandi.

Ziyouz.uz bilan hamkorlikda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida “Ona Vatan ertaklari” nomli kitob oʻzbek va koreys tillarida chop etildi. Sharqiy Turkistonda bir qancha oʻzbek asarlari tarjima qilindi. Jahon adabiyoti asarlari ham oʻzbek tili orqali uygʻurchaga oʻgirildi. Afgʻonistonda ham bir qancha oʻzbek hikoya va qissalari eski oʻzbek lahjasida, arabiy alifboda chop etildi. Shuningdek, jahon adabiyotidan hikoyalar ham oʻzbek tili orqali Afgʻonistondagi oʻzbekzabon oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.

Saytimiz taqdim etgan bir qancha sheʼr va hikoyalar 20 dan ortiq tilga tarjima qilinib, 30 ta mamlakatda chop etildi, bayoz – antologiyalarga kiritildi.

Muhim maʼlumotlar

Mamlakatimizda 1990-yillar boshidan internetning ayrim oddiy imkoniyatlaridan foydalanilgan. 1996-yildan esa butunjahon tarmogʻiga chiqish imkoni tugʻilgan.

UZ domenidagi ilk sayt 1995-yili ochilgan. 2007-yilga kelib, Oʻzbekiston milliy domenidagi saytlar soni 5000 taga yetgan. 2022-yil 10-sentabr holatiga koʻra, UZ zonasidagi faol domenlar soni 107 191 tani tashkil etmoqda. Milliy domendagi saytlarning 50 foizdan ortiqrogʻi rus tilida faoliyat yuritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi taqdim qilgan maʼlumotlarga koʻra, 2022-yil yanvar oyi holatiga koʻra, mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 27,3 million kishidan oshgan. Ularning 25,3 millioni internetdan mobil telefon orqali  foydalanadi. Taqqoslash uchun: mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 2000-yili 7500, 2005-yili 675 000, 2010-yili 6 500 000, 2015-yili 10 200 000 kishini tashkil etgan.

2022-yil sentabr oyi maʼlumotlariga koʻra, butunjahon internetidagi resurslarning 61,3 foizi ingliz, 5,5 foizi rus, 3,9 foizi ispan tilida. Oʻzbek tilining ulushi esa 0,1 foizdan kamroqdir. Eng katta elektron ensiklopediya sanalgan Vikipediyada oʻzbek tili maqolalar soni boʻyicha 55-oʻrinda turadi.

Mavjud muammolar

Millatning taraqqiyoti uning tili, yozuvi va adabiyotiga bogʻliq ekani sir emas. Internet makonida ona tilimiz maqomini oshirish ham mana shu uch omil bilan aloqadordir. Bu boradagi muammolar va qilinishi kerak boʻlgan vazifalarning asosiylarini sanab oʻtsam:

1. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va imlo qoidalarining mukammal emasligi, imlo lugʻatlarida tafovutlarning koʻpligi. Bu – butun boshli avlodning savodiga taʼsir etadigan darajadagi, darhol hal qilinishi shart boʻlgan muammodir.

2. Oʻzbek tili uchun imlo va grammatikani mukammal tekshiradigan onlayn xizmatlarning mavjud emasligi. Tarmoqda alif.uz, matn.uz, savodxon.uz kabi transliteratorlar va imlo tekshirgichlar bor, lekin ular bir qancha cheklovlar bilan ishlaydi. Bunday dasturlar ilmiy-tadqiqot institutlari va dasturchilar bilan hamkorlikda mukammal tarzda ishlab chiqilishi, onlayn xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi davr talabidir.

3.  Oʻzbek tilida chop etilgan asosiy ensiklopediya va lugʻatlarning onlayn bazasi yoʻqligi. Til taraqqiysi uchun bunday manbaning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda foydalanuvchi bir qidirishda maʼlum atamaning turli lugʻat va ensiklopediyalardagi taʼriflarini qiyoslash imkoniga ega boʻladi.

4. Oʻzbek tili bilan bogʻliq boʻlgan barcha manba va xizmatlarni oʻz ichiga olgan yaxlit onlayn portalning yoʻqligi. Bunda oʻzbek tilidagi asosiy lugʻatlar, ensiklopediyalar, til manbalari boʻlgan asarlar, matnlar, adabiyotlar, ilmiy jurnallar, grammatika, stilistikaga oid manbalar, maktab darsliklari, testlar, olimpiada materiallari, tilga oid yangiliklar, viktorina va koʻrik tanlovlar, audio va video mahsulotlar, kutubxona va muzeylarning toʻliq onlayn kataloglari jamlanishi mumkin. Masalan, rus tiliga bagʻishlangan gramota.ru sayti 2000-yili tashkil etilgan boʻlib, Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

5. Oʻzbek adabiyotining boshqa tillarga tarjima qilishda markazlashgan tizim mavjud emasligi. Hozirda koʻplab oʻzbekcha asarlar xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda. Lekin akademik daraja, yuksak saviyadagi tarjimalar barmoq bilan sanarli. Tarjimalarni baholaydigan ekspertlar guruhi mavjud emas. Nazarimda, jahon kitobxonlari oʻzbek adabiyoti haqida kam biladi. Chunki jahon tillaridagi manbalar juda oz. Oʻzbek adabiyotini xalqaro miqyosda targʻib qilish, dunyo trendidagi asarlarni tarjima qilish va ommalashtirish uchun davlat koʻmagidagi tarjimonlar jamiyatiga ehtiyoj bor. Yaxshi mukofot jamgʻarmasiga ega xalqaro tarjima tanlovlarini tashkil etish orqali ham xorijdagi oʻzbek adabiyotiga qiziquvchi mahoratli muallif va mutarjimlarni kashf etish mumkin.

Davronbek TOJIALIYEV,

Ziyouz.uz portali asoschisi

“Maʼrifat” gazetasi, 2022-yil 19-oktabr, 41-42-son.

“Milliy maʼlumot makoni manzaralari” maqolasi